8-Mavzu: Vatan tushunchasiga ilk munosabatlar va insonning xulq-odobini shakllantirish texnologiyalari
Reja:
Insonparvarlik tarbiyasi va tarbiya texnologiyalari qonuniyatlari
Yoshlarda huquqiy ong va madaniyatni shakllantirish;
Sharq mamlakatlarida shaxs tarbiyasi masalalari
G‘arb mamlakatlarida shaxs tarbiyasi masalalari
Tayanch iboralari: Insonparvarlik, tarbiya texnologiyalari, qonuniyatlar, Yoshlarda huquqiy ong, Sharq, G‘arb, shaxs tarbiyasi.
Maktab, oila va mahallaning milliy tarbiyaviy hamkorlik yo‘nalishlari
Boshqa xalqlar qatori o‘zbek oilalarida ham shunday tarbiyaviy an’analar borki, ularni tiklash, boyitish, zamonaviylashtirish, maktab tarbiyasi bilan uyg‘unlashtirish, nafaqat har bir oila, balki butun O‘zbekiston ijtimoiy madaniy hayotini ma’nan boyitishga yanada samaraliroq xizmat qila oladi. Qolaversa, mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasida ota-onaning bola tarbiyasi uchun davlat oldidagi javobgarliklarining qayd qilinishi; Prezident I.A.Karimovning yoshlarni o‘qitish, tarbiyalash har birimizning muqaddas burchimiz ekanligi haqidagi dasturiy fikrlari1 ota-onalar, mahallalar oldiga qator yangi, milliy istiqloliy talablarni qo‘ymoqda. 1998 yilning mamlakatimizda “Oila yili”deb e’lon qilinishi bu masalaning ahamiyatini yanada oshirdi.
Zero, milliy istiqlolning muvaffaqiyati ham ko‘p jihatdan oilaning milliy tarbiyaviy imkoniyatlarining takomillashtirilishiga bog‘liq. Zero, oila nizomsiz bo‘lsa, uning yomon oqibati butun mamlakatga ta’sir etadi va shu sababdan fazilat eriga razolat, taraqqiyot o‘rniga tubanlik negiz quradi. Xudoning o‘zi asrasin-ku, agarda bir millatga bunday hol ro‘baro‘ kelsa, u millat kitobining so‘nggi varag‘i ochilgusidir2. Bu musulmon oilasining tarbiyaviy imkoniyatlariga bir misol bo‘lsa, ikkinchi tarixiy misol sifatida ishimizning I bob III moddasida X.Vamberining o‘zbek oilasi haqidagi kuzatuv natijalarini keltirgan edik. Tadqiqotimizning ushbu moddasi bevosita oila va mahalla tarbiyasiga bog‘langanligi tufayli yangi dalillarga murojaat qilamiz.
Ma’lumki, VIII asr boshida Qutayba ibn Muslim buxoroliklarni uch marta musulmon qilgan, ular esa yana eski dinlariga qaytgan edilar. “To‘rtinchi marta kelganida, Qutayba jang qilib, Buxoro shahrini oldi... Qutayba arablar buxoroliklar bilan birga yashab, ularning xatti-harakatlaridan xabardor bo‘lib tursalar, ular zaruratdan musulmon bo‘ladilar, degan maqsadda Buxoro aholisiga o‘z uylarining yarmini arablarga berishga undab, buyruq chiqarishni to‘g‘ri topdi. Va shu yo‘l bilan u musulmonchilikni o‘rgatdi... , - deb yozgan edi Narshaxiy1. Xullas, arablar ahli Ajamni musulmonlashtirishni eng muhim omil – oilani musulmonlashtirishdan boshlagan. Natijada dastlab oila musulmonlashdi va keyinchalik Buxoroni “Qubbat ul – islom” - Islom dinining gumbaziga aylantirib, shuhratga burkadi. Ana shundan kelib chiqib, milliy tarbiyaning dastlab oiladan boshlanishi keyinchalik mahalla, qishloq, shaharlar – O‘zbekistonning butun hududida tez va soz joriy qilinishiga olib keladi, deb aytish mumkin. Bu esa O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lining pedagogik kafolatini ta’minlashga zamin yaratadi.
Milliy o‘zlikni chuqur anglanishi va yaratuvchanlik maqsadlariga yo‘naltirilishida oilaning ulkan hissasi bor va bundan oilaning o‘zi ham manfaatdor. SHuning uchun oila milliy o‘zlikni anglashni tarbiyalashning ilk va doimiy omiliga aylantirilishi kerak. CHunki, har bir O‘zbekistonlikning o‘z ota-onasi, bobo-buvilari, katta bobo va katta buvi va h.k.larini yaxshi bilishi orqali davlat, xalq, millatimizning tarixiga daxldorlik eshigi ochiladi.
Oila tarbiyasi tarixidan shu narsa ma’lumki, “Mehnat qilish” tushunchasi tabiiy zarurat sifatida talqin qilingan, chunki oilalar ishlab chiqarish jamoalarini eslatar, bunda bolalar imkoniyatiga yarasha yumushni bajarar, birga mehnat qilar edilar. Oilaviy mehnat oilaning mustahkamligi, bolalarni ulg‘aytirish, ularda mehnatsevarlik, halollik, so‘zi va ishi birlik kabi bebaho sifatlarni avloddan-avlodga tarbiya orqali o‘tkazish vositasiga aylanib keldi.
O‘zbek oilasi – milliy dunyoqarash manbai hamdir. Bu hozir o‘quvchilarda milliy istiqlol mafkurasini shakllantirishda katta ahamiyatga ega. Har bir avlod o‘z ota-onalaridan o‘zlashtirgan dunyoqarashni interiorizatsiya qilib, o‘z oilaviy dunyoqarashlariga aylantirar va shu asosda farzandlarning milliy dunyoqarashlarini shakllantirib, meros tarzida uzatib keldilar. Dunyoqarashning birligi – milliyligi tufayli avlodlar orasida hamfikrlilik, o‘zaro ishonch, izzat, maqsad birligi, samimiylik tantana qilar edi.
O‘zbek oilasi o‘g‘il qizlarda milliy fe’l-atvor, husni xulq tarbiyasi manbai bo‘lib keldi. Ota-onalar har kunlik, har soatlik, har daqiqalik tarbiyaviy muloqot jarayonida bolalarga xatti-harakatlar, yurish-turish, so‘zlash, kulish, ovqat eyish, yuvinish, muomala qilish, mezbon va mehmon munosabatlari me’yorlarini singdirib kelmoqdalar. Ayniqsa, o‘g‘ilni otalikka, qizni onalikka, uy bekaligiga tayyorlash milliy tarbiyadagi ikki yo‘nalish – o‘g‘il va qiz bolalar tarbiyasi mavjudligini ko‘rsatadi.
O‘zbek oilasi o‘z farzandlari uchun tan-sihatlik tarbiyasining o‘ziga xos maktabi bo‘lib keldi. 7 yoshli opaning vodoprovod jo‘mragidan suv ichmoqchi bo‘layotgan ukasiga “Umidjon, to‘xta! Sovuq suv ichma, tomog‘ing og‘riydi”, yoki “Oyi mana, maktabimiz yo‘lida o‘sgan ekan, ukamning ichi ketsa, qaynatib ichirasiz” - deya zuptrum dastasini berishi; 11 yoshli akasining 7 yoshli singlisiga: “Marhabo yuzingni chala yuvibsan”. “Televizordan uzoqroq o‘tir, ko‘zing og‘riydi”, - deya uqtirishlari va boshqa misollarni ko‘plab uchratish mumkin. Bunday misollar ibtidoiy tibbiy tushunchalarning zamonaviylashib, ota-onalardan bolalarga qanday o‘tayotganligiga namunalardir. Darhaqiqat, ilgari har bir o‘zbek onasi chaqaloqni bedard katta qilish haqida milliy tibbiy choralarni o‘rgangan va qo‘llay bilgan. Tabobatni xalq tabobatiga aylanganligi ham millatimizning yuqori tibbiy madaniyatga ega bo‘lganligini ko‘rsatadi. Jumladan tabobat ilmining asoschisi Ibn Sinoning inson sog‘ligini saqlash uchun tug‘ilgan kundan to umring oxirigacha, amal qilishi lozim bo‘lgan tadbirlar xususidagi o‘gitlariga amal qilingan1.
“Oila ijtimoiy tarixiy belgiga ega bo‘lgan muayyan tuzilishli ijtimoiy guruhning ko‘rinishidir, deb yozadilar o‘zbek olimlari H.Uzoqov, E.Ѓoziev va A.Tojievlar. Ularning ta’kidlashlaricha, “Oila a’zolarini qarindosh-urug‘chilik, nikoh, turmush sharoitining birligi, odob-axloq me’yorlarining umumiyligi, ma’naviyatning birligi kabi aloqalar o‘zaro bog‘lab turadi. Oila murakkab ijtimoiy guruh bo‘lib, biologik-ijtimoiy, axloqiy, mafkuraviy va ruhiy munosabatlarning birlashuvi natijasida vujudga keladi”2.
Oilaning yana bir muhim ma’naviy, madaniy xususiyatlaridan biri – uning milliyligidir. SHu tufayli u o‘zida, muayyan milliy madaniyat, milliy tarbiya madaniyatni ham u yoki bu darajada aks ettiradi. Oilani milliy, istiqloliy tarbiyaning faol omiliga aylanishi uchun uning milliy madaniy, mafkuraviy, ma’naviy muhiti o‘rganilishi kerak. Jumladan oilalarda milliylikka munosabat qanday ekanligini tadqiqot qilish zarur. Ushbu nuqtai-nazardan o‘zbek oilalarini shartli ravishda 4 guruhga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiqdir;
Bola tarbiyasiga qadimiychasiga yoki avtoritar yondashuv;
Liberal – ko‘ngilchan yondashuv;
Milliy zamonaviy, demokratik yondashuv;
Marginal yondashuv (boshqa milliy madaniyat asosida tarbiyalash).
Ota-ona obro‘si milliy tarbiyaning asosidir. Aynan shu omil orqali ular farzandlarining ongiga, xulq atvoriga ma’naviy ta’sir qiladilar. Ota-ona obro‘si baland bo‘lgan oilalarda bolalarning hurmat-izzat, e’tibor, mushtipar ona maslahat so‘rab qilgan munosabatlaridan ham bilish mumkin. Xullas ota-onaning oiladagi hurmati, obro‘si, mavqei ularning bola tarbiyasi bilan maxsus shug‘ullanayotganligi yoki shug‘ullanmayotganliklariga bog‘liq. Sobiq sovet davri, xususan 80-yillarda otalarning ushbu yo‘nalishdagi vazifasi qoniqarli bajarilmas edi. O‘tkazilgan tadqiqotlar sobiq SSJIda har bir 9 bolaning otasizligi va umuman otalarning farzand tarbiyasiga bir kunda 8 daqiqagina vaqt ajratganligini ko‘rsatgan edi1. Ota-ona obro‘sini ularning farzandlari shaxsi bilan qiziqishlari, o‘quvchi farzandlarining rivojlana borayotgan ehtiyojlarini o‘rganib, boshqarib, qondirib borishlari oshiradi. Olib borgan kuzatuvlarimiz hayotda ota-onaning tarbiyachilar sifatidagi obro‘larini tushiruvchi sabablari ham mavjudligi ko‘rsatdi. Bular:
ota-onaning o‘zlarini farzandlarining boquvchilar sifatida anglab, tarbiyachilari ekanliklarini chuqur anglamasliklari;
oilalarda uchrovchi axloqsiz turmush tarzi;
ota-onaning bolalarga aytgan so‘zlari, pand-nasihatlari va amaldagi hatti-harakatlari orasidagi tafovut;
ota-onalarning farzandlariga qilgan xizmatlarini minnat qilaverishlari, ular bilan asosan, buyruq, hukm orqali gapirishlari;
ota-onaning o‘quvchi farzandlarining hayoti, qiziqishlariga e’tiborsizliklari, ularga vaqt va diqqat ajratmasliklari.
O‘quvchilarni oila yumushlariga jalb qilmaslik, ayniqsa, o‘smirlar o‘zlariga nisbatan befarqlikdan qattiq iztirob chekadilar. Befarqlik ota-ona va o‘smir orasida sovuqlik tushiradi;
o‘quvchi farzandlar bilan munosabatda ularni yosh xususiyatlarini bilmaslikning (boshlang‘ich sinf o‘quvchilari) ota-onaning qarashlariga, fe’l-atvorlariga, taqlid qilib keladilar. O‘smirlik davri boshlang‘ich, bolada keskin o‘zgarish – o‘tish davri boshlanadi. Ota-onalar va bolalar orasidagi ziddiyatlarning asosiy qismi shu davrga to‘g‘ri kelishining boisi ham shundan. Ota-onaning o‘z farzandlariga xos yosh xususiyatlarini bilmasliklarining oqibati o‘smirlarning ota-onadan (ko‘pchilik hollarda otadan) qalban uzoqlashuviga olib keladi); - ota-onaning o‘zlarining farzandlari uchun har kuni, har soat, har daqiqada shaxsiy namuna ekanliklarini anglay bilmasliklari; - ota-ona, oila a’zolari tomonidan o‘quvchi farzandlariga qo‘yiladigan tarbiyaviy talablarda yakdillikning etishmasligi; - o‘quvchining kundalik hayotidagi rejasizlik, tartibsizlik, aniq maqsadga yo‘naltirilmaganlik; - rag‘batlantirish va jazolashda tarbiyaviy maqsad ustuvorligini ta’minlay bilmaslik; - milliy qadriyatlarga hurmat hissini shakllantirishda izchillikning etishmasligi; - tan jazosi bilan qo‘rqitish; - ota-onaning farzandlar ko‘z o‘ngida janjal qilib turishlari; - uyda oshkora ichkilikbozlik qilinishi; - behayo so‘zlar, qarg‘ishlar, so‘kinishlar; - o‘z farzandini “eng yaxshi” deb hisoblash; - “biz qiynalganmiz, bolalarimiz rohat qilsin”- deya o‘quvchilarni erkalatib yuborish; - yasantirishga hirs qo‘yish yoki buning aksi; - “bola qiynalib katta bo‘lsa, ota-onaning, mehnatning, hayotning qadriga etadi” – deya ko‘r-ko‘rona qattiq qo‘llik, zarda qilaverish; - o‘quvchi-farzandiga va’da berib bajarmaslik; - maktab bilan ta’lim-tarbiyaviy hamkorlikdan o‘zini chetga olish; - o‘quvchi bolalarini o‘z ajdodlari, shajaralari bilan tanishtirmaslik va h.k.
O‘zbek oilasida yuqorida keltirilgan kamchiliklarni bartaraf qilishda otalarning roli hal qiluvchi ahamiyatga ega. Zero, maqollarimizda qayta-qayta takrorlanib kelinayotganidek, “otaning ochgan yo‘li bor, onaning bichgan to‘ni bor”, “otasi borning unumi bor, onasi borning tinimi bor”, “ota-olamning faxri”, “erta tur, otangni ko‘r, otangdan so‘ng otingni ko‘r”, “Otangni ko‘rsang, otdan tush”, “Ota bo‘lish oson, otalik qilish qiyin”, “Ota bolaga sinchi”, “O‘g‘lingni sevsang qulingday ishlat”, “Otalar so‘zi xitob bo‘lur, ani yig‘sang kitob bo‘lur”...
Onaning o‘zbek oilasidagi hurmati, o‘rni alohida, jipslashtiruvchi ahamiyatga ega. CHunki “Onaga bo‘lgan muhabbat- Vatanga bo‘lgan muhabbatning kurtagi”, “Onaning ko‘ngli bolada, bolaning ko‘ngli dalada”, “Onang o‘gay bo‘lsa, otang o‘zingniki emas”, “Bola- loy, ona- kulol”. “Bola ham ona deydi, ona ham ona deydi”, “Onangning yaxshiligini bemor bo‘lsang bilarsan” va h.k. Bu esa o‘zbek qizlarini onalikka tayyorlash: ularda mehribonlik, g‘amxo‘rlik, mayinlik, yaqin kishilarini qadrlashiga, himoya qilishga ehtiyojni shakllantirishga alohida e’tibor berishni taqozo qiladi. Ota-onaning izchil tarbiyachilik mehnati ularni yaxshi farzandlarning ota-onalari bo‘lish sharafiga muyassar qiladi. O‘z tarbiyachilik burchlarini bajarmasliklari yoki bajara olmasliklari natijasida ular “yomon” deb nom chiqargan o‘g‘il-qizlarning ota-onalariga tayanadilar. CHunki o‘g‘il-qizlarning yomon bo‘lib tug‘ilmasliklari bundan qariyib 1300 yil ilgari YUsuf Xos Hojib tomonidan “o‘g‘il-qizning fe’li-xulqi yaxshi yoki yomon bo‘lsa, uning sababchisi ota va onadir” shaklida ifodalangan edi1.
Ota-onaga mehrlilik o‘zbek bolasining milliy odobining eng birinchi sifatidir. SHu bilan birga ushbu sifatning eng birinchi bosh tarbiyachisi ham oila, ota-onaning o‘zidir. Keyingi yillarda ilmiy pedagogik adabiyotlarda “ota-ona nazokati” tushunchasi kiritildi2. Bu pedagogik xislat ota-onalar tomonidan farzandlarga oqilona tarbiyaviy ta’sir o‘tkaza olish: to‘g‘ri va iliq munosabatda bo‘la olish, g‘amxo‘rlik qilish, farzandlariga omilkorlik bilan talablar qo‘ya olish; inson qadr-qimmatini hurmatlashga o‘rgatishni o‘z ichiga oladi. Xullas, “ota-ona nazokati” tushunchasi kelajakda har bir ota-ona ilmiy pedagogik madaniyatini tarkibiy qismiga aylantirilmog‘i kerak. Ota-onaning ilmiy pedagogik madaniyati-ota va onaning umumiy madaniyatining tarkibiy qismidir. Unda ota-ona mansub xalqning tarix davomida to‘plagan oilaviy tarbiya tajribasi sintezlashadi va muayyan ota-onaning oilaviy tarbiyachilik faoliyatida namoyon bo‘ladi.
Milliy tarbiyaviy fazilatlarni shakllantirish maktab, qishloq va mahallalarning mustahkam hamkorligini taqozo etadi. Toshkent shahar YAngiariq mahallasida joylashgan Saidjon Kalonov nomli 96- o‘rta maktab pedagogik jamoasi va mahalla oqsoqollari hamkorligi bunga misol bo‘ladi. Bu ilg‘or tajribaning siri shundaki, ota-onalar qo‘mitasidan bir kishi, sinf rahbarlari, o‘qituvchilar bilan birga har chorshanba kuni tarbiyasi buzilgan bolalar bilan suhbatlar o‘tkazadilar. Ota-onalar qo‘mitasi raisi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Abdufattoh ota Nabixo‘jaev maktabda “qadriyat” to‘garagini tashkil etgan. To‘garakda o‘zbek xalqiga xos odob-axloq me’yorlari, urf-odatlar, milliy-ma’naviy tarbiya masalalari muhokama qilindi. YOshlar orasida keng va tez tarqalayotgan g‘arbiylik (yurish-turish, o‘zini tutish, kiyinish, dunyoqarashda g‘arb kishilariga ko‘r-ko‘rona taqlid qilish) ning milliy g‘urur, vatanparvarlik, millatning ma’naviy salohiyatiga zararlari haqida va’zlar, ibratli suhbatlar o‘tkazilmoqda. “Qadriyat” to‘garagi o‘quvchilar orasida ajdodlarga hurmat hissini tarbiyalashga samarali ta’sir qilmoqda.
O‘quvchi-yoshlarda ajdodlar yodi, ruhi-pokiga hurmat, sadoqatni tarbiyalashga mazkur tadqiqotda ishtirok etgan maskanlardan biri – Samarqand shahar Temir yo‘l tuman Damariq mahallasida alohida ahamiyat berilmoqda. Mahalla qo‘mitasi raisi sobiq o‘qituvchi nafaqaxo‘r F.Narziev va qo‘mita faollari N.YOqubov, X.Boltaevlar mahalla xonadonlarida bo‘lishib, 4, 11, 18 aprel kunlari qabristonning atrofini tozalash hashariga mahalla ahlini da’vat etdilar. Har yilgi hasharlardan farqli o‘laroq, hasharga o‘quvchi-yoshlarni ham taklif qilish kerakligi, buning ahamiyati ota-onalarga tushuntirildi.
4-aprel kuni hasharchilar orasida o‘spirinlar ham uchradi. 11-aprel kuni 12 ta 18 aprel kuni esa ularning soni 23 taga etdi. YA’ni, 4, 11 aprel kunlari o‘z o‘g‘illarini hasharga olib chiqmagan otalar quyidagi o‘rnakli holatni kuzatdilar; hasharning buyuk milliy tarbiyaviy ahamiyatini anglab etgan, bolalarni tarbiyasiga hafsalali yosh, o‘rta yoshli otalar o‘z o‘g‘illariga marhum bobo, buvi, qarindoshlarining qabrlarini ko‘rsatdilar. O‘smirlar 18 apreldagi hasharda o‘zlarini qanday tutdilar? Ularning bir qismigina (5tasi) oftobdan pana joyda o‘tirib, “belkuraklarini boshqalarga berib” o‘tirdilar; 7 nafar o‘smir kattalardan ko‘rsatma kutib, aytilgan yumushlarni bajarib turdi. Lekin ularning ko‘pchiligi (11tasi) faollik ko‘rsatdi; shox-shabbalarni, temir-tersaklarni terish, er ag‘darish, toshlarni terib, belgilangan joyga eltib tashlash, daraxtlarning qurigan shoxlarini kesib, yoqish kabi ishlar bilan ixtiyoriy mashg‘ul bo‘ldilar. Eng muhimi, ular o‘zlarining ajdodlar oldidagi burchlarini mehnat bilan oqlayotganliklarini ilk bor, amalda tuydilar.
Hashar tugadi. Mahalla qo‘mitasi raisi F.Narziev hasharchilar qarshisida va’z qilib, shunday dedi: “ Azizlar! Bugun siz va biz marhum bobo-buvilarimiz, ota-onalarimiz ruhlarini shod qildik. Ularning mozorlarini xas-xashaklardan pokladik. Ba’zi odamlar ota-onalarining qadrlariga ular tirikliklarida etmaydilar. Nasihat qilsalar, “Qarisiz, nimani ham tushunardingiz” degandek bepisand qiladilar. Bundaylar ota-onalari marhum bo‘lganlaridan keyin ham ularni izzatlamaydilar. Marhumlarning qabrlaridan xabar olmaydilar. O‘z bobo-buvilarining qabrlarini tanimaydigan yoshlarni ham ko‘rmoqdamiz. Xudoga shukrki, xalqimizga imon, insof qaytmoqda. Imonim komil, sizlar, ayniqsa bugun hasharga kelgan yoshlar kelajakda o‘z ota-onalaringizga mehrli bo‘lasizlar. CHunki sizlar bugun inson umri abadiy emasligi, har bir kishi- ota ham, ona ham vaqti kelib vafot etishi shuning uchun ularni tiriklarida izzat qilish lozimligi haqida dars oldingiz”. Barchangizga rahmat. Ilohim tuproqda yotgan oto-bobo, ona-buvilarimizni xudo rahmat qilsin”.
SHundan so‘ng mahalla masjidi imomi Nizom bobo duoi fotiha qildilar. SHu bilan hasharga yakun yasaldi. Hashardan qaytayotgan o‘spirinlarning qiyofalarida ajib bir jiddiylikni, ajdodlar tarixiga dahldorlik tuyg‘usini his etayotganliklarini sezish mumkin edi.
