Reja 1.Avtomatlashtirilgan ish joyi tushunchasi.
2.Rahbarning avtomatlashtirilgan ish joyi.
3.Mutaxassisning avtomatlashtirilgan ish joyi.
Tayanch so’zlar: Avtomatlashtirilgan ish joyining vazifasi, Avtomatlashtirilgan ish joyining texnologik tizimchalari, Avtomatlashtirilgan ish joyining turlari, Avtomatlashtirilgan ish joyini yaratishga qo’yiladigan talablar,Rahbarning avtomatlashtirilgan ish joyining tashkil qilinishi, Mutaxassisning avtomatlashtirilgan ish joyiga qo’yiladigan talablar, Yordamchi (texnik) xodimlar avtomatlashtirilgan ish joyining tuzilishi va vazifasi, Avtomatlashtirilgan axborot tizimining tashkil etuvchilari, Avtomatlashtirilganlik darajasiga ko‘ra axborot tizimlari turlari, Avtomatlashtirilgan ish joyining tashkiliy-texnik va qo‘shimcha vositalari, Avtomatlashtirilgan ish joyi, Rahbarning avtomatlashtirilgan ish joyi, Mutaxassisning avtomatlashtirilgan ish joyi,Yordamchi (texnik) xodimlar avtomatlashtirilgan ish joyi, Avtomatlashtirilgan axborot tizimi, Elektron taqvim, Arxiv, Kartoteka, Avtomatlashtirilgan ish joyida egiluvchanlik, Avtomatlashtirilgan ish joyida samaradorlik, Avtomatlashtirilgan ish joyida do‘stonalik, Hisoblash tizimi,,
1.Avtomatlashtirilgan ish joyi tushunchasi. Ish joylarini kompyuterlashtirish —avtomatlashtirilgan ish joylari (AIJ) yaratishning asosi. AIJ tushunchasi. AIJga qo‘yiladigan talablar. AIJning asosiy turlari Ish joylarini kompyuterlashtirish deganda, nafaqat uning texnik ta’minoti, balki ish joylarini kompleks avtomatlashtirish uchun lozim bo‘lgan barcha texnologik ta’minot ko‘zda tutiladi. Shu bois, dastavval, AIJ tushunchasiga batafsil to‘xtalamiz. Iqtisodiyotda AIJ tushunchasiga to‘xtalishdan oldin, ularning asosiy turlarini yaratish va tashkil qilish prinsiplarining umumiy tasavvuriga ega bo‘lish kerak. AIJ deganda, rahbar, mutaxassis yoki xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning vazifasini almashtirish emas, balki ularning faoliyatiga yordam berish, ya’ni ularga qulay ish sharoiti yaratish tushuniladi. Hozirgi davrda barcha AIJ asosida beshta texnologik tizimcha ta’minoti mavjud:
—ish faoliyatini ta’minlovchi;
—kasbiy faoliyatni ta’minlovchi;
—qarorlar qabul qilish;
—qo‘lda bajariladigan ishlar;
—kommunikatsiya.
Bu tizimchalarning (jumladan, AIJning) axborot ta’minoti quyidagicha:
—tezkor faoliyat ish to‘plami;
—elektron taqvim;
—elektron haftalik;
—elektron yozuv daftarchasi;
—shaxsiy arxiv;
—topshiriqlar kartotekasi;
—turli axborot—ma’lumotnomali tizimlar, tahliliy kartotekalar, ekran grafikasi vositalaridan iborat axborotlarni izlash va tahlil qilish vositalari;
—iqtisodiy-matematik modellar, elektron jadvallar, qarorlar qabul qilish modellaridan iborat boshqaruv va iqtisodiy jarayonlarni modellashtirish vositalari;
—bilimlar bazasidan iborat ekspert tizimlari;
—turli mantiqiy-hisoblash masalalarini yechish vositasi;
—matnli va rasmiy axborotlarni qayta ishlash vositasi.
Barcha axborot ta’minotini bir joyga to‘plash qimmat va maqsadga muvofiq emas. Shuning uchun ma’lum bir AIJ funksional yo‘naltiriladi. Shuni ta’kidlash kerakki, AIJ ochiq arxitekturalidir. U ma’lum bir foydalanuvchi va foydalanuvchilar guruhiga moslashtiriladi. AIJni yaratish professional dasturchilarsiz foydalanuvchiga qo‘yilgan masalani muvaffaqiyatli bajarish imkonini beradi. Barcha dasturiy ta’minotlar AIJ samarali ishlashini ta’minlashi lozim. Shuning uchun bu standartdagi amaliy dasturlar to‘plami, servis tizimlari, axborotlarni himoyalash va tashuvchilar bilan muomala qilish qoidalari, shuningdek, AIJ imkoniyatlarini kengaytirishi va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ma’lumotnomali axborotlardan iborat bo‘lmog‘i kerak. Shu sababli barcha AIJ asosida axborotlarni ekranda qayta ishlash tizimi yotadi. AIJni yaratishda quyidagi talablarga amal qilinadi: «do‘stonalik», «egiluvchanlik», «samaradorlik». «Do‘stonalik» deganda, foydalanuvchini muloqot tartibida qulay va oson ishlashi tushuniladi. Bunda tizimga maksimal kirish imkoniyati yaratiladi. Hech qanday muammolarsiz turli sharoitlardan oson chiqib ketish yo‘llarini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar bilan to‘ldirilishi lozim. Hujjatlar odatdagi ko‘rinishda, ular bilan ishlash murakkab bo‘lmasligi kerak. «Egiluvchanlik» deganda, yangi xarakteristikalar, belgilar kiritish yoki o‘zgartirish imkoniyati nazarda tutiladi. Masalan, ekran rangini yoki hujjat ko‘rinishini o‘zgartirish. «Samaradorlik» deganda, muomala qilingandan boshlab yakuniy natijani olish uchun ketgan vaqt tushuniladi. Bu uch ko‘rsatkich AIJda quyidagi uch asosiy funksiyani amalga oshirishni ta’minlaydi:
—matnlarni ekranda qayta ishlash;
—shakllarni ekranda qayta ishlash;
—ish grafikasini ekranda qayta ishlash.
Foydalanuvchilar va ular yechadigan masalalar mazmuniga mos axborotlar bilan ta’minlashni AIJning axborot ta’minoti amalga oshiradi. Tashkiliy boshqaruvda foydalanuvchilar shartli ravishda uch kategoriyaga qarab quyidagilarga ajratiladi: rahbarlar, mutaxassislar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar. Turli kategoriya foydalanuvchilari uchun yaratiladigan AIJda ma’lumotlardan foydalanish turlicha. Misol uchun, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar, odatda, tashkilotning ichki ma’lumotlari bilan ishlaydi, takrorlanuvchi masalalarni yechadi, tuzilmalashtirilgan ma’lumotlardan foydalanadi. Rahbarlar boshqaruv va qarorlar qabul qilish maqsadida ham ichki, ham tashqi ma’lumotlardan foydalanadi. AIJni tatbiq qilish foydalanuvchining odatdagi ish jarayonini buzishi mumkin emas. AIJ mutaxassisni ish joyida kompyuter yordamida reglament- lashtiruvchi hujjatlar majmuasi bilan ishlashini ta’minlaydi. Zamonaviy hududiy boshqaruv organlarining Avtomatlashtirilgan axborot tizimi (AAT) kamida uch darajada dasturiy va texnik vositalar hamda har bir darajaning qo‘shimcha vositalari bilan faoliyat yuritishi kerak (1.1-rasm).
1.1-rasm. Hududiy boshqaruv organlarining AAT dasturiy-texnik vositalarini ko‘p darajali tashkil qilishning prinsipial sxemasi.