I modul. Kirish 1-mavzu. “Ona tili darslarida lug`at bilan ishlash interpretatsiyasi” kursining maqsad va vazifalari dars rejasi



Yüklə 24,03 Kb.
səhifə1/2
tarix21.01.2023
ölçüsü24,03 Kb.
#122421
  1   2
1-modul. Ma\'ruza (1)


I MODUL. KIRISH
1-mavzu. “ONA TILI DARSLARIDA LUG`AT BILAN ISHLASH INTERPRETATSIYASI” KURSINING MAQSAD VA VAZIFALARI
Dars rejasi:

  1. O`zbek lug`atchiligi va uning rivojlanish omillari

  2. O`zbek tilshunosligida lug`at va uning turlari

  3. “Ona tili darslarida lug`at bilan ishlash interpretatsiyasi” kursining maqsadi

  4. “Ona tili darslarida lug`at bilan ishlash interpretatsiyasi” kursining vazifalari

O`zbek lug`atchiligi va uning rivojlanish omillari.
Leksikografiya ham amaliy, ham nazariy soha sifatida leksikologiya, uslubshunoslik, fonetikaga hamda til tarixi, tilning grammatik qurilishi haqidagi ta’limotga suyangan holda ish ko‘radi. Yuqorida aytganimizdek, zamonaviy leksi­kografiya lug‘atlarning muhim ijtimoiy vazifasini alohida qayd etib, lug‘atlar tipologiyasini ishlab chiqadi. Shu jihatdan bir tilli leksikografiya (izohli va boshqa lug‘atlar), ikki tilli leksikografiya (til o‘rganishga maxsuslangan lug‘atlar), ilmiy-texnik leksikografiya (terminologik lug‘atlar) o‘zaro farqlanadi. Uzbek leksikografiyasi tarixi Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asaridan boshlangan, deb aytish mumkin. Barcha turkiy xalqlarning umumiy, mushtarak obidasi bo‘lmish ushbu lug‘at 1074 yilda yaratilgan bo‘lsa, shundan keyin o‘tgan salkam 950 yilllik vaqt mobaynida o‘zbek tili leksikasining turli davrlardagi holatini aks ettiruvchi o‘nlab, yigirmalab qo‘lyozma lug‘atlar va bir necha yuzlab bosma (litografik, tipografik) lug‘atlar yaratildi. Turli hajm va turli xarakterdagi, turli maqsadlarni ko‘zlab tuzilgan bu lug‘atlarning barchasini birgina maqola doirasida xronologik tarzda tavsiflab o‘tishning imkoni bo‘lmaydi. Shu tufayli ularning eng muhim va diqqatga sazovorlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Qo‘lyozma lug‘atlar. Uzbek leksikografiyasiga bevosita aloqador qo‘lyozma lug‘atlar tuzish XI asrdan XIX asrning birinchi yarmigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi va qo‘lyozma lug‘atlarning ibtidosi, albatta, «Devonu lug‘otit turk» hisoblanadi1. Ushbu asar turkiy xalqlar tarixidagi dialektologik, izohli, etnografik, tarixiy-etimologik va boshqa xil lug‘atlarning barcha unsurlarini qamrab oluvchi dastlabki universal lug‘at bo‘lib, o‘z muallifini dunyoga, butun turkiy olamga ulug‘ adabiyotchi, tarixchi, geograf va boshqa ko‘p fanlardan yaxshi xabardor bo‘lgan yirik fan arbobi, qomusiy olim sifatida tanitdi. Mazkur asarda muallif turkiy qabila va urug‘lar (xalqlar) tillaridagi so‘zlar ma’nosini arab tilida izoxdab beradi. Misol sifatida esa maqollardan foydalanadi va badiiy adabiyotdanlar keltiradi. Bu haqda Koshg‘ariyning o‘zi shunday yozadi: «Men bu kitobni maxsus alifbe tartibida hikmatli so‘zlar, saj’lar, maqollar, qo‘shiqlar, rajaz va nasr deb atalgan adabiy parchalar bilan bezadim... Men iste’moldagi so‘zlarnigina berdim, iste’moldan chiqqanlarini tashladim... So‘ngra men har bir qabilaga mansub so‘zlarning yasalish xususiyatlarini va qanday qo‘llanishini qisqacha izohlab ko‘rsatish uchun alohida yo‘l tutdim. Bu ishda misol tariqasida turk(iy)larning tilida qo‘llanib kelgan she’rlaridan, shodlik va motam kunlarida qo‘llanadigan hikmatli so‘zlaridan, maqollaridan keltirdim»1. Shuni aytish kerakki, lug‘atda keltirilgan adabiy parchalar, til faktlari faqat XI asr adabiyotining namunalari bo‘lmay, ularning aksar qismi juda uzoq o‘tmish davrlarning mahsulidir. Shu jihatdan bunday parchalar turkiy tillarning kelib chiqish tarixini, rivojlanishini belgilashga xizmat qiluvchi eng muhim hujjatdir. Asardagi bir qancha geografik, astronomik, etnografik va boshqa ma’lumotlar ham tegishli sohalar nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega. Umuman olganda, Maxmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asari Markaziy Osiyoda hamda unga yondopt bo‘lgan hududlarda istiqomat qilgan turkiy qabilalar va ularning til xususiyatlarini o‘rganishda hamda hozirgi ayrim turkiy xalqlarning shakllanishi va taraqqiyotini aniqlashda muhim manba vazifasini o‘tab kelmoqda. Sharq xalqlari leksikografiyalari, jumladan, o‘zbek leksikografiyasi tarixida o‘zining alohida o‘rniga ega bo‘lgan lug‘atlardan yana biri buyuk qomusiy alloma Mahmud Zamaxshariyning «Muqaddimatul adab» asaridir. 1137 yilda yaratilgan ushbu asar ismlar (ot, sifat, son va olmoshlar) fe’llar, harflar (yordamchi so‘zlar), ismlarning turlanishi, fe’llarning tuslanishi kabi 5 qismdan iborat bo‘lib, u o‘sha davrdagi arab tilida iste’molda bo‘lgan deyarli barcha so‘zlarni, iboralarni qamrab olgan; unda so‘zlar etimologiyasiga alohida e’tibor berilgan. «Muqaddimatul adab» fors, chig‘atoy (o‘zbek), mo‘g‘ul, turk tillariga tarjima qilingan; asarning o‘zbek tiliga tarjimasi muallifning o‘zi tomonidan bajarilgan, degan fikrlar mavjud. Lug‘atdagi arabcha so‘zlar ostida forsiy va turkiy tarjimalarning berilishi o‘zbek tarixiy leksikologiyasi uchun qimmatli manba hisoblanadi1. Afsuski, ushbu lug‘at bir qator mutaxassislar tomonidan o‘rganilgan bo‘lsa ham, «Devonu lug‘otit turk» kabi keng o‘quvchilar ommasi uchun nashr etilmagan. Turkiy xalqlar, shu jumladan, o‘zbek leksikografiyasining rivojida hanuzgacha muallifi noaniq bo‘lgan «Attuhfatuz zakiyatu fillug‘atit turkiya» («Turkiy til haqida noyob tuhfa») asari ham muhim o‘rin egallaydi. XIV asrda Misrda yaratilgan bu asar ko‘proq qipchoqlar tili materiallariga asoslanib yozilgan, ba’zi o‘rinlarida uning materiallari turkman tili bilan solishtirilgan. Bugungi qipchoq guruhiga mansub bo‘lgan tillarning tarixini, shuningdek, o‘zbek xalqining shakllanishida katta etnik guruh bo‘lib qo‘shilgan qipchoq shevalari tarixini o‘rganishda mazkur asar eng mo‘tabar manba bo‘lib xizmat qiladi. Asarning yana bir muhim jihati shundaki, unda turkiy tillarning fonetikasi, so‘z yasalishi, morfologiyasi, sintaksisi bo‘yicha bir qancha tadqiqotlar olib borilgan2. XIII asrda Misrda yaratilgan, muallifi noma’lum (ba’zi manbalarda - Xalil ibn Muhammad al-Qunaviy) «Kitobu tarjumoni turkiy va ajamiy va mo‘g‘uliy» asari hamda andalusiyalik arabnavis olim Asiruddin Abu Hayyonning XIV asrda Misrda yaratilgan «Kitobul idrok li lisonul atrok» asarlari ham qipchoq tillarini, uning leksikasi va grammatikasini o‘rganishga bagishlangan3. Adabiyot maydonida Alisher Navoiydek zabardast shoirning paydo bo‘lishi uning ijodiga, binobarin, o‘zbek tilini o‘rgap ishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi va XVI-XIX asrlar mobaynida o‘nga yaqin ikki tilli lug‘atlarning tuzilishiga olib keldi; boshqacha qilib aytganda, o‘zbek tilshunosligi ushbu davrda lug‘atchilik asosida rivojlandi: Toli Imoni Hiraviyning «Badoe’ul lug‘at» o‘zbekcha-forscha izohli lug‘ati (XVI asr boshi, Hirot), «Abushqa» - «Lug‘atun Navoiyya val istishhodoti chig‘atoiyya» (XVI asr, Turkiya) o‘zbekcha-turkcha izohli lug‘ati, Muhammad Rizo Xoksorning «Muntaxabul lug‘ot» (XVIII asr oxiri, Xiva) forscha-o‘zbekcha lug‘ati, Mirzo Mahdiyxonning «Sanglox» o‘zbekcha-forscha izohli lug‘ati (XVIII asr, Eron), Fazlullaxon Barlosning «Lug‘ati turkiy» o‘zbekcha-forscha izohli lug‘ati (XVIII asr oxiri, Hindiston), Fath Alixonning «Kitobi lug‘ati atrokiya» o‘zbekcha-forscha izohli lug‘ati (XIX asr, Eron) va boshqa bir qancha lug‘atlar Alisher Navoiy hamda uning zamondoshlari va izdoshlari asarlari leksikasini o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘lib, 1000 tadan 8000 tagacha lug‘aviy birliklarni, turli so‘zshakllarni qamrab olgan. Mazkur lug‘atlar mutaxassislar tomonidan atroflicha o‘rganilgan; ularning ba’zilari tadqiqot ob’ekta va natijasi sifatida nashr ham etilgan1. Boburiylar davrida badiiy adabiyotda o‘zbek tili (turkiy)ning roli katta bo‘ldi. Hindistonda boburiylar ona tilini saqlab qolishga, uni o‘z avlodlariga o‘rgatishga harakat qildilar. Ana shunday ehtiyoj turli xil lug‘atlarning yaratilishini taqozo qilgan. Boburiy hukmdorlardan Muhyiddin Muhammad Avrangzeb saroyida xizmat qilgan Muhammad Yoqub Chingiyning «Kelurnoma» deb nomlangan lug‘ati (XVII asr oxiri) ayni ehtiyojning hosilasi.
Ushbu lug‘at 15 bobdan iborat bo‘lib, uning 1 - 14-boblarida 400 ga yaqin turkiy (o‘zbekcha) fe’llar arab alifbosi tartibida har biri 15 tagacha shaklda berilgan. Masalan, aytmoq fe’li asosiy shaklda berilib, undan keyin aytdi, aytibtur, aytur, aytibidi, aytadur, aytmadi, aytmaptur, aytmas, aytmabidi, aytmaydur, ayt, aytma, aytarbiz, aytmasbiz kabi zamon va mayl shakllari forscha tarjimasi bilan berilgan. Shu jihatdan «Kelurnoma» zamonaviy uyali lug‘atlar namunasi hisoblanadi. Lug‘atning so‘nggi 15-bobi, o‘z navbatida, 9 ta qismga bo‘linadi: bunda ismlar (820 ta so‘z va so‘zshakllar) mavzu guruhlariga ajratib berilgan. Masalan, 1-mavzu guruhida osmon va u bilan bog‘liq tushunchalarni ifodalovchi so‘zlar; 2-mavzu guruhida yer va u bilan bog‘liq tushunchalar, yerda yetishtiriladigan ekinlar, undagn qurt-qumursqalarni bildiruvchi so‘zlar; 3-mavzu guruhida uy hayvonlari va ba’zi yirtqich hayvonlarning nomlari izohlab berilgan va hokazo. Shu nuqtai nazardan lug‘atning ushbu bobi mavzuiy (tematik) lug‘at turini namoyon qiladi. Muhammad Yoqub Chingiy «Kelurnoma»ni tuzishda XVII asrda Hindistonda yashagan turkiyzabon aholining ogzaki nutqidagi lug‘aviy birliklarni qamrab olishga harakat qilgan (unda jami 6000 ga yaqin so‘z va so‘zshakllar berilgan). Bunday birliklarning aksariyati hozirgi o‘zbek tilida ham qo‘llansa, ayrimlari (arna, atan, acha, but, ildirim, egachi, engak va b.) o‘zbek tili shevalarida uchraydi; ba’zi birlari esa arxaiklashib, hozirgi o‘zbek tilida qo‘llanmaydi. Qo‘lyozma lug‘atlar tuzish anchagina katta davrni qamrab olgan bo‘lsa-da, ko‘rinib turibdiki, bunday lug‘atlar unchalik ko‘p emas. Bu holning o‘ziga yarasha ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bo‘lgan, albatta. Lekin shunga qaramay, ular o‘zbek leksikografiyasi, umuman olganda, O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlarida yashagan xalqlar leksikografiyalarining shakllanishi va taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan lug‘atlardir. Endi XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab nashr etilgan va o‘zbek leksikografiyasining keyingi taraqqiyot yo‘lini aks ettiruvchi asosiy, eng xarakterli bosma (lito-tipografik) lug‘atlar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tamiz. Bosma lug‘atlar. O‘zbek leksikografiyasida qo‘lyozma va bosma lug‘atlarni o‘zaro bog‘lovchi manba - yuqorida zikr etilgan «Abushqa» lug‘atidir. Bu lug‘at taxminan 1560 yilda tuzilgan bo‘lib, muallifi noma’lumligi sababli, uni atroflicha o‘rgangan Sharq va G‘arb turkiyshunoslari o‘rtasida ayni shu nom - lug‘atning boshlang‘ich so‘zi «abushqa» bilan mashhur bo‘lib kelgan. Bu lug‘at bir necha asr davomida Alisher Navoiy va unga zamondosh bo‘lgan ayrim shoir va adiblar asarlari tilini o‘rganishda muhim qo‘llanma vazifasini bajargan va o‘zidan keyingi davrlarda yaratilgan lug‘atlar uchun asosiy manba bo‘lgan. U dastlab venger olimi Arminiy (German) Vamberi tomonidan 1862 yilda venger tiliga qisqartirib (misollarsiz) tarjima qilingan holda chop etilgan1. 1868 yilda esa filologiya fanlari doktori, Imperatorlik (Rossiya) Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi V. V. Velyaminov-Zernov tomonidan nashr qilingan2. V. V. Velyaminov-Zernov lug‘atni nashrga tayyorlash jarayonida uning turkiyshunoslikdagi ahamiyatiga, Yevropa turkiyshunoslari tomonidan o‘rganilishiga alohida e’tibor beradi, lug‘atning bir necha qo‘lyozmalarini, Navoiy asarlari uchun tuzilgan boshqa qo‘lyozma lug‘atlarni qiyosan o‘rganadi va shu yo‘l bilan lug‘atdagi kamchilik va nuqsonlarni mumkin qadar bartaraf etishga harakat qiladi; buning uchun esa Alisher Navoiyning qo‘lyozma va bosma asarlaridan o‘z imkoniyati doirasida bo‘lganlarini sinchiklab mutolaa qiladi; lug‘at muallifining she’riy «Sababi nazmi kitob...»idan kelib chiqib, lug‘atga «Allug‘atun Navoiyya val istishhodotul chig‘atoiyya» (Navoiy so‘zlari va chig‘atoycha daliliy misollar) deb nom qo‘yadi. Xullas, lug‘atga yozilgan 31 betlik so‘zboshida V. V. Velyaminov-Zernov lug‘at ustida olib borgan tadqiqotlarini, lug‘atni nashr etish tamoyillarini, o‘zi o‘rgangan qo‘shimcha materiallarni o‘quvchiga batafsil tushuntirib, lug‘atni «eng yaxshi chig‘atoy adiblari asarlarini o‘ta aniq tushunib olishlari uchun boy materialga ega bo‘lgan lug‘at», deb baholaydi. Ayni XIX asrning ikkinchi yarmida yaratilgan va bevosita «Abushqa»ga, yana boshqa qo‘lyozma lug‘atlarga aloqador bo‘lgan 3 ta lug‘atni eslatib o‘tish joizki, ular ham o‘zbek leksikografiyasi tarixida o‘zining alohida o‘rniga ega. Bularning birinchisi A. Vamberi qalamiga mansub, grammatik ocherklardan iborat chig‘atoy (o‘zbek) tili darsligi bo‘lib, muallif unga xrestomatiya va lug‘at ilova qiladi1. Xrestomatiyada turkiy xalqlar, asosan, o‘zbek xalqi folkloriga oid 30 dan ortiq asar haqida ma’lumot bergan, ulardan parchalar keltirgan, shuningdek, Navoiy, Fuzuliy, Nasimiy, So‘fi Olloyor g‘azallaridan olingan namunalarni va 112 ta o‘zbek maqolini arab va lotin yozuvida keltirib, nemischaga tarjima qilib bergan. Chig‘atoycha (o‘zbekcha)-nemischa lug‘at so‘zligi esa asosan A. Vamberi o‘zi nashr etgan «Abushqa» so‘zligi hamda yuqoridagi xrestomatiya matnlari bo‘yicha tuzilgan bo‘lib, XVI-XIX asrlar o‘zbek tili leksikasini o‘zida aks ettirgan.

Yüklə 24,03 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin