2.9. Temir yo’llarni qor va qum bosishlaridan va suv toshqinlaridan saqlash
Temir yo’l transportining qishki va murakkab iqlimiy sharoitlarda muntazam va bir tekis ishlashi yo’lning qor va qum uyumlaridan, bo’ronlardan va suv toshqinlaridan puxta himoyalanishiga, hamda qor va qum bo’ronlaridan o’z vaqtida tozalanishiga ko’p jihatdan bog’liq. Yo’lning qor bilan ko’milib qolishi uning har bir metriga eng noqulay qishki yog’ingarchilik kunlarida yog’adigan qorning m3 dagi hajmi bilan o’lchanib, asosan yog’adigan qor hajmi va jadalligiga, shamol tezligi va yo’nalishiga, mahalliy sharoitlar va boshqalarga bog’liq bo’ladi.O’zbekistonning ayrim mintaqalarida joylashgan temir yo’llar kamdan-kam bo’lsada qor va qum bo’ronlariga uchrab turadi.
Qumlik va yarim qumlik dashtu biyobonlardan o’tadigan temir yo’llarda ularni qum bo’ronlarida ko’milib qolishdan himoyalash kerak bo’ladi. Qum bo’ronlaridan himoyalash uchun samarali vositalar qumlarni o’simliklar o’stirib mahkamlash yoki bitumli emulsiya (qorishma), qumoq tuproq, polimer qo’shilgan tuproqli suspenziyalar bilan qoplash, hamda har xil sun’iy to’siqlar qurishlardan iborat. To’siqlar sifatida baland bo’lmagan yaxlit yoki panjarali yog’och devorlar, qamich va butalardan devor to’siqlar yo’l yoqalab har xil burchaklar ostida bir yoki bir necha qator qilib o’rnatiladi. Qum bosishidan eng yaxshi himoya vositasi qumliklarni butazorlar barpo qilib mahkamlash bo’lib, o’simliklar sifatida cho’l sharoitlariga yaxshi moslashadigan daraxtlar (saksovul, cherkez, qum akatsiyasi va sh.k.), butalardan (djuzgun, selyuga, grebenshik) yoki o’tli o’simliklar (elyakilad, selin, qum sulisi, chager va sh.k.) ekib o’stiriladi. Yo’l yoqalab o’rnatilgan himoya devorlari vaqtinchalik to’siq sifatida qo’llaniladi.
3 bob. Bekatlar va ularning asosiy qurilmalari to’g’risida tushunchalar
3.1. Bekatlarning tavsifi va tasniflanishi.
Temir yo’llar ajratish punktlari yordamida alohida uchastkalarga bo’linadi. Ajratish punktlariga bekatlar, shu jumladan raz’ezd va quvib o’tish punktlari, hamda yo’l postlari (yarimavtoblokirovkada) va o’tish svetoforlari (avtoblokirovkada) kiradi.
Raz’ezdlar deb bir yo’llik uchastkalarda poezdlarni o’zaro o’tkazish va quvib o’tish uchun yo’l tarmoqlari bo’lgan ajratish punktlariga aytiladi.
Bekatlar har xil yo’l tarmoqlari va maxsus inshootlarga ega bo’lgan ajratish punktlari bo’lib, ularda mavqeiga qarab quyidagi texnologik jarayonlar bajariladi: pozdlarni o’tkazish, qabul qilish va jo’natish; yuklar bilan ishlash va yo’lovchilarga xizmat ko’rsatish; poezdlarni tuzish va qayta tuzish bilan bog’liq bo’lgan ishlar; harakat tarkibining nazorati, ta’minoti , ta’mirlash ishlari va boshqalar.
Ishlash xarakteriga qarab- yo’lovchi, yuk va birlashgan bekatlar bo’ladi. Shuningdek ish hajmiga qarab bekatlar sinflanadi (yuqori va I-V sinflar).
Raz’ezdlar va quvib o’tish punktlari yo’lning poezd o’tkazish qobiliyatiga bog’liq bo’lib, ular orasidagi masofa odatda 6-15 km bo’ladi. Aholi zich joylashagan hududlarda oraliq bekatlar orasidagi masofa 10-15 km atrofida bo’lib, aholi kam hududlarda esa 40 km gacha uzoqlashadi.
Uchastka bekatlari 120-200 km oraliq masofada joylashadi, saralash bekatlari oralig’i esa 500-1000 km uzoqlikni tashkil etiladi.
Yuk va yo’lovchi bekatlar odatda yirik shaharlar yaqinida joylashadi.
Yo’lovchi, saralash va bir nechta yuk bekatlarining bir nohiyada joylashishi va o’zaro temir yo’llar tarmoqlari bilan birlashib yagona texnologiya asosida ishni tashkil qilishi natijasida temir yo’l tugunlari yuzaga keladi.
Dostları ilə paylaş: |