III.4. O‘quvchilarning darsdan tashqari faoliyati milliy tarbiyaviy imkoniyatlarini ishga tushirish
YUqorida biz o‘quvchilarning milliy tarbiyalanganlik mezonlari va ularni o‘rganish, ta’limiy, milliy tarbiyaviy imkoniyatlarini takomillashtirish uslublari orqali ularni milliy tarbiyaviy isloh qilish haqida so‘z yuritdik. Mazkur vazifa masalaga kompleks, sistemali yondashishni taqozo qiladi. Bu esa: 1) milliy tarbiya maqsadini maktab pedagogik jamoasining mafkuraviy maqsadiga aylantirish; 2) pedagogik jamoaning milliy tarbiyaviy vazifalarini hal qilishga nazariy, uslubiy tayyorlash; 3) o‘qituvchi, sinf rahbarlarini milliy tarbiyaviy vositalar, uslubiy tavsiyalar bilan ta’minlash; 4) maktab tarbiyaviy tizimini shu vaqtgacha uchramagan milliy tarbiyaviy tadbirlar bilan boyitish; 5) o‘quvchilarning sinfdan tashqari faoliyatlarini milliy tarbiyaviy maqsadga yo‘naltirish; 6) maktabdan tashqari tarbiya muassasalari bilan milliy tarbiyaviy hamkorlikning ilg‘or shakl, mazmun, uslublarini qo‘llash kabi vazifalarni hal qilish imkoniyatlarini berdi.
Maqsadga yo‘naltirilgan milliy tarbiya o‘quvchi faoliyatining muayyan shakllari orqali amalga oshiriladi. Faoliyatga asoslangan yondashuvda mukammal hal qilish manfaatidan kelib chiqib, maktablarda o‘quvchilarning darsdan tashqaridagi faoliyatining joriy shakllari o‘rganildi. Jumaladan, so‘rovlar o‘tkazilib “siz o‘quvchilarning darsdan tashqari faoliyatini tashkil qilishda qanday uslub, shakllaridan foydalanyapsiz?” degan savol bilan murojaat qildik. Olingan javoblar tahlili 10-chizmaga asos bo‘ldi.
10-chizma. O‘quvchilarning darsdan tashqari faoliyatini tarbiyaviy tashkil qilishning amaldagi shakl va uslublari, so‘ralgan o‘qituvchilar soni.
Izoh: 1-hikoya; 2-pand-nasihat; 3-uchrashuvlar; 4-sayr-sayohat; 5 – suhbat; 6- kechalar; 7 – ro‘znoma o‘qish; 8 – munozara; 9 – mushoira; 10 – tarbiyaviy soat; 11 – musoboqa; 12 – tarixiy sanalarni nishonlash; 13 – ko‘rik tanlovlar; 14 – konferensiyalar.
CHizmada aks ettirilganidek, so‘ralgan 342 xalq ta’limi xodimlarining 100 foizi o‘quvchilarning darsdan tashqari faoliyat turlaridan suhbat, tarbiyaviy soat, tarixiy sanalarni nishonlashga asosiy e’tibor bermoqdalar. So‘ralganlarning 30-40 foizi mushoira, munozara, konferensiya shakllar va nihoyat 10-15 foizi uchrashuv, sayr-sayohat, musobaqa va boshqa ijtimoiy faoliyat turlarini ko‘rsatdilar. Ko‘rinib turganidek, o‘quvchilarni tarbiyalashda asosan tarbiyaning og‘zaki uslub va shakllari etakchilik qilmoqda edi. Bu esa o‘quvchilarda milliy istiqloliy tushunchalarni ma’lum darajada shakllantirsa-da, tushunchalarning hatti-harakat me’yorlarida namoyon bo‘lishini ta’minlashga qodir emas edi. SHunday qilib, suhbat, tarbiyaviy soat, tarixiy sanalarni nishonlash shakllarini milliy tarbiyaviy mazmun, g‘oya bilan boyitish va boshqa tarbiyaviy shakl, uslublar samaradorligini ko‘tarish, o‘quvchilarning amaliy faoliyatini kuchaytirish tadqiqot yo‘nalishlaridan biriga aylantirildi.
O‘quvchilarning darsdan tashqari faoliyatida milliy g‘ururni shakllantirishni pedagogik ta’minlash, yangi vositalar, uslublar, mazmunni kiritishni taqozo qiladi. CHunki, hali milliy g‘ururni yaratuvchilik maqsadlarida tarbiyalash nazariy, amaliy jihatlarda, ishlab chiqilmagan va bu jarayon ijtimoiy tarbiyada amalga oshmoqda. Bu jarayonni ilmiy uslubiy ta’minlash yangi tadbir va vositalar tizimini ishlab chiqarishni talab qiladi. Ana shunday vositalardan biri - mustaqil O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan milliy madaniy tadbir - “Meros” davlat Dasturidir. Dastur bevosita mustaqillikni mustahkamlash, milliy qadriyatlarni tiklashga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston xalq an’analari va marosimlarni tiklash, tarix va madaniyat yodgorliklarini saqlash, o‘rganish va ta’minlash 2000-yillargacha bo‘lgan davrda respublikada turizmni rivojlantirish konsepsiyasi va uyg‘un dasturi” deb nomlandi.1 Biroq mazkur dasturning O‘zbekiston maktablarida o‘tkazilgan milliy tarbiyaviy tadbirlari uchun g‘oyat boy, mafkuraviy ma’naviy, madaniy imkoniyatlari uslubiy jihatdan ishlab chiqilmagan edi. Bu dasturning “2000-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida o‘tadigan katta to‘ylar, ijodkorlarning yubileylari, madaniy tadbirlari” bobidagi tadbirlarni maktab tarbiyaviy ishlar tizimiga joriy qilish yo‘llari qidirildi. Ishlab chiqarilgan tadbirlar “Daho kuni” umumiy rukni ostida amalga oshirildi. “Daho kuni” o‘quvchilarni o‘zbek xalqi va boshqa xalqlardan etishib chiqqan buyuk siymolar, shoir, faylasuflar, olimlarning bolaligi, hayoti, ijodiy bilan tanishtirishga xizmat qiladi va o‘quvchilarda milliy g‘ururni, milliy tarbiyaviy onglilikni, millatlararo muloqot madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Maktab “Daho kuni” dasturi sinf rahbarlari bilan oldindan muhokama qilinib, tuziladi. Maktab ahli taklif qilingan mehmonlar bir xafta burun ogoh qilib qo‘yiladi. “Daho kuni” maxsus rejalashtirilib, uch qismga bo‘lib tashkil qilinadi: ommaviy ma’ruza, undan keyin “Daho va biz”- uning she’r, kuy, g‘azal asarlaridan parchalar ijro etiladi. Allomalarning suratlari osilib qo‘yiladi. Teatrlashtirilgan chiqishlar qilinadi va yakunlanadi. Tadbirining milliy tarbiyaviy ta’sirchanligi mavzuga bag‘ishlangan ko‘rgazma, shior, qo‘lyozma jarida, yozma, amaliy-badiiy ishlar ko‘rgazmasi, devoriy gazeta va boshqalar bilan kuchaytiriladi.
“Daho kuni” ayni bir vaqtda xotira kuni hamdir, SHuning uchun ham bu tadbir tirik, hayotiy o‘tishi, adabiyot yoki tarix darsining davomiga o‘xshab qolmasligi kerak. “Daho kuni”ning milliy g‘urur orqali umuminsoniy mintaqaviy va mahalliy darajalarga bog‘lanishi katta ahamiyat kasb etadi. CHunki o‘quvchilarning o‘zlari yashayotgan joyga, o‘zlari tanigan, eshitgan kishilariga hurmat bajo keltirishlari tadbirning tabiiyligini, ta’sirchanligini oshiradi. Eng muhimi - tadbirning daho yodiga hurmat, milliy g‘ururni rivojlantirishga yo‘naltirilgan holda o‘tkazilishidadir.
Maktablarda doimiy, eng ko‘p qo‘llanilayotgan tarbiyaviy shakllaridan bir - tarbiyaviy soatdir. Tadqiqot jarayonida biz tarbiyaviy soatlarning yangi, eksperimental majmuini ishlab chiqib, tadqiqot doirasidagi maktablarga joriy qildik. Tarbiyaviy soatni rejalashtirish, tashkil qilish, o‘tkazish, uni hayot bilan, o‘zidan oldingi va keyingi mavzular bilan bog‘lanishiga alohida e’tibor beriladi.
Milliy tarbiyaviy tadbir shakl va suhbatlar mazmuni, mavzusi o‘quvchilarning yosh xususiyatlari, imkoniyatlari, ijtimoiy tajribaga egaliklariga (milliy rol sub’ekti sifatida) qarab tanlandi, “Biz kimmiz!” rukni doirasida quyidagilar amalga oshirildi:
Biz nechun sevamiz O‘zbekistonni (munozara)
Milliy o‘yinlarimiz (suhbat)
Ismingizning ma’nosi (ma’ruza)
Hasharning mohiyati nimada?
Salom va alik (trening)
Dasturxon, taom, odob (mahalla faollari bilan uchrashuv)
Mehmon va mezbon (mahalla faollari bilan uchrashuv)
Kiyinish odobimiz qanday (bahs)
Navro‘z, hayitlar. (Ma’naviyat va ma’rifat markazi vakili bilan uchrashuv)
O‘zbek to‘ylari, to‘yona
Bobolar odati eskilikmi (etnografik suhbat)
Urug‘. SHajara. Millat. Insoniyat (davra suhbati)
Vijdoniylik haqida (munozara)
O‘quvchilarning milliy marosim odoblari (bahs)
Misol tariqasida “Bobolar odati” mavzusidagi suhbatni milliy tarbiyaviy imkoniyatlariga namunalar keltiramiz.
Dostları ilə paylaş: |