Guliston davlat universiteti



Yüklə 2,71 Mb.
səhifə27/58
tarix30.08.2023
ölçüsü2,71 Mb.
#128787
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   58
portal.guldu.uz-O`quv-uslubiy majmua

Identiv o‘quv maqsadlari:
1.1. A.Qahhor hikoyalarida til masalasini o‘rganadi
1.2. Adib hikoyalarida badiiy detaldan foydalanish darajasini aniqlaydi.
1.3. Bu borada adib mahoratini boshqa ijodkorlar mahorati bilan solishtiradi.
Mavzuning bayoni:
A.Qahhorning til mahorati haqida atoqli adabiyotshunos olim O.Sharafiddinov quyidagilarni yozgan edi: “Abdulla Qahhorning tili o‘zi bir katta olam. Bir marta bu olamga kirgan odam undagi mislsiz go‘zallikning asiri bo‘lib qoladi, u olam tufayli o‘zbek tili deb atalmish ona tilimizning nafisligiga, aniqligiga, rangdorligiga, ma’nodorligiga, har qanday nozik tuyg‘uni, har qanday murakkab kechinmani ifodalay oladigan qudratiga qoyil bo‘ladi. Abdulla Qahhor ishlatgan so‘zlar, yaratgan jumlalar tilimizning boyligini o‘zida aks ettirib, kamalakday tovlanadi.” (A.Qahhor, olti tomlik, 1-tom, 33-b).
A.Qahhor asarlarini, shu jumladan, uning hikoyalarini o‘qib, ularning tiliga xos bir qator xususiyatlarni kuzatish mumkin. Ozod Sharafiddinov bu borada quyidagi mulohazalarni bildiradi:
1. A.Qahhor hikoyalarining tilida o‘quvchini maftun qiladigan birinchi xislat-tabiiylikdir. Uning asarlarida kuchanib yozilgan biror jumlani topolmaysiz.
2. A.Qahhor hikoyalarida so‘zlarni g‘oyatda tejamkorlik va yuqori darajadagi san’atkorlik bilan qo‘llaydi. U har bir so‘zning ma’nosidan, zaminidagi emotsional kuchdan, rangidan, stilistik imkoniyatlaridan iloji boricha to‘la foydalanadi. Uning jumlalaridagi so‘zlar ichiga qo‘rg‘oshin quyilgan shaxmat donalaridek o‘z joyida qat’iy tartib bilan turadi. Ularni olib tashlash yoki joyini o‘zgartirish amrimahol.
3. Abdulla Qahhor hikoyalarining tili chuqur obrazlilik bilan yo‘g‘rilgandir. Uning hamma asarlarida ham o‘tkir obrazlarni, kutilmagan istioralarni, original fraziologik iboralarni ko‘p uchratamiz. Bu xislat, umuman, A.Qahhorning adabiyotdagina emas, hayotda ham obrazli fikrlashi, olamdagi hamma narsani, har qanday hodisani obrazlar orqali qabul qilinishi bilan bog‘liq.
4. Abdulla Qahhor hikoyalari tilining yana bir fazilati uning g‘oyat milliyligidir. Uning tilida o‘zbek tilining ichki boyligi yorqin ifodalanadi. Bu milliylik birinchi navbatda xalq tilining ruhiga juda mos kirib borilganida, shu ruhni o‘z asarlari tiliga ko‘chira olganida ko‘rinadi. Yozuvchi yaratgan obrazli iboralar xalq hayoti, o‘zbek urf-odatlari bilan chambarchas bog‘lanib ketadi.
A.Qahhorning badiiy til borasidagi yuksak mahoratini boshqa adiblaru olimlar ham e’tirof etishgan. Chunonchi, taniqli rus adibasi o‘zbek yozuvchilarining yaqin do‘sti Lidiya Bat o‘zining u haqidagi xotiralarida quyidagilarni yozadi: “Qahhor so‘zlarining mag‘zi butun. Undagi qisqalikning boisi ham shunda. Ortiqchalik, bejamalikdan asar yo‘q, shuning uchun uning asarlarini tarjima qilish qiyin. U voqealarni, qahramonlar kechinmalarini shunday quyuqlashtirib tasvirlaydiki, ba’zan tarjimon o‘zidan so‘z qo‘shib, uni “suyultirgisi”, to‘qimaga o‘zining bezaklarini qo‘shib yuborgisi keladi. Qahhor bunga o‘ta sergak munosabatda bo‘lar edi. Bir gal hikoyasi tarjimada qariyb ikki hissa ko‘payib ketganini sezib, tarjimonni koyib bergan. Shunda tarjimon adibga g‘alati e’tiroz bildirgan:
- To‘g‘ri, siz ajoyib hikoya yozgansiz, lekin tarjima qilgan odam uni jindek bo‘lsa ham kengaytirgisi, jindek unga qo‘shib ko‘ygisi kelaveradi. Bunday holida esa u o‘ta siqiq, havo etishmayotgandek ...
Qahhor bari bir ko‘nmasdan:
- Mayli, “yomon” ligicha, ammo – lekin meniki bo‘lib qolsin. Men yozgan narsani “yaxshilashingiz” shart emas, - degan”.2
“Abdulla Qahhorni nega buncha e’zozlaymiz? Mahoratiga nechun bunchalik tahsin o‘qiymiz? – deya savol qo‘yadi iste’dodli adabiyotshunos olim, mumtoz va hozirgi adabiyotimizning katta bilimdoni Ibrohim Haqqul o‘zining “Abdulla Qahhor jasorati” nomli maqolasida va bularga o‘zi quyidagicha javob beradi: - U so‘z bilan mo‘’jiza yarata bilgan, til mehnatini zargarlik san’ati darajasida yuksaltira olgan yozuvchi edi. Abdulla Qahhor hikoya va qissalaridagi har bir so‘z, har bir iboraning o‘rni shu qadar muhim va mustahkamki, ularni boshqa so‘z, boshqa ibora yohud jumla bilan o‘zgartirish deyarli imkonsiz”. U o‘z fikrini yozuvchi Said Ahmadning “Men tajriba uchun ustozning “O‘g‘ri”, “Bemor”, “Anor” hikoyalaridan ba’zi so‘zlarni olib tashlab ko‘rdim. Bo‘lmadi. Hikoya bir ustuni olib tashlangan ayvonga o‘xshab lapanglab qoldi”, degan so‘zlari bilan yanada mustahkamlaydi va davom etib, “Axir har bir sahifa o‘rta hisobda 15-16 marta ko‘chirilsa, - deb yozadi Ibrohim Haqqul, - har safar jumlalarga sayqal berilsa, boz ustiga bir sahifadagi gapni bir jumlaga, o‘n sahifa mazmunini birgina sahifaga sig‘dirish uchun qunt va ilhom ila mehnat qilinsa – so‘z nari tursin, tinish belgisini ham qimirlatib bo‘lmaydi”.3
Shu o‘rinda, garchi yozuvchining boshqa janrda yozgan asari munosabati bilan aytilgan bo‘lsa-da, O.Sharafiddinov domlaning yana bir fikriga e’tibor qilishga to‘g‘ri keladi. “60-yillarning boshida Abdulla Qahhor sakkiz yillik tanaffusdan so‘ng, yana dramaturgiyaga qaytadi. Bu galgi izlanishlarning samarasi o‘laroq, 1962 yilning boshida “Tobutdan tovush” deb atalgan o‘tkir satirik komediya maydonga keldi. Abdulla Qahhor boshqa hamma yirik asarlari kabi bu asari ustida ham juda jiddiy ma’sulyat bilan astoydil ishladi. “Tobutdan tovush” ni yozishga qancha vaqt sarflaganligini aniq ayta olmaymiz. Lekin asarning saqlanib qolgan qoralama variantlariadibning juda katta mehnat qilganidan dalolat berib turibdi. Har qandey pesa hozirgi paytda 50-60 betdan nariga o‘tmaydi. “Tobutdan tovush” ning qoralama sahifalari esa ming betdan ortiqroq. Demak, pesaning har sahifasi kamida 15-20 martadan ko‘chirilgan. Tabiiyki, mexanistik tarzda ko‘chirilmay, pesaning turli komponentlari qaytadan ishlangan va mukamallasha borgan”. (O.Sharafiddinov, Abdulla Qahhor. Hayoti va ijodiy faoliyati haqida lavhalar. “Yosh gvardiya” nashriyoti T., 1988, 224-bet)
Yuqorida aytilganlardan ko‘rinib turibdiki, Abdulla Qahhor badiiy asar tiliga, shu jumladan hikoyalari tiliga ham, juda katta mas’uliyat bilan qaragan, bu borada tinimsiz izlangan, mashaqqatli mehnatning barchasiga chidagan. Shu yo‘nalishda qilinadigan ishlarda o‘zini ham ayamagan, boshqa ijodkorlarga ham katta talablar qo‘ygan, hamisha badiiy tildagi soddalik va tabiiylikni birinchi o‘ringa qo‘ygan va shuning uchun kurashgan. Buning isboti biz tahlilga tortgan qator hikoyalari va o‘zi tomonidan aytilgan quyidagi so‘zlar bo‘lishi mumkin: “Kitobxonga bir fikrni anglatish yoki bir narsani tasavvur qildirish uchun kishining boshini qotirmaydigan, ochiq, ravon va sodda til kerak. Surat oldirayotgan kishi suratga chiroyli va kelishib tushmoqqa behuda zo‘r berib, o‘zining tabiiy holatini buzganday, yozuvchi chiroyli va “qoyil qilib yozishga” behuda zo‘r bersa, adabiy asar uchun zarur bo‘lgan tildagi soddalik, tabiiylik buziladi”.
A. Qahhor hikoyalari haqida so‘z yuritar ekanmiz, ularda ko‘p uchraydigan, yozuvchi qalamining o‘ziga xosligini yaqqol ko‘rsatib turadigan badiiy detallar haqida gapirmasdan o‘tib ketish mumkin emas. Chunki adib ijodining dastlabki bosqichlaridayoq bu tasvir vositasiga alohida ahamiyat bergan, uning xarakter yaratishda yozuvchi uchun, agar o‘rinli qo‘llay olinsa, qanchalik imkoniyatlar berishini yaxshi tushungan. U o‘sha paytlardayoq yozgan bir maqolasida “...adabiy asarning maydonga kelishi uchun avtorning niyatigina kifoya qilmaydi. Avtorning niyati ma’lum bir ideyani tashviq qilmoq ekan, uni tashviq qila bilish kerak. Tashviq qila bilishning asosiy shartlaridan biri esa, o‘quvchini ishontira bilishdir. Avtor yoki personajlar tomonidan aytilgan gaplarga, asardagi detallarga, voqealarga kitobxon ishonmasa, hatto shubha qilsa ham, asarning qiymati qolmaydi.
Faraz qilaylik, bir spektaklda o‘tiribmiz. Sahnada 70-80 yashar bir chol biron yovuz qo‘li bilan o‘ldirilgan o‘g‘lining tobuti ustida faryod chekayotibdi. Biz, albatta, ta’sirlanamiz, cholning qayg‘usiga qo‘shilamiz, yovuzga nisbatan qattiq dushman kayfiyatda o‘tiramiz. Bordi-yu, shu paytda “chol” (artist)ning soqoli(grimi) tushib ketsa nima bo‘ladi? Hech shubhasiz shu kartinaninggina emas, butun spektaklning ta’siri yo‘qoladi. Holbuki, agar cholning soqoli grim ekanini o‘zimiz yaxshi bilganimizni e’tiborga olsak, soqolning tushib ketishi anchayin bir qusur.
Mana shunga o‘xshash, hikoya, povest, roman va umuman hamma janrda bo‘lgan, adabiy avtor tomonidan kiritilgan soxta detal, hatto bir so‘z ham butun asarning ta’sirini yo‘qotadi”,4 degan fikrlarni bayon qilgan edi. A.Qahhor, avvalo, bu gaplarga o‘sha paytlarning o‘zida ham, ijodining keyingi bosqichlarida ham to‘liq amal qildi. So‘ngra esa u boshqalardan ham buni talab etdi. Albatta, yozuvchining asarda qo‘llaniladigan badiiy detalga, har bir so‘zga bu qadar mas’uliyat bilan yondashishining sabablari bor edi. Avvalo, u badiiy ijodning u yoki bu namunasini shunchaki shuhrat qozonish vositasi emas, mashaqqatli mehnat, tinimsiz izlanishlar bilan yuzaga keladigan natija ekanini yaxshi bilardi. Qolaversa, jahon adabiyotida e’tirof etilgan, tan berilgan N.V.Gogol, A.P.Chexov kabi ulug‘ rus yozuvchilarining hikoyanavislik sohasidagi mahoratini chuqur o‘zlashtirdi. Bundan tashqari 30-yillarda o‘zining tarixiy romanlari va qator hikoyalari bilan, garchi ta’qiblar kuchli bo‘layotgan ersa-da, xalq o‘rtasida yuksak mashhurlik cho‘qqisida turgan Abdulla Qodiriydek buyuk yozuvchining aynan shu masalaga bag‘ishlab yozilgan ba’zi bir maqolalariga Qahhor domlaning ko‘zi tushmagan bo‘lishi mumkin emas. Bu gapni ta’kidlashimiz bejiz emas. Chunki A.Qodiriyning badiiy ijod, yozuvchilik mas’uliyati va mahorat masalalariga bag‘ishlab yozilgan talay maqolalari mavjud. Shularning ichida, ayniqsa, uning “O‘qish –o‘rganish (Mayda hikoyalarni yozganda so‘zni qanday tejash kerak)” nomli maqolasi diqqatni o‘ziga ayricha tortadi. Eng asosiysi, bu maqolada buyuk adib o‘zbek adabiyotida shu paytgacha hech kim qilmagan ishni qiladi – Chexovning “Buqalamun” hikoyasini aynan detal yaratish hamda so‘zni tejash muammosi nuqtai nazaridan tahlil etadi va bu hikoyada yozuvchining ko‘rsatgan mahorati nimalarda namoyon bo‘lishini qator misollar bilan isbotlab beradi. “Mayda hikoyalar ustasi Chexov so‘z to‘g‘risiga kelganda haddan tashqari xasis, ortiqcha so‘zlar sarf qilish u yoqda tursin, kerakliklaridan ham mumkin qadar yulishga harakat qiladi, - deb yozgan edi u o‘sha maqolada. – O‘zi aytadi: “Mayda hikoyalar yozganda so‘zni ortiqcha isrof qilgandan ko‘ra kerakliklarini ham mumkin qadar ozroq ishlatish kerak”. Uning hikoyalarida so‘z isrofgarchiligiga sabab bo‘ladigan ortiqcha detallar ham bo‘lmaydi. U butun detallarni o‘zi aytgan asosda ishlatadi. “Birinchi ko‘rinishda miltiq bo‘lsa, shu miltiq uchinchi yoki to‘rtinchi ko‘rinishda albatta otilishi kerak, yo‘qsa miltiq to‘g‘risida so‘zlashning hojati ham yo‘qdir”.5 Bunday mulohazalardanA.Qahhordek yozuvchining bexabar bo‘lishi mumkin emasdi.Chexovning bir asari munosabati bilan Qodiriy tomonidan aytilgan bu gaplar A.Qahhorning o‘zi amal qilayotgan ijodiy mezonlarning yanada qat’iylashishiga ta’sir etgan, degan fikrni ishonch bilan aytish mumkin. Shuning uchun ham u o‘z asarlarida, xususan, hikoyalarida ustozlar tajribasidan kelib chiqib, badiiy detal beradigan imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga harakat qildi va bu borada boshqalarga ibrat bo‘ladigan o‘ziga xos bir mahorat maktabini yaratib ketdi.
Biz yuqorida badiiy detalning tasvirda qanchalik muhim rol o‘ynashi haqida bildirilgan ba’zi fikrlarga e’tiborni tortishga harakat qildik. Endi savol tug‘iladi: xo‘sh, badiiy detalning o‘zi nima? “Badiiy detal mayda qismchalardan biri- deb yozadi professor U.Normatov – Biroq asardagi har qanday qismchalar detal bo‘lavermaydi. Detalni tafsilotdan farq qilmoq kerak. Tafsilotdan farqli o‘laroq , detal qisqa va ixcham bo‘ladi. U tasvir ob’ektini sintezlashtirib ko‘rsatish, u haqda kitobxonda tez va aniq tasavvur hosil qilish xususiyatiga ega”.6 Badiiy detal haqida maxsus kitob yozgan boshqa bir olim – taniqli adabiyotshunos va publitsist Saydi Umirov esa unga quyidagicha ta’rif beradi: “Detal odatda, yirik planda beriladi, u o‘quvchini bir lahza to‘xtatib, uning diqqat e’tiborini muhim bir narsaga jalb etadi, tasvir ob’ektini bo‘rttirib, qabartirib ko‘rsatib, u haqda tez va aniq tasavvur hosil qilish imkonini beradi”.7 Mana shunday nazariy andozalardan kelib chiqib, A.Qahhor hikoyalariga nazar soladigan bo‘lsak, ularning barchasida, hatto boshqa janrlarda yozilgan asarlarida ham, badiiy detaldan g‘oyat unumli va mahorat bilan foydalanganligining guvohi bo‘lamiz. Masalan, “Anor” hikoyasini olib ko‘raylik. Unda kichik bir (ikki kishi: er va xotindan iborat) oilaning og‘ir ma’naviy fojeasi ko‘rsatib beriladi. Dastlab bu er-xotinlar, ozgina muddatga bo‘lsa-da, baxtlidek bo‘lib tuyuladi. Chunki ular o‘sha zamon uchun noyob bo‘lgan orzulariga etishgan – bir-birini sevib oila qurishgan. Garchi bu haqda yozuvchi hikoya matnida hech qanday ma’lumot bermasa-da, ularning bir-biriga aytayotgan gaplarining ohangidan, erkalanishlaridan buni payqash qiyin emas. Lekin qahramonlardagi bunday ruhiy holat uzoq davom etmaydi. O‘sha kezlarda anorga boshqorong‘i bo‘lgan xotin erining qo‘lidagi o‘zining butun diqqatini tortib turgan narsa – tugunchani oladi, uni shoshgancha ochib ko‘radi-yu, “birdan bo‘shashib” ketadi. Chunki, tugundagi narsa - o‘zi kutgan, necha kunlardan beri orziqib kutayotgan anor emas, balki asal, aniqrog‘i, asalarining uyasi edi. Bir necha daqiqa oldin yuzida hayajon, quvonch belgilari yaqqol ko‘rinib turgan, erining qo‘lidagi tugunchaga ko‘zi tushgan zahotiyoq u tomon yugurgan ayolning ko‘zlari lahza ichida jiqqa yoshga to‘ladi. O‘sha holatni yozuvchi “xotin engini tishlab bir nuqtaga qaraganicha qoldi”, deya izohlaydi. Shu lahzadan e’tiboran bu oilaning hayotida kutilmagan o‘zgarish sodir bo‘ladi, er-xotin o‘rtasidagi iliq munosabatga chiziq tortiladi. Bu chiziq esa boshqorong‘i xotinining bajarilmagan, bajarila olinmagan o‘sha paytdagi yakkayu yagona istagi - anor bilan bog‘liq edi. Shu tarzda hikoyada anor asosiy badiiy detal sifatida shunday bir qudratli kuchga ega bo‘ladiki, u tinch, osoyishta yashab kelayotgan bir oilaning hayotini izdan chiqarib yuboradi va pirovardida, erini yaxshi ko‘radigan, hatto unga umrining yarmini berishga ham tayyor turgan xotin Turobjonga xiyla achchiq gaplar aytish darajasigacha boradi. Xotinining erkalanishlarini suyadigan er esa munosabatning bu tarzda keskinlashuvi natijasida unga qanday qilib qo‘l ko‘targanini ham bilmay qoladi. Anor olib kelinmaganligi bilan bog‘liq bu xonadonda ro‘y bergan ko‘ngilsizliq, oqibatda, Turobjonning qorong‘i tunda chiqib ketib, qaerdandir anor o‘g‘irlab kelishi bilan yakun topadi.
Bu epizod hikoyada quyidagicha tarzda beriladi: “Tom orqasida xo‘roz qanot qoqib qichqirdi. Ko‘cha eshigi ochildi. Xotin to burilib qaraguncha Turobjon katta bir tugunni orqalab kirib keldi. U tugunni uyning o‘rtasiga tashladi. Bir choyshab anor har tomonga yumalab ketdi, bir nechasi obrezga tushdi. Turobjon xotiniga qaradi. Uning rangini ko‘rib xotin qo‘rqib ketdi – bu qadar oqargan! Turobjon o‘tirib peshonasini ushladi. Xotini yugurib oldiga keldi va elkasiga qo‘lini qo‘ydi.

  • Qayoqqa bordingiz? – dedi entikib. – Nima qildingiz?

Turobjon javob bermadi. Uning vujudi titrar edi”.8 Tashqi tomondan qaraganda, kichik, unchalik ham qimmatga ega bo‘lmagan bir narsa yoki yozuvchi tomonidan qo‘llanilgan bir detal kambag‘al, qo‘li kalta oilaning bir maromda davom etib kelayotgan hayotini shu tarzda izdan chiqarib yuboradi. Bir-biri uchun jonini ham berishga tayyor turgan er-xotin o‘rtasida qancha gap-so‘zlarning bo‘lib o‘tishiga, buning natijasida er – Turobjonning o‘g‘rilik qilishdan boshqa iloji qolmasligiga, shu ko‘chaga kirishiga sabab bo‘ldi. Demak, o‘rinli qo‘llanilgan bir badiiy detal vositasida yozuvchi “Ta’sir ob’ektini sintezlashtirib ko‘rsatish” (U.Normatov)ga to‘liq muvaffaq bo‘ladi.
Umuman, A.Qahhorning asarlarini, xususan, hikoyalarini badiiy detalsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Uning qaysi hikoyasiga e’tibor bermang bunday muhim badiiy tasvir vositasiga yozuvchining muntazam murojaat qilib turganligiga guvoh bo‘lasiz. To‘g‘ri, ular hamma vaqt ham bir xil darajada kelavermaydi. Ba’zan u, yuqorida ko‘rganimizdek, asardagi turli vaziyatlarni, qahramonlardagi ruhiy holatni o‘zida sintezlashtirilgan holda namoyon bo‘ladi. Ba’zi hollarda esa bir asar tarkibida bir necha badiiy detallarga murojaat qilib, qahramon hayotining, xarakterining muayyan qirralarini jonli, tabiiy bir tarzda gavdalantirib berishga erishadi. Bunday mahorat belgilarini biz yozuvchining 30-yillarda yaratgan qator hikoyalarida ham, shuningdek, urush yillari va undan keyingi davrda yozgan hikoyalarida ham kuzatishimiz mumkin. Yuqorida bildirilgan mulohazalarimizni adabiyotshunos S.Umirovning quyidagi gaplari bilan yakunlash maqsadga muvofiqdek tuyuladi: “Detalga ixlos qo‘yish...adibni predmetlilikka, “aravani quruq olib qochmasdan” jo‘yali yozishga, oz so‘z, jumlalar yordamida ko‘p fikr, ma’no ifodalashga, ko‘p narsalarni detal zimmasiga yuklashga rag‘bat hosil qildiki, bu xislat keyinchalik A.Qahhorning estetik e’tiqodlaridan, ijodiy yo‘nalishini belgilaydigan muhim jihatlardan biriga aylandi”.


Yüklə 2,71 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   58




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin