Moniy ta’limoti. Moniy targ’ib qilgan dinning asosi – nur va zulmat o’rtasidagi azaliy kurash ta’limoti. Uning mazmun-mohiyati esa nurning zulmat ustidan g’alaba qozonishiga ishonish g’oyasidir. U butun borliq – jonli va jonsiz tabiat insoniyat jamiyati o’z ibtidosidan boshlab ana shu ikki qarama-qarshi dunyoning qutblarida turib kurashib keladilar, deb tushutiradi. Manixeizmdagi nur va zulmat tushunchalari ezgulik va yovuzlik kabi ijtimoiy-axloqiy kategoriyalarning timsoli sifatida ifodalanadi.
Manixeizm zardushtiylik va xristianlikning xususiyatlarini o’zida jam qilgan. Moniy o’zini avvalgi dinlarni to’g’rilovchi payg’ambar (xotam al-anbiyo’) deb e’lon qildi. Manixeizm xristianlikdan messiya g’oyalarini olgan. Zardushtiylikdagi dualizm – yaxshilik bilan yomonlik, nur bilan qorong’ulik, ruhiy olam bilan moddiylik orasidagi kurash – manixeizm e’tiqodining asosini tashkil etadi. Birinchi olamda xudo, ikkinchisida – shayton hukm suradi. Bu ikki olam kurashi falokat bilan tugaydi. Natijada moddiylik halokatga uchrab, ruh ozodlikka chiqadi.
Manixeizm ta’limotiga ko’ra, bu dunyo – yovuzlik dunyosi. Inson ikki unsurdan – nur farzandi bo’lgan ruh va zulmat farzandi hisoblanmish jismdan iborat. Shuning uchun ham u zulmatga qarshi kurashda nur kuchlariga madad bera oladi. Moniy o’zini Iso ishining davomchisi, Injildagi Paraklet deb atadi.
Zurvanizmdan farqli o’laroq, dualizm ta’limotiga ko’ra, nur va zulmat azaliydir. Zardushtiylar ta’limotida esa zulmat keyin paydo bo’ladi. Manixeizmda nur va zulmat azaliylik jihatidan teng bo’lib, javhar (yadro), tabiat (xarakter), fe’l-harakat, joylashgan taraf va o’rni, unsurlari, jism va ruhlari jihatidan turlichadir. Hech bir narsa – yo’qdan bor bo’lmaydi. Azalda bor narsa – yo’q bo’lmaydi. Shuning uchun ham nur va qorong’ulik azaliy va abadiydir. Bu ikkala kuch ham qudratli, eshituvchi, ko’ruvchi, sezgir, bilimdondirlar. Ammo, o’zlariga xos xususiyatlarga ko’ra, bir-birlariga qarama-qarshidirlar.
Dostları ilə paylaş: |