Guliston davlat universiteti


Tayanch tushuncha va iboralar



Yüklə 2,71 Mb.
səhifə17/58
tarix30.08.2023
ölçüsü2,71 Mb.
#128787
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   58
portal.guldu.uz-O`quv-uslubiy majmua

Tayanch tushuncha va iboralar: Ma’naviy-axloqiy muammolar va g‘oya, hikoyalar asosi, “Boshsiz odam”, “To‘yda aza”, “Mahalla”, “Mayiz emagan xotin” hikoyalari, inson ma’naviyati, dolzarb muammolar va h.k.
Identiv o‘quv maqsadlari:
1.1. A.Qahhor hikoyalarining ma’naviy jihatlarini bilib oladi
1.2. Adib hikoyalaridagi ushbu muammoning echimini va bugungi kun voqeligi bilan solishtiradi.
1.3. Hikoyalardagi shu tur muammolarning asar g‘oyasi bilan bog‘liqligini o‘rganadi.
Mavzuning bayoni:
Badiiy adabiyotning asosida, shubhasiz, inson ma’naviyati bilan bog‘liq muammolarning badiiy ifodasi turadi. Shu boisdan ham hech bir ijodkor yo‘qki, o‘z asarida bu masalani chetlab o‘tgan bo‘lsin. A.Qahhor ijodi, jumladan, hikoyalari yuzasidan ham shu fikrni aytish mumkin. Yozuvchining “Boshsiz odam” hikoyasidan tortib, “Nurli cho‘qqilar”igacha bo‘lgan asarlarini birma-bir xayoldan o‘tkazadigan bo‘lsak, inson hayotiga xos bu bosh muammoning, albatta, biror qirrasi qalamga olinganini ko‘rishimiz mumkin. Chunonchi, “Mayiz emagan xotin” hikoyasida, ko‘rganimizdek, hayotdan orqada qolgan, ochilgan xotin-qizlar haqida yomon fikrda bo‘lgan, bu haqda odamlar o‘rtasida fisq-fasod gaplarni tarqatib yurishdan uyalmaydigan tuban bir shaxsning ma’naviy-axloqiy qiyofasi yaratiladi. “Maston” hikoyasida esa ikki obraz- o‘z haq-huquqini tanishga ulgurgan, qadr-qimmatini bilib olgan, bu narsa uning fikrlashiga va harakatiga qat’iyat bag‘ishlagan Maston bilan hali ham oldingi mutelik psixologiyasi ta’sirida yashayotgan, xayolida itoatgo‘ylikdan boshqa fikr bo‘lmagan Turg‘unoy obrazlari yonma-yon, o‘zaro taqqoslashga imkon beradigan darajada tasvirlanadi. Bunda biz ma’naviyati butun bo‘lgan insonning qanchalik ustunlikka ega bo‘lishini, bu jihat unga qanchalik kuch-quvvat, shijoat bag‘ishlashini ko‘ramiz. A.Qahhorning urush yillarida yozgan hikoyalari qahramonlari ham, garchi ular oddiy qishloq odamlari va buning ustiga yoshi bir joyga borib qolgan qariyalar bo‘lsa-da, iroda va bardoshi, sharoitni chuqur tushunishlari, har qanday og‘ir damlarda ham o‘zlarining qo‘lga ola bilishlari bilan davrning yuksak ma’naviyatli shaxslari sifatida taassurot qoldiradi. Yozuvchining keyingi yillarda yaratgan hikoyalarida ham xuddi shularga o‘xshash tasvirlarga duch kelamiz.
Shunday bo‘lsa-da, yozuvchining alohida bir guruh hikoyalari borki, ularni boshdan-oyoq biz so‘z yuritayotgan muammoga bag‘ishlangan deyish mumkin. Masalan, 50-yillarning o‘rtalarida yaratilgan “To‘yda aza” hikoyasini olib ko‘raylik. Asarda mahallada katta obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lib kelayotgan, yoshi bir joyga borib qolgan Muxtorxon Mansurov domlaning to‘satdan teskari tomonga o‘zgarib qolishi, shu holat pirovardida, uning taqdirini fojia bilan yakun topishiga sabab bo‘lishi voqeasi berilgan. Aniqroq aytilganda, hurmatga sazovor bo‘lib kelgan bir odamning muayyan sabablar bilan qanday qilib, qay tarzda ham ma’naviy, ham jismoniy tanazzulga uchrashi g‘oyat ishonarli tasvirlar bilan ko‘rsatib berilgan. “Nurli cho‘qqilar” hikoyasida ham shaxs tanazzuli haqida gap ketadi. Lekin undagi qahramon “To‘yda aza”dagidan ancha farq qiladi. Bu hikoyadagi Zuhra- hali maktab o‘quvchisi. Sinfidagi tengdoshlaridan ko‘rinishida ham, bilimda ham ajralib turadigan bu qiz o‘z sha’niga aytilayotgan maqtov gaplardan, o‘ziga qaratilgan alohida bir e’tibordan noto‘g‘ri xulosa chiqaradi. Oqibatda hayotning chalkash, sarobli yo‘llariga duch kelib, xayolida o‘ylagan “nurli cho‘qqilar”iga eta olmay arosatda qolib ketadi. Yozuvchining “Ming bir jon”, “Mahalla” kabi hikoyalari ham shu guruhga kiradigan asarlardan hisoblanadi.
Mana, masalan, shulardan “Mahalla” hikoyasiga e’tibor beraylik. Hikoyada Hikmat buva ismli bir keksa otaxonning taqdiri haqida gap ketadi. Yoshi bir joyga borib qolgan bu qariyaning kampiri to‘satdan vafot etadi. Bu –keksa inson uchun, og‘ir yo‘qotish edi. “Elik uch yil! Ellik uch yildan beri bir dasturxondan tuz tatigan, bir ko‘rpani bosgan, birga kulgan, birga yig‘lagan; ellik uch yildan beri mushukchaday bir-biriga suykanib, bir-birini yalab og‘ritmay tishlab, yiqitib, yiqilib berib, piypalashib o‘ynagan; ellik yildan beri mehr atalmish ulkan tuyg‘u rishtasini pilla qurtiday bir maromda asta-sekin chuvib, bir-birining qalbini o‘rab-chulg‘ab kelgan... ” (A.Qahhor, birinchi jild, 306-307 betlar) otaxon sodir bo‘lgan bu voqeadan tamom ila o‘zini yo‘qotib, gangib qoladi. Yozuvchi Hikmat buva taqdirida ro‘y bergan bunday dramatik holatni tobora chuqurlashtirib boraveradi. “Kampirni bir pasda erga topshiri qaytishdi, - deya qahramon tushgan holat haqidagi tasvirni davom ettiradi muallif. – Ko‘ngil so‘ragani yana butun mahalla kirdi. Hikmat buva kasal musichaday bir chekkada qo‘nishib o‘tirar, aftidan, endi uning uchunolamda hech kim, hech narsa qolmagan edi”. Qahramonning keyingi kundagi ahvoli ham kishini ancha havotirga soladigan bir darajada: “Shundoq Hikmat buva hafta o‘tar-o‘tmas bir hovuch suyak bo‘ldi-qoldi. Chol cho‘zilib ytganda o‘likmi-tirikmi ekanini bilish qiyin...” O‘g‘li, kelini va nevaralari cholni bu og‘ir ruhiy holatdan chalg‘itish, olib chiqish uchun hamma harakatni qilib ko‘radi. Lekin foyda yo‘q. Hikmat buvadagi tushkun kayfiyat murakkablashgandan murakkablashib boraveradi. “ Hikmat buva kechalari uxlamas, dori ichib uxlasa ham yarim kechasi uyg‘onib tong otguncha o‘tirib chiqar, uydagi hamma narsa unga kampirini, yolg‘iz qolganini eslatar, har bir tovush o‘lim bo‘lib uning miya qopqog‘ini chertar edi”, deya izoh beradi yozuvchi bu holatga. Bu gaplarga e’tibor berilsa, chol ruhiy tomondan o‘lim chig‘iga yaqinlashib qolganiga ishora qilinayotganini sezish qiyin emas. Bu narsa amaliy harakat bilan ham o‘zining tasdig‘ini topgandek bo‘ladi. “Bir kuni ertalab chol yo‘qolib qoldi. Qidirilmagan joy qolmadi: tanish-bilish, qarindosh urug‘ hatto tez yordam kasalxonasidan ham xabar olindi, militsiyaga murojaat qilindi”. Lekin undan darak toplmaydi. Hikmat buva esa bu paytlarda qabristonda bo‘ladi. Lekin qidirayotganlarning esiga bu joy kelmaydi. U oldin ham bu erga tez-tez kelib turgan, lekin uzoq qolib ketmagan. “Chol bu safar borganida kampirning qabrini ziyorat qilish u yoqda qolib, uning yonidan o‘ziga go‘r qazitdi, mudir va go‘rkovlar harchand unashmasa ham qo‘ymadi, janjallashdi”. Mana sizga o‘limni bo‘yniga olgan, unga tayyor bo‘lgan, shu vas-vasa bilan yashayotgan odam. Uning uchun go‘yo bu dunyodagi hayot tugagandek, bu erda qiladigan ishi qolmagandek. Yozuvchi qahromonni mana shunday og‘ir ruhiy – dramatik holat ustuvor bo‘lgan chiziqqacha olib keladi. Muhimi, kitobxonni shunga ishontira oladi. Go‘yo hech qaerdan najot kutish mumkin emasdek tuyulgan bu vaziyatga yozuvchi sezdirmaygina kichkina bir yorug‘ nurni tushiradi. Bu nur qahramonning nafaqat tashqi olamiga, balki ichki dunyosiga ham ta’sir ko‘rsatadi, hayolidagi tushkin o‘ylarning sekin-asta tarqalishiga sabab bo‘ladi. Bu nur – odamlarning, mahalladoshlarning unga bo‘lgan e’tibori, mehr-oqibati edi. Chol bir yo‘qolib hammani tashvishga qo‘yib, topilganidan so‘ng esa bo‘lib o‘tgan bunday ishlarning sababini tushunadigan kishilardan biri, shu mahallalik vrach otaxonni gapga soladi. Kampirining janozasiga odam ko‘p kelganini, buoar hammasi onaxonning ta’rifga sig‘maydigan ayol bo‘lganligi bilan bog‘liq ekanligini ayta turib, “....otaxon, biron sakkiz chelakli bitta samovarga kuchi etib qolar”, degan gap og‘zidan qanday chiqib ketganini bilmay qoladi. Bunday katta gapni aytib qo‘ygandan keyin unga egalik ham qilish kerak-ku! Xullas, Hikmat buva o‘g‘lidan pul olib samovar izlashga tushib ketadi. Lekin “...o‘shanaqa samovarni topishdan ko‘ra kondamis qazib, samovar yasash oson ekan”. U yana elib-yugurib izlashda davom etadi. O‘g‘li bilan kelini esa unda bunday kuch qaerdan paydo bo‘lganini tushunolmay hayron.
Mana, nihoyat o‘sha samovar topildi ham hatto mahallaning umumiy yig‘ilishida Hikmat buva buning raxmatlar eshitadi, uning sha’niga chapaklar chalinadi. Lekin u bunday ishlardan shu bilan qutila olmaydi. Majlis ahli cholning zimmasiga yana boshqa bir, oldingisidan ham og‘irroq, serg‘alvaroq bo‘lgan ishni yuklaydi – to‘yu ma’rakalarda kerak bo‘ladigan “maxalla ro‘zg‘orini” tashkil etishni iltimos qilishadi. To‘g‘ri, u oldiniga bu gaplarni rad etmoqchi bo‘ladi, hatto shu maqsadda o‘rnidan turadi. Bu holatni yozuvchi “shuncha odam chapak chalib, ko‘ziga qarab turganini ko‘rib inday olmadi”, deb izohlaydi. Shu tariqa Hikmat buvaning sertashvish, yugur-yuguri haddan tashqari ko‘p, lekin mahalla uchun juda zarur savobli ishni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan hayoti boshlanadi. A.Qahhor qahramonning bunday hayotiga quydagicha ta’rif beradi: “Chol har kuni ertalabdan xonadandan xonadonga, bor pulga bir nima olib qolish uchun magazindan magazinga, arz-dod qilgani idoradan idoraga yugurar, shu orada fursat topib ba’zan kampirining mozoriga ham borib kelar edi”. Tabiiyki, bunday holatda xar qanday kishining boshqa narsa haqida o‘ylashga vaqti qolmaydi, asosiy diqqat-e’tibori bajarayotgan ishiga qaratilgan bo‘ladi. Hikmat buvada ham shunday holat sodir bo‘ladi. Uning hayolida o‘lim bilan bog‘liq vas-vasalvr uzoqlashadi.
Qahramonning keyingi hayotiga doir tafsilotlarni berishda yozuvchi tasvir ohangini ancha o‘zgartiradi. Shu paytga qadar unda dramatik, hatto qaysidir darajada tragik ohang etakchilik qilib kelgan bo‘lsa, endi unda yumorga moyil unsurlar ham sezila boshlaydi. Masalan, o‘tgan yili mahallada o‘tqazilgan ko‘chatlar bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida maqola bergani uchun gazeta taxririyatiga borib rosa to‘palon qiladi. Natijada shu maqolani yozgan muxbir jazo oladi, unga yolg‘on ma’lumot bergan mahalla komissiyasining kotibi dashnom eshitadi, bu kamchiliklarni ochib tashlagan Hikmat buvagv esa tashakkur bildiriladi. O‘sha kotib bilan chol bir joyda yuzma-yuz kelib qolganda, u “Ho‘, o‘sha... O‘zimiz to‘g‘rilar edik-ku, senga nima, bir oyog‘ing go‘rda! ” deydi o‘shqirib. Hikmat buva unga munosib javobni beradi-yu, lekin “o‘ziga go‘r qazitib qo‘yganini eslab dami ichiga tushib” ketadi. Mening o‘zimga go‘r qazdirib qo‘yganimni bu bola eshitdimikin, deya xavotirga tushib qoladi. “Yo‘q eshitgan emas, lekin eshitishi mumkin”... degan qarorga keladi. Uyga kelib “Qabriston mudiri va go‘rkovlariga yozib ma’lum qilamanki, qari baqaterak ostidagi mening nomimga qazilgan go‘rni qabriston idorasiga topshiraman, azbaroi foydalanish uchun” degan mazmunda xat yozib, nevarasidan berib yuboradi.
Ko‘rganimizdek, yozuvchi mazkur hikoyada kaprining vafotidan so‘ng o‘lim vas-vasasiga tushib qolgan bir insonning bunday tushkun bir kayfiyatdan mahalladoshlari atrofidagi odamlarning mehri, e’tibori tufayli qanday qutilganini, hayotga qanday qaytganini o‘ta tabiiy, jonli, hayotiy va sodda tasvirlarda berishga muvaffaq bo‘lgan. Bu bilan o‘rtasidagi mehr-oqibat degan tuyg‘u qanchalik buyuk ne’mat ekanligiga, uni saqlash, unga amal qilish qay darajada muhimligiga o‘quvchini ishontira olgan.
A.Qahhorning biz ko‘rib o‘tgan hikoyalaridagi voqealar shu asarlar e’lon qilingan paytlarda juda dolzarb bo‘lib, hayotda katta aks sadolarga sazovor bo‘lgan. Lekin, bilamizki, badiiy asar ma’lum bir vaqt yoki davrga mo‘ljallab yozilmaydi. U o‘zining yozilgan davrida ham, keyin ham ahamiyatini saqlab qolsagina haqiqiy badiiy asar darajasiga ko‘tarilishi, boshqa davrlarda ham kitobxon tomonidan sevib, qiziqibo‘qilishi mumkin. Yozuvchining iste’dod darajasi ham, tabiiyki, shunga qarab belgilanadi va baholanadi. A.Qahhorning ma’naviy-axloqiy masalalarga bag‘ishlab yozilgan yuqoridagi kabi hikoyalari yillar sinovidan o‘tib kelayotgan ana shunday asarlar sirasiga kiradi. Ular o‘z davrida o‘quvchi qalbida qanday kuchli aks sado bergan, adabiy jarayonda qanday voqea darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, hozir ham shu mavqeini saqlashda davom etmoqda. Agar hayotda o‘z hurmatini saqlay olmagan ziyolinamo kishilarni ko‘rsak, o‘ziga bino qo‘ygan, o‘zi o‘ziga mahliyo bo‘lgan qizlarga duch kelsak, A.Qahhor badiiy dahosining mahsuli bo‘lgan Muxtorxon Mansurov, Zuhra kabi qahramonlarni beixtiyor eslaymiz. Yozuvchining “Mahalla” hikoyasi esa go‘yoki aynan hozirgi kunimiz haqida yozilgandek bo‘lib turibdi. Hikmat buvaning xayolidan o‘lim vas-vasasini ketishi sabab bo‘lgan omil-odamlar, mahalla ahli o‘rtasidagi mehr-oqibat masalasi hozir ham zamondoshlarimiz uchun suv bilan havodek zarur narsa ekanini isbotlashga hojat yo‘q. Demak, bu holat yuksk iste’dodning mevasi sifatida yuzaga kelgan asarlar hamma vaqt ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmasligini ko‘rsatadi.

Yüklə 2,71 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   58




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin