Identiv o‘quv maqsadlari: 1.A.Qahhorning zamonaviy mavzudagi hikoyalari haqida bilib oladi.
2. Adib hikoyalaridagi zamondoshlar xarakteri haqida tushunchaga ega bo‘ladi.
3. Bu mavzudagi hikoyalarni boshqa mavzudagi hikoyalar bilan solishtiradi.
Mavzuning bayoni: A.Qahhorning bir guruh hikoyalari, ko‘rganimizdek, o‘tmish mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lsa, hikoyanavislik faoliyatining katta qismini uning zamonaviy mavzudagi hikoyalari tashkil etadi. Shu o‘rinda yozuvchining “zamonaviy mavzudagi hikoyalari” deganda nimani nazarda tutishimizni aniqlashtirib olish lozim. A.Qahhorning “o‘tmish mavzusidagi hikoyalari” deganimizda ham bu masalani nisbiyroq ma’noda tushunish kerakligini ta’kidlagandik. Chunki yozuvchi bu asarlarida, asosan, o‘zi yoshligida guvoh bo‘lgan ba’zi voqealardan ta’sirlanganligini ko‘rdik. Shuning uchun bu voqealar biz uchun o‘tmish bo‘lib tuyulsa-da, yozuvchining o‘zi uchun ular o‘tmish emas. Binobarin, uning qalamiga mansub bo‘lgan boshqa hikoyalarni ham shartli ravishda zamonaviy mavzudagi hikoyalar ro‘yxatiga kiritamiz. Chunki bu asarlar ham hozirgi o‘quvchi uchun allaqachon o‘tmish mavzusidagi hikoyalarga aylangan. Masalan, “Mayiz emagan xotin”, “San’atkor” va boshqa yana qator asarlarida yozuvchi o‘z vaqtida o‘ta zamonaviy mavzuni qalamga olgan. Yoki “Asror bobo”, “Xotinlar”, “Ko‘k konvert” hikoyalari aynan urush yillarining o‘zida - o‘sha og‘ir sinovlar, jon olib, jon berishlar davom etayotgan bir paytda yozilgan. Bu asarlarda tasvirlangan keskin, shiddatli ruh bilan hayotning o‘zidagi real holat g‘oyat bir-biriga hamohang bo‘lgan. “Mahalla”, “Nurli cho‘qqilar” kabi asarlari esa 60-yillar hayotining eng dolzarb muammolariga bag‘ishlangan. E’tirof etish kerakki, qo‘yilgan muammo qanchalik dolzarb bo‘lmasin, bu asarlarda tasvirlangan voqealar bilan bizni hozir ancha katta davr masofasi ajratib turibdi. Lekin badiiylik darajasi etuk bo‘lgan, haqiqiy iste’dod bilan yaratilgan asarlar hech qachon o‘zining zamonaviy ahamiyatini yo‘qotmaganidek, A.Qahhorning yuqorida biz tilga olgan hikoyalari oradan qancha davr o‘tishidan qat’iy nazar shu kunlarda ham diqqat-e’tibor maydonimizning markazida turadi.
A.Qahhorning zamonaviy mavzudagi hikoyalari o‘z davrining dolzarb muammolariga bag‘ishlanganligi bilan ajralib turadi. Masalan, yana o‘sha “Mayiz emagan xotin” hikoyasini olaylik. U ochiq, emin-erkin yurgan ayollarni g‘iybat qiladigan, erkak boshi bilan har qanday fisq-fasoddan uyalmaydigan bir kimsaning qiyofasini ochib beradi. Agar unda tasvirlangan voqealarni o‘tgan asrning 20-30 yillar hayoti bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, uning o‘sha davr uchun g‘oyat dolzarb muammoni ko‘tarib chiqqanligiga amin bo‘lamiz. Yozuvchining “Asror bobo” hikoyasi urushdek og‘ir, fojiali bir sharoitda yashayotgan insonning bardoshi va matonatini, iroda qudratini mohirona ko‘rsatib berishi bilan o‘quvchilar qalbidan joy olgan. Bu asardagi adib erishgan yuksak badiiy natijalar hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. A.Qahhorning “To‘yda aza”, “Nurli cho‘qqilar”, “Mahalla” kabi hikoyalari, garchi bundan yarim asr oldin yaratilgan bo‘lsa-da, xuddi hozirgi hayotimiz muammolariga bag‘ishlangandek o‘qiladi. Go‘yo biz kunda-kunora ko‘rib, duch kelib yuradigan odamlar, hayotiy voqealar haqida yozilgandek taassurot qoldiradi.
Masalan, “To‘yda aza” hikoyasida tasvirlangan ma’naviy-axloqiy muammoni bugungi kun uchun ahamiyati kamaygan, u o‘z dolzarbligini yo‘qotgan, deb bo‘ladimi? Hikoyaning so‘nggida uning yozilgan sanasi 1956 yil deb qo‘yilgan. Demak, hozir bu sana bilan bizni yarim asrdan oshiq vaqt masofasi ajratib turibdi. Lekin hozir ham uni xuddi biz yashayotgan hayot va odamlar haqida yozilgandek qabul qilamiz, o‘qiymiz. Bu erda hech qanaqa mubolag‘a yo‘q. Birinchidan, hozirgi zamondoshlarimiz orasida ham Muxtorxon Mansurov domlaga o‘xshash yoshiga yarashmagan ishlar qiladigan, o‘zining noma’qul harakatlari bilan el – yurt o‘rtasida sharmandasi chiqayotgan odamlar yo‘q, deb bo‘lmaydi. Shunday holatlarni ko‘rganda, kuzatganda A. Qahhorning hayotdan mavzu tanlash va uni badiiylikning yuksak talablari darajasida hal etib berish mahoratiga tan bermaslikning iloji yo‘q. Hikoyaning bunday umrboqiyligini, hamma davrlar uchun dolzarbligini ta’minlagan ikkinchi omil, bizningcha, unda tasvirlangan xarakterning g‘oyat jonli chiqqanligida, unga xos bo‘lgan insoniy sifatlarni o‘ta tabiiy, hayotiy va ishonarli bir tarzda berilganligida bo‘lsa kerak. Bu asarda yozuvchining detal va tafsilotlardan foydalanish mahorati o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilgan, degan fikrni bemalol aytsa bo‘ladi. Kichkina bir hikoyada ziyoli bir insonning, faoliyati yoshlarni tarbiyalashga yo‘naltirilgan bir domlaning ham ijobiy, ham salbiy sifatlarini birvarakayiga ko‘rsatish, pirovardida, o‘sha salbiy sifatlar qahramonni qanday fojiaga olib kelganligiga o‘quvchini ishontirish hamma yozuvchining ham qo‘lidan kelaveradigan ish emas. “O‘lim to‘g‘risida kulgili qilib yozish juda qiyin gap, - deb yozgan edi shu asar munosabati bilan taniqli rus adibi Leonii Linch, - bu faqat Chexovning, frantsuzlarning qo‘llaridan kelgan edi. Bizda hazir buning uddasidan chiqadiganlar kam. Abdulla Qahhor esa buning uddasidan chiqqan” (“Abdulla Qahhor zamondoshlari xotirasida” G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1987 yil 40-bet) Darhaqiqat, A. Qahhor buning uddasidan chiqqan. Bu bilan u o‘zining iste’dodi va yozuvchilik mahorati nimalarga qodirligini namoyon etdi. Qator adabiyotshunoslar adib hikoyalarida tasvir bilan bog‘liq bunday “mahorat sirlari”ni aniqlashga astoydil harakat qilishgan. Chunonchi, atoqli adabiyotshunos olim U. Normatov bu haqda shunday yozadi: A.Qahhor “... portret, peyzaj va boshqa tasviriy vositalarni asar ruhiga, organizmiga shu qadar singdirib yuboradiki, bir qarashda ba’zan asarda bu xil tasvir vositalar go‘yo ishlatilmagandek tuyuladi. Yozuvchi keltirgan portret va peyzaj detallari xilma – xil g‘oyaviy-badiiy funktsiyani ado etadilar, ular har doim harakatda beriladi, qahramonlarning holati, xatti- harakati, evolyutsiyasi hamda syujet rivoji tasvirida aktiv ishtirok etadi”. (“Mahorat sirlari”, T., 1968, 56- bet).
Demak, yozuvchi boshqa yo‘nalishdagi hikoyalari kabi zamonaviy mavzuda yozilgan asarlarida ham o‘zining yuksak iste’dodini namoyon qilishga muvaffaq bo‘lgan. Avalo, har bir hikoyada qo‘yilayotgan muammoni ochib berishga qodir takrorlanmas xarakterlarni topa olgan. Bu o‘rinda Mulla Norqo‘zi, Boqijon Baqoev, Asror bobo, Zuhra, Muxtor Mansurov, Hikmat buva obrazlarini ko‘z oldimizga keltirishning o‘zi kifoya qiladi. So‘ngra shu xarakterlarning zimmasidagi badiiy yukni yuzaga chiqaradigan hayotiy vaziyatlar sil-silasini yaratadi. Har bir vaziyatdagi qahramon holatini uning ichki dunyosi bilan mutanosiblikda ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ladi. Xarakterlar talqinidagi harakat, holat va ruhiyat ifodasi san’atkorlik bilan topilgan yorqin detallar vositasida o‘quvchiga etkaziladi. Shuning uchun ham bu asarlardagi tasvirlangan voqealarni va xarakterlarni biz o‘zimizga juda tez, oldindan biladigandek qabul qilamiz. Ular har bir adabiyot muxlisida qandaydir bir adabiy sxema sifatida emas, balki hayotning jonli, tabiiy, insonning turmush, yashash tarzi jo‘sh urib turgan bir parchasi sifatida taassurot qoldirishi shubhasiz.