Dostondan parcha Burungi o’tgan zamonda, eli-yurti omonda, Buxorodan tumanda



Yüklə 346,5 Kb.
səhifə2/4
tarix06.12.2022
ölçüsü346,5 Kb.
#120546
1   2   3   4
dostonlar 2015

Do’st yig’latib, dushmanimni kuldirma...
Shunday bo’lib, yo’l yurib Qurudim mamlakatini yoqalab chodir-chaman tikib qo’ndi. Bu yerlar, tevaragidagi ellar, necha qo’rg’on so’rab turgan beklar ilgaridan bir-biriga ma’lum: goh Sultonxonga boj berib, goh bermay qaytib turar edi. Bu mamlakatning amaldorlari Sultonxonga borishli-kelishli bo’lib yotdi...
Oqtosh mamlakatida Huroyim podsholik qilib ichkarida arz so’radi. Ximcha degan kanizi bor. Ximcha — tillari bulbulcha, kimki yaxshi desa, shuncha, ikki yuzi ochilgan gulcha, bellari xipcha, o’zi suluv oyimcha. Ximcha oyim tashqarida arz so’radi. Huroyim Oqtosh mamlakatida Sultonxondan ziyoda ish tuta berdi. Huroyimning ish tutuviga ikki kundosh bezovtalik qilaberdi. Vaqti yetib, oyi bitib, Huroyim o’g’il tug’di, otini Rustam qo’ydi.
Rustam birga, ikkiga, uchga kirdi. Tilga enganda madrasadan bir mulla olib kelib, o’qitib yotaberdi. «Zamon Huroyimniki bo’ldi» deb, ikki kundosh nima qilarini bilmay o’y o’ylar edi. Oqtosh viloyatida daftari mastondan uch yuz oltmish mastoni bor edi, boshlig’ ini Momogul maston der edi, mazgili shahardan tashqari bir g’orda edi.
G’orda yotar edi, xurrakni baland tortar edi, botmon nosvoyni to’rt bo’lib otar edi, yurish-turishi odamlarga xatar edi, ne er yigitlarni ikki pulga sotar edi, yaxshilikni uch pulga olmay, qayerda yomonlik bo’lsa, izlab yetar edi, qanday odam ko’rsa, bu kampirdan hazar qilib uzoqqa ketar edi, yomonlik izlab borgan odamning ishi mastondan bitar edi.
Ikki oyim Momogulni ko’ngliga olib, so’roqlab borib qoldi. Huroyimning ustidan bir so’z aytib turgan ekan:
Eshit, momo, oyimlarning tilini,
Vayron qilsang bunda Oqtosh elini...
Ikki kundosh Huroyimdan qutulish uchun Momogul maston bilan til biriktiradilar. Maston tilla tangalar evaziga Huroyim ustidan fitna-g’iybat to’la arznoma yozdiradi, firib bilan Oqtosh ahliga tasdiqlatadi va Sultonxonga olib boradi. Sultonxon g’azabga minib, o’zi safardan qaytguncha Huroyimni shahardan haydab, dorga osishga buyuradi. Jallodlar Huroyimni dorga osmoqchi bo’layotganlarida Rustam jallodlarning dodini berib, onasini qutqaradi. Rustam boradigan yerining tayini yo’q, enasini otga mindirib, tozilarini ergashtirib, «Adashganning Hukumu oldi yo’l», deya yo’lga tushadi. Ular yo’l yursa ham mo’l yurib, tog’iga yetib boradilar, shu yerda qo’nim topadilar.
Rustam tog’-toshda ov qilib keladigan, enasi esa pishirib beradigan bo’ldi. Bir kuni Rustam enasi va tozilarini qoldirib, zarur anjomlar topish uchun yo’l tortdi. Ko’zi tog’ bag’ridagi o’tovga tushdi. Ot ustida o’tovning bo’sag’asidan qaradi. Ko’rdi: ajab suratli bir qiz, jamoli kunni xira qilguday, har kim husnini ko’rsa, aqli ketib, otdan yiqilib qolguday. Ikki qo’li orqasiga boylangan, sochidan uyning keragasiga boylovli turibdi. Rustam ko’rib hayron qoldi. «Shunday odamni ham ovloq bir cho’lda, ko’z ko’rmagan yerda boylab tashlaydigan ham gaplar bor ekan-da! Kel-e, o’ylab turguncha so’ylab bilayin»,— deb Rustam bir so’z aytib turgan ekan: — Alifday qomating, xipcha belingdan,
Menga bayon ayla o’sgan elingdan...
Qiz bu so’zni eshitib, Rustamga javob berib, boylovli turgan yerida bir so’z aytib turgan ekan:
Meni so’rab bexos bo’lib turmagin,
Hayallama, ketgin, yo’ldan qolmagin,
Vaqti zamon mening kunim bitgandir,
Ketgin, menday bo’lib bunda o’lmagin...
Bu so’zni qizdan eshitib, Rustam o’z boshini qutqarib, qizni tashlab ketgani ko’zi qiymay, ajdaharga bir begunohni bergusi kelmay, qizga qarab bir so’z aytib turgan ekan:
Oh ursam to’kilar ko’zimning yoshi,
O’limdan qaytarmi, bilgin, mard kishi,
Bundan qo’rqib ketmoq nomardning ishi...
Qiz ilgari ajdaharni o’z ko’zi bilan ko’rgani yo’q, ajdaharning siyosati xalqning qilgan ta’rificha, Rustamning qaddi-jasadiga qarab, «yaxshi yigit ekan, o’lmasin», deb yana ham ko’proq qaytardi. Shunda ham Rustam: «Mard so’zidan, yo’lbars izidan burilmaydi, degan gap bor, ajdahar domiga tortadi, meni yutadi, deb vahm qilmayman, qayishmay ajdaharning yo’lini aytgin», dedi. Unda qiz aytdi: «Harchand zo’r urdim, bo’lmadi, sening ham ajaling yetgan ekan, kuning bitgan ekan,— deb bir qirni ko’rsatdi. — Ajdahar shu tarafdan keladi»,— dedi. Shunda Rustam qizning gapi bilan otiga qamchi urib, boyagi ko’ndalang qirning ustiga chiqdi. Qarasa, ajdahar ko’zi olovdek yonib, ishqirib, har tarafga o’t sochib-sochib, tog’ ustidan Charxinko’lga tushib kelayotgan ekan.
Rustam qizning oldiga borib, ishonar belgisi deb ajdahardan olgan tasmani tashladi. Qiz ajdaharning terisidan olingan tasmani ko’rib, ajdahar o’lib, o’zining omon qolganini bilib quvondi... Ajdarho zulmidan qutulgan Bujul shahri va uning shohi Rustamni shohlikka ko’taradilar va Oftoboyimni unga to’y qilib olib beradilar. Rustam Bujulda uch kun podsho bo’lib turadi. So’ngra enasi va tozi itlari yoniga qaytadi... ... Oqtosh mamlakatidagi ikki kundoshi Rustam va Huroyimning tirik ekanligi daragini eshitgach, yana shum kampirni ishga soladilar. Shum kampir Bahra tog’iga kelib, Oqrabotga kiradi. Huroyimni zindonband qilib, uning qiyofasiga kiradi va dev yordami bilan Rustamni o’ldirmoqchi bo’ladi. Qizil dev shunday yigit bu shum kampirning o’g’li emasligiga aqli yetib, kampirning o’zini o’ldirib, Rustamni qutqaradi. Rustamni Oftoboyim parvarish qiladi, Huroyimni zindondan qutqaradi. Ular Bahra tog’ida baxtli yashay boshlaydilar. Rustam va Huroyim haqidagi haqiqatni bilgan Sultonxon o’z gunohini yuvish va ulardan afv so’rash ilinjida qalandar qiyofasiga kirib, yurt kezadi, qirq qalandarga qo’shiladi, o’g’li va Huroyimni qidiradi...

Yüklə 346,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin