Muammoli tavsifdagi suhbat. Mazkur suhbat turi tarbiyalanuvchilar bilan tahliliy-izlanishli tarzda amalga oshiriladi. Savol-javobni tashkil etishda quyidagi shart-sharoitlarni hisobga olish zarur:
1) savollar o’quvchilarning dunyoqarashiga, ega bo'lgan ma'lumotlariga asoslanishi;
2) savollar o'qib eshittirilgan ma'lumotlarni qayta ishlab chiqish bilan cheklanuvchi javoblarni talab etmasligi;
3) savollar mazmunining o'zaro bir-biri bilan bog'liqligiga e'tibor qaratish.
Bunda oila va ta'lim muassasasi bilan bog'liq real hayotiy vaziyatlar, ularning yechimlari, xususiyatlari bilan bog'liqlikda qator muammoli tavsifdagi suhbatlarni amalga oshirish mumkin.
Motivatsion-diagnostik bosqichda keng foydalanishni talab etuvchi metodlardan yana biri bu – munozaradir. Munozara – bahslashuvni talab etuvchi biror masalani erkin muhokama qilish. Ta'lim-tarbiya jarayonida bahs-munozarali o'quv mashg'ulotlarini tashkil etishdan avval o’quvchilarga quyidagi ko'rsatmalarni eslatib o'tish zarur:
muammoni muhokama qilishda shay va tayyor bo‘l. Muammo nimaga qaratilganligi, uning mohiyatini anglab olgin;
so'zlayotgan kishining fikrini chalg'itma, ma'qul deb topmagan o'rinlarini belgilab bor, so'ngra so'zga chiqish uchun ruxsat so'ra;
g'oyalarni tanqid qil, biroq so'zga chiqqan kishini emas. Shaxsiyat bilan bog'liq jumlalarni ishlatma;
munozara ishtirokchilari qabul qilgan qarorlarni hisobga ol, boshqalarning fikrlarini qadrla;
istalgan yo'l bilan qurollangan holda bahsga g'alabaga erishishga harakat qilma;
albatta oraliq va yakuniy xulosalarga kelish lozim.
Fikrlar hujumi –mazkur metod qo’yilgan muammo, masala, savolga nisbatan barcha o'quvchilarning o'z fikrini bildirishini va misollar keltirishini ta'minlaydi hamda o'z nuqtai nazaridan yondashishga yo'naltiradi, guruhdoshlari tomonidan bildirilgan fikrlar bilan o'zining fikrini solishtiradi, taqqoslaydi va xulosaga keladi.
O'z-o'zini baholash – shaxsning o'z psixologik sifatlari, xulqi, yutuqlari va muvaffaqiyatsizliklari, qadr-qimmati, kamchiliklarini baholay olishi. Bunda har bir o'quvchidan o'z shaxsining rivojlanishida ta'sir ko'rsatgan ijobiy va salbiy omillarni tahlil qilishi va taqqoslashi so'raladi.
Texnologiyaning axborotli-kognitiv bosqichi asosida hamkorlikda faoliyatni tashkil etish qoidalari, shaxslararo munosabatlarga kirisha olish ko’nikmalarini hosil qilish, voqea-hodisalarni tanqidiy baholay olish qobiliyatini rivojlantirish, voqelikni rivojlanib borishining ehtimoliy variantlarini bashorat qilish va shu asosda mustaqil qaror qabul qila olish kabilar yotadi.
Faoliyat real pedagogik vaziyatlarni yaratish jarayonida tashkil qilinadi hamda motivatsion va mazmunli bosqich imkoniyatlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Mazkur bosqichda mashq, namoyish etish, mushohadali tajriba, pedagogik ta'sir ko'rsatish usullari, reproduktiv obrazli suhbat, trening, musobaqa, rag‘batlantirish, loyiha, o‘yinli vaziyat, matn ustida ishlash, hamkorlikda ishlash, pedagogning suggestiv faoliyati kabi metod va usullaridan foydalanish mumkin.