Identiv o‘quv maqsadlari: 1.1. A.Qahhorning xarakter yaratishida hajvning o‘rnini bilib oladi
1.2. Adibning hajviy hikoyalarini yumoristik va satirik hikoyalar kabi turkumlarga ajratadi.
1.3. Adibning hajvdagi mahoratini boshqa ijodkorlar mahorati bilan solishtiradi.
Mavzuning bayoni: A.Qahhorning hikoyanavislik faoliyatida hajviy xarakterlar ancha salmoqli o‘rin egallaydi. Xususan bu ko‘rinish uning 30-yillarda yaratgan hikoyalarida juda ko‘p uchraydi. Umuman, hajviy asarlar yaratishga qiziqish A.Qahhorning ilk ijodidayoq ko‘zga tashlangan edi. Hatto, bu davrda shunday xususiyatga ega bo‘lgan bir necha she’rlar ham yozgan. Nasrdagi dastlabki mashqlarining “feleton” degan izoh bilan e’lon qilinganliklari ham, ko‘rinadiki, bejiz emas. Bu holat yozuvchining o‘zining tabiatida, hayotni idrok etish tarzida shunday xususiyatlar mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu holat yozuvchining umr yo‘ldoshi K.Qahhorovaning «Chorak asr hamnafas», O.Sharafiddinovning «Abdulla Qahhor» kabi kitoblarida ancha keng yoritib berilgan. A.Qahhorga dastlabki yozuvchilik shuhratini keltirgan asar- “Boshsiz odam” hikoyasi ham hajviy mohiyatga egaligi bilan ajralib turadi. Darhaqiqat, 1928 yilda yozilgan “Boshsiz odam” hikoyasi – Abdulla Qahhorning 20-yillar davomidagi o‘qib o‘rganishlari, mashq va tajribalari ilk bora o‘z natijalarini namoyon qilgan asari hisoblanadi. “Nihoyat “Boshsiz odam” degan hikoya yozdim, - deya bu holatga izoh beradi yozuvchi. – birinchi hikoyam (“Yosh qizlar o‘gay ota qo‘lida”) bir voqea haqida o‘quvchiga ma’lumot bergan va bu voqeaga o‘z munosabatim qanday ekanini hat satrida ta’kidlagan bo‘lsam, “Boshsiz odam” da o‘zim “holis” turib, o‘sha vaqtdagi hayot lavhalaridan birini ko‘satishga va bunda birinchi marta odam xarakteriga qo‘l urishga harakat qilgan edim” (A.Qahhor. Yoshlar bilan suhbat. Toshkent. “Yosh gvardiya” nashriyoti, 1968, 58-bet). Ana shu jihati – inson xarakterini yaratishda izohlash, tushuntirish yo‘lidan emas, balki adabiyotning bosh xususiyati bo‘lgan ko‘rsatish, tasvirda obrazga xos holatlarni aniq gavddalantirib berish yo‘lidan borilgani bilan bu hikoya yozuvchi ijodida o‘ziga xos, alohida bir bosqichni tashkil etadi. Bu o‘rinda “birinchi bosqich” degan so‘zga urg‘u berishga to‘g‘ri keladi. Chunki A.Qahhor keyingi yillarda ketma-ket “Olam yasharadi”, “Tangrining kulgusi” kabi nomlar bilan to‘plamlar chiqaradi. Lekin bu to‘plamlarga kirgan aksariyat hikoyalar “Boshsiz odam”da erishilgan muvaffaqiyatlar darajasiga ko‘tarila olmadi. Faqat 30-yillarning o‘rtalariga kelgachgina bunday yangi, uzoq davom etadigan ijodiy ko‘tarilishi sodir bo‘ldi va u yozuvchi ijodidagi navbatdagi bosqich sifatida adabiyotimiz tarixiga kirdi. Ana shu keyingi bosqichda yaratilgan “Mayiz emagan xotin”, “Adabiyot muallimi”, “San’atkor”, “O‘jar”, “Jonfig‘on”, “Qizlar” va yana boshqa qator hajviy hikoyalaridagi tasvirlarda hayotdagi va kishi shaxsidagi turli illatlar g‘oyat sezgirlik bilan kuzatilgan, iste’dodli yozuvchining o‘tkir nigohi orqali mahorat bilan ifoda etilgan va shunday jihatlarning mahsuli sifatida bu asarlar hozirga qadar ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Yozuvchining hajviy hikoyalarining qahramonlari ham uning boshqa hikoyalari kabi o‘ta oddiy odamlar. Agar hayotda shunday odamlarga duch kelsak, ulardagi bunday kamchiliklarni dabdurustdan payqamasligimiz ham mumkin. Lekin yozuvchining o‘tkir nigohi bizga tanish bo‘lgan bu odamlarga yana bir bor ko‘z tashlashga, e’tibor berishga da’vat qiladi. Shundagina ulardagi kamchiliklarni, qusurlarni payqagandek bo‘lamiz. Turli toifadagi odamlarda uchraydigan bu qusurlar yig‘ilib, tasavvurimizda yaxlitlashib, yashashimizga, hayotning oldinga qarab rivojlanishiga xavf tug‘diradigan illat darajasiga ko‘tariladi. Bizda bunday hissiy hulosaning kelib chiqishi yozuvchining hajvchilik mahorati qanchalik yuksak ekanligidan dalolat beradi.
A. Qahhor hajviy xarakter yaratishda portret tasviridan ham g‘oyat samarali foydalanadi. Yozuvchining bu tasvir vositasiga tez-tez murojaat qilishi bejiz emas, albatta. Chunki badiiy asarda bu tasvir vositasining bajaradigan vazifasi beqiyosdir. Tabiiyki, bu o‘rinda ham hamma gap yozuvchining mahorati bilan bog‘liq bo‘ladi. Ma’lumki, portret yaratish orqali yozuvchi qahramonning faqat tashqi ko‘rinishinigina chizib qolmasdan, balki uning individual-psixologik qiyofasini ham yaratib beradi. San’tkor yozuvchi qahramonning portreti orqali uning ruhiyatiga ham kirishga harakat qiladi. Xususan, portret elementlaridan bo‘lgan ko‘z, yuz, kulgi, ko‘z yoshi, umumiy tashqi ko‘rinishi va boshqalar yozuvchi uchun qahramon ruhiy dunyosini ochuvchi kalit bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, yuqorida tilga olingan “Boshsiz odam” hikoyasi qahramoni Fahriddinning portretiga xos bo‘lgan belgilarga yozuvchi alohida e’tiborni qaratadi. Ayniqsa, bunda qahramonning “osilib turgan qalin pastki labi”ga va “bilagi bilan burnini artib qo‘yishi”ga diqqatimiz ko‘proq jalb bo‘ladi. Atoqli adabiyotshunos olim Matyoqub Qo‘shjonov “Boshsiz odam” hikoyasi tahlilidan kelib chiqib, badiiy asardagi portret tasvirining turg‘un va harakatdagi ko‘rinishlari bor ekanligini ta’kidlaydi. “Bu o‘rinda, - deb yozadi u, – personajlarning turg‘un portret belgilari bilan harakatdagi portret belgilari orasidagi moslikni ko‘ramiz. Labining osilgan va qalin bo‘lishi portretning turg‘un – doimiy belgisi bo‘lsa bilak bilan burnini artib qo‘yishi uning harakatdagi portret belgisidir. Fahriddin obrazida bu har ikkala belgi bir-birini to‘ldiradi, bir-birini ta’kidlaydi” (M.Qo‘shjonov. Abdulla Qahhor ijodida satira va yumor. Toshkent. “Fan” nashriyoti, 1973, 35-bet). Darhaqiqat, mazkur hikoyada qahramon portretiga xos bo‘lgan ana shu ikki belgi uning xarakterini yaratishda, bor mohiyatini tasavvur qilishda g‘oyat muhim vazifani ado etgan. A.Qahhorning “Qizlar” hikoyasida ham yozuvchining diqqat markazida hajviy xarakter hisoblanadigan Nurmatjon turadi. Yozuvchi bu noshud va notavon shaxs obrazini yaratishda uning portret bilan bog‘liq belgilariga alohida e’tibor beradi. Chunonchi, “Labining ikki burchi hamisha oqarib turadi deyishadi”, “Afsuski, qo‘li ikkita-da, bo‘lmasa, shu turishi eng chiroyli nasha chilimiga o‘xshaydi” kabilar. Nurmatjon portretini chizishda yozuvchi kinoya, istehzo, piching so‘zlardan ustalik bilan foydalanadi. Bunda u o‘ziga xos yo‘l tutadi: hajviy sifatlar boshqalar nomidan ko‘chirma qilib keltiriladi-da, yozuvchi go‘yo shularni inkor qilayotgandek bo‘ladi. “Ba’zi odamlar-hazilmi, chinmi-har xil gaplar tarqatishadi. Nurmatjonning ketidan pashsha ergashib yurar emish. Yolg‘on! Nima qiladi ergashib?”. Bu bilan go‘yo birovlar yozuvchiga yaqin bir kishining ko‘rinishi bilan bog‘liq kamchiligini aytayotibdi-yu, u o‘sha yaqinini uyaltirmaslik uchun “yolg‘on” deb buni inkor qilayapti. Hajviy xarakter yaratishda bunday usulni qo‘llash yozuvchining boshqa satirik hikoyalarida ham ko‘p uchraydi.
Ayniqsa “To‘yda aza” hikoyasida yozuvchi qahramon xarakterini berishda portret tasviridan g‘oyat samarali foydalangan va hatto, bu borada qator badiiy kashfiyotlar qilishga muvaffaq bo‘lgan. Bu gapimiz birinchi galda bosh qahramon – Muxtorxon Mansurov obraziga taalluqli. Chunki, yozuvchi qahramonning jonli qiyofasini o‘quvchi ko‘z oldida yorqin gavdalantirish uchun portert tarkibiga kitradigan ayrim detallardan foydalanishda juda katta mahorat ko‘rsatgan. Dastlab, A.Qahhor qahramonning portretiga taalluqli bo‘lgan detallarni yumorga yaqin bo‘lgan ohangda berayotgandek bo‘ladi. Chunonchi, asarda juda jiddiy vazifani o‘taydigan detal – domlaning soqoliga bo‘lgan birinchi ishoradi shunga guvoh bo‘lamiz. Yozuvchiningsh “Uning bitta-ikkita qora tuk chap berib qolgan oppoq cho‘qqi soqoli... Yoprimay, soqol ham odamga shuncha yarashadimi – ya!” (A.Qahhor. olti jildlik, birinchi jild, 174-bet) degan gaplarida, bizningcha shunday ohang bor. Lekin Muxtorxon Mansurov domlaning nojo‘ya harakatlari, xurmacha qiliqlari qanchalik ochilib, oshkora bo‘lib borgan sari bu engil yumor ohangi kinoya, kesatiqlarga joy bo‘shatib bera boshlaydi. Masalan, yozuvchi qahramon portretini ko‘rsatar ekan ikkinchi bir o‘rinda yana uning soqoliga e’tibor qaratadi: “Shu orada domla qayoqqadir ketib, bir haftadan keyin paydo bo‘ladi. Uning avtobusdan tushib kelayotganini ko‘rgan choyxonadagi odamlar hang-mang bo‘lib qolishdi, chol o‘lgur soqolini, shunday chiroyli soqolini tag-tugi bilan qirdirib tashlabdi! Achinmagan, hafa bo‘lmagan odam qolmadi” (A.Qahhor, birinchi jild, 175-bet). Bu erda endi ohang o‘zgarganligini payqash qiyin emas. Loaqal, “chol o‘lgur” degan ta’rifning o‘zi ham buni ko‘rsatib turibdi. Abdulla Qahhor qahramon portretiga xos unsurlarni ko‘rsatishda davom etar ekan shu bilan bog‘liq navbatdagi holatga e’tiborni tortadi: “Oradan ko‘p o‘tmay choyxo‘rlardan biri qiziq bir gap topib keldi. Bu yigit domlani shaharning nargi chekkasida parkda ko‘ribdi. Domla, boshida chamanda gul do‘ppi, egnida kalta va tor shim, katak ko‘ylak, engini baland shimargan, bilagida kattakon tilla soat, o‘zi yakka pivo ichib o‘tirgan emish!” bu erda keltirayotgan “chamandagul to‘ppi”, “kalta va tor shim”, “katak ko‘ylak”, “baland shimargan eng”, “qo‘lga taqilgan kattakon soat” kabi detallar domladagi tubanlashuv tomon ketayotgan ma’naviy o‘zgarishlar tobora chuqurlashib borayotganini ko‘rsatadi. Demak, domla o‘zini yosh qilib ko‘rsatish uchun boshlagan xarakatni faqat soqolini oldirib tashlash bilan cheklab qo‘ymay, boshqa shakillarda ham astoidil davom ettirayapti. Bunga domlaning sochini qoraga bo‘yatib olishi bir persogaj tomonidan bunga “Azbaroyi xudo, kuya tushgan po‘stakka o‘xshaydi!..” deya tarif berilishi kabilar ham kiradi.
“To‘yda aza” hikoyasida qahramon portretini yaratishdagi bunday usul faqat Muxtoxon Mansurovga nisbatan qo‘llanilib qolmasdan, balki ajabtavur mahallasida hurmat –e’tiborga sozovor bo‘lib kelayotgan bir qariyani bunday sharmandali ahvolga solayotgan yosh kelin obrazida ham ishlatilgan. Ixcham bir tarzda berilgan portret unsurlari orqali salbiy sifatlarga ega bo‘lgan yosh ayolning jonli ko‘rinishini shundoqqina o‘quvchining ko‘z oldiga keltiradi-qo‘yadi. To‘yga yaqin qolganda kelin ko‘chaning boshidagi atel’ega ko‘ylak buyurgani kelgan ekan, nima bo‘lib bundan xabar topgan ayollar ko‘rgani borishdi. Kelin darhaqiqat yosh, lekin xuddi qiziqchilikka semirganday yum-yumaloq; egnida engsiz qizil ko‘ylak, boshida popushakning tojiga o‘xshagan, lekin qizil shlyapa; qo‘lidagi sumkasi, oyog‘idagi poshnasi bir qarich tuflisi ham qizil. Uni adovat va nafrat bilan boshdan-oyoq kuzatgan ayollardan biri, burilib atel’edan chiqib ketar ekan:
Xo‘razqandga o‘xshamay o‘l!-dedi.
Qarigan chog‘ida xo‘razqand yalamay domla ham o‘lsin! – dedi yana biri (A.Qahhor, 1-jild, 177-177 betlar).
Demak yuqorida misollardan shu narsa ayon bo‘ldiki, ushbu hikoyada portret unsurlaridan mahorat bilan foydalanish xarakterining ma’naviy qiyofasidagi, psixikasidagi o‘zgarishlarini ko‘rsatish muhim vazifani ado etgan, asarning badiiylik darajasining yuksak bo‘lishini ta’minlagan.
Hajviy xarakter yaratishda yozuvchi uchun qahramon nutqi ham beqiyos imkoniyatlar beradi. A. Qahhor esa o‘z hikoyalarida bu imkoniyatlardan mohirona foydalangan. Yozuvchining “Adabiyot muallimi”, “San’atkor”, “O‘jar” va boshqa hajviy hikoyalarini kuzatar ekanmiz, xarakterlarning mohiyatini namoyon qilish vazifasi, asosan, ularning o‘zlarining zimmasiga yuklatilganiga guvoh bo‘lamiz. Bu ish esa ularning nutqi orqali amalga oshiriladi. Salbiy qahramonlarning qay darajada salbiy shaxslar ekanliklarini ularning o‘zlarining gap-so‘zlaridan bilib olamiz. A.Qahhor qahramon nutqi orqali uning asl qiyofasini ochib berish yo‘lidan borar ekan, o‘sha personajning individual jihatlariga mos keladigan so‘zlarni topishga, shu so‘zlar vositasida gapirtirishga muvaffaq bo‘ladi. Shuning uchun ham Boqijon Baqoev (“Adabiyot muallimi”), San’atkor (“San’atkor”), Qutbiddinov va Zargarovlar (“O‘jar”) mohiyatan bir-biriga yaqin qahramonlardek tuyulsa-da, ularning nutqi o‘zaro keskin farq qiladi. Abdulla Qahhor ba’zi hikoyalarida hajviy xarakter yaratishda “shablon nutq” M.Qo‘shjonov shaklidan ham mohirona foydalangan. Bunga ayniqsa, yozuvchining “Nutq” nomli hikoyasi (u ba’zi joylarda feleton deyiladi) yorqin misol bo‘la oladi. Masalan, qahramonning xotiniga qarata “Siz bilan biz bir yillik oilaviy faoliyatimiz natijasida qanday yutuqlarga erishdik. Avvalo, shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, biz u yoki bu masalada yuz beradigan printsipial kelishmovchiliklarni chetdan kuch jalb qilmasdan o‘z kuchimiz bilan, o‘zaro keng muhokama qilish yo‘li bilan bevosita bartaraf qiladigan bo‘ldik”, deya boshlanadigan va uzoq davom etadigan nutqini eshitar ekanmiz, katta bir zalda qaysidir masalaga bag‘ishlangan, eshitaverib qulog‘imizga singib, yod bo‘lib, shablonlashib ketgan nutqni tinglayotgandek bo‘lamiz. Yozuvchi bu hikoyasida faqat so‘zlar vositasida, qahramonning nutqi orqali uning butun mazmun- mohiyatini ochib berishga erishganligini ko‘ramiz. Bunday badiiy natijalarga esa haqiqiy sa’atkorlik bilan yaratilgan tasvirlar orqaligina muyassar bo‘lish mumkin.
Ma’lumki, har bir asarda yozuvchining hayot haqidagi muayyan bir ideali olg‘a suriladi. U asarning mohiyatidan kelib chiqqan holda turlicha shaklda beriladi. Masalan, hajviy asarlarda yozuvchi ideali u yaratayotgan obrazlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyon bo‘lmasligi mumkin. Yozuvchi hayotni hajviy tasvir vositalari orqali aks ettirganda ijobiy idealni aks ettiradigan obrazlar sahna orqasida bo‘ladi, agar ular asar voqealarida ishtirok etgan taqdirda ham oldinga o‘rinlarda ko‘rinavermaydi. Masalan, “Adabiyot muallimi”da yozuvchining butun diqqati Boqijon Baqoev obrazini yaratishga qaratilgan. Bu erda ijobiy g‘oyani tashuvchi Hamida obrazi ham bor. Lekin u bir oz orqaroq o‘rinda turadi. “Bashorat”da esa yozuvchi e’tibori Said Jalolxonga qaratilgan. Bu erda to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zida ijobiy idealni tashuvchi personaj sezilar-sezilmas darajada qilib beriladi. Bu Said Jalolxonning kolxoz raisini ko‘ndirib, hamma erlarga ko‘knori ekdirishiga qarshi e’tiroz bildirgan ayol kishi obrazidir. E’tiborlisi shundaki, A.Qahhor ba’zan hajviy asarlarining bosh qahramoni obrazi orqali ijobiy idealni berishdek tajribani ham qilib ko‘radi. Buni esa uning 1940 yilda yaratilgan “Qabrdan tovush” hikoyasidagi usta Tursunali obrazida aniqroq ko‘rish mumkin. Bu hikoyaning Abdulla Qahhor ijodida alohida o‘rni bor deyish mumkin. Chunki biz ko‘zdan kechirib kelayotgan yozuvchi qalamiga mansub aksariyat hajviy hikoyalarning qahramonlari salbiy xususiyatlariga ega bo‘lgan shaxslardir. “Qadrdon tovushda esa boshqacharoq tasvirga guvoh bo‘lamiz. Uning qahramoni usta Turdiali tamomila ijobiy xususiyatlarga ega odam Ijobiy bo‘lganda ham ilg‘or va faol kolxozchi, hurmatga sazavor aravasoz. Shunday bir yaxshi odamning xudoga qarshi shakoklik qilishining qazosi etib o‘lgandan keyin narigi dunyoda duch keladigan voqea-hodisalarga sinovlarga nopisandlik bilan qarashining hayotiy sabablari bor, albatta. Bu holatni yozuvchi hikoyaning boshlanishidayoq izohlashga harakat qilgan: “Usta Turdiali Xudo bilan ilgari durust edi, uch yarim yashar qizchasi o‘ldi-yu, har qanday ranj-kulfat ko‘ngildan ko‘tarilishi mumkin, lekin uch yarim yashar bo‘lib qolgan farzand dog‘i... yo‘q! Mana shuning uchun usta Turdiali u dunyodagi jannat rahatidan ko‘ra hozir yuragini bo‘shatib olishni afzalroq ko‘rib, xudoga xrob qildi” (A.Qahhor. asarlar, besh jildlik, ikkinchi jild. G‘. G‘ulom nomidagi Adabiyot va San’at nashriyoti, 1987, 254-255).
“Qabrdan tovush” hikoyasi adabiyotda uchrab turadigan tasvir usulida – qahramonning tushida bo‘lib o‘tgan voqealarning ifodasi tarzida yaratilgan. Shu jihati bilan u Fitratning “Qiyomat” asariga yaqinlashib ketadigan tomonlari ham yo‘q emas. “Ba’zi o‘rtoqlar, - deb yozadi mashhur adabiyotshunos akademik M.Qo‘shjonov, - Abdulla Qahhorning “Qabrdan tovush”i Fitratning “Qiyomat”iga o‘xshab ketadi-ku, bir xil masala, bir xil temaning bir xil uslubdagi takrori emasmikan, deb hikoyaning orginalligiga shubha qilishlari mumkin. To‘g‘ri, shunday o‘xshashliklar bor. Ikkalasida ham qahramon boshidan o‘tgan voqealar xayoliy. Unda ham, bunda ham qahramonlar narigi dunyoga borishadi Xudo bilan tortishadilar... Bu jihatlar “Qabrdan tovush”ni “Qiyomat”ga yaqin qilib qo‘yadi.
Biroq bu ikki hikoyaning bir-biridan farqi ham borki, bu farq har ikkala asarning orginalligini ta’min qiladi. “Qiyomat”da xayoliy sarguzashtning afsonaviy tomonlariga ko‘p o‘rin berilgan bo‘lsa, “qabrdan tovush”da ma’lum bir davrni, ma’lum bir sharoitni aks ettiradigan reallikka ko‘p o‘rin beriladi (A.Qahhor ijodida satira va yumor. Fan nashriyoti. T., 1973 yil, 62-63 betlar).Darhaqiqat, ustoz adabiyotshunosning gapida jon bor. “Qabrdan tovush”dagi voqealar qahramonning tushida, yana buning ustiga u dunyoda sodir bo‘ladi. Bu erdatasvirning xayoliy-sarguzasht tomonlarga qarab tortishi mumkin bo‘lga jihatlari sezilib tursa-da,lekin asar qahramoni usta Turdiali real shaxs, hayotda bo‘lishi mumkin bo‘lgan odam sifatida beriladi. Uning kolxozda ishlashi bu erdi aravasozlik bilan shug‘ullanishi ushbu reallik haqidagi tasavvurni yanada mustahkamlaydi. Qahramonning tushda kechgan keyingi sarguzashtlari – Munkar-nakr bilan olib borgan munozarasida xudo bilan yuzma-yuz bo‘lganda ham ko‘nglidagi gaplarni ochiq aytish holatlarida xayolilik unsurlari bordek ko‘rinsa-da, mohiyat jihatdan uning real hayot bilan bog‘liq ekanligi sezilib turadi. Usta Turdali savol-javoblar asnosida nargi dunyodagi “rasmiyatchilik”larni ko‘rib g‘azablanib ketadi va “Sening ishing kolxozimizning sekretari mulla Muqimning anketa to‘ldirishiga o‘xshaydi: qachon anketa to‘ldirsa “erkakmisiz, xotinmisiz?”deb so‘raydi; ko‘rmisan, desam “anketada shunaqa savol bo‘lsa men nima qilay!” deydi”, deya u dunyoda turib bu dunyodagi illatlarni ham fosh etadi. Umuman olganda, A.Qahhorning boshqa hajviy hikoyalari qahramonlaridan farqli o‘laroq usta Turdali mazkur hikoyada fikrlaydigan, har narsaning tagiga etishga urinadigan fikri ochiq odam sifatida namoyon bo‘ladi.
Demak, hajviy xarakterlar yaratish borasida ham A.Qahhor hikoyalarida o‘ziga xos jihatlar ko‘p. Ular bu yo‘nalishda ijod qiluvchi yozuvchilar uchun jiddiy adabiy saboq bo‘lishi muqarrar.