Ka’ba izlab bundan ketib boradi; Kam xarj qolgan yerda gadoylik qildi. Xarjili bo‘lganda qichab yo‘l yurdi... Sultonning dardini ular bilmaydi, Ka’ba deydi, yurar yo‘ldan qolmaydi. Shunday qilib necha shaharni ko‘rdi, Ulfatlarman har yerlarda o‘tirdi, Sultonxon dardini endi gapirdi: — Yaproqday titraydi qalandar joni, Men qalandar, biling, Oqtoshning xoni, Izza qildi debon zinhor koyinmang, Mendayin gadoning yolg‘iz o‘g‘loni. Shularning ishqida bo‘ldim xor-zor, Daragini bilib bo‘ldik qalandar. Ka’ba bilan ishim yo‘qdir, ulfatlar! Mening Ka’bam, ko‘rdim, u yerda tayyor! Mendan bilsang ko‘p xatolik o‘tgandir, So‘zlaganim yo sizlarga botgandir, Sizlar ko‘nglingizga og‘ir olmangiz, U gaplarni asli menga aytgandir. Oti Rustam, o‘zi nor kalla qo‘chqor, Men shuning ishqida bo‘ldim qalandar; Ka’ba ketsang, borabergin ulfatlar, Qaytib borsam mening Ka’bam topilar. Necha kunlar bo‘ldik birga ham yo‘ldosh, Bir-birimiz bilan bo‘lganmiz sirdosh. Men qaytaman endi kelgan yo‘limga, Qayga borsang borabergin, qarindosh!.. Bu so‘zni aytib, bir-biriman xo‘shlashdi. Qirq qalandar ketdi Ka’baga qarab, Sulton yurdi bir shaharni oralab. «Qani mening borsam joni-dilim, deb, Chamanda sayragan u bulbulim, deb, O‘ldirsa o‘ldirsin yolg‘iz ulim» deb, Tag‘i qaytib, Bahra toqqa jo‘nadi... Shunda yo’l yursa ham mo’l yurib, bir o’zi telpagi qayqayib, tag’i bir kun Oqrabotga borib qoldi. Rustam ovda edi. Sultonxon eshagini bog’lab, sarhovuzning bo’yiga tushib edi, Oftoboy hovuzga suvga chiqdi. Bu qalandarni ko’rdi: belida kamarlari tilladan: qaddi-jasadi kelbati Rustamga keladi. Oftoboy bildi Rustamning otasi ekan. Shunda qalandarga qarab, Oftoboy bir so’z aytib turgan ekan:
— G’am bilan sarg’aydi guldayin diydor, Bir nechalar ahvolidan bexabar, Bu manzilga kelib qo’ngan, qalandar, Xabar bergil, kimda sening ishing bor? Bu so’zni eshitib, Oftoboyga qarab, boshini ko’tarib, Sultonxon bir-ikki og’iz so’z aytib turgan ekan:
— Dardim ko’pdir, kim biladi ishimni, Qo’limdan qochirdim olg’ir qushimni. Oftoboy ko’zasini to’ldirib, uyga qaytib Huroyimning qoshiga bordi. Oftob aytdi: «Bular bir-biridan ko’ngli qolishib yurgan odam. Agar aytsam, sira ham bunda ergashtirib kel, deb aytmaydi. Agar shu vaqtda Rustam ovdan kelib qolsa, men unday-bundayman, deganiga quloq solmaydi, chopib tashlaydi. Nima bo’lsa, enasining qoshida ko’rsa, enasini hurmat qilib zarar yetkazmas», — deb bu gaplarni ko’ngliga olib, uyni supiribsidirib to’shanchi solaberdi. «Bu nimaga sertaraddud bo’lib yuribdi», — deb Huroyim qarasa, Sultonxonni iyartib kelyapti. Huroyim ko’nglida aytdi: «Bu birga yurgan yor edi, bizlarga ko’p zulmni qildi, oxiri pushaymon bo’lib, bosh egib keldi. Rustamga tavba qildi. Oradan necha vaqtlar o’tdi. Oftoboyning bu yelib-yugurishiga qaraganda, Rustam otasini tog’dami, ovdami ko’rib, tag’i qaytib kelsa, jo’natmay xizmat qilib turasan, degan ekan-da; Rustamdan bexabar bunday ishni qilmasa kerak edi». Sultonxon Huroyimga salom berib, bosh egib turdi. Oftoboy uni ichkariga kirgizdi, ko’rpachaga o’tqizdi. Huroyim ham kirib o’tirdi. Ikkovi hol-ahvol so’rab, boshidan o’tgan kulfatni gapirib, bir-biridan o’pka qilib, Huroyim Sultonxonni uyaltirib, Oftobxon xizmatda bo’lib turib edi, Rustam ovdan kelib qoldi. Rustam Oftoboyga qarayman deb ichkariga ko’zi tushdi. Rustamning hushi boshidan uchib, xayoli qochib, qilichga qo’l uzatib, ... ichkari kiraberdi...
Huroyim “Rustam otasini chopibdi”, degan lanqa(ta’na) gapni olma, deb uni qaytardi. Enasining so’zi bilan bek Rustam qilichini yerga tashladi.Sultonxon o’g’lini bag’riga bosdi. So’ngra Sultonxonning taklifi bilan barchasi Oqtoshga jo’nadi. Rustamxon yo’l boshlab bordi. Borayotgan xabar Oqtoshga yetdi. Qancha amaldorlar peshvoz chiqdi. Kanzlarman qolgan Ximchaoyim Rustam va Huroyimni ko’rmoqqa keldi, qancha xaloyiqlar bunda yig’ladi, bir-birining ahvolini so’radi. Hamma keldi ikki kundosh kelmadi. Sultonxonga g’aznavonlar shunday dedi: To’rt qop tilla ikki kundoshga bergan, ikki kundosh olib, mastonga bergan, Mastonman birikib shu ishni qilgan. Sultonxon:
— Bularning qilgan ishi mamlakatni buzib, qancha sarsonlikni soldi, — deb ikki xotinni haydatib, mirg’azablarga shunday buyurdi, deydi:
— Gunohkor ikkovi, qo’lin boylanglar,