Manixeizmning Erondagi taqdiri. Shopur I vafot etgach, Eron taxtini uning o’g’li Ho’rmizd I (272-273) egalladi. Lekin uning podshohligi uzoqqa cho’zilmay, Shopurning boshqa o’g’li Varahron I (Bahrom) taxtga keldi. U zardushtiylik diniga e’tiqod qiluvchilardan edi. Shuning uchun uning humronligi davrida zardushtiylikning mavqei mavjud barcha dinlar, jumladan, manixeizmga nisbatan ancha baland edi. Zardushtiylik dinining kohinlari Moniyning ta’limotiga keskin qarshi chiqdilar. Varahron I davridagi zardushtiylikning ko’zga ko’ringan mo’’badlaridan biri, Sosoniylar davlatining oliy sudyasi va «shohlar shohining» diniy ustozi Kartirning ko’rsatmalariga asosan manixeizm ham boshqa dinlar qatorida ta’qib qilindi. Bu jarayon 275 yilda Moniyning qamoqqa olinib, 277 yilda qatl etilishiga olib keldi. Oqibatda Eronda zardushtiylikning davlat dini darajasiga ko’tarilishiga zamin yaratildi. Manixeizm jamoalari esa quvg’inga uchrab, Sharq o’lkalari bo’ylab tarqalib ketdilar. Kartir davrida yahudiy, buddist rohiblar, braxmanlar, nasroniy-xristianlar, monaviylar barchasi yo’q qilindi, ularning xudolarining tasvirlari hamda ibodatxonalari vayron qilindi, ko’plab otash ibodatxonalariga asos solindi.