Dinning ibtidoiy shakllari



Yüklə 1,02 Mb.
səhifə116/154
tarix02.02.2022
ölçüsü1,02 Mb.
#114086
1   ...   112   113   114   115   116   117   118   119   ...   154
Qarmatiylar. Ismoiliylarning da’vatchilari Yamanda muvaffaqiyat qozongach, Bahraynda qarmatiylar harakati bilan tanilgan yangi firqa vujudga keldi. Bu firqaning asoschisi kufalik Hamdon Qarmatdir. Ismoliya arboblaridan Husayn al-Ahvoziy vafot qilgach, Hamdon boshqaruvni o’z qo’liga oldi. U o’z siyosatini targ’ibot qilishda faol ish olib bordi, natijada uning tarafdorlari asta-sekin ko’paydi. U Kufa tashqarisida joylashgan «Dor al-hijra» deb nomlangan markazni o’zi uchun qarorgoh qilib, u yerda da’vatchilar tayyorladi. Shuningdek, u kambag’al va beva-bechoralarga yordam berish maqsadida safdoshlaridan mol va turli soliqlarni yig’ar edi.

Qarmatiylarning siyosiy-g’oyaviy harakati Kufa atrofida boshlanib, IX asr oxirlariga kelib davlatga tahdid soluvchi va kishilar qalbiga qo’rquv tarqatuvchi harakatga aylandi. Keyinchalik ular Basra, Kufa va Shomning ba’zi nohiyalariga hujum qilishdi, so’ngra Yaman va Bahrayn hududlariga yoyildilar. Natijada ular Bahraynda Abu Sa’id al-Jannobiy boshchiligida kuchli davlatga asos soldilar. Qarmatiylar o’sha davrda Abbosiylar bilan bir qancha janglar o’tkazib, zafar ham qozonishdi. Haj mavsumlarida ham karvonlarga hujum qilib, bosqinchilik va talon-tarojlik bilan shug’ullanganlar. Chunki qarmatiylarning botiniy ta’limotiga ko’ra, ko’p amallar, jumladan, haj, «Qora toshga» sig’inish noto’g’ri edi. Ular faoliyatining kuchaygan davri 929 yil hisoblanadi. Shu yili ular Abu Tohir Sulaymon boshchiligida Makkaga kirib, hojilarni o’ldirib, jasadlarini Zamzam qudug’iga tashladilar hamda Ka’bani buzib, «al-Hajar al-asvad» (Qora tosh)ni o’z poytaxtlari Bahraynga olib ketdilar. Ibn Kasir o’zining «al-Bidoya va-n-nihoya» asarida zikr qilishicha, «al-Hajar al-asvad» qarmatiylar qo’lida 22 yildan ortiq qolib, 951 yilda Makkaga qaytarilgan. Qarmatiylar faoliyati uzoq muddat davom etib, 1077 yillarga kelib, zaiflashgan.

IX asrning 2-yarmida ismoiliyaning bu yo’nalishi qarmatiya deb nomlana boshladi. Boshqa guruh esa, Muhammad ibn Ismoilning avlodlarini imomlar sifatida tan olishda davom etdilar. Bu imomlar Suriya, Xuroson va boshqa yerlarda juda faol da’vatchilik harakatini amalga oshirdilar. Shimoliy Afrikada «fotimiylar» hokimiyat tepasiga kelguniga qadar ismoiliya harakati tarixida «as-satr» (yashirinlik, maxfiylik) davrini boshdan kechirdi.

X asr boshlaridan boshlab bu guruh «fotimiy-ismoiliylari» deb atala boshladi. Yashirin imomning nomi va qaytish joyi qattiq sir saqlanganligi uchun uzoq vaqt qarmatiylar va ismoiliylar orasida katta farq bo’lmadi. Ba’zi tadqiqotchilar fotimiylargacha bo’lgan davrni ismoiliya harakatining qarmatiylik bosqichi deb hisoblaydilar.

IX asr oxiriga kelib, ismoiliya o’z da’vatchilarining harakatlari bilan Janubiy Iroq, Xuroson, Xuziston, Bahrayn, Yaman, Suriya, Misr, Mag’ribda o’zining ko’p tarafdorlarini orttirdi. O’zlarini imom Ismoilning avlodlari deb hisoblagan fotimiylar harakatiga asos solinishi fotimiy-ismoiliylar bilan qarmatiylar orasida qat’iy bo’linishga olib keldi. X asrning oxiriga kelib Mag’rib, Misr, Suriya, Falastin, Hijoz fotimiylar hokimiyati ostiga o’tdi. Ularning maxfiy tashkilotlari xalifalikning sharqida, xususan, Iroqi Ajam (Eron)da keng tarqaldi.

Ismoiliylar o’z ta’limotlarini yoyishda puxta ishlangan maxfiy markazlashgan tashkilot tuzdilar. Muhim, tezkor axborotlarni almashishda xat tashuvchi kaptarlardan foydalanishgan. Targ’ibot ishlarida ular ish olib borayotgan joy va vaqt e’tiborga olingan. Targ’ibot boshlig’i imom hisoblangan.

Ismoiliya da’vatchilarining vazifasi omma oldida olimlar va faqihlar bilan tortishib, o’z ta’limotini tarqatish bo’lgan. Yangi da’vatchilarni tanlashga ismoiliya rahbarlari alohida e’tibor berganlar.

Ismoiliya mafkurasi shakllanishining ilk davridayoq uning ikki qirrasi – «tashqi», ekzoterik (az-zohir) va «ichki», ezoterik (al-botin) namoyon bo’ldi. Az-zohir jihati jamoaning oddiy a’zolariga ham tegishli bo’lib, al-botin jihati esa faqatgina «xos» kishilarga tegishli bo’lgan. Ular Ismoiliya tuzumining yuqori pog’onalarini egallagan kishilar edi. Tashqi ta’limot o’z ichiga barcha urf-odat va jamoaning oddiy a’zolariga majburiy bo’lgan shariatning huquqiy qonunlarini olgan edi. Ismoiliya ta’limotining bu jihati imomiylar ta’limotidan juda kam farq qiladi. Ismoiliyaning «ichki» ezoterik aqidasi ikki qismdan iborat:

1. Ta’vil al-Qur’on – Qur’on va shariatni allegorik tarzda sharhlash.

2. al-Haqoiq – «maxfiy», «oliy» haqiqatlarni tafsir qilishga asoslangan falsafiy va ilohiy bilimlar tizimi. U «neoplatonizm» idealistik falsafasi (xususan, monoteistik-yakkaxudolik g’oyalarilarining birlashuvi, real dunyo voqeligining ko’p qirraligi), Aristotelь ratsionalistik falsafasi, xristian gnostitsizmi, mistikasi elementlari va boshqalarini o’zlashtirdi. Ismoiliya diniy-falsafiy tizimining asosiy elementlari – kosmogonik va davriylik teoriyalari.

Ismoiliya aqidasi o’z ichiga diniy majburiyatlar (faroid ad-din) bilan bog’liq bo’lgan amaliy ilohiyot (al-iboda), din arkonlari (arkon ad-din) va nazariy ilohiyot–«sirli ilm» (ilm al-botin), Qur’onni allegorik sharhlash (at-ta’vil)ni oladi.

Bunda Ismoiliya ilohiyotchilari «tashqi» va «ichki» jihatlarning bir-biri bilan mustahkam bog’liq ekanligini ta’kidlaydilar. Ismoiliylarning diniy-siyosiy aqidasining asosi imomat – Ali ibn Abi Tolib avlodlaridan begunoh imomning mavjudligi. Ismoiliylarda din asoslari yettita bo’lib, ulardan asosiysi imomga itoat etishdir. Qolgan oltitasi tahorat, namoz, zakot, ro’za, haj va jihoddir.

Ismoiliyaning huquqiy tizimi al-Qozi an-Nu’monning (v. 979 y.) «Da’o’im al-islom» (islom ustunlari) kitobida mufassal bayon etilgan bo’lib, imomifa (ja’fariya mazhabi) fiqxi bilan deyarli mos tushadi. Ular orasida meros, nikoh va boshqa ba’zi xususiy masalalardagina farqlar mavjud. Ismoiliylar vaqtinchalik nikoh – mut’ani (sig’a) tan olmaydilar.

Bu firqa vakillari Hindiston, Pokiston, Badaxshon, Arabiston yarim orolining janubi va boshqa joylarda mavjud.




Yüklə 1,02 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   112   113   114   115   116   117   118   119   ...   154




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin