I bob. Jinoyat huquqi tushunchasi va predmeti


I BOB. JINOYAT HUQUQI TUSHUNCHASI VA PREDMETI



Yüklə 78,05 Kb.
səhifə3/9
tarix28.02.2023
ölçüsü78,05 Kb.
#123671
1   2   3   4   5   6   7   8   9
JINOYAT HUQUQI, PRINSIPLARI VA VAZIFALARI

I BOB. JINOYAT HUQUQI TUSHUNCHASI VA PREDMETI
Jinoyat huquqi qilmishning jinoiyligi va bunday jinoiy qilmishlar uchun tayinlanadigan jazo choralarini belgilovchi hamda jinoyat sodir etilishi bilan yuzaga keluvchi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi yuridik normalar tizimidir.
Jinoyat huquqi huquq tizimining mustaqil huquq tarmog‘i bo‘lib, qilmishning jinoyat ekanligini, jinoiy javobgarlikning asoslari va chegaralari, jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qiluvchi holatlarni belgilovchi Oliy davlat hokimiyati organi tomonidan o‘rnatilgan huquq normalari yig‘indisidir. Mustaqil huquq tarmog‘i hisoblangan jinoyat huquqidan farqli ravishda jinoyat huquqi fani davlatning jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi siyosati hamda jinoyat huquqining tarixiy taraqqiyot bosqichlari bo‘yicha qarashlar, g‘oyalar va fikrlar tizimini, shuningdek,, jinoyat huquqining o‘rganish predmeti, metodlari, vazifalari, tizimi va shu kabi masalalarni o‘z ichiga qamrab oladi. Bu fan jinoyat huquqi normalarining majmui sifatida uning tarixini, qo‘llash amaliyotini o‘rganadi hamda bu borada turli xil ilmiy-qiyosiy tadqiqotlar olib borilishini taqozo etadi.
Bundan tashqari, jinoyat huquqi tushunchasi o‘quv intizomi sifatida qo‘llanilib, u yuridik o‘quv yurtlaridagi jinoyat huquqi bo‘yicha o‘quv materiallari va mavzu rejalarini o‘z ichiga oladi.
Demak, jinoyat huquqi tushunchasi: huquq tarmog‘i, qonunchilik sohasi, yuridik fan va o‘quv intizomi sifatida qo‘llanilishi mumkin.
Jinoyat huquqi huquq tarmog‘i sifatida umummajburiylik va mustaqillik xususiyatlarini o‘zida aks ettiradi.
Jinoyat huquqining umummajburiylik xususiyati shunda namoyon bo‘ladiki, shaxs jinoiy qilmish sodir etdimi – u javobgarlikka tortilishi kerak. Jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxsni javobgarlikka tortish esa davlat tomonidan majburlov choralari(kuchi)ni qo‘llash orqali ta’minlanadi. Jinoyat huquqining bunday xususiyatga egaligi ushbu huquq sohasi normalarining imperativligini bildiradi.
Jinoyat huquqining umummajburiylik xususiyati quyidagi ikki omil bilan belgilanadi:
birinchidan, jabrlanuvchini himoya qilish, uning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini tiklash hamda jinoiy qilmish natijasida yetkazilgan zararni qoplash;
ikkinchidan, jinoiy qilmish sodir etgan shaxsni tarbiyalash, uni jinoiy javobgarlikka tortish, jinoiy oqibatni, ya’ni jinoyat tufayli yetkazilgan zararni bartaraf etishga majburlash.
Boshqacha qilib aytganda, jinoyat huquqining umummajburiylik xususiyati jamiyat manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning jinoyat-huquqiy mexanizmi hisoblanib, jamiyatdagi har bir shaxsning xavfsizligini ta’minlovchi shart-sharoitlarni ifodalaydi. Bunday shart-sharoitlarning yetarli darajada bo‘lishi davlatning huquqiy tartibga solish funksiyasi  bilan bog‘liq bo‘lib, jinoyat huquqining ijtimoiy tartibga solish funksiyasini hamda mavqeini belgilab beradi.
Jinoyat huquqining mustaqillik xususiyati uning boshqa ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi huquq sohalaridan ajratilganligini bildirmaydi, balki jinoyat huquqining mustaqilligi uning huquq sohasi sifatida davlat va jamiyat manfaatlari, xavfsizligi va normal rivojlanishiga tajovuz qiluvchi qilmishlarni jinoyat deb topish ifodalanadi.
Huquq sohasi va o‘quv intizomi sifatida jinoyat huquqining mustaqilligi quyidagi ikki belgi orqali namoyon bo‘ladi:
1)  tartibga solish predmeti, ya’ni jinoiy qilmish sodir etilganidan keyin jinoyat sodir etgan shaxs va maxsus vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar orqali davlat o‘rtasida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlar;
2) tartibga solish metodi (uslubi), ya’ni huquqbuzarliklarga olib keluvchi qilmishlarni ma’lum bir shaklda jinoyat huquqiy taqiqlash, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish va jazo tayinlashni belgilash.
Bir so‘z bilan aytganda, jinoyat huquqining tartibga solish metodi jinoyat huquqi predmeti hisoblangan ijtimoiy munosabatlarga ta’sir etish usullari va vositalari yig‘indisidan iborat. Yuqoridagi fikrlarga asoslanib xulosa qilib aytganda, jinoyat huquqi – qilmishning jinoiyligini, jinoiy javobgarlikka tortish asoslari va prinsiplarini, jazo tayinlash, jazo turlari va hajmini, jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qiluvchi holatlarni belgilovchi oliy davlat hokimiyati organi tomonidan o‘rnatilgan huquq normalari majmuidan iborat huquq tizimidagi mustaqil huquq sohasidir.[2][4]
Shu tariqa, jinoyat huquqi keng ma’noda juda murakkab, keskin salbiy ijtimoiy voqelik hisoblangan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi me’yoriy normalar manbai sifatida tushuniladi.
Jinoyat huquqining boshqa huquq sohalaridan mustaqil ekanligi uning quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligi bilan tavsiflanadi:
- birinchidan, faqat jinoyat huquqigina qilmishning jinoiyligi va jazoga loyiqligini, jinoiy javobgarlik asosini, jazo qo‘llash hamda jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilishni belgilovchi huquqiy normalar uchun yagona qonuniy manba sifatida namoyon bo‘ladi;
- ikkinchidan, jinoyat huquqi o‘zining tartibga solish predmetiga ega bo‘lib, ushbu huquq sohasining predmeti hisoblanuvchi ijtimoiy munosabatlar jinoiy qilmish sodir etilishi bilan vujudga keladi;
- uchinchidan, jinoyat huquqi maxsus tartibga solish uslubiga ega bo‘lib, bunday uslublar va ularning harakatiga ta’sir etuvchi yuridik faktlar boshqa huquq sohalari uchun xos emas.
Jinoyat huquqi predmeti jinoyat huquqi normalari bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlardir.
Jinoyat huquqi predmetini aniqlash bu jinoyat huquqi normalari bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar doirasini belgilash demakdir.
Keng ma’noda jinoyat huquqining predmeti deganda, shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ko‘zlagan holda jinoyat huquqi normalarining ijtimoiy munosabatlarga ta’sir etish tartibi tushuniladi[3][5]. Ijtimoiy munosabatlarni yuridik tartibga solishning normativ asosini jinoyat huquqi normalari tashkil etadi. O‘zining ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi ahamiyatiga ko‘ra jinoyat huquqi normalari:
a) tartibga solish (regulyativ;)
b) muhofaza qilish;
v) ogohlantirish;
g) tarbiyaviy funksiyalarni bajaradi.
Jinoyat huquqining predmeti bo‘lib ijtimoiy salbiy (zarar keltiruvchi), ya’ni jinoiy tajovuz vaqtida vujudga keladigan jamiyat manfaatlariga zarar keltiruvchi munosabatlar hisoblanadi.
Bunday ijtimoiy munosabatlar jinoyat sodir etish fakti (yuridik fakt) bilan yuzaga kelib, jinoyat huquqi normalari bilan tartibga solinganidan keyin jinoyat huquqiy munosabatlar shaklini oladi. Demak, jinoyatning sodir etilishi jinoyat huquqiy munosabatlarning vujudga kelishiga sabab bo‘luvchi yuridik faktdir.
O‘z navbatida jinoyat huquqiy munosabatlarning:
· ikki tomonlamalik
· tegishlilik (taalluqlilik)
· absolut
· imperativlik kabi xususiyatlarga egaligi uning boshqa huquq sohalarining predmeti hisoblangan ijtimoiy munosabarlardan farqlovchi asosiy belgisi hisoblanadi.
Jinoyat huquqiy munosabatlarning ikki tomonlamalik xususiyati shuni anglatadiki, bunday ijtimoiy munosabatlarda bir tomondan - davlat o‘zining huquqni muhofaza qiluvchi organlari orqali ishtirok etsa, boshqa (ikkinchi) tomondan esa - jinoyat sodir etgan shaxs qatnashadi.
Jinoyat huquqiy munosabatlarning imperativligi (qat’iligi) uning qonun bilan qat’i o‘rnatilganligi va davlat tomonidan belgilangan normalarning bajarilishi qat’iligini bildiradi.


Yüklə 78,05 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin