2.3. Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi sudlarga quyidagi tushuntirishlarni berishga qaror qiladi:
Jazo tayinlashning umumiy asoslarini qo‘llash bo‘yicha
1. Sudlarning e’tibori jinoyat uchun jazo tayinlashda qonuniylik, insonparvarlik, odillik va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga qat’iy amal qilishga qaratilsin.
2. Sudlarga tushuntirilsinki, Jinoyat kodeksining 10-moddasida nazarda tutilgan javobgarlikning muqarrarligi prinsipi jazo qo‘llanilishi shartligini anglatmaydi.
Shu tufayli sudlar, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan, yetkazilgan ziyonni qoplagan shaxslarni JK 65, 66, 70, 71-moddalariga muvofiq javobgarlikdan va jazodan ozod qilish masalasini muhokama qilishlari lozim.
3. Jinoyat kodeksining 8, 54-moddalari mazmuniga ko‘ra, jazo adolatli bo‘lishi — har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Jinoyatning ijtimoiy xavflilik xususiyati tajovuz obyekti (inson hayoti va sog‘lig‘i, mulk, jamoat xavfsizligi va h.k.), ayb shakli, jinoiy qilmishning qonunda qaysi toifaga (JK 15-moddasi) kiritilganligi bilan belgilanadi.
Jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi qilmish sodir etilishi holatlari (jinoiy niyatning amalga oshirilganligi darajasi va bosqichlari jinoyatni sodir etish usuli, zarar miqdori yoki kelib chiqqan oqibatlar og‘irligi, ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatda sudlanuvchining roli) bilan belgilanadi.
4. Qonun tayinlanadigan jazo turi va me’yorini aybdorning shaxsini tavsiflovchi obyektiv va ijtimoiy omillar bilan bog‘liq qilib qo‘yganligi tufayli sudlar jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish paytida mazkur holatlarni aniqlashlari shart.
Obyektiv omillarga, xususan, aybdorning yoshi, jinsi, homiladorlik holati, ijtimoiy omillarga — sudlanganligi, oiladagi, jamiyatdagi xulq-atvori, mashg‘uloti, davlat yoki ijtimoiy mavqeyi va h.k. lar kiradi.
5. Sudlar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, shuningdek uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatilishi mumkin bo‘lgan shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlash uchun qonunda mavjud barcha imkoniyatlardan to‘liq foydalanishlari kerak. Qonun normasi sanksiyasida alternativ jazolar mavjud bo‘lganda hukmda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazoni qo‘llash zarurligi to‘g‘risidagi masala muhokama etilishi shart.
6. Jinoyat-protsessual kodeksi 467-moddasining birinchi qismi talabiga ko‘ra hukmda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar ko‘rsatilishi lozim.
7. Qonun (JK 55-moddasi) jazoni yengillashtiruvchi holatlar doirasini cheklamaydi. Shu sababli jazo tayinlash paytida ushbu moddada ko‘rsatilmagan boshqa holatlar ham jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida hisobga olinishi mumkin (masalan, ijtimoiy xavfliligi katta bo‘lmagan jinoyatning birinchi marta sodir etilishi, sudlanuvchining yosh bolasi borligi, jinoyatning birovga rahmdillik ko‘rsatilishi sababli sodir etilishi, aybdor tomonidan bevosita jinoyat sodir etilganidan so‘ng jabrlanuvchiga tibbiy yoki boshqa tarzda yordam ko‘rsatilishi va h.k.). Bunday holatning jazoni yengillashtiruvchi deb topilganligi haqidagi xulosa hukmda asoslantirilishi kerak.
Aybni bo‘yniga olib kelish ko‘rinishidagi jazoni yengillashtiruvchi holat bor yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi masalani hal etishda sudlar tergov organlariga berilgan ariza yoki jinoyat to‘g‘risida tergov organi mansabdor shaxsiga qilingan xabar (har qanday shaklda) ixtiyoriy bo‘lgan-bo‘lmaganligini va bu holat shaxs jinoyat sodir etishdagi o‘z ishtirokini u gumon qilinuvchi (ayblanuvchi) sifatida ushlangan yoki gumon qilinuvchi (ayblanuvchi) tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilish to‘g‘risidagi qaror unga e’lon qilingandan so‘ng tasdiqlaganligi bilan bog‘liq yoki bog‘liq emasligini tekshirib ko‘rishlari lozim.
Agar jinoyat sodir etilganligi fakti bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha uni sodir etgan shaxs aniqlangan bo‘lmasa, shaxsning o‘z qilmishi to‘g‘risida ixtiyoriy ravishda bergan arizasi yoki xabari aybni bo‘yniga olish deb baholanishi kerak. Shuningdek, jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxsning o‘zi sodir etgan boshqa, tergov organlariga ma’lum bo‘lmagan jinoyatlar to‘g‘risidagi arizasi ham aybni bo‘yniga olish deb qaralishi lozim.
Ikki yoki undan ortiq jinoyat sodir etilib, ulardan ayrimlari bo‘yicha shaxs aybini bo‘yniga olib kelgan bo‘lsa, bu holat jazoni yengillashtiruvchi sifatida faqat bo‘yinga olish to‘g‘risida ariza berilgan jinoyatlar uchun jazo tayinlash paytida hisobga olinishi kerak.
8. Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar doirasi (JK 56-moddasi) qat’iy belgilangan bo‘lib, u sud tomonidan kengaytirilishi mumkin emas. Biroq, muayyan jinoyatning xususiyatlaridan kelib chiqib, sabablarini hukmda asoslantirgan holda sud ulardan birortasini ham jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb topmasligi mumkin.
Jinoyat kodeksi 56-moddasi birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar, agar ular jinoyat tarkibining belgisi sifatida nazarda tutilgan bo‘lsa, jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb sanalishi mumkin emas.
9. Takroran va retsidiv jinoyat sodir etilishi qonunda belgilangan asoslar va doirada og‘irroq jazo tayinlanishiga olib kelishini inobatga olib, har bir ish bo‘yicha JK 77—80-moddalariga muvofiq tugallangan yoki olib tashlangan sudlanganlik holati mavjudligi haqidagi materiallar tekshirib chiqilishi va shunga asoslanib, retsidiv jinoyat bor-yo‘qligi to‘g‘risidagi masala hal etilishi kerak.
Jinoyat kodeksi 34-moddasi mazmuniga ko‘ra, retsidiv jinoyat mavjudligi haqidagi masalani hal etishda shaxs sudlanayotgan yoki muqaddam sudlangan qasddan sodir etilgan jinoyat tamom bo‘lgan yoki tamom bo‘lmagan jinoyat ekanligi, shuningdek ushbu jinoyatlardan qay birida bo‘lsin shaxs bajaruvchi yoki ishtirokchi bo‘lganligi ahamiyatga ega emas.
Shaxsni o‘ta xavfli retsidivist deb topish haqidagi masalani hal etishda shuni nazarda tutish lozimki, JK 34-moddasining oltinchi qismiga ko‘ra, o‘n sakkiz yoshgacha sodir qilingan jinoyat uchun sudlanganlik shaxsni o‘ta xavfli retsidivist deb topishda hisobga olinmaydi. Shundan kelib chiqib, agar shaxs muqaddam bir nechta jinoyat uchun sudlangan bo‘lib, ulardan ayrimlarini voyaga yetmagan yoshda sodir etgan bo‘lsa, faqat voyaga yetgan davrda sodir etilgan jinoyatlar uchun sudlanganlik e’tiborga olinishi lozim.
10. Qasddan takroran yoki ilgari sodir etilgan jinoyat uchun sudlangandan so‘ng qasddan yangi jinoyat sodir etilishi, agar birinchi jinoyat uchun jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgan, sudlanganlik belgilangan tartibda tugallangan yoki olib tashlangan yoxud shaxs muqaddam sodir etgan jinoiy xatti-harakat uchun qonunda javobgarlik bekor qilingan bo‘lsa, shuningdek JK 65, 66, 661, 68, 69, 70, 71, 76-moddalariga binoan shaxs ilgari sodir etgan jinoyati uchun jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod etilgan bo‘lsa, jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida e’tirof etilishi mumkin emas.
11. Jinoyat kodeksi 58-moddasiga muvofiq, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik hamda jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun mazkur jinoyat uchun qonunda nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Bunda eng ko‘p jazo deganda, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida (moddaning qismida) nazarda tutilgan eng og‘ir jazo muddati yoki miqdori tushunilishi lozim.
Shuni nazarda tutish lozimki, ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyat ishlari bo‘yicha sud ishdagi muayyan holatlarni, har bir ishtirokchining shaxsi haqidagi ma’lumotlar va jinoyatni sodir etishdagi ishtiroki darajasini e’tiborga olib, jazoni individuallashtirishi hamda birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsga qonun sanksiyasi doirasida yengilroq jazo tayinlash masalasini muhokama qilishi lozim.
12. Voyaga yetmaganlarga nisbatan jazo tayinlashda sudlar JK 81—90-moddalarida belgilangan xususiyatlarni inobatga olishlari shart.
Voyaga yetmaganlarga jazo tayinlash paytida JK 54-moddasida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, har bir muayyan holda, shuningdek uning rivojlanish darajasi, turmush sharoiti va tarbiyasi, sog‘lig‘i, jumladan, ruhiy rivojlanish darajasi, jinoyatni sodir etish motivlari, katta yoshdagi shaxslarning uning xulq-atvoriga salbiy ta’siri haqidagi ma’lumotlar, shaxsiga ta’sir qiluvchi boshqa holatlar aniqlanishi va baholanishi lozim.
O‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar jinoyat sodir etgan shaxs ish sudda ko‘rilayotgan vaqtda voyaga yetgan bo‘lsa ham, unga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati yoki miqdori JK 82—85-moddalarida belgilangan maksimal muddat va miqdorlardan oshishi mumkin emas.
Voyaga yetmay turib jinoyat sodir etgan shaxsga jinoyatlar majmui yoki bir necha hukm yuzasidan uzil-kesil jazo tayinlashda uning miqdori:
jarima, axloq tuzatish ishlari, qamoq tariqasidagi jazolar — JK 82—84-moddalarida nazarda tutilgan muddat va miqdorlardan;
ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo — JK 86-moddasining ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan muddatlardan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Shaxs tomonidan bir necha jinoyat sodir etilib, ulardan ayrimlari voyaga yetmagan, qolganlari voyaga yetgan davrda sodir etilgan bo‘lsa, sud jinoyatlar majmui bo‘yicha jazo tayinlayotganida avval JK 82—86-moddalari talablariga rioya etgan holda o‘n sakkiz yoshgacha sodir etilgan jinoyatlar uchun, keyin esa, voyaga yetgandan so‘ng sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo tayinlab, so‘ngra JK 59-moddasiga asosan uzil-kesil jazo tayinlaydi.
13. Ishlarni apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rishda, sudlar tomonidan hukm chiqarish paytida jazo tayinlashning umumiy asoslariga rioya qilinganligi, tayinlangan jazo jinoyatning og‘irligi va mahkumning shaxsiga mutanosibligi sinchiklab tekshirilishi lozim.
Sudning sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, yetkazilgan zarar miqdori, ayblanuvchining shaxsi, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar, ayblov hajmi, ayb shakli, ishtirokchilikning turi va shakli haqidagi xulosalari noto‘g‘ri deb topilgan va shu munosabat bilan hukmga o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda, apellatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyasi sudi o‘z qarorini asoslantirgan holda mahkumga nisbatan tayinlangan jazoni yengillashtirish masalasini muhokama qilishi shart.
14. Apellatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyasi sudlarining e’tibori o‘ta xavfli retsidivistlar, uyushgan guruh tashkilotchilari va faol ishtirokchilariga nisbatan jazoni asossiz ravishda kamaytirish yoki boshqa yengilroq jazo bilan almashtirish hollariga yo‘l qo‘yilmasligi lozimligiga qaratilsin.
Jarima tariqasidagi jazoni qo‘llash bo‘yicha
15. Sudlarga jarima tariqasidagi jazo turini nafaqat ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar, balki og‘ir jinoyatlar sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarga nisbatan ham, agar bu jazo qonun sanksiyasida nazarda tutilgan bo‘lsa, kengroq qo‘llash tavsiya etilsin.
16. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, jarima tariqasidagi jazo tayinlanganda hukmning qaror qismida jarima miqdori bilan bir qatorda uning jinoyat sodir etilgan vaqtdagi eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib hisoblangan, pul birligida ifodalangan jami summasi ham ko‘rsatilishi lozim.
Jarima tariqasidagi jazoni tayinlash va miqdorini belgilashda sud, odatda, uning amalda to‘lana olinishi imkoniyatidan kelib chiqishi lozim. Bunda, chunonchi, sudlanuvchining moddiy ahvoli, shuningdek qaramog‘ida voyaga yetmaganlar farzandlari, keksa ota-onasi borligi va h.k.lar inobatga olinishi lozim.
17. Qonunga muvofiq jazo tariqasida tayinlangan jarimani mahkum hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir oy, hukm chiqarilgan kunda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan mahkum esa — olti oy mobaynida ixtiyoriy ravishda to‘lashi lozim. Biroq sud, mahkumning moddiy ahvolini inobatga olib, JPK 533-moddasi ikkinchi qismiga asosan hukmning ushbu qismi ijrosini olti oygacha kechiktirishi yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash masalasini hal qilishi mumkin.
Bunday holda jarimani to‘lash uchun Jinoyat kodeksi 44-moddasining uchinchi qismida va 82-moddasining ikkinchi qismida belgilangan muddatlarning o‘tishi kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) muddati tugagandan so‘ng boshlanadi.
Axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazoni qo‘llash bo‘yicha
18. Axloq tuzatish ishlari mehnatga layoqatli shaxsga nisbatan u sodir etgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini hisobga olgan holda uni jamiyatdan ajratish zarurati bo‘lmaganda olti oydan uch yilgacha (voyaga yetmaganlarga nisbatan — bir oydan bir yilgacha) bo‘lgan muddatga tayinlanadi.
Axloq tuzatish ishlari, shuningdek JK 44-moddasining uchinchi qismi va 82-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda ilgari tayinlangan jarima jazosini almashtirish tartibida ham qo‘llanilishi mumkin. Bunday holda axloq tuzatish ishlarining minimal muddati to‘lanmagan jarima summasidan kelib chiqib, olti oydan (voyaga yetmaganlarga nisbatan — bir oydan) kamroq bo‘lishi mumkin, biroq uch yildan (voyaga yetmaganlarga nisbatan — bir yildan) oshmasligi lozim.
19. Qonunga ko‘ra, axloq tuzatish ishlari quyidagilarga qo‘llanilmaydi:
nafaqa yoshiga to‘lganlar (60 yoshdan oshgan erkaklar, 55 yoshdan oshgan ayollar)ga;
16 yoshga to‘lmagan shaxslarga;
mehnatga layoqatsiz (belgilangan tartibda birinchi, ikkinchi, uchinchi guruh nogironi deb topilgan) shaxslarga;
homilador va bolani parvarishlash bilan bog‘liq ta’tilda bo‘lgan yoki band bo‘lgan ayollarga (bola uch yoshga to‘lgunga qadar);
yangi tug‘ilgan chaqaloqni bevosita tug‘uruqxonadan farzandlikka olgan yoki unga nisbatan vasiy bo‘lib, bolani parvarishlash bilan bog‘liq ta’tilda bo‘lgan shaxslarga (bola uch yoshga to‘lgunga qadar);
harbiy xizmatchilarga.
20. Axloq tuzatish ishlari, odatda, ish joyida o‘tash sharti bilan tayinlanishi lozim. Shu bilan birga, shaxs o‘z kasb yoki xizmat vazifasini bajarish bilan bog‘liq holda jinoyat sodir etib, uning oldingi ish joyida qoldirilishi jazoning tarbiyaviy ahamiyati pasayishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa, axloq tuzatish ishlarini ushbu jazo ijrosini amalga oshiruvchi organ tomonidan belgilangan joyda o‘tash tayinlanishi mumkin.
Axloq tuzatish ishlari muddatlari hamda aybdorning ish haqidan chegirma miqdori haqidagi masalani hal qilish uchun sudlar sudlanuvchining, ayniqsa voyaga yetmaganlarining moddiy ahvolini aniqlashlari lozim.
Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bo‘yicha axloq tuzatish ishlari tayinlanayotganda, jazo muddati va ish haqidan chegirma miqdori har bir modda bo‘yicha alohida, so‘ngra esa, ularning majmui bo‘yicha belgilanadi. Bunda jazoning uzil-kesil muddati va chegirma miqdori JK 46-moddasida belgilangan chegaradan oshishi mumkin emas va hokazolardan iborat.
XULOSA Shuningdek, xorijiy tajribani inobatga olgan holda mazkur holatlarni takomillashtirish yuzasidan quyidagi takliflarni beramiz:
-qarilikni faqat yosh mezoni asosida emas balki shaxsning jismoniy holatlarini ham inobatga olgan holda belgilanishi;
-JKning 56-moddasi 1-qismi “j”banidini: “yosh bola yoki ruhiy holati og‘ir darajada buzilganligi aybdorga ayon bolgan, yoki kuchli darajada mast shaxsdan foydalangan holda” deb o‘zgartirish;
-og‘ir oqibatlar nazarda tutilgan har bir jinoyat uchun og‘ir oqibatlarning taxminiy versiyalarini modda dispozitsiyasining o‘zida nazarda tutish;
-JKning 56-moddasi 1-qismi “k” bandidan “boshqacha past niyatlarda”
jumlasini olib tashlash;
-JKning 56-moddasi “o” bandini mastlik holatida yoki giyovandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga ta’sir qiluvchi boshqa moddalar ta’siri ostida jinoyat sodir etish, agar ushbu holat jinoyat sodir etilishiga ta'sir ko‘rsatgan bo‘lsa; deb o‘zgartilish
-Jinoyat kodeksining 63-moddasini “Agar shaxsning qilmishida jazoni yengillashtiruvchi holatlar bo‘lmasa va jazoni og'irlashtiruvchi holatlardan kamida bittasini o‘z ichiga olgan bo‘lsa, eng kam sanksiyada ko‘zda tutilgan choradan ko‘ra og'irroq jazo tayinlash sud uchun majburiydir”, degan qoida kiritish;
-agar shaxsning harakatlarida JKning 55-moddasi 1-qismi “I” bandida nazarda tutilgan yengillashtiruvchi holat bo‘lgan taqdirda uning qilmishidagi og‘irlashtiruvchi holatlarni jazo tayinlashda inobatga olmaslik;
-O‘zbekiton Respublikasi Oliy Sud Plenumi Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlarni inobatga olish yuzasidan o‘z qarorini ishlab chiqishi lozim.