Allalar faqat kuylanadi. Ularni shunchaki aytish yo deklomaciya qilish mumkin emas. Monoton ohang o’zbek allalari uchun mushtarak xususiyatdir. Biroq monoton ohang onaning ijro paytidagi holati va kayfiyati bilan chuqur bog’liq. Ona kayfiyati chog’ kezlarda allaning monoton ohangida xush yoquvchi mayin yumshoqlik mayli sezilib tursa, xafaligida, iztirob chekayotganida mayus tortuvchi hazinlikka moyil bo’ladi. Birinchi holatda bolaning serzavq va jo’shqin bo’lib o’sishiga ma’naviy zamin hozirlansa, ikkinchi holatda bolaning ruhan mayuslashuviga asos solinadiki, bu u ulg’ayganda bola savqi tabiiysida o’z asoratini, albatta, qoldiradi. Binobarin, ona qanday kayfiyatda bo’lishidan qat’iy nazar bolasiga xush yoquvchi allarni kuylashga intilgani ma’qul.
Odatda, allalar kuyi bilangina bolaga orom bag’ishlaydi, uni elitadi. Bola uchun uning so’zi emas, balki kuyi muhim. Chunki u hali so’zni anglamaydi. Alladagi so’zlar ona uchun muhim: ular ona qalbining nidolari. Allalarning bir maromdagi tebranishga mos mayin ohangi bola ma’naviy ehtiyojining dastlabki qondirgichi sifatida xizmat eta boshlaydi. Zero, tadqiqot va kuzatishlarning tasdiqlashicha, chaqaloq tug’ilgach, uchinchi kundan e’tiboran kuy va ovozni idrok eta boshlaydi. Birinchi oydaligidayoq musiqiy idrokini – ritm va ohangni idrok eta olishini namoyon eta boradi, lekin unga u qadar murakkab bo’lmagan tovushlarning o’zaro almashishi ohangi va ritmikasigina o’ngg’ay hisoblanadi.
Shunisi muhimki, allalarning kompozicion yaxlitligi ular monoton ohangining turli xildagi harakatlarga jo’rligi zaminida kechadi. Chunki allalar har qanday holatda ham jismoniy, ham ruhiy faoliyat bilan uzviy bog’liqdir. Jismoniy harakat (beshik va belanchakning bir maromda tebranishi, bola elkasining bir maromda mayin qoqilib turilishi, boshi, quloqlari orqasining uqalanishi va h.k.) bolaning muttasil o’sishini, a’zolarining fiziologik chiniqishini rag’batlantiruvchi muhim vosita bo’lsa, allalarning mayin kuyi esa shu jismoniy rivojlanishini ma’naviy ulg’ayishga ulaydi, bola ruhiy olamini harakatga solishga xizmat qiladi. Binobarin, so’z ohang va harakat birligi, aniqrog’i, shu uzvlarning o’zaro mantiqiy aloqadorligi tufayli allalarning kompozicion butunligi yuzaga keladi.
Allalarda to’rtlik band tuzilishi etakchi bo’lsa-da, uchlik, beshlik, oltilik, ettilik va sakkizlik tarzida bir butun tugallangan allalar ham, shuningdek, shu xildagi band asosida to’qilgan namunalar ham ancha.Jumladan, Qashqadaryo, Surxondaryo vohalaridagi allalarning aksariyati, asosan, to’rtliklar, beshliklar va sakkizliklar shaklida bo’lsa, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Toshkent va Farg’ona vodiysida hajman bir necha to’rtlik yo beshlikdan iborat voqeaband yo lirik allalar salmog’i baland. Bunday strofik xilma-xillik onalarning alla kuylayotgan vaziyatdagi kayfiyatining natijasi bo’lib, allada kuylanishi kutilgan g’oyaviy niyatning salmog’iga, ko’tarinkiligiga, yo’nalishiga bog’liq. O’zbek allalarida shunday bir ichki mantiq borki, u qaysidir bir ishorada harakat, ohang va mazmun birligini ta’minlab turadi.
Onalar o’zlari xush yoki noxushliklaridan qat’iy nazar farzandlariga hamisha mehribonlik bilan kuylaydilar: farzandlarini erkalata turib uyqu chaqirganlarida eng nafis ranglarni tanlashga, shu ranglarni g’oyat nazokat bilan ishlatishga e’tibor beradilar. Bolalari tabiatini toblantirishda doimo tiniqlik va quvnoqlikka aloqador tuyg’ularni teran ifodalashga xizmat qiluvchi poetik obrazlarga, sifatlash va o’xshatishlarga murojaat qiladilar, shu maqsadda qo’zichoq, qo’chqor, olqor, toychoq, saman, toyloq, bo’taloq, kiyik(ohu), quralay, serka, bulbul, to’ti, lochin, tog’, shahm, chirog’, qizil gulobrazlarida farzandlari qiyofasi va taqdiriga xos fazilatlarni umumlashtirib e’zozlaydilar:
Bulbul qushning bolasi,
Alla, qo’zim-o, alla.
Daraxtda bo’lar uyasi,
Alla, bolam-o, alla.
Daraxt boshini sel olsa,
Alla, qo’zim-o, alla.
Shaydolar bo’lar onasi,
Alla, bolam-o, alla.
O’zbek allalarini kompozicioln tarkibiga ko’ra ikki turga bo’lish mumkin:
1.VOQEABAND (SYUJETLI) ALLALAR. Bularni allachilikning eng takomillashgan namunalari sanash joiz. Bunday allalar yagona, yaxlit syujet (voqea)ga ega, barcha bandlardagi poetik muddao bir silsilada markazlashgan hayotiy voqealarning epizodlari uyg’otgan kayfiyatlar tasviridan iborat bo’ladi. Ularda kompoziciya puxta: ekspoziciya, tugun, kulminaciya va echim singari uzvlar mavjud:
Bulbul sayrar yozina, alla-yo alla,
Qulluq qush ovozina, alla-yo alla.
Manim bulbul shu o’g’lim, alla-yo alla,
Quloq qoysin ovozima, alla-yo alla.
Bulbul kichkina qushdir, alla-yo alla,
Sahar ovozi xushdir, alla-yo alla.
Bermang bulbula ozor, alla-yo alla,
Bulbul beozor qushdir, alla-yo alla.
Bulbul sayrar chamanda, alla-yo alla,
Shu bag’ri keng vatanda, alla-yo alla.
Uni aslo cho’chitmang, alla-yo alla,
Sayrasin shu chamanda, alla-yo alla.
Bulbul uchar qo’limdan, alla-yo alla,
Har kim qo’rqar o’limdan, alla-yo alla.
Shu bulbulim sayrasa, alla-yo alla,
O’lim qochar yo’limdan, alla-yo alla.
Allada ekspoziciya-bulbulning yozda sayragan va maftunkorligining har qanday minnadorlikka sazovorligi bo’lsa, tugun-bulbul obrazidagi o’g’ilning kelajakdagi taqdiri, aniqrog’i, kim bo’lishi. Kulminaciya esa-shu bulbul-o’g’il taqdirining o’limga ro’para kelmasligi niyatidan tug’ilgan tuyg’ular qarama-qarshiligida ko’rinadi. Nihoyat, shu o’g’il-bulbulning xushxon sayrab qolishi-o’limni qochirishidan iborat taskin tugunning optimistik echimi hisoblanadi.
Voqeabandlik xususiyatini nafaqat lirik, balki yumoristik hamda yig’i va yo’qlov xarakteridagi allalarda, shuningdek, badihaviy allalarda ham kuzatish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |