6. Qonun yo‘li bilan tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasida barcha davlat idoralari qonun yo‘li bilan tashkil etiladi va tegishli qonunlarda belgilab qo‘yilgan vakolatlar asosida faoliyat yuritadilar. O‘zbekiston Respublikasida noqonuniy tashkilotlar tuzish qat’iyan man etiladi. Davlatimiz Asosiy qonunining 57- moddasida quyidagilar ta’kidlangan: Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, xalqning
sog‘lig‘i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek, harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarning tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi. Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish qat’iyan man qilinadi.
Davlat organlarining turlari.
Davlat idoralari xilma-xil bo‘lib, ular turli vazifa va funksiyalarni amalga oshiradi. Ular faoliyati mazmuni va mezonlariga ko‘ra turlicha tasniflanadi:
1. Davlat faoliyatining amalga oshirish shakli bo‘yicha: vakillik, ijroiya, sud organlari va prokuratura organlari. Vakillik organlari. O‘zbekiston Respublikasida markaziy va mahalliy vakillik organlari mavjud. O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi respublikada qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi davlatning oliy vakillik organidir. Oliy Majlis O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq o‘z vakolatida belgilangan har qanday masalani o‘z muhokamasiga qabul qilish huquqiga ega. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyat va tumanlardagi xalq deputatlari kengashlari mahalliy davlat hokimiyati organlari hisoblanadi.
Ijroiya organlar. Vazirlar Mahkamasi – iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy sohalarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va Oliy Majlisning qarorlarini ijro etilishini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan farmon, farmoyish va qarorlarni bajarilishini ta’minlovchi ijro organi. Ijro etuvchi organlar vazirliklar va davlat qo‘mitalaridan iborat shaklda tarkib topgan.
Sud organlari.O‘zbekiston Respublikasida besh yil muddatga saylanadigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasining Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasining Oliy xo‘jalik sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xo‘jalik sudidan, shu muddatga tayinlanadigan fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va Toshkent shahar sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, harbiy va xo‘jalik sudlaridan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy
organidir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudlari, viloyat, shahar, tumanlararo, tuman sudlari va harbiy sudlarning faoliyati ustidan nazorat olib boradi. Oliy sud tomonidan qabul qilingan hujjatlar qat’iy va bajarilishi barcha uchun majburiydir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudlari – mulkchilikning turli shakllariga asoslangan korxonalari o‘rtasidagi, shuningdek, tadbirkorlar o‘rtasidagi, iqtisodiyot va uni boshqarish jarayonida vujudga keladigan xo‘jalik nizolarini hal etish masalasi bilan shug‘ullanadi. O‘zbekiston Respublikasi
Oliy xo‘jalik sudi Qoraqalpog‘iston xo‘jalik sudi, viloyat xo‘jalik sudlari ustidan nazoratni amalga oshiradi. Xo‘jalik sudlari tumanlar miqyosida tashkil etilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi – barcha normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga mosligini nazorat qiladi. U siyosat va huquq sohalaridagi mutaxassislar orasidan Konstitutsiyaviy sud raisi, rais o‘rinbosari va sudyalaridan, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakilidan iborat tarkibda saylanadi.