Qayu shoh bu sifatga muttasif yo‘q,
Eshitgay to qiyomat ta’n ila zam,-
deydi. Darhaqiqat, qaysi shoh odillik sifati bilan sifatlanmagan bo‘lsa, u qiyomatga qadar ta’nayu dashnomga qoladi. Umuman shunday. Lekin, bu Aleksandr III ga qarata aytilayapti. Ustiga-ustak bu marsiya Sharq she’riyatining poetik usullaridan ancha-muncha xabardor bo‘lgan N.Ostroumovning farmoyishiga ko‘ra, uning gazetasi uchun yozilgan. Mana shunday bir holatda Kamiyning o‘ris podshosining zolimligiyu, uning adolatsizligini bundanda oshkorroq suratda aytishi mushkul edi.
Kamiyning yuqorida to‘xtalganimiz bir podshoh haqidagi ikki she’ri qay vaziyatda va qay uslubda yozilishidan qat’i nazar Turkiston xalqi ustiga yog‘dirgan zulmu bedodliklarini oshkor etadi.
Kamiy ijtimoiy she’riyatining bir qismi zamona va ahli zamonadan shikoyat tarzida yozilgan. Shoirning «Muqarrar har kiming bo‘lsa kamoli», «Al-amon...», «Yo rab, zamona xalqi...», «Yaxshi», «Ey sabo, kel...», «Bir mayxo‘r yigit xususida» kabi she’rlari mana shunday asarlar sirasiga kiradi. 10-yillarga kelib Kamiyning bunday xarakterdagi she’rlari milliy-ma’rifiy ruh bilan uyg‘unlashib, shoir ijodida millatparvarlik she’riyatining yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Uning «Ahvoli zamona» she’ri shular jumlasidan:
Ming asaf, bir ajib zamon o‘ldi,
Yaxshi kim ersa, ul yamon o‘ldi.
Ba’zi el tolibi zanon o‘ldi,
Ba’zisi moyili javon o‘ldi.
Dilki, millat g‘amidin qon o‘ldi,
Dardu hasrat nasibi jon o‘ldi.
1916 yili ocharchilik boshlandi. Bu haqda Zavqiy «Payambar bo‘lsa non, osh avliyodur», — degan edi. Kamiy bu davrdagi xalqning ahvolini shunday tasvirlaydi:
Ochlik suubatu alami cho‘q yamon erur,
Bir luqma hasratida yuz ohu fig‘on erur,
Bir non alarning nazdida go‘yoki jon erur...
Darhaqiqat, 1916-1919 yillar yomon keldi. Ochlik va kasallikdan xalq qirila boshladi. «Biz hozir shunday vaqtga yetib keldikki, — deb yozgan edi o‘sha yillari Turor Risqulov, — har kuni o‘n minglab kishilar qirilib ketmoqda va shunday payt kelishi mumkinki, butun bir millat yo‘q bo‘lib ketadi». Bunday ochlik dahshati Kamiy qalbini larzaga soldi. U zamona boylariga murojaat qilib, xalqqa madad berishga chaqirdi.
Alg‘ov-dalg‘ovli 17 yil ham kirib keldi. Shu yilning 17 fevralida chor hukumati ag‘darildi. Ikkinchi martda Muvaqqat hukumat tuzildi. Turkiston ziyolilari bu inqilobni xursandchilik bilan kutib oldilar. Vaktli hukumat bizga hurriyat beradi, deb qat’iy umid qildilar. Shulardan biri Kamiy edi. U «Najot» gazetasida inqilobni olqishlab, shunday satrlarni yozdi:
Tulu’ aylab bu kun bo‘rk Sharqdin oftoboso,
Munavvar ayladi olam, bo‘lay qurboni hurriyat.
Tashakkurlar qilib tabrik aylang, ey musulmonlar,
Nashast etti adolat taxtiga xoqoni hurriyat...
Biroq yuz bergan Oktyabr voqealari va uning oqibatlari shoirni qattiq tushkunlikka soldi. Buning misoli sifatida uning «Shikoyatnomai Kamiy az inqilobi zamona va ahli za-mona» she’rini keltirish mumkin. Shoir saboga murojaat etib, shunday yozadi:
Yetti de: ham zamon, zamon ahlidin
Anga ko‘b ranju zulm birla malol.
Chunki bu ishi zamona, ham xalqi
Munqalib, inqilobi hol-behol.
Inqilobi zamona ermasmu,
Qildi oliyni pastlar poymol.
Yo xaloyiq yo‘qotti maslahatin,
Bo‘ldi mundog‘ buzuq hama aqvol.
Narkushu modaparvar o‘lmish xalq,
Bu nechuk shug‘lu bu nechuk af’ol?!
Fevral inqilobidan keyin yerli ziyolilar Turkistonning istiqloli uchun harakatda bo‘ldilar. Matbuot orqali o‘z fikrlarini xalqqa yetkazdilar va shu maslaku maslahat atrofida birika boshladilar. Shoirning «Yo xaloyiq yo‘qotti maslahatin» misrasi mana shunga ishora qiladi. Ularning sa’y-harakati va fidoyiligi bois 1917 yilning yigirma beshinchi noyabrida Qo‘qonda Turkistonning mustaqilligi haqida rezolyudiya qabul qilindi. 28 noyabrda bo‘lajak davlat tuzilmasining nomi «Turkiston muxtoriyati» deb belgilandi. Lekin, afsuski, bu muxtoriyat 81 kun umr ko‘rdi, xolos. Chor hukumati yiqitilgan bo‘lsa-da, endi bolsheviklik niqobini kiygan rus shovinizmi yerli xalqlarning mustaqilligiga tishtirnog‘i bilan qarshi turdi. Turkiston muxtoriyatining markazi xisoblangan Qo‘qon 19 fevral kuni ular tomonidan vayronaga aylantirildi. Turkiston O’lka harbiy komissari Perfilev barcha zambaraklardan Qo‘qon aholisi ustiga o‘t ochishni, bu ham yetmagandek, yondiruvchi snaryadlardan foydalanishni buyurdi. Shahar uch kun yong‘in ichida qoldi, yerli aholidan o‘n ming kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Kamiy «Xo‘qand foje’asina» bag‘ishlangan «Afsusnoma» she’rida shunday yozadi:
Voy, yuz voyki, Farg‘ona xarob o‘ldi, darig‘,
Zulm o‘qi birla bu kun gardi turob o‘ldi, darig‘,
Bu musibatdin ulus chashmi purob o‘ldi, darig‘,
Ham bari katta-kichik bag‘ri kabob o‘ldi, darig‘,
Shahri obod erdi, chun dashti sarob o‘ldi, darig‘.
She’rning ilk bandidanoq misralar taassufu dard ila yozilganini payqash qiyin emas. Kamiy bir o‘rinda Farg‘ona xalqi «Sulh debon necha zamon rus elig‘a ko‘z tutti», - deydi. Lekin, ming afsuski, mazlum xalqning yana addanishi ma’lum bo‘ldi. Sulh o‘rniga ular ustiga qahru g‘azab yog‘ildi. Kamiy nadomat bilan buni «Bolshiviklardin alar uzra itob o‘ldi, darig‘» shaklida ifodalaydi. Shahar vayron qilindi, xalq qirib tashlandi, nomusi poymol etildi. Biroq, shunda ham bolsheviklarning ko‘ngli taskin topmaydi. Mazlumlar mol-mulkini talon-toroj qiladilar. Otning o‘limi itningbayramiga aylanadi. Ularning bu qiyofasi shoirning «Bolsheviklarning zulmimu, fe’li badi, Zaru am-vollarin qo‘ymadi, mundog‘ taladi, Bo‘lmayin qolmadi toroj gilemu namadi» misralarida yanada ravshanroq namoyon bo‘ladi.
Xullas, Kamiy ijtimoiy mavzudagi she’rlarida mumtoz she’riyatning qay bir usulidan foydalanmasin, mustamlakachi podshohning, istibdod tuzumining zulmu bedodliklarini fosh etdi. Hurriyatni baralla olqishladi. Milliy davlatchiligimizga rahna solganlardan o‘z qahru g‘azabini yashira olmadi. Bularning barchasi shoirning istiqlolni naqadar orziqib kutib yashaganligidan dalolat beradi.
Dostları ilə paylaş: |