Virtual ta’qib. - Muloqotning bu kabi shakllari yaxshi, albatta. Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham borki, unga chuqurroq nazar tashlash lozim. Alohida e’tibor talab etadigan jihat - internet orqali ta’qib deb nomlanadi. Bugungi kunda virtual ta’qib nihoyatda ommalashib bormoqda. O`tkazilgan tadqiqotlar natijalaridan ma’lum bo`ldiki, hozirda maktab yoshidagi bolalar internetdan tobora erta foydalanishga kirishmoqda. Masalan, boshlang’ich sinf o`quvchilari bemalol maktab yon-atrofidagi kafe yoki klubga kirib, internetdan foydalanishi mumkin. Shu bois ular uyda ham internetga ulanish imkoni bo`lishini xohlashi tabiiy. Lekin, mutaxassislarning fikricha, yoshi o`nga yetmagan bola odatda mustaqil ravishda internetdan foydalanish uchun zarur bo`lgan tanqidiy fikrlash va shu asosda ma’lumotlarni farqlash, ularni ajrata bilish, boshqacha aytganda, «filtrlash» qobiliyatiga ega emas. Shu sababli internetdan yolg’iz qolganda ham foydalanish ehtimoli bo`lgan bolani qattiq nazorat ostiga olish kerak, unga o`zi haqidagi shaxsiy ma’lumotlarni internet orqali tanishgan odamlarga aytmaslikni o`rgatish zarur.
Grifing - So`nggi paytlarda internet orqali ta’qib etish yoki ilmiy tilda aytadigan bo`lsak, grifingholatlari ko`p kuzatilmoqda. Bu kabi tarmoq bezoriligining eng birinchi qurbonlari aynan yoshlar qatlami, xususan, o`smirlar hisoblanadi. Bir qarashda beozor tuyulgan chat xonalar yoki maxsus muloqot dasturlari orqali kechadigan suhbatlar tafakkuri endi shakllanayotgan bolalarni ba’zan jinoyatgacha yetaklab borayotgani hayotiy haqiqat. Grifing bilan shug’ullanadiganlar yoki grifyorlar zamonaviy yoshlarning qiziqishlaridan juda yaxshi xabardor bo`lib, onlayn konferentsiya, forum xonalarida istalgan mavzuda suhbat yuritishi, o`zlarini ularning muammolarini tushunadigan odamlar sifatida ko`rsatishi mumkin, buning ustiga veb tarmoqda anonimlikni saqlash xususiyati qisqa fursat ichida ishonchga kirib olishga imkon yaratadi. Grifing bilan kurashishning eng oddiy usuli — kompyuterga maxsus taqiqlov dasturlari (eng mashhurlari Kiberpatrul yoki Kidskontrol)ni o`rnatish. Shunda zararli manbalardan keladigan barcha xabarlar avtomatik tarzda filtrlanadi yoki dasturga ota-onalar tomonidan kiritilgan cheklov tufayli bolaning o`zi qiziqib nojo`ya axborotni olmoqchi bo`lganda, avtomatik taqiqga tushadi. Ayni paytda mazkur dasturlar ham to`liq xavfsizlikni kafolatlay olmaydi, chunki ba’zida ular foydali axborotni cheklab qo`yishi yoki keraksizini o`tkazib yuborishi mumkin.
“Kibernetik do`st”. - Zamonaviy texnologiyalarning tez sur’atlarda o`sishiga qaramay, ba’zan odamlar ulardan qanday oqilona foydalanish kerakligini to`liq anglab yetmaydi. Kompyuter va internetgacha bo`lgan davrda o`sib ulg’aygan aksariyat ota-onalar va muallimlar agar bola internetdan foydalana boshlasa, albatta, foydasidan zarari ko`proq, deb o`ylaydi. Bolani kompyuter yoki internetdan chalg’itish harakati zamirida aslida boshqa bir muammo, ya’ni kattalarning bu masalada nisbatan savodsiz ekani aniqlandi. Biroq agar ular o`zlari avval texnologiyalar savodsizligi masalasiga jiddiyroq yondashib, uni bartaraf etishsa, maqsadga muvofiq bo`lardi. Negaki, savodsizlik masalasidan qochish orqali bolani texnologiyalardan ajratib qo`yish to`g’ri emas. Buning ustiga yana bir jihat e’tiborga loyiq: bolalarda kibernetik do`stga nisbatan munosabat aynan kattalarning tutgan yo`lidan kelib chiqqan holda shakllanadi. Shubhasiz, internet bilim va kerakli axborotni olish uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi, biroq tarmoqqa joylashtiriladigan katta hajmdagi axborotning barchasini ham ishonchli va foydali deb bo`lmaydi. Foydalanuvchilar ma’lumotlarning to`g’riligini aniq ajrata bilishi uchun tanqidiy fikrlash qobiliyatiga ega bo`lishi talab etilardi. Buning uchun bolalarga internetda xohlagan odam o`z sahifasini ochishi, unga har qanday ma’lumotni joylashtirishi, bu borada unga hech kim to`sqinlik qila olmasligini vaqtida tushuntirish zarur. Bolalarni keng doiradagi manbalardan foydalanishga yo`naltirish jarayonida faktlarni fikrlardan farqlashga, to`g’riligi tasdiqlanmagan axborotdan himoyalanishga ularni o`rgatish ayniqsa muhim ahamiyatga ega.
O`tgan asrning oxiri va hozirgi asr boshida axborot vositalarining jadal rivojlanishi XXI asrning "Axborot asri" deb atalishiga sabab bo`ldi. Bugungi kunda zamonaviy axborot texnologiyalari, Axborotlashgan jamiyatning intellektual salohiyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda axborot asosida ta’lim-tarbiya jarayoni olib borilmoqda, ijtimoiy hayot samarali boshqarilmoqda. Hozirgi kunda hayotning biror-bir sohasini axborotsiz tasavvur etib bo`lmaydi. Axborotlar banki (AB), Axborot texnologiyalari kishilik faoliyatining ajralmas qismiga aylanmokda. Axborotlarni aniq maqsadda yig’ish, saqlash, tizimlarga ajratish va ulardan ommaviy tarzda foydalanishda texnik, dasturiy, algoritmik ishlar va ularning tashkiliy vositalari beqiyos ahamiyatga ega. Axborotlashtirilgan jamiyatning har bir bo`g’inida ABga murojaat qilinadi va shu asosda zamonaviy ta’lim texnologiyalari yaratiladi va ta’lim-tarbiya jarayonlarini optimal boshqarish imkoniyati vujudga keladi. Axborotli modul — ta’lim maqsadini belgilashga qaratilgan, rejalashtirilgan natijalar bilan chegaralangan, fanlararo va fan ichidagi bog’liklikni hisobga olib tuzilgan hamda yakuniy nazorat tizimini qamrab oladigan o`quv fani mazmunining muntazam va tugallangan qismidir. Axborot resurslari ma’lumotlar bazalari va banklari, turli xil arxivlar, kutubxonalar, muzeylar fondi va bularni o`z ichiga oladi. Resurs — biror narsa yoki hodisaning zaxirasini belgilaydi, ayni vaqtda u axborot tizimidagi alohida xujjatlar va ularning butun bir majmuidir. axborot resurs markazi (ARM) — ixtisoslashgan muassasada to`plangan hamda markazlashtirilgan bosma va audio-vizual materiallar majmuasidir. ARM kompyuter va aloqa vositalari yordamida qo`shimcha aloqa manbalari va materiallariga kirish imkonini beradi. ARMning asosiy dasturi ta’lim beruvchi va oluvchilar tomonidan o`quv dasturiga muvofiq to`plangan audiovizual materiallarni o`z ichiga oladi. ARM dasturidagi individual va texnologik manbalar ta’lim beruvchilar, mediateka mutaxassislari hamda ta’lim oluvchilar o`rtasidagi o`zaro muntazam aloqani ta’minlaydi. ARM ta’lim muassasasidagi yangiliklarni siyosiyishda o`quv muassasasi bilan jamiyat o`rtasidagi asosiy aloqa tarmog’i bo`lib hisoblanadi va shu orqali u ta’lim oluvchilarni zarur axborotlar bilan ta’minlaydi. Ta’lim muassasasining ARMi uchun kitoblar, davriy nashrlar, mikrofilmlar, slaydlar, gramplastinkalar, kompyuterli tizimlar, audio va video yozuvlar asosiy manbadir. Axborot tarmog’i (AT) — aloqa tizimlarida kompioterlar yordamida axborotlashishga xizmat qiluvchi qurilmalarning bir-biri bilan bog’langan holati.
Axborotni faksimil uzatish (AFU) odamlar o`rtasidagi axborot almashinuvi bo`lib, uning yordamida matn, gazeta, oddiy qulyozma, grafika, fotografiya kabi xujjatlarni bir obyektdan ikkinchi obyektga asl nusxasidek aniq yetkazib berish jarayonidir.
Axborot olish kafolatlari va erkinligi har bir shaxsning o`zi istagan axborotni izlash, olish va tarqatishga haqli ekanini bildiradi. Mustaqillik yillarida yurtimizda bu borada mustahkam huquqiy poydevor yaratildi. O`zR Konstitutsiyasining 30-moddasida barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar fuqarolarga ularning xuquq va manfaatlariga daxldor bo`lgan hujjat, qaror va boshqa xil axborotlar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozimligi belgilab qo`yilgan. 1997 yil 24 aprelda qabul qilingan «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to`g’risida»gi qonunga ko`ra, mamlakatimizdagi har bir fuqaro o`z manfaatlariga daxldor axborotlarni olish imkoniyatiga ega. Hozirgi globallashuv jarayonida axborot g’oyaviy ta’sir o`tkazish vositasiga aylanib bormoqda. Ayrim mafkura poligonlari o`zlarining g’arazli maqsadlariga erishishda axborot xurujlaridan foydalanmoqda.
Axborot urushida oddiy urushda qo`llanadigan qirg’in vositalari ishlatilmaydi. Uning obyekti – omma yoki alohida shaxslar ongidir. Qarama-qarshi taraflarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladigan shaxslar (prezident, bosh vazir va h.k.) alohida ta’sir ostiga olinishi mumkin.