Qishloq faollari va maktab milliy tarbiyaviy hamkorligida hayotiylik tamoyilini amalga oshirishga yana bir misol tariqasida Samarqand tuman H.Umarov nomidagi 95-son umumta’lim maktabi va Bo‘z qishlog‘i faollari, urush fahriylari olib borgan ishlarni keltirish mumkin.
Rajab ota Razzoqov Samarqand shahrining janubida Guliston jamoa xo‘jaligiga qarashli Bo‘z qishlog‘ining muhtaram oqsoqollaridan biri. U kishi uzoq yillar o‘qituvchilik qilib, nafaqaga chiqqanlar. Bunga qishloq markazidagi Ulug‘ Vatan urushida halok bo‘lgan 80 Bo‘zlik Vatan himoyachisiga qurilgan yodgorlik; jamoa xo‘jaligi, maktab rahbarlari, o‘quvchilar yordami bilan tashkil qilingan. Bo‘z qishlog‘i etnografik muzeyi guvohlik berib turadi. R.Razzoqov qishloqning faol erkagu ayollarini, yuqori sinf o‘quvchilarini yoniga to‘plab, “Ota-bobolarimiz o‘z vaqtilarida foydalangan, biroq hozir keraksiz qolgan anjomlar, egar-jabduq, omoch, shamdon, ketmon va boshqa shu kabi ashyolarni ko‘p ko‘ramiz. Keling ajdodlarimizning nafaslari, qo‘llari tekkan shu tarixiy buyumlarni bir joyga yig‘ib asraylik, yo‘qolib ketmasin”,- dedilar. Bo‘z qishloq hududini shartli 5 qismga bo‘lib, 5 guruhga topshirdilar. Belgilangan kishilar, o‘quvchilar hovlilarni aylanib, turli-tuman ashyolar(omochdan tortib qadimiy tanga, qog‘oz pul, paranjigacha)ni topib keldilar. Natijada qishloq muzeyi uchun etarli eksponat to‘plandi va qishloq hayotiga oid turli fotosuratlar bilan boyitilib, muzey o‘z ishini boshlab yubordi. Muzeyga ekskursiyaga kelgan o‘quvchilarga R.Razzoqovning aytib bergan hikoyalari natijasida Bo‘z qishlog‘ining har bir o‘quvchisi o‘z ajdodlari turmushini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga, tasavvur qilishga muyassar bo‘ldi.
Ilmiy-tadqiqotimizning tashkiliy masalalari yuzasidan hamkorlik kunlarimizdan birida R.Razzoqov ushbu satrlar muallifiga: “Har bir o‘quvchi, bola o‘z Vatanini, o‘z qishlog‘ini, mahallasidan boshlab kashf eta boradi. SHuning uchun o‘quvchilar o‘z ona qishloqlari tarixini yanada batafsil bilishlari kerak. Men qishlog‘imiz tarixini o‘rganish bilan maxsus shug‘ullanganman. Bo‘z tarixini sizga bayon qilsam, siz uni nazmga solsangiz, o‘quvchilarimizni O‘zbekiston vatanparvarligi ruhida tarbiyalashning yangi, samarali bir vositasi yaratilar edi”,- deb murojaat qildilar. Bu taklif maktab ma’muriyati, jamoa xo‘jaligi rahbariyati, oqsoqollari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanib, “Bo‘z qissasi” yaratildi. Qissani dastlab maktabning, keyinchalik Bo‘z qishlog‘ining Navro‘z saylida adabiy-dramatik kompozitsiya shaklida namoyish qilindi. Qissaning milliy tarbiyaviy samarasi nafaqat o‘quvchilar, balki kattalar uchun ham sezilarli bo‘ldi. CHunki to shu paytgacha Moskva, kreml haqida she’r tinglab kelgan kishilar endi o‘z ajdodlarining tarixini, o‘z qishloqlarida, o‘z farzandlari og‘zidan eshitmoqda edilar. Ayniqsa, Navro‘z tantanasi, ommaviylik ruhi barcha qatnashchilarni hayajonlantirdi. O‘g‘il-qizlar o‘z qishloqlari haqidagi ushbu satrlarni to‘lqinlanib aytdilar:
Dostları ilə paylaş: |