Mavzuning dolzarbligi. Ijtimoiy-tarixiy mazmundagi mavzular Vatanimiz o`tmishi, xalqimiz hayoti, mardonavor kurashi, ulug` siymolar amalga oshirgan ishlar, tarixiy sanalar to`g`risida bilim beradi. O`qish darsliklaridan o`rin olgan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur va boshqa ajdodlarimiz haqidagi matnlar o`quvchilarni nafaqat o`tmishimiz bilan tanishtiradi, balki ularning Vatan oldidagi farzandlik burchi va mas’uliyatini teran anglashga ham yordam beradi. O`quvchilarda Vatanga muhabbat tuyg`usi shu tariqa shakllanadi. Tarixiy mavzuda, Vatanimiz o`tmishi haqida yozilgan ilmiy-ommabop asarlar bilan tanishtirish va ularni tahlil qilish jarayonida o`quvchilar o`tmish bilan bugungi kunni taqqoslash imkoniga ega bo`ladilar. Jamiyat taraqqiyoti haqida qisqacha bo`lsa-da, tushuncha hosil qiladilar. Aslida ham xalq ma’naviy dunyosining shakllanishida ulug` allomalar, yozuvchi, shoirlar ta’siri katta. Boshlang`ich sinfda o`quvchining kеlajakdagi taraqqiyotini bеlgilab bеruvchi ruhiy, ta'limiy-tarbiyaviy asos yaratiladi. Bunda ilmiy-ommabop maqolalarning o`z o`rni bor. O`quvchilar bunday maqolalar orqali ilmiy ma’lumotlardan voqif bo`lish bilan birga, tarixiy davrning muhim hodisalari to`g`risada mushohada yuritishga ko`nikma hosil qiladilar. Jumladan, mustaqillik, yurt qahramonlari, ulug` allomalar hamda ma’naviyatimiz o`zanlarini belgilovchi dolzarb mavzudagi ijtimoiy ahamiyatga molik maqolalar yosh avlod dunyoqarashida o`ziga xos burilish yasaydi. Ya’ni, ularning tafakkur olami boyishi, shiddat bilan taraqqiy etayotgan ona-Yurtimizga nisbatan yuksak faxr-iftixor uyg`onishiga zamin hozirlaydi. Qolaversa, bunday maqolalarning janriy xususiyatlariga e’tibor qaratish yanada muhim. Boshlang`ich sinf o`qish kitoblarida ilmiy ommabop maqolalar rang-barang mavzularda o`z ifodasini topayotir. Unda o`quvchilarga O`zbekiston Respublikasining mustaqil mamlakat ekanligi, yurtimizda so`nggi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida muhim tushunchalar berib boriladi. O`quvchilar o`zlari tu`g`ulib o`sgan ona-Vatani, ona tilini qadrlashi, milliy xalq qadriyatlari, turmush tarzi va mehnati, fidoyi zamondoshlarimiz haqida ana shunday maqolalar orqali tanishib boradilar.
Jamiyat taraqqiyotida yosh avlod ta’lim-tarbiyasi alohida ahamiyat kasb etadi. Bunda avvalo, maktabning boshlang`ich sinf o`quvchilariga, jumladan, o`qish kitoblariga e’tibor muhim rol o`ynaydi. Mustaqillik yillarida ta’limga berilayotgan e’tibor kelajakka e’tibor yanglig` davlat dasturi darajasiga ko`tarilgani e’tirofga loyiq. O`zbekistonda har yili ta’lim uchun sarflanadigan xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etishi fikrimiz dalilidir. “Ta’lim to`g`risida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi ta’lim sohasida olib boriladigan ishlarning mazmuni va istiqbolini belgilab berdi. Bular asosida Davlat ta’lim standartlari, dasturlar va darsliklarning yangi avlodlari yaratildi. Ta’limda rivojlangan davlatlar tajribalaridan foydalanilmoqda. Jamiyat va ilm –fan tinimsiz taraqqiy etaveradi. Darsliklarning ham yangidan yangi avlodlari nashr etilaveradi. Yangiliklarni ta’lim jarayoniga olib kirish va joriy etish bugungi kun o`qituvchisining vazifasidir. Binobarin, o`qish darslari atrof-muhit, insoniy munosabatlar, Vatanning o`tmishi va hozirgi kundagi hayoti, unda insonlarning o`rni haqidagi o`quvchilar bilimlarini kengaytiradi, dunyoqrashlarining shakllanishiga, ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga katta ta’sir ko`rsatadi. Natijada, o`quvchilarda ijobiy-axloqiy sifatlar shakllana boshlaydi, vatanparvarlik, vatanga muhabbat, insonparvarlik hislari rivojlanadi.
Ilmiy-ommabop matn va maqolalar ifodasi har bir sinfda o`ziga xos talqinga ega. Masalan, mustaqillik mavzusi 1-2-sinf O`qish kitobida kichik hajmdagi, ixcham matnlarda bayon etilsa, 4-sinfda esa bu publitsistik maqolalar tarzida beriladi..
Ta’kidlash joizki, ilmiy-ommabop maqolalarni o`rganishda pedagogik texnologiyaning barcha interfaol usullaridan keng foydalanish mumkin. Faqat bunda ijtimoiy real voqelik, ijtimoiy hayotdagi hozirjavoblik hissi ustunligiga ko`ra, ma’lumotlar yangilanib, almashtirib borilishini e’tibordan soqit qilmaslik zarur.
Shu nuqtai nazardan mavzu ancha dolzarb. Hali fanda ozining izchil tadqiqotiga, e’tirofiga ega bo`lmagan ilmiy-ommobop matn va maqolalar haqida yaxlit monografik tizimda tadqiqot bajarish uning dolzarbligini to`la asoslaydi.
Dostları ilə paylaş: |