Guliston davlat universiteti



Yüklə 2,71 Mb.
səhifə11/58
tarix30.08.2023
ölçüsü2,71 Mb.
#128787
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   58
portal.guldu.uz-O`quv-uslubiy majmua

Identiv o‘quv maqsadlari:
1. A.Qahhorning o‘tmish mavzusidagi hikoyalarini bilib oladi
2. Adibning bu mavzudagi hikoyalarida muammoning qo‘yilishiga ahamiyat beradi.
3. Ushbu mavzudagi hikoyalarni boshqalari bilan solishtiradi.
Mavzuning bayoni:
A.Qahhorning hikoyalari, ko‘rganimizdek, mavzu jihatdan g‘oyat rang-barangdir. Shunga ko‘ra ular ma’lum yo‘nalishlarga ham ajratiladi. Ulardan bir qismini, shubhasiz, yozuvchining o‘tmish mavzusidagi hikoyalari tashkil etadi. Bu ro‘yxatga uning 30-yillarda yozilgan “Bemor”, “O‘g‘ri”, “Anor”, “Tomoshabog‘” va keyinchalik--60-yilarda e’lon qilingan “Dahshat” kabi hikoyalari kiradi. Garchi adabiyotshunoslikda bu asarlarni o‘tmish hayotga bag‘ishlangan deb e’tirof etish ancha ommalashgan bo‘lsa-da, ularni keskin tarzda bunday guruhga ajratishni o‘ylab ko‘rish kerak. Odatda “o‘tmish” deganda juda uzoq o‘tgan davr nazarda tutiladi. Bu hikoyalarda qalamga olingan voqealar, nari borsa, yozuvchining bolalik davrlariga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham ularning ayrimlarida yozuvchining hayoti bilan bog‘liq jihatlar ham uchraydi.
“Aslida Qahhorning “O‘tmishdan” deb izoh bergan hikoyalari ham, - deb yozadiprofessor U.Normatov, - shartli ravishda o‘tmish mavzudagi bitilgan asarlaridir. Ularning aksariyati 30-yillarda yaratilgan, ularda uzoq kechmish emas, yaqin o‘tmish – yozuvchining bolalik yillari, aniqrog‘i, 10-yillar, bor-yo‘g‘i 15-20 yil burungi voqealar qalamga olinadi. Aslida o‘tmish hikoyalarida aks etgan chorizm istibdodi davri bilan asarlar yozilgan qizil imperiya davri orasida keskin farq yo‘qligini adibning o‘zi yaxshi anglagan, o‘tmishdan olingan hikoyalar adibning zamonasidan uzoqlashishi emas, balki ayni paytda zamonasi muammolariga munosabati izhori ekanini anglab etish u qadar qiyin emas ” (“Jahon adabiyoti” jurnali, 1998 yil, 1*son, 9-bet).
Demak, bu hikoyalar haqida so‘z yuritayotganda ularning o‘tmish mavzusida ekanligini nisbiyroq ma’noda tushunish kerak bo‘ladi.
A.Qahhorning o‘tmish mavzusidagi hikoyalari sobiq sho‘rolar davrida ham yuqori baholarga sazovor bo‘lgan, maktab va oliy o‘quv yurtlari darsliklaridan keng o‘rin olgan. Buning boisi nimada? Sho‘rolar davrida, birinchi galda, badiiy asarning g‘oyaviy mazmuniga e’tibor qaratilardi. O‘sha davr mafkurasining talabi shunday edi. Agar milliy adabiyotlardagi ijod namunalarida o‘z xalqining o‘tmishiga, tarixiga tanqidiy, inkor qilish ko‘zi bilan qaraladigan bo‘lsa, bunday asarlarga munosabat, albatta, yaxshi bo‘lardi. A.Qahhorning o‘tmish mavzusida yozilgan hikoyalarida esa xuddi shunday holat ko‘zga tashlanadi. Buning uchun, hatto bir vaqtlar adabiy tanqidchilikda A. Qahhorni nigilizmda (o‘tmishni faqat qora ranglarda ko‘rsatishda) ham ayblashgan. Darhaqiqat, “Bemor”, “O‘g‘ri”, “Anor” va boshqa shu yo‘nalishdagi hikoyalarda mehnatkash xalq vakillarining o‘tmishdagi og‘ir, fojeali hayoti tasvirlangan. Bunday talqin, o‘tmishga nisbatan yozuvchining bunday pozitsiyasi o‘sha davr mafkurasi talablariga go‘yo juda mos kelgandek ko‘ringan. Bir tomondan, bu asarlarning yuksak badiiylik darajasi, ikkinchi tomondan esa ularda o‘tmish tanqidiy ruhda ko‘rsatilishi o‘zaro qo‘shilib, ularga nisbatan ijobiy, e’tiborli munosabat bo‘lishini ta’minlagan. Lekin o‘sha paytda A.Qahhorning bu asarlari o‘tmishning qaysi bosqichiga bag‘ishlanganligiga u qadar ham e’tibor berilmagan.
Mustaqilikka erishganimizdan so‘ng turli sohadagi qadriyatlarimizga munosabat o‘zgarganidek, oldingi o‘n yilliklardagi badiiy adabiyot sohasidagi natijalarga ham qayta baho berishga moyil kayfiyat ko‘zga tashlandi. Bu harakat umuman olganda to‘g‘ri bo‘lsa-da, lekin ba’zi adabiyotshunoslar bu ishni bir tomonlama, g‘oyat sub’ektiv tarzda amalga oshirishga harakat qildilar. Shu o‘rinda adabiyotshunos O.Sharafiddinovning quyidagi so‘zlarni eslash o‘rinli bo‘lsa kerak: “Komunistik mafkuraning barbod bo‘lishi ayrim adabiyotchilarni dovdiratib qo‘ygandek, – deb yozgan edi. U, - ayrimlarni ham qo‘ydi. Endi ular orqa-oldilariga qaramay sho‘roning “adabiy og‘ili”ni tozalashga kirishdilar. Bunda ular adabiyotdan har qanday mafkurani quvib chiqarishga urindilar. Holbuki, mafkurasiz adabiyot yo‘q. Faqat XX asrda emas, tariximizning hamma bosqichida ham adabiyotda muayyan g‘oyalar ifodalangan... “Mafkura” degani “fikrlar” degani bo‘ladi. Adabiyot esa hech qachon fikrsiz bo‘lmaydi. Ustoz yana davom etib “Adabiyotdan umuman mafkurani quvib chiqarishga urinish, tog‘aradagi mag‘zava bilan birga chaqaloq bolani uloqtirib yuborishdek gap. Shunday inkor jazavasiga tushganlar bir qator o‘zbek yozuvchilarini ham shubha ortiga ola boshladilar. Ularning nazarida Oybek ham, G‘ofur G‘ulom ham Abdulla Qahhor Shayhzoda, Mirtemirlar buguni kunda eskirib qolgan yozuvchilardir. Ularning asarlarini o‘qib bo‘lmaydi, ular hukmron mafkura ta’sirida yozganlar, zamonasozlik qilganlar. Sho‘ro tuzimining maddohi bo‘lganlar” – deya bunday ko‘rinishlarga qarshi o‘zining keskin munosabatini bildirgan edilar (“Jahon adabiyoti”, 1998 yil, 1-son, 5-bet). Shunday kayfiyatdagi adabiyotchilar, jumladan, A.Qahhorning o‘tmish mavzusidagi hikoyalari haqida ham tanqidiy fikrlar bildirdilar. Bunday nuqtai nazarga ega bo‘lgan mutaxassislarning fikricha, A.Qahhor bu hikoyalarida o‘tmishning fojiali tasvirini berish bilan sho‘ro mafkurasiga xizmat qilgan. Shuning uchun ular mustaqillik davri mafkurasi talablariga javob bera olmaydi. Masalan, adabiyotshunos Suvon Meli bir maqolasida shunday yozadi: «O‘tmish hikoyalarida adibning o‘z badiiy kontsepsiyasi yo‘q. Totalitar tuzum adabiyotga yuklagan g‘oyaviy maqsad (o‘tmish adolatsizliklarini fosh etish) badiiy obrazlar vositasida yuksak mahorat bilan tasdiqlangan, xolos. Shuning uchun mazkur hikoyalarni, xususan, «O‘g‘ri»ni badiiy barkamollik namunasi sifatida targ‘ib etish noo‘rin». (Mehr sehri. Ijtimoiy g‘oya zug‘umi yohud mehrning badiiy kuchi. O‘zAS», 1995 yil, 23 iyun). Bunday bir yoqlama qarashlar S.Melievdan tashqari, O.Otaxonov, A.Jabborov kabi adabiyotshunos va yozuvchilarning maqolalarida ham ko‘zga tashlangan. Keyinchalik badiiy asarga bunday noto‘g‘ri yondashuv boshqa taniqli adabiyotshunoslarning chiqishlarida keskin tanqidga uchganligi ko‘pchilikka ma’lum.
