Tayanch tushuncha va iboralar: O‘tmish mavzusidagi hikoyalar, zamonaviy mavzu, urush davri hikoyalari, hajviy hikoyalar, yumoristik va satirik hikoyalar, badiiy asarda mavzu va h.k.
Identiv o‘quv maqsadlari: 1. A.Qahhor hikoyalari mavzular ko‘lamini bilib oladi
2. Adib hikoyalarini mavzular jihatidan farqlaydi.
3. hikoyalar mavzusi va ijodkor g‘oyaviy maqsadi ijrosini tekshirib ko‘radi.
Mavzuning bayoni: A.Qahhor o‘z hikoyalariga mavzuni hayotning qaynoq voqealari, jonli oqimi ichidan tanlashga harakat qilgan. Uning 20-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab to umrining oxiriga qadar yozgan hikoyalariga shu nuqtai nazardan e’tibor bersak, bunga amin bo‘lamiz. Masalan, “O‘zing shifo ber” asarida xurofotga ko‘r-ko‘rona ishonish inson uchun naqadar fojia ekanligi tasvirlangan. “Boshsiz odam” hikoyasida esa noto‘g‘ri tarbiya, johillik insonni qanchalik noshud, notavon kimsaga aylantirishi ko‘rsatilgan. Agar o‘z davri talablaridan kelib chiqib bu asarlarga nazar soladigan bo‘lsak, yozuvchi o‘sha davr hayotidagi o‘ta dolzarb masalalarni qalamga olishga, odamlarning e’tiborini unga jalb etishga astoydil intilganini payqash unchalik qiyin emas. Uning “Mayiz emagan xotin”, “Maston”, “Adabiyot muallimi”, “San’atkor” kabi qator hikoyalarida ham 30-yillar hayoti uchun g‘oyat muhim va zarur bo‘lgan mavzular badiiy ifodalangan. A.Qahhorning 40-yillar va undan keyingi davrlarda yaratgan hikoyalarida ham mavzu tanlashda qanchalik zamon bilan hamnafas bo‘lishga harakat qilganligiga guvoh bo‘lamiz.
Bilamizki, mavzu badiiy asarning hayotiy asosini tashkil etgan voqea-hodisalar doirasini anglatadi. Bu voqea-hodisalar doirasiga kiruvchi hayotiy epizodlar esa muayyan davr uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi shart. Shuning uchun yozuvchi mavzu tanlashga befarq qaray olmaydi. Zamonasining ilg‘or fikrli farzandi va yuksak badiiy iste’dod sohibi bo‘lgan yozuvchi doimo hayotning dolzarb masalalariga e’tibor beradi hamda adabiyotga qo‘yiladigan ulkan talablar darajasidan kelib chiqib shu haqda asar yozadi. Demak, u hayotdan mavzu tanlaydi, topadi va uni o‘z mahorati darajasida hal etadi. “Mavzu tanlay bilish hikoyachilik texnikasining asosini tashkil etadi,-deb yozadi mashhur dominikan yozuvchisi Xuan Bosh. – Hikoya, so‘zsiz, qandaydir muhim faktning tasviridan iborat. Agar hikoya asosida yotgan hodisa arzimas bir narsa bo‘lsa, uning ifodasi hikoya emas, shunchaki bir lavha bo‘lib, o‘tgan voqeaning oddiygina bayoni bo‘lib qolaveradi” (Xuan Bosh. Hikoyaning imkoniyatlari. “Inos. literatura”. 1963, №8, 233-bet. Parcha “Mahorat sirlari” kitobidan olindi, 6-7 betlar). A.Qahhor janrning bu talabini unutmagan holda mavzu tanlash masalasiga doimo jiddiy qaragan. Kitobxonga mag‘zi to‘la bo‘lgan zarur gapni hamisha topib o‘z vaqtida aytishga harakat qilgan. Hayotdan shunga mos keladigan faktlarni qidirgan, kuzatgan va topa bilgan. Lekin shu narsa ayonki, hayotiy voqeani topishning o‘zi bilangina ish bitmaydi. Uni chiroyli badiiy shaklga solish, jonli va jozibali xarakterlar yaratish orqali ifodalab berish ham asar muallifidan talab etiladi. Boshqacharoq aytganda, mavzu tanlashdagi yozuvchining zukkoligi uning badiiy tasvirlar yaratish mahorati bilan qo‘shilgandagina asl maqsadga erishish mumkin. A.Qahhorning aksariyat (badiiy) hikoyalarida shunday natijaga erishishning yuksak namunalarini ko‘ramiz.
A.Qahhor o‘z hikoyalarida qalamga olgan mavzular hozirgi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmagan. Vaholanki, eng so‘ngi hikoyalarining yozilgan vaqtiga ham yarim asrcha vaqt bo‘layapti. Bunday holat yozuvchi ijodiga mansub hikoyalarning, yuqorida aytilganidek, yuksak badiiylik darajasi bilan bog‘liqdir. Masalan, “Mayiz emagan xotin” hikoyasida xotin-qizlarning paranji tashlash voqealari mavzu qilib olingan. Bundoq qaraganda bu gaplar juda eskirib ketgandek tuyuladi. Lekin undagi odamlar xarakteri, bu odamlarning o‘zaro munosabatlari bilan bog‘liq tasvirlar hozir ham o‘quvchini o‘ziga jalb etadi. G‘iybat, fisqu fasod degan narsalar o‘sha paytda qanday tuban xususiyat sanalsa, hozir ham unga munosabat shundayligicha, o‘zgarmasdan turibdi. “Ayol kishi erkakka qo‘l berib ko‘rishdimi- bas!..-deya choyxonaga chiqib, doimiy odati- g‘iybatini boshlaydi hikoya qahramoni Mulla Norqo‘zi. - Ro‘za tutgan kishi og‘zini chayqasa, suv tomog‘iga ketmasa hamki, ro‘zasi ochiladi- shu og‘iz chayqashdan bahra oladi-da! Abdulhakimning qiziga usta Mavlonning o‘g‘li bir hovuch mayiz berganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Hayo bormi shularda? Shariat yo‘li - xo‘p yo‘l. O‘n bir yasharida paranji yopinmagan qizdan qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa ura bering. Paranji hayoning pardasi-da!” (A. Qahhor. Tanlangan asarlar. 1967. 136-bet). Qahramonning og‘zidan chiqayotgan bunday yoqimsiz so‘zlarni o‘qir ekanmiz, ularni go‘yo tirik odamdan eshitayotgandek bo‘lamiz. O‘zining bunday bemaza gaplari bilan odamlarni bezor qilib yuborgan bir shaxsning jonli qiyofasi ko‘z oldimizda paydo bo‘ladi. Ana shunday tuban bir odamning ma’naviy qiyofasini tugal yaratib olgach, yozuvchi chuqur ichki tasvir manzaralari orqali o‘quvchiga bu qahramonning har bir so‘zini eshitish, har bir harakatini kuzatish imkonini beradi. Shu o‘rinda atoqli adabiyotshunos olim O. Sharafiddinovning A. Qahhor ijodiga bag‘ishlangan “Iste’dod jilolari” asaridagi quyidagi so‘zlar beixtiyor yodga keladi: “Adabiyot obrazlari bilan, tirik jonli odamlari bilan qudratli, – deb yozgan edi u. – Chinakam yozuvchi hayot materiallari asosida istedod kuchi bilan shunday bir olam yaratadiki, bu olam bizga tanish va notanish odamlar bilan to‘lib-toshgan bo‘ladi. Shu odamlar, ularning o‘zaro munosabati, taqdiri, quvonchi va dardlari, baxti va fojialari orqali yozuvchi o‘quvchiga ta’sir qiladi, uning fikrini qo‘zg‘atadi, hislarini uyg‘otadi. Yozuvchining asarda aytmoqchi bo‘lgan salmoqli gapi, targ‘ib qilmoqchi bo‘lgan g‘oyasi, intilgan maqsadi qahramonlar xarakterida mujassamlashgan bo‘ladi” (“Iste’dod jilolari”. G‘. G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. T., 1976, 113-114 betlar). Bu darajada fisqu fasodchi, g‘iybatchi odam ekanligi, albatta, Mulla Norqo‘zining fojiasi. Lekin u o‘z fojiasini kech bo‘lsa ham anglab etadigan, aqlliroq xulosa chiqaradigan odamlar xilidan emas. Hatto qo‘ni-qo‘shnilari, mahalladoshlari oldida sharmandasi chiqqan vaziyatda ham to‘g‘ri xulosaga kelmaydi. Butun mahalla ahli ko‘zi oldida xotinini o‘ynashi bilan tutib olishganda bir paytlari o‘zi gap-so‘z qilib yurgan o‘n ikki yoshlardagi qiz devordan kesak ko‘chirib olib, “- Hu o‘l, turqing qursin! Boshingga solaymi shu bilan! Mahallada sasib, o‘quvchi qizlarga kun bermaysanu, o‘zing noto‘g‘ri ish qilasan...” degan g‘azabli so‘zlarini aytganda o‘zi qanday holatda turganligini o‘ylab ham o‘tirmay, “Sen gapirma! Senga kim qo‘yibdi gapirishni! Usta Mavlonning o‘g‘lidan bir hovuch mayiz olganingni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman!..” deydi. Bu gaplardan uning na g‘ururi, na oriyati bo‘lmagan tuban bir shaxs ekanligi shundoqqina ko‘rinib turadi.
Odatda fisqu fasod gaplarni tarqatib yuradigan odamlar ashaddiy yolg‘onchi bo‘lishadi. Chunki bunday bema’ni gaplarning asosida hamisha yolg‘on yoki bo‘hton turadi. Binobarin mulla Norqo‘zi ham xuddi shunday xarakterga ega bo‘lgan kishi. U odamlar, xususan, ayollar to‘g‘risida har xil mish-mishlar, yolg‘on gaplar to‘qishda ustasi farang bo‘lishdan tashqari o‘zi tarqatayotgan fisqu fasodlarda xotini tomonidan aytilgan yolg‘onlardan ham unumli foydalanadi.
Yozuvchi yuqoridagi biz e’tibor qaratgan epizodlarda qahramon xarakteriga xos bo‘lgan ikki jihatga, ya’ni mulla Norqo‘zining oriyatsiz, yolg‘onchi bir odam ekanligiga diqqatni qaratgan bo‘lsa, boshqa ayrim epizodlarda uning o‘taketgan laqma ekanligini ko‘rsatib beradi. Xarakter mohiyatiga singdirilgan bu jihatni ochib berishda mulla Norqo‘zining xotini obrazi muhim vazifani bajaradi. O‘zini farishtalarning farishtasi deb ko‘rsatadigan bu ayol erining laqmaligidan juda ustalik bilan foydalanadi. Buning uchun, avvalo, u erining ishonchiga kirib oladi, uning nazarida eng pokdomon ayolga aylanadi. Maqsadiga erishish uchun bor makr-hiylalarni ishga soladi. Masalan, bir kuni bu ayol hovlida nomozshom gullarga suv quyayotgan paytida tepadan samolyot pastlab uchib o‘tib qoladi. “Xotin chars bedanaday patillab, qochmoqchi bo‘lganida yuzini karnaygulning poyasiga urib” oladi. Yuzi butoqqa yomon tegadi, ko‘ngli ozadi.
“- Axir, muncha!- dedi mulla Norqo‘zi,- samolyot past ko‘ringani bilan undagi kishiga sen juda ko‘ringanda chumolicha ko‘rinasan.
- Chumolicha ko‘rinsam ham ko‘rinar ekanman-ku ishqilib!- dedi xotin yig‘lamsirab.
Mulla Norqo‘zi hazil bilan uning alamini bosmoqchi bo‘ladi:
E, hali men seni ochaman deb yuribman-ku!
Xotin uning yuziga xo‘mrayib qaradi-da, keyin zarda qilib uyga kirib ketdi...” (O‘sha kitob, 137-b). Shundan keyingi tasvir quyidagicha beriladi: “U bir hafta bo‘yi qovog‘ini ochmadi, uch kecha o‘rnini boshqa solib yotdi. Mulla Norqo‘zi o‘sha gapni hazillashib aytganini arz qilish uchun oldidan kelsa tishlar, ketidan kelsa tepar edi; bir kechasi gapni xotinining diyonatli, pokdomonligidan boshlagan edi, xotin ancha yumshadi” (137-bet).
Laqma erining ishonchini yanada oshirish, o‘zining “farishtalik” darajasini oldingidan ham yuqoriroq pog‘onaga ko‘tarish uchun u yana bir makrni amalga oshiradi. Mulla Norqo‘ziga xotini “Olib kelgan suratingizdagi odamlar xuddi kishining aftiga qarab turganga o‘xshaydi, igna bilan hammasini ko‘zini o‘yib qo‘ydim”, deydi. Bundan dastlab erining achchig‘i keladi. Chunki bu surat- “Makkai mukarrama”ga borgan kishilarning surati edi. Shundan keyingi er-xotin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan gap-so‘zni yozuvchi quyigi qisqa dialogda beradi:
- Axir, undagi odamlar hammasi hoji-ku!
- Ha, o‘la qolsin, hoji odam emasmi!” Ko‘rayapmizki, bir o‘rinda bu xotin eriga o‘zini osmondagi samolyotda uchib yurayotgan odamning ko‘zi tushib qolishidan qochgan qilib ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ikkinchi bir o‘rinda suratdagi kishilarning ko‘zini igna bilan o‘yib, yozuvchi qayta-qayta bu qahramonga nisbatan qo‘llayotgan so‘z bilan aytganda, o‘zining haddan tashqari “pokdomon” ekanligini namoyish qilayapti. Bundan maqsad, tabiiyki, xotinining farishtaligiga busiz ham shubha qilmaydigan laqma erining nazarida o‘zining mavqeini yanada oshirib olish mustahkamlash. Shuning uchun bo‘lsa kerak paranji yopingan “ayol” yoki yozuvchi ta’biri bilan aytganda, xotinining “bittayu bitta o‘rtog‘i” uyiga juda serqatnov bo‘lib qolganda ham bunga unchalik e’tibor qilib o‘tirmaydi. Chunki mulla Norqo‘zining bu “ayol” haqidagi fikri juda yuqori: “agar farishta ilgari o‘tgan bo‘lsa- shuning onasi, - endi tug‘ilsa- shuning bolasi bo‘ladi, agar hozir er yuzida bo‘lsa- shu xotinning o‘zi”. U shunchalik o‘zining xotinining ham, bu “ayol”ning ham farishtaligiga qattiq ishonadiki, hatto bir gal mehmon “ayol” bu erda uzoq turib qolgan paytda, “Qurib ketsin, keta qolmaydi ham. Lablarim quruqshab ketdi,” degan gaplarining ma’nosiga ahamiyat berib ham o‘tirmaydi. Bu ham kamlik qilgandek, o‘n kun bir joyga safarga ketadigan bo‘lib qolganda, xotiniga ayttirib, o‘sha “ayol”ni oldirib keladi va o‘zi yo‘g‘ida shuncha muddatga xotini bilan birga bo‘lishini iltimos qiladi. Shu tariqa yozuvchi ashaddiy g‘iybatchi, fisq-fasodchi va o‘ta laqma bo‘lgan bir odam oilasidagi ma’naviy hayotning jirkanch manzaralarini izchillik bilan ochib beradi. Hikoyadagi A.Qahhorning buyuk mahorati tufayli o‘tgan asrning 20-30 yillar hayotidan olingan bunday tasvirlar hozirgi kunimizda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, degan gapni bemalol aytish mumkin.
Yoki “Adabiyot muallimi”, “San’atkor”, “O‘jar” kabi hikoyalarning qahramonlariga xos bo‘lgan savodsizlik va soxta bilimdonlik kabi illatlar hozir hayotda uchramaydimi? Yozuvchining boshqa hikoyalarini ham shu nuqtai nazardan ko‘zdan kechirib chiqadigan bo‘lsak, ularda ham xuddi shunga o‘xshash hozirgi kunning ma’naviy muammolari bilan hamohanglik yaqqol sezilib turadi. Bu – yuksak iste’dod bilan yaratilgan va badiiy jihatdan etuk bo‘lgan asarlar, ular qachon yozilganidan qat’iy nazar, uzoq umr ko‘rishini, o‘quvchining ma’naviy-estetik ehtiyojiga hamisha javob bera olishini ko‘rsatadi.