Identiv o‘quv maqsadlari: 1. A.Qahhor asarlarining ahamiyatli jihatlarini bilib oladi
2. Adib hikoyalari saviyasini baholaydi va farqlaydi.
3. Adib hikoyalarini boshqa ijodkorlar hikoyalari bilan solishtiradi.
Mavzuning bayoni: O‘zbek mumtoz adabiyoti, asosan, nazm yo‘nalishida rivojlanib kelgan. Nasrda yaratilgan ba’zi asarlar esa realistik prozaning talablariga javob bermaydi. Jahon adabiyoti andozalariga yaqinlashadigan nasriy asarlar, jumladan hikoyalar, XX asrning o‘ninchi-yigirmanchi yillari oralig‘ida tajriba qilib ko‘rila boshladi. Bu borada jadid yozuvchilarimizning xizmati benihoya katta bo‘ldi. 20 - yillarda ham bunday izlanishlar davom ettirildi. Bu davr, garchi hikoya janridagi yarq etib ko‘zga tashlanadigan asarlari bilan ajralib turmasa-da, keyingi bosqich-30-yillar uchun juda muhim tajribalar, izlanishlar olib borilgan bir o‘ziga xos adabiy maydon bo‘lib qoldi. Darhaqiqat, 30-yillarda hikoya janrida o‘nlab jahon adabiyoti namunalari bilan tenglasha oladigan hikoyalar yaratildiki, bu, shubhasiz, oldingi o‘n yilliklarda qilingan mehnatlarning natijasi edi. Bu davr hikoyachiligining rivojida A.Qahhor, G‘.G‘ulom kabi nisbatan yosh adiblarning xizmatlari alohida ko‘zga tashlanadi. Urush va urushdan keyingi yillarda ham badiiy ijodning bu shaklida ko‘plab asarlar yaratildi. Oldingi yozuvchilarning safiga Said Ahmad, A.Muxtor singari iste’dodli qalam sohiblari kelib qo‘shildi. Keyingi o‘n yilliklarda ham bu janrda ijod qiladigan yozuvchilar ro‘yxati toboro to‘lishib boraverdi. 50-yillarda bu ro‘yxatda O.Yoqubov, P.Qodirov kabi ijodkorlarning nomi tez-tez ko‘zga tashlanib turgan bo‘lsa, 60-yillarga kelib O‘. Umarbekov, Sh. Xolmirzaev, O‘.Hoshimov, U.Nazarov kabi iste’dodli yoshlar hisobiga yanada boyidi. 70- 80-yillarda ham shu an’ana davom ettirilib, XX asr o‘zbek adabiyotida hikoyanavislikning o‘ziga xos bir maktabi yaratildi.
O‘zbek hikoyachiligining tamal toshini qo‘yishda haqiqatan ham jadid yozuvchilarimizning xizmatlari katta bo‘ldi. Ularning bu yangi janrni shakllantirish yo‘llarida yozilgan hikoyalari, garchi keyinchalik yuzaga kelgan etuk asarlar bilan bellasha olmasa-da, shu sohaning ijod jarayonida ommalashishidagi ahamiyati beqiyos edi. Bu o‘rinda M. Behbudiyning “Oq elpig‘ichli chinli xotun” (1909), Fitratning “Qiyomat” (1923), Cho‘lponning “Qurboni jaholat” (1914), “Do‘xtir Muhammadiyor” (1914), A.Qodiriyning “Juvonboz” (1914), “Uloqda” (1916) kabi hikoyalarining ahamiyatini alohida ta’kidlash lozim.
O‘zbek hikoyachiligi tarixida realistik tasvir printsiplarining qaror topishida A.Qodiriyning “Uloqda” hikoyasining o‘rni alohidadir.
Ma’lumki, yozuvchining dastlabki hikoyasi – “Juvonboz” bilan bu asarning yozilishi vaqti bir-biriga juda yaqin, bor-yo‘g‘i ikki yilcha muddatni tashkl etadi, xolos. Lekin shunday bo‘lsa-da, ularning badiiylik darajasi o‘rtasidagi farq yaqqol sezilib turadi. Agar “Juvonboz” dagi tasvirda bayonchilik usuli etakchilik qilib tursa, “ulqda” hikoyasida esa yozuvchi o‘zi tasvirlashni maqsad qilgan hayot manzarasini ko‘rsatish, o‘quvchi ko‘z oldida gavdalantirib berish yo‘lidan boradi. “1916 yilda yozilgan “Uloqda” nomli hikoyasida, - deb yozadi adabiyotshunos Sanjar Sodiq, - yozuvchi bu yo‘ldan, bayonga asoslangan tasvir uslubidan butunlay uzoqlashadi. Abdulla Qodiriy hikoyada o‘zi ifoda qilmoqchi bo‘lgan g‘oyani mutloqa so‘zlab bermaydi, unga ishora ham qilmaydi, bironta ta’kid ham qo‘llamaydi. Umuman, g‘oyaviy yo‘nalishi jihatidan, ya’ni ruhan “Uloqda” hikoyasi Abdulla Qodiriyning dastlabki asarlariga qisman yaqin tursa-da, tasvir uslubiga ko‘ra ulardan keskin farqlanadi” (“XX asr o‘zbek adabiyoti” fanidan ma’ruza matnlari. T., “Universitet nashriyoti, 1999, 11-bet). Darhaqiqat yozuvchi mazkur asarida uloq-ko‘pari voqeasi bilan bog‘liq tafsilotlarni ham, bosh qahramon – Turg‘unboy ismli bola xarakteriga xos bo‘lgan harakat va kechinmalar ifodasini ham favqulodda bir tabiiylik bilan yaratib berishga muvaffaq bo‘lgan.
Yozuvchining butun hikoyachilik faoliyati davomida tasvir jarayonidagi realistik printsiplarga amal qilish bir tekisda ketmagan bo‘lsa ham, shu hikoyada qo‘llanilgan ifoda usuli keyinchalik boshqa yozuvchilarning asarlarida o‘zining takomil bosqichlariga ko‘tarila bordi. G‘.G‘ulom, A.Qahhor kabi adiblarning 20-yillarning oxirlarida yozgan ba’zi hikoyalari bunga misol bo‘la oladi (G‘.G‘ulom - «Yigit», A.Qahhor - “Boshsiz odam”)
A.Qahhor o‘z ustozlaridan hikoyachilik bo‘yicha estafetani 20-yillardayoq qabul qilib olgan edi. Bu davrda u shu janrda juda ko‘p mashqlar qildi, bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki soha-hikoyachilik bilan feletonchilik yo‘nalishida ancha izlanishlar olib bordi, hikoyaning janr sifatidagi xususiyatlarini o‘zi uchun belgilab olishga intildi. Qilib ko‘rayotgan tajribalari, tabiiyki hamma vaqt ham muvaffaqiyat bilan yakunlanavermadi. Bunga adibning shu davrda yozilgan «Olam yasharadi», «Ikki qonun», «Qotilning tug‘ilishi», «Yosh qizlar o‘gay ota qo‘lida», «Aflotun muhabbati» kabi va yana ancha asarlari misol bo‘la oladi. Ammo izlanishlar besamar ham ketmadi. Qiyinchiliklar bilan kechayotgan ana shu izlanishlar jaryonida ba’zan yarq etib ko‘zga tashlanadigan “Boshsiz odam” ga o‘xshash asarlar ham yaratdi. 30- yillarning o‘rtalariga kelib esa yozuvchi bu sohada haqiqiy kamolot bosqichiga ko‘tarilganini uning qator asarlari isbotlab turibdi. Bu o‘rinda loaqal uning «Anor», «O‘g‘ri», «Bemor», «Adabiyot muallimi», «San’atkor» singari muallifning hikoyanavis sifatidagi shuhratini atrofga yoygan, elga tanilgan qator asarlarining nomlarini keltirish mumkin. 40-60 yillar davomida yaratilgan o‘ndan oshiq mashhur hikoyalari esa yozuvchining bunday ijodiy yuksaklikka ko‘tarilishi tasodifiy emasligini, bu natijalar juda katta iste’dod bilan juda katta mehnatning qo‘shilishining,tinimsiz izlanishlarning mahsuli ekanligini ko‘rsatdi.
Shu ma’noda “A.Qahhorning hikoyachilikdagi ijodiy yo‘li ma’lum ma’noda o‘zbek hikoyachiligining yo‘lidir. Uning ijodiy evolyutsiyasiga nazar tashlash orqali o‘zbek hikoyachiligi rivojidagi muvaffaqiyatlarni ham, qusurlarning ham, hikoyachilik rivojining turli etaplariga xos asosiy tendentsiyalarini ham yaqqol ko‘rish mumkin” (“Mahorat sirlari”. G‘.G‘ulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyoti, 1968, 5-bet) degan mulohazalarni bildirgan atoqli adabiyotshunos olim Umarali Normatov tamomila haq edi.