“O‘g‘ri” hikoyasi to‘g‘risida atoqli adabiyotshunoslarimiz o‘zbek yillar davomida fikrlarini bildirishib, bu asar hikoya janrining eng yorqin namunalaridan biri ekanligini qayta-qayta ta’kidlab kelishgan. Chunonchi, “Mana “O‘g‘ri” hikoyasi - deb yozadi Ozod Sharafiddinov.- Beqiyos ixchamligi, soddaligi, psixologiya xarakteristikalarining aniqligi, detallarning yorqinligi, umumlashmalarning kuchi bilan bu hikoya kichik epik formalarda realizmning tantanasini ifodalagan ajoyib namuna bo‘lib qoldi” (“Iste’dod jilolari”. G‘. G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. T., 1976, 115-b). Mashhur adabiyotshunos olim, professor Umarali Normatov esa bu asar haqida quyidagilarni yozadi: “Hikoyada avtor realistik tasvir yo‘lidan boradi, realistik printsiplarga qat’iy rioya qiladi, tasvirda detallarning roliga alohida e’tibor beradi, ularning haqqoniy va hayotiy bo‘lishi uchun qattiq turadi, hodisani xuddi chexovchasiga, nihoyatda konkret detallar, ishonchli dalillar asosida rivojlantiradi; haqqoniy detallar va ishonchli dalillardan tipik sharoit namoyon bo‘ladi, tipik xarakterlar qad ko‘taradi” (“Mahorat sirlari”, G‘. G‘ulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyoti. T., 1968, 13- b).
Mazkur hikoyaga yuqori baho bergan boshqa taniqli adabiyotshunos olimlarning fikrlarini ham bu o‘rinda ketma-ket keltirish mumkin. Bundan qanday xulosaga kelish kerak? Demak, bu hikoya adabiyotimizning, qolaversa, o‘zbek hikoyachiligining mumtoz namunalaridan biri sifatida e’tirof etilgan va shunday bo‘lib qoladi.. U allaqachonlar adabiyotimiz tarixidan munosib o‘rin egallagan. Bilib-bilmay, o‘tish davrining talablarini chuqur anglamagan holda aytilgan yuqoridagi asossiz tanqidiy gaplar esa bu asarning badiiy qimmatini pasaytirishga qodir emas.
A.Qahhorning o‘tmish mavzusidagi o‘sha mashhur hikoyalari hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Ularning aksariyat qismini hozirgi adabiyot muxlislari ham katta qiziqish bilan mutolaa qilishmoqda. Bu asarlarga nisbatan qiziqishning pastlamaganligining boisi, birinchidan, ularning yuksak darajadagi badiiyligi bilan izohlanadi. Chunki yozuvchi ushbu hikoyalarida har bir holat va vaziyatning, harakat va muloqotning tasvirda haqqoniy bo‘lishini ta’minlagan. Qahramonlardagi ruhiy holat tasviri g‘oyat ishonarli, jonli va jozibali chiqqan. Qo‘llanilgan detallar asardagi voqelardan qoladigan taassurotning yorqin bo‘lishini ta’minlagan. Shu tufayli ham yozuvchining bu mavzudagi hikoyalari oldin ham, hozir ham bir xil qiziqish bilan o‘qilmoqda. Ikkinchidan esa, bu asarlar oldin, ya’ni sobiq sho‘rolar davrida boshqacha nuqtai nazar bilan, aniqrog‘i, o‘sha davr mafkurasi talablari bilan o‘qilgan va baholangan. Badiiy jihatdan etuk, barkamol bo‘lgan bular kabi asarlar yillar o‘tishi, zamonlar o‘zgarishi bilan shunday bir taqdirga ega bo‘ldilarki, ular istiqlol davrida ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi. Balki, aksincha, yangi zamon, yangicha milliy mafkura talablariga juda mos keladigan asarlar ekanligini hayot ko‘rsatdi, tasdiqladi. Xo‘sh, bu asarlar qaysi jihatlari bilan hozirgi zamon talablariga, hozirgi qarashlarimizga mos keladi? Buning uchun yozuvchining o‘tmish mavzusiga bag‘ishlangan hikoyalarini yana bir karra qaytadan sinchiklab o‘qib chiqishimiz lozim bo‘ladi. Bunda biz bu asarlarning qaysi davrdagi hayotga bag‘ishlanganiga alohida e’tibor qaratishimiz shart. Shunda bir haqiqat ayon bo‘ladiki, bu hikoyalarning hammasida, oldin