Leksik istorizmlar o‘tmish voqeligi bo'lgan narsa-hodisalarning nomlaridir. Masalan: botmon — «0‘zbekistonning turli yerlarida turli salmoqqa ega bo'lgan (ikki puddan o‘n bir pudgacha) og'irlik o'lchovi»; chaqirim — «1,06 kilometrga teng uzunlik o‘lchovi»; cho'ri— «qul xotin», «tutqunlikdagi ayol»; mingboshi — «daha yoki qishloq oqsoqoli, hokimi»; omoch — «ulovga qo'shib yer haydaydigan metall tishli primitiv yog'och asbob» va b.lar. Istorizmlar, odatda, uzoq tarixiy jarayonlar davomida yuz beradigan eskirishning mahsuli bo'ladi, ammo ular, ba’zan, qisqa vaqtda paydo bo'lishlari ham mumkin: yaqin o'tmishda (1991- yilgacha) o'zbek tilining faol so'zlari bo'lgan ayrim leksemalarning (partkom, raykom, gorkom, obkom, kolxoz, sovxoz kabilarning) hozirgi kunda eskirib, istorizmlar qatoriga qo'shilgani buning dalilidir. Istorizmning muhim belgilaridan biri shuki, uning ifoda plani (nomemasi) va mazmun plani (sememasi) birga eskiradi, binobarin, leksema yaxlit holda hozirgi til birligi bo'lmay qoladi. §. Leksik arxaizmlar
Leksik arxaizmlar — hozirgi paytda mavjud bo'lgan voqelikning eskirgan nomi yoki, aksincha, hozirgi tilda mavjud bo'lgan leksemaning eskirgan ma’nosi (sememasi). Demak, eskirish jarayoni leksemaga yaxlit holda yoki uning bir qismiga (ma’nolaridan biriga) aloqador bo'ladi, shunga ko'ra leksik arxaizm ikki turga bo'linadi.