19-MAVZU: KAVKAZ, SLAVYaN VA BOLTIQBO‘YI XALQLARI ADABIYoTI.
ReJA:
Kavkaz adabiyoti.
Ukrain adabiyoti.
Rus adabiyoti.
Kavkaz adabiyoti. Kavkaz tog‘lari yon bag‘irlarida yashagan aholi qadimiy va boy madaniy merosga ega. Bu xalqlar ham jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. Shimoliy Kavkazda yigirmadan ortiq millat va elatlar istiqomat qiladi. Ozarbayjon, arman, gruzin, abxaz, lezgin, kabardin, osetin, kumik, lak, darg‘in kabi xalqlar shular jumlasidandir. Bu millat va elatlar adabiyoti ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, yozma adabiyot nisbatan keyingi davrlarda rivojlangan.
Shimoliy Kavkazda yashovchi balqar, qo‘miq, qorachay, no‘g‘oy kabi xalqlar adabiyoti boshqa turkiy xalqlar adabiyoti bilan yaqin aloqada bo‘lib rivojlangan. XX asr boshlarida Shimoliy Kavkazdagi turkiy xalqlar hayotida madaniy rivojlanish ko‘zga tashlanadi. Ko‘plab ijodkorlar jadidchilik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi asarlar yaratdilar. XX asrda bu xalqlar adabiyotida realistik metod yetakchilik qildi. Ko‘plab yetuk asarlar paydo bo‘ldi, ularning ko‘pchiligi turli tillarga tillariga tarjima qilindi. Bu yerdagi turkiy tilda gaplashuvchi xalqlarning tillari o‘zaro juda yaqin bo‘lib, ular bir-birlarini tarjimasiz ham tushunishadi. Lekin sho‘ro tuzumi davrida bu xalqlar ayrim-ayrim hududlarga bo‘lib tashlandi. Natijada ularining bir-biridan sal farq qiluvchi milliy adabiy tillari shakllandi.
Qo‘miq xalqi Dog‘istonda yashovchi aholisi oz sonli millatlardan biridir. Keyingi yillardagi ma'lumotlarga qaraganda qo‘miqlar 200 mingga yaqin kishini tashkil etar ekan. Qo‘miq xalqining qadimgi adabiyoti asosan folklor asarlaridan iborat bo‘lib, unda ertaklar, qo‘shiqlar, latifalar, turli afsona va rivoyatlar va boshqa janrdagi asarlar mavjud. «Dada Qo‘rqut» haqidagi afsonalar, «Oyg‘ozi» kabi dostonlar qo‘miq xalqi orasida ham qadimdan mashhur bo‘lgan, keng tarqalgan.
XII-XV asrlardan boshlab arab yozuvidagi adabiyot xalq orasida keng tarqala boshladi. «Ahdnoma», «Tarixi Dog‘iston» singari asarlar arab yozuvida bitilgan. XV asrda yashagan Ummu Kamol nomli shoirning ayrim she'rlari bizgacha yetib kelgan. Bu shoir taqdir taqozosi bilan o‘z yurtidan uzoqlarda yashagan. Uning asarlarida ona-yurt sog‘inchi, o‘z qismatidan nolish motivlari sezilib turadi.
Qadimgi qo‘miq ijodkorlarining ko‘pchiligi o‘z asarlarini arab tilida yozgan. Lekin bu xalqning yozma adabiy merosi saqlanib qolmagan. Qo‘miqlar Rossiya tarkibiga kirgandan keyin esa xalq og‘zaki ijodi namunalarini yig‘ib olish ishlari boshlandi. Efendi Osmonovning «No‘g‘ay va qo‘miq xalqi qo‘shiqlari to‘plami» 1883 yilda Peterburgda e'lon qilingan edi.
Shimoliy Kavkazda yashovchi no‘g‘aylar ham turkiy tilda gaplashuvchi xalqlarga taaluqlidir. Bu xalqning adabiyoti o‘z atrofidagi qo‘shni xalqlar adabiyoti bilan chambarchas aloqada rivojlangan. Ko‘pgina folklor asarlari boshqa turkiy xalqlar og‘zaki ijodi bilan umumiy mushtaraklikni tashkil etadi. «Qo‘blandi botir», «Erjardin» singari epik dostonlar, ko‘plab ertak va afsonalar, xalq qo‘shiqlari – bu xalqning og‘zaki ijodi juda boy ekanligidan dalolat beradi. Qadimgi adabiyot asosan folklor asarlaridan iborat bo‘lib, uning ijrochilari xalq baxshilari sanalgan. Tarixda Sabri, Asan Qayg‘u, Do‘stmambet Azauli, Qaztug‘an kabi baxshilar xalq orasida juda mashhur bo‘lgan.
Dostları ilə paylaş: |