Munozaralarni sahobalar mashvarati va salaf ulamolarining suhbatlariga o‘xshatishdagi adashish bayoni Bilgilki, faqat tortishuv, munozara va jadal bilan mashg‘ul bo‘luvchilar qilmishlarini
oqlash uchun: «Bu munozara bahsdan maqsadimiz haqiqatni odamlarga bildirish.
Albatta, haq izlanadi, ilm yo‘lida qarashlar va fikrlar bilan yordamlashish foydali va
ta’sirlidir. Sahobalarning odatlari shunday bo‘lgan. Ular ham bobo va aka-ukalar
(merosi) masalasida, xamr ichuvchining jazosi, imom xato qilganida, jarima to‘lashning
vojibligi, Hazrati Umardan (r.a.) qo‘rqib, bir ayol bola tashlab qo‘yganida unga xun
to‘lash va faroiz kabi masalalarda mashvarat qilishgan. Shofe’iy, Ahmad, Muhammad ibn
Hasan, Molik, Abu Yusuf va boshqa ulamolarning (Alloh ulardan rozi bo‘lsin)
mashvaratlari ham bizniki kabi mashvarat edi-ku», deb aytishadi. Endi men senga
ularning bahonalari faqatgina salafning odatiga o‘xshashdan o‘zga emas ekanini
tushuntirib beraman.
Haqni izlash uchun o‘zaro yordamlashish dindan ekan, to‘g‘ri da’vo. Lekin uning shartlari
bor, ularni bilish lozim. Bas, mujodala va munozara qilishning sakkizta sharti bor:
1. Munozara bilan shug‘ullanuvchi kimsa farzi kifoyalarga bosh qotirishdan avval farzi aynlarni o‘rniga qo‘ygan bo‘lmog‘i kerak. Agar kim hali farzi aynlarni to‘la bajarmay
turib, farzi kifoya bilan mashg‘ul bo‘lsa va, maqsadim haq, deb da’vo qilsa, so‘zsiz u
kazzobdir. Masalan, o‘zi namozni tark qiladi-da, avratini yopish uchun kiyim topolmagan
kishini kiyintirish maqsadim, deya libos to‘qish va kiyim tayyorlash ila mashg‘ul bo‘ladi.
Ihyou ulumid-din (Din ilmlarini jonlantirish) – Ilm kitobi. Abu Homid al-G’azzoliy
www.ziyouz.com kutubxonasi 69
Gohida chindan ham shunday bo‘lishi mumkin.
Bordi-yu birortasi unga omonatni qaytarish haqida so‘z ochsa, u darhol o‘rnidan turib,
Allohga eng mahbub ibodat – namozga takbir aytadi. Va Rabbiga osiy bo‘ladi. Chunki
shaxsning vaqt, shart va tartiblariga rioya etmasdan qilgan itoati uning haqiqiy itoatkor
ekaniga dalil bo‘lmaydi.
2. Farzi kifoyani munozaradan muhim bilmaslik kerak. Mabodo, farzi kifoyadan
muhimroq narsani ko‘raturib, o‘sha muhimroqdan boshqasi bilan mashg‘ul bo‘lsa, u
holda o‘sha fe’li ila osiy bo‘ladi. Ushbu so‘zimizga misol sifatida quyidagi holatni keltirish
mumkin. Bir to‘p odamlar chanqoqlikdan o‘lim yoqasida turgan paytda, bir kishi ularga
suv berish imkoniyati bo‘laturib, hijomat – qon olish ta’limi bilan mashg‘ul bo‘lmoqda.
O‘zi uchun hijomatni o‘rganish farzi kifoya, shaharda uni biladiganlar bo‘lmasa,
odamlarning barchasi halok bo‘ladi, deb da’vo qiladi. Unga qarata: «Axir shaharda
hijomat qiluvchilar to‘lib yotibdi. Senga odamlarning ehtiyoji yo‘q», desang, u:
«Hijomatchilarning ko‘p bo‘lishi bu fe’lni farzi kifoyalikdan chiqarmaydi», deb
hozirjavoblik qiladi. Chanqoqlikdan ayanchli ahvolga tushib qolgan musulmonlar dardi
bilan shug‘ullanish bir yoqda qolib, hijomat bilan ovora bo‘lib yurganlarni qanchadanqancha
farzi kifoyalar beparvolik tufayli barbod bo‘lgani holda munozara bilan mashg‘ul
bo‘layotganlarga o‘xshatish mumkin. Fatvo bilan ko‘plab odamlar shug‘ullanmoqda,
vaholanki, ado etilmayotgan farzi kifoyalar bir talay. Fuqaholar unga e’tibor ham
qaratmaydi. Masalan, tabobat. Haqiqatdan ham, ko‘plab shaharlarda shahodatiga
ishonsa bo‘ladigan musulmon tabiblar topilmaydi, faqihlar tabobat bilan shug‘ullanishga
hech kimni targ‘ib qilishmaydi. Amri ma’ruf va nahiy munkar ham unutilgan farzi
kifoyalardandir. Ba’zida munozara qiluvchi majlisda ipakdan qilingan ko‘rpa-yostiqlar
ustida, ipak erkaklar uchun man’ qilinganini bilaturib, voqe’likdan uzoq masalalar haqida
munozara qilaveradi. O‘sha munozara qilinayotgan voqea sodir bo‘lsa, ayrim faqihlar
tomonidan yechimini topishi aniq. Lekin munozara qiluvchi o‘sha farzi kifoyalar bilan
Allohga qurbat hosil qilishni bahona etadi.
Anas (r.a.) qilgan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambardan (sollallohu alayhi vasallam):
«Qachon amri ma’ruf va nahiy munkar tark bo‘ladi, ey Allohning Rasuli?» deb
so‘rashganda, Sarvari koinot: «Qachon yaxshilaringiz orasida tilyog‘lamachilik,
yomonlaringiz orasida fohishalik, yoshlaringiz orasida mulk, razillaringiz orasida fiqh
paydo bo‘lib qolsa»,114 deb javob berganlar.
114. Ibn moja hasan isnod bilan rivoyat qilgan. Albaniy zaif degan.
3. Munozara qiluvchi o‘z rayi bilan fatvo beruvchi mujtahid bo‘lmog‘i lozim. Shofe’iy va
Abu Hanifaning yoki biror mazhabning fikri bilan chegaralanib qolmasligi kerak, bordi-yu
haq Abu Hanifa mazhabida topilsa, u holda Shofe’iyning so‘zini tark etmog‘i, umuman
olganda, sahobalar (r.a.) va mujtahid imomlar kabi o‘z rayi bilan ijtihod qilmog‘i lozim.
Ammo kim ijtihod qilish darajasiga yetishmagan bo‘lsa, o‘zidan so‘ralgan masala haqida
sohibi mazhabdan naql qilib, fatvo beraveradi. Bordi-yu o‘sha mazhabning zaifligi
ma’lum bo‘lsa ham, uni tark etishi joiz emas. Bas, shunday ekan, u nima uchun
munozara qiladi? Vaholanki, mazhabi ma’lum, boshqa mazhab ila fatvo berish mumkin
bo‘lmasa, munozaradan na foyda?! Aniq bir fikrga kelolmay turgan vaqtida ham: «Sohibi
mazhabimizning ushbu masalaga javobi bo‘lishi mumkin, men shariat asoslarida
Ihyou ulumid-din (Din ilmlarini jonlantirish) – Ilm kitobi. Abu Homid al-G’azzoliy