ham aytilganidek, o‘tgan asrning 10-yillaridagi hayot aks etgan. Bu davrda hayot qanchalik og‘ir, nochor bir ahvolda bo‘lganligini biz tarix kitoblaridan ham, ba’zi badiiy asarlardan ham yaxshi bilamiz. Xo‘sh, turmushning bu qadar chidab bo‘lmaydigan darajaga kelishida, mehnatkash xalqqa nisbatan nopisandlik, ularga o‘ta past nazar bilan qarashning avj olishida, bunday munosabatning siyosat darajasiga ko‘tarilishida, uning oddiy kambag‘al vakillari bo‘lgan Qobil bobo, Turobjon, Sotiboldi va Usta Hamroqul kabilarning zabun holatga tushib qolishlarida kimlar aybdor yoki kimlar sababchi? Bu savolga javob aniq: o‘lkamizga bosqinchilik maqsadida kirib kelgan va o‘zining mustamlakachilik siyosatini shafqatsizlik bilan o‘rnatgan chor Rossiyasi amaldorlari bunday hayotning bosh sababchisidir. Muhimi, A. Qahhor “Anor”, “Bemor”, “O‘g‘ri”, “Tomoshabog‘” kabi hikoyalarida juda aniq detal va ishoralarda buni berishga muvaffaq bo‘lgan. Masalan, “Anor” hikoyasi qahramoni Turobjon anorga boshqorong‘i bo‘lgan xotinining istagini bajarolmay nochor bir holatda turganida mahalladoshi Mullajon qozining hovlisidan birdan mushak otiladi. Qahramon tilidan bu mushakbozlik Mullajon qozining bog‘idan bo‘layotgani, u beshik to‘yi berayotgani ma’lum qilinadi. Turobjon yana xotiniga qarata, bu to‘yga “shahardan to‘ralar ham chiqqan”, deb qo‘shimcha ham qiladi. Bunda “To‘ralar” degan so‘zdan mehmonlar orasida rus amaldorlari ham borligini tushunish qiyin emas. “Bemor” hikoyasidagi Sotiboldi “salqin, tinch parkda, daraxtlar ichiga ko‘milgan baland va chiroyli oq imorat”ga doktorxona joylashganligini biladi. Og‘ir betob yotgan xotinini shu erga olib borsa, ehtimol, tuzalib ketishi ham mumkin edi. Lekin buning iloji yo‘q. Chunki, “Doktorxona deganda Sotiboldining ko‘z oldiga izvosh va oq podshoning surati solingan 25 so‘mlik pul kelar edi” (A. Qahhor, olti tomlik, birinchi tom, 56-bet). “O‘g‘ri” hikoyasida gap tilmoch, pristavlarga borib taqalishi bilan yozuvchi qaysi davrni nazarda tutayotgani ma’lum bo‘ladi-qo‘yadi. “Tomoshabog‘” hikoyasida esa bu jihat yanada ochiq – ravshan ko‘zga tashlanadi. Bundan shunday mantiqiy xulosaga kelish mumkinki, A. Qahhor juda uzoqni ko‘zlab ish tutgan. Aniqrog‘i, u bu asarlarda mustamlakachilik davrining ikkinchi bosqichi, ya’ni bolsheviklar rahbarligida oddiy mahalliy xalqqa nisbatan yanada shafqatsizroq bo‘lgan sho‘rolar davridan turib, mustamlaka davrining birinchi bosqichi, ya’ni rus chorizmi vakillarining Turkistoda olib borgan daxshatli siyosatini fosh etadi. Demak, A. Qahhorning betakror iste’dodining mahsuli bo‘lgan bu asarlarni o‘qish orqali rus bosqini davridagi xalqimizning og‘ir va ayanchli turmushidan voqif bo‘lamiz. Yozuvchi o‘quvchini larzaga soladigan bunday fojeiy hayot tasviriga g‘oyat ishonarli detal va tafsilotlarni qo‘llash insonlarning jonli qiyofasini gavdalantirib berish orqali muvaffaq bo‘lgan.
Aytilganlarni adabiyotshunos O.Abdullaevning shu munosabat bilan bildirgan fikrlaridan foydalangan holda quyidagicha yakunlash mumkin: “Bu hikoyalar haqida ko‘p yozilgan, ularning jahon adabiyoti durdonalaridan qolishmasligi allaqachon isbotlangan... Xullas, mustaqillik ruhini yuragiga joylab, o‘zligini anglab borayotgan avlod uchun bu hikoyalar katta hayot maktabi vazifasini o‘tashi, shubhasiz” (“Jahon adabiyoti”, 1998 yil, 1-son, 35-bet).

Yüklə 2,71 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   58




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin