Ishoqxon ibrat ijodi. Toshkent adabiy maktabi. Fazlulloh almaiy. Karimbek kamiy ijodi



Yüklə 32,92 Kb.
səhifə5/7
tarix19.04.2022
ölçüsü32,92 Kb.
#115370
1   2   3   4   5   6   7
ozbek adab tarixi amaliy 3 (1)

Ma’rifatparvarligi

Kamiyning ma’rifatparvarlik she’riyati gimnaziyani tanishtiruvchi she’rlari bilan boshlandi. Bu jihatdan u Furqat maktabining davomchisiga aylangan edi. Lekin, shoir ijodida keyinchalik uslubiy o‘zgarishlar yuz berdi. U, asosan, milliy madrasalarimizning tolibi ilmlarini ilmga chaqiruvchi da’vatkorona ruh oldi. Kamiyning «Dar ta’rifi tavsifi ilm...», «Ayo, ey, mulla Foziljon qori», «Har makonda bo‘lsang, ey xonim, farog‘at birla bo‘l» she’rlari mana shular jumlasidandir. Shoir mazkur she’rlarida ilmni tar-g‘ib qilar ekan, unga ikki dunyo saodatining kaliti deb qaradi:



Obro‘yi dinu dunyo ilmdur, beshakku rayb,
Kasbi ilm et, ikki dunyoda saodat birla bo‘l.

Kamiy nazarida insonni e’tiborli qiladigan ham, uni bax-tu iqbolga, molu davlatga yetishtiradigan ham ilm. Uningcha in-son molu dunyo, naslu nasabiga qarab emas, aynan ilmu odobiga qarab aziz va sharafli sanaladi:



Azizlik sonmangiz molu nasabdur,
Sharaf hosil etan ilmu adabdur.

Shoir «Dar ta’rifu tavsifi ilm» she’rini «Toliboni ilma dasturul-amal» deb atagan edi.
Darhaqiqat, Kamiyning bu davr ma’rifatparvarlik she’riyati ilm toliblari uchun o‘ziga xos dastur xarakteriga ega. Masalan, shoir millat farzandlarini ilmga da’vat qilarkan, shuning barobarida fazlga, adabga, hayoga ham chaqiradi. Bir ilm tolibini vasf etganda, uning nafaqat ilmini, balki fazlini ham ibrat qilib ko‘rsatadi («Fazlu donish ichra yaktoi zamon Abdulg‘ani»). Agar ulardan birini duo qiladigan bo‘lsa:

Kamolu fazlu ilmingni ziyoda,
Bazudi aylasun Xalloqi Boriy, -

deya Yaratgandan unga ilmgina emas, fazlu kamol ham so‘raydi. Shoir nazarida maktab ilm bilan birgalikda «hayovu adab»ning ham koni. U fayz chashmasi, fazl maskani... Bir so‘z bilan aytganda «favki har shay», ya’ni, har narsadan ustun:



Maktabki, koni ilmu hayovu adab erur,
Maktabki, fayz chashmasiyu fazli Rab erur.
Maktabki, obro‘yu kamola sabab erur,
Maktabki, favqi har shayyu kulli nasab erur.

Shuningdek, Kamiy ma’rifatparvarlik she’riyati ilm toliblariga ilmni xolislik va pok niyat bilan o‘rganishni tavsiya qiladi:



Bo‘lib pokizavu ham pok niyat,
Hamisha jahd qilg‘il ilm sari.

Albatta, shoir ilmga da’vat qilarkan, amalni ham yoddan chi-qarmadi. U talabalarga qarata: Boamal bo‘l, boadab bo‘l, behiyal,— deya ta’lim berdi. Zero, amalsiz ilm insonni ziyonu zahmatlarga olib borishi tayin.
Kamiyning ma’rifiy qarashlari bo‘yicha ilm o‘rganish erkaklar singari ayollarga ham shart. Hatto bu Ollohning farzi ekanligini shoir alohida ta’kidlaydi. Bu haqdagi mashhur hadisga ishora qiladi:

Mardu zang‘a ilm farz o‘lg‘onlig‘i,
Barchaga mashhur bu shirin masal.

10-yillarga kelib Kamiy ma’rifatparvarligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Endi uning da’vati ilm toliblariga emas, millatga qaratildi. Uni milliy uyg‘onishga, taraqqiyotga chorladi, kamchiliklaridan, nuqsonlaridan so‘z ochdi:

Qilmag‘ay ilm sari kimsa nazar,
Xalq behuda kasba mayl aylar.
Qolmadi hech qadri ilmu hunar,
Ko‘rdi beilm qavm necha zarar.
Dilki, millat g‘amidin qon o‘ldi,
Doimo sudimiz ziyon o‘ldi.

Nainki birgina foydaning ziyonga aylanishi, balki millatning yo‘ldan ozganligi, balolar girdobida bir xas singari qolib ketganligi, hatto birovlarga qaram bo‘lib, butun mol-mulki qo‘ldan ketganligi ham, shoir nazdida, ilmsizlik oqibati edi:



Ilmsizlik chiqordi tuz yo‘ldin,
Oldi qoplab balo o‘ngu so‘ldin,
Bizda na qoldi sarvatu puldin,
Ketdi mol ila mulkimiz qo‘ldin
G’arbiylar, ya’ni O’vrupolarg‘a.

Davr shiddatkor hodisalarga boy edi. Fevral voqealari yuz berdi. Chor hukumati ag‘darildi. Millat boshidan «jahannamiy zulumot» chekindi, «subhi najot» tobora yaqinroq ko‘rina boshladi. Mana shunday bir vaziyatda ham Kamiy ma’rifatga sodiq qoldi.

Millat uchun, Vatan uchun najotni ilmda ko‘rdi, maorifda deb bildi:

Najot istasang ilmu maorifa yopish,
Hamisha ilmni tahsil ayla-yozu qish -

Senga ulumu maorif kerak, na zar, na kumush,


Bu so‘zni tingla, pandi tamomi mazhabi kish.

Chekildi ufqi Vatandin jahannamiy zulumot,


Uyon Vatan, uyon, ortiq ko‘rindi subhi najot.

Kamiy hayotining so‘nggi yillariga qadar ma’rifatga chorlovchi she’rlar yozdi, maktab-maorif ishlariga faol qatnashdi. Hatto kutubxonalar tashkil qilish va maktablar ochishda zo‘r faoliyat ko‘rsatganligi haqida ma’lumotlar bor.


Yüklə 32,92 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin