3.1. Singapur iqtisodiy “mo’jiza”si
Singapur 1965-yilda Malayziya tarkibidan ajralib chiqqanida uning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlarining o‘rtacha miqdori 500 AQSh dollarini tashkil qilgan. O‘sha davrda Afrikaning Gana davlati ham Singapur kabi uchinchi dunyo mamlakati hisoblangan. Bu o‘ta past daraja bo‘lmasa-da, fuqarolar turmushi to‘kin-sochinlikdan yiroq edi. O‘sha yillarda hukumat tashabbusi bilan oziq-ovqat dasturlari amalga oshirilgan, jumladan, maktab va bog‘chalarda Singapur bolalariga bepul sut mahsulotlari ulashilgan.
Kichik va kamsonli aholiga ega, tabiiy boyliklar tugul, tayinli o‘tmishi mavjud bo‘lmagan davlatning taqdiri, garchi mustaqillikdan so‘ng mavhum ko‘ringan esa-da, mamlakat tezda oyoqqa tura boshlaydi. Buni jamiyatshunoslar quyidagi omillar bilan bog‘lashadi: qulay geografik joylashuv, halol hukumat (!!!) hamda xorijiy tadbirkorlar bilan yaqin hamkorlik.
Bunda Singapur Respublikasining birinchi Bosh vaziri Li Kuan Yuning xizmatlari beqiyos. Uning «Uchinchi dunyo mamlakatidan Birinchisiga!» shiori ostida o‘tkazilgan islohotlarini ko‘p o‘tmasdan har bir fuqaro his qila boshlaydi.
Bugungi kunga kelib, Singapur davlatining yillik daromadi har bir fuqaroga 55000 AQSh dollarini tashkil qiladi. Buni iqtisodchilar «iqtisodiy mo‘jiza» deb atashadi. Bugun singapurliklarning 90 foizi shaxsiy uy-joyiga ega. Daromadi 20 foizdan kam bo‘lgan oilalarning ham 80 foizi shaxsiy uylariga egalik qilishi ularning yuqori turmush tarzidan darak beradi.
Singapur qanday qilib iqtisodiy muvaffaqiyatlarga erishdi?
Bunda uning geografik joylashuvi muhim ahamiyat kasb etadi. Malakka bo‘g‘ozining ostonasida joylashgan bu hududdan jahon dengiz savdo-sotig‘ining 40 foizi kesib o‘tadi.
Ikkinchidan, Bosh vazir Li Kuan Yu xorijiy tadbirkor va sarmoyadorlarga keng quchoq ochadi. Natijada, yevropalik puldorlar Singapur tomon oshiqadilar. Bu esa davlat g‘aznasiga mablag‘ olib kela boshlaydi, ishchi o‘rni yaratilishiga sabab bo‘ladi.
Uchinchidan, Li Kuan Yu kichik, samarador va halol hukumat yaratishga harakat qilgan. Singapurga qo‘shni davlatlarga aynan ana shu jihat yetishmas edi. Qolaversa, Bosh vazir topshirig‘iga ko‘ra, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar o‘rtasida biznesni osonlashtirishga oid so‘rovlar muntazam o‘tkazilgan, tadbirkorlar dardiga quloq tutilgan. Singapur bugun ham Jahon bankining «Biznes qilish» reytingida yetakchi hisoblanadi.
To‘rtinchidan, Li Kuan Yu hukumatining jamiyatda qonun ustuvorligini qat’iy o‘rnatgani, qonun oldida har bir fuqaroning teng javob berishi Singapur muvaffaqiyatining omili bo‘ldi.
Beshinchidan, Li Kuan Yuni «iqtidorlarning rahnamosi» deyishar edi. U iqtidorli fuqarolarni mas’uliyatli lavozimlarga qo‘yish va ularga yaxshi maosh tayinlashga hech qachon ikkilanmagan. Shu bilan birga, Singapurda mansabni suiiste’mol qilish ham qattiq jazolangan.
Oltinchidan, mamlakat topayotgan pullarini birinchi navbatda harbiy kuch-qudratga emas, salomatlik va ta’limga sarflay boshlaydi. 1965-yilda Singapurda tug‘ilgan 1000 nafar boladan 35 foizi nobud bo‘lgan bo‘lsa, 1985 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 10 foizga tushadi.
Yettinchidan, Singapur bolalari jahonning eng samarali va yaxshi ta’lim tizimlari asosiga qurilgan maktablarda o‘qiydilar. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining «Asosiy universal ko‘nikmalar» reytingida 15 yoshdagi singapurlik o‘quvchilar matematika va aniq fanlar bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda turishadi. Bu tashkilotning o‘quvchilar savodxonligini baholaydigan «PISA» testiga ko‘ra, so‘nggi 5 yillikda singapurlik talabalar «muammolarga yechim topish» imtihonlarida mutlaq yetakchilik qilishmoqda. Jumladan, 2017-yilning 25-dekabrida e’lon qilingan reyting buning isbotidir.
Sakkizinchidan, ta’lim sohasidagi ekspertlarning fikricha, Singapur iqtisodiy taraqqiyot va turmush darajasini yuksaltirishni ta’lim bilan bog‘lagan. Xususan, bu yerda birinchi o‘rinda ta’lim berish standarti ishlab chiqiladi. Buning uchun katta mablag‘ sarf qilinadi. Ayniqsa, eng yaxshi o‘qituvchilarni jalb etish va ularning nufuzini oshirishga avvalboshdanoq alohida e’tibor qaratilgan. Hozir ham Singapurda o‘qituvchilarni jahonning eng nufuzli ta’lim muassasalari bitiruvchilarining orasidan yollash an’anasi saqlab qolingan. Shu bilan birga, bu o‘qituvchilarning barchasi Milliy ta’lim institutida qayta tayyorlovdan o‘tkaziladi. Bu esa ta’lim sifatini nazorat qilish va mehmon-o‘qituvchilarga milliy ta’lim tizimini o‘rgatishda muhim.
Natijada, osiyolik mazkur qashshoq davlat jahonning beqiyos qazilma boyliklariga ega bo‘lgan Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Osiyo mintaqasidagi barcha davlatlarni rivojlanishda ortda qoldirdi.
Xo‘sh, Singapur nimaning hisobiga rivojlandi? Bu savolning javobi bitta — uddaburon yetakchilik hisobiga! Ota-onasi ingliz tili muallimlari bo‘lgan Li Kuan Yuni bolaligidan «Kuan Yew», ya’ni «nur va yorqinlik» deb chaqirishar edi. Bu ism «ajdodlariga shon-shavkat keltiruvchi» degan ma’noni beradi.
Millat otasi sifatida tan olingan va davlatni 30 yil boshqargan Li Kuan Yu o‘z irodasini namoyish qildi, nafaqat ajdodlariga, millatiga shon-shavkat hamda farovonlik keltirdi, o‘z va’dasiga binoan xalqini «birinchi dunyo» davlatlari qatoriga qo‘sha oldi.
Li Kuan Yuning safdoshlari yagona jamoa bo‘la olishdi. Bu kuchli jamoaning qoidalari aslida juda sodda: yuqori salohiyatli odamlarni millatga bosh qilish, amaliy ishbilarmonlik muhitini yaratishga urinish hamda halollik!
Yuqori salohiyatli odamlarni millatga bosh qilish deganda hukumat davlat boshqaruviga qarindosh-urug‘larni emas, eng munosib nomzodlarni tayinlashga odatlangan.
Singapurda amaliy ishbilarmonlik muhitini, fuqarolar uchun qulay hayot tarzini yaratishga urinish g‘ildirakni qayta kashf qilishdan farqlanadi. Singapur biror muammoga yechim topishda boshqa davlatning tajribasini yaqindan o‘rganadi va o‘zlashtirib oladi.
Halollik — davlat taraqqiyotining o‘zagi. Boisi, korruputsiya — «uchinchi dunyo» mamlakatlari mag‘lub bo‘layotgan yagona g‘animdir. Bugungi Singapur asoschilarining xalq oldidagi yuksak xizmatlari ham ana shu xislat bilan chambarchas bog‘liq.
Bugungi kunda Singapur amaldorlari boylik vasvasasiga qarshi turish va o‘z mavqeini suiiste’mol qilmaslik uchun yetarlicha katta maosh olishmoqda.
Singapurdagi mustaqil OAV haqiqiy to‘rtinchi hokimiyatga aylanib bo‘ldi. Hozirgi kunda jurnalistlar amaldorlar, ularning oilalari va do‘stlarining turmush tarzi, daromadlari va xarajatlarini diqqat bilan kuzatmoqdalar. Ko‘pincha jurnalistlar amaldorning o‘z moddiy imkoniyatlaridan ortiqroq yashashlariga e’tibor berishgan. Vijdonsiz xodim nafaqat lavozimidan va imtiyozlaridan mahrum bo‘lishi, balki qamoqxonaga tushgandan keyin ham yuz ming dollarlab katta jarima to‘lashgan. Shundan keyin ham bir tiyinsiz qolish xavfi bor edi.
Singapur davlatining sobiq bosh vaziri Li Kuan Yu poraxo‘rlik bilan qanday kurashgan? Singapur davlati 1965 yilda mustaqillikka erishganida uning qisqa muddatda eng rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishiga shubha qilganlar ko‘p bo‘lgan. Ammo Singapurning sobiq bosh vaziri Li Kuan Yu o‘zining “Tretego mir — v perviy” kitobida davlatning rivojlanishiga oid juda ko‘p qimmatli fikrlarini o‘rtoqlashgan. Vazirlik lavozimiga kelganida, dastlab ish boshlaganida esa shunday yozadi: “Menda ikkita yo‘l bor edi: birinchisi yurtni talash, qarindosh-urug‘larimni atrofimga yig‘ish, ularga mansab berish, ularni “Forbes” (dunyoning eng boy odamlari ro‘yxati e’lon qilinadigan jurnal) ro‘yxatiga kiritish, buning evaziga xalqni hech narsasiz qoldirish.
Ikkinchi yo‘l: O‘z xalqimga xizmat qilish va mamlakatni jahondagi 10 ta eng rivojlangan mamlakatlar safiga qo‘shish. Men ikkinchi yo‘lni tanladim”. Li Kuan Yu o‘zi o‘ylaganidek Singapurni eng rivojlangan davlatlar safiga qo‘sha oldi.
Ko‘pchilik undan Singapurning rivojlanib ketishiga yana nima sabab, qanday qilib ulkan davlatdan ajrab chiqib rivojlangan davlatga aylandinglar, buni qanday amalga oshirdingiz deb so‘rashganida ularga javoban shunday deydi:
«... Men faqat Vatanim oldidagi burchimni bajardim. Davlat byudjetini ta’limga yo‘naltirdim. Muallimni eng quyi tabaqadan Singapurdagi eng yuqori martabaga ko‘tardim. Davlatdagi «mo‘’jiza»larni amalga oshirgan insonlar — muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnat va haqiqatni sevadigan, kamtar avlodni yetishtirib chiqardilar. Buning uchun ulardan minnatdorman!».
1965 yilda shahar Malayziya Federatsiyasidan mustaqillikni e'lon qilishga qaror qilganida u shaharni jangsiz, boz ustiga atrofidagi hududlari bilan birga qo‘yib yuborilgan: zero shahar mutlaqo hech qanday istiqbolga ega emas, deya hisoblangan.
Darhaqiqat, Singapur ko‘p ijtimoiy-iqtisodiy muammolardan aziyat chekkan ishsizlik va aholi bilimsizligidan tortib, to bo‘sh yerlar va tabiiy resurslarning yo‘qligigacha. Shahar salohiyatli savdo hamkorlariga hech narsa taklif qila olmasdi, ular esa, o‘z o‘rnida, shaharning mustaqilligini tan olishga shoshilishmasdi.
Singapur ilk 50 yildagi misli ko‘rilmagan o‘zgarishlari uchun deyarli bir kishi oldida qarzdor - marhum bosh vazir Li Kuan Yu. An'anaviylik tarafdori va qaysidir jihatdan hatto diktator hisoblangan bosh vazir Singapur gullab-yashnashi uchun o‘zgarishi kerakligini yaxshi anglab yetgan.
"Biz qo‘shnilarimiz kabi yashashga harakat qilsak, halok bo‘lishimizni bilardik: ularning oldiga qo‘yish uchun hech narsamiz yo‘q edi. Shuning uchun qanday qilib ular taklif qila olishi mumkin bo‘lgandan-da qadrli narsa ishlab chiqarish mumkinligi haqida o‘ylashimizga to‘g‘ri kelgan. Bunday yondashuv bizni samarali ishlashga undab, munosiblar gullab-yashnaydigan shart-sharoitlarni yaratish imkonini berdi - eng asosiysi, u ish bermoqda", - dedi bosh vazir ko‘p yillardan so‘ng New York Times'ga bergan intervyusida14.
Shunday bo‘lsa-da, bu usulni ish berishga majbur qilish uchun hukumat nafaqat iqtisodiyot, balki jamiyatning o‘zini ham nazorat ostiga olishga to‘g‘ri keldi - albatta, uning manfaati yo‘lida. Hukumat ko‘p qavatli ijtimoiy turar-joy qurilishiga doir dasturni yo‘lga qo‘ydi va chet ellik sarmoyachilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratdi. Sekin-astalik bilan bo‘m-bo‘sh orollar haqiqiy mitti davlat ko‘rinishiga kela boshladi.15
Bosh vazir avval boshdanoq multimadaniy aholi o‘rtasida milliy o‘ziga xoslik hissini shakllantirishga yo‘naltirilgan axborot kampaniyalarini tashkil qildi. Ilk tashabbuslar maqsadi atrof-muhit tozaligini oshirish bo‘lgan; keyingi kampaniyalarda asosiy e'tibor oilani rejalashtirishga qaratilgan: hukumat fuqarolarni "ikkinchi bolada to‘xtash"ga chaqirgan. Singapur biroz boyiganidan keyin shahar aholisini g‘arb maneralariga o‘rgatuvchi va putunxua (butun dunyodagi xitoyliklar tushunuvchi standart lahja)da muloqot qilishga chorlovchi kampaniyalar vaqti keldi. Bu loyihalarning bari bir maqsadni ko‘zlagan: mustahkam va taraqqiy etgan jamiyat yaratish.
1986 yilda Li Kuan Yu iqror bo‘ldi: "Meni ko‘pincha fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashishda ayblashadi. Ha, bu ayblovlar adolatli, biroq agar men shunday qilmaganimda bugun biz bo‘lmasdik. Agar kim bilan qanday yashayotganingiz, qay darajada shovqin solayotganingiz, qayerda tupurishni joiz topganingiz yoki qaysi tilda gapirayotganingiz nazorat ostiga olinmaganida, biz bugungi iqtisodiy taraqqiyotga erisha olmagan bo‘lardik. Qanday qilsa to‘g‘ri bo‘lishini biz hal qilamiz"
Aytish mumkinki, o‘tgan 50 yil ichida strategiya o‘zini to‘liq oqladi: mamlakat iqtisodiyoti dunyodagi eng innovatsion va biznesga ijobiy moyillikka ega bo‘ldi. Singapurda hukumat hali-hanuz jamiyatni nazorat qilish kerak deb hisoblashsa-da, so‘nggi yillarda u buning uchun nisbatan yumshoqroq usullarni qo‘llamoqda.
Turtish nazariyasi" faqatgina Singapurda qo‘llanmaydi. Butun dunyo bo‘ylab 150 dan ortiq hukumat shu usulni samarali hisoblab, qo‘llab keladi. Masalan, Qatar sog‘liqni saqlash vazirligi Ramazon oyida tibbiy markazlardan birida bepul qon tahlillarini taklif qiluvchi dasturni yo‘lga qo‘yib, diabetdan ogohlantirish ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi.
Qulaylik va vaqtni to‘g‘ri tanlay bilish — "turtish"ning ikki asosiy muvaffaqiyatli komponenti.
Islandiya, Hindiston, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda ham shularga o‘xshash usullar qo‘llanadi. Biroq aynan Singapurda "turtish nazariyasi" katta muvaffaqiyat bilan qo‘llanadi. Chekuvchilar yo‘lovchilarga xalaqit bermasliklari uchun urnalar avtobus bekatlaridan uzoqroqqa qo‘yiladi. Kommunal xizmatlar hisob-kitobi suv va elektr energiyasi uchun qo‘shnilarga nisbatan qancha ko‘p yo kam to‘layotganingizni ko‘rsatadi. Aholi muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lishi uchun ko‘p qavatli turar-joylar oldida sport maydonlari qurilgan. Temir yo‘l platformalaridagi yashil va qizil belgilar chiqayotganlarni turtmay vagonga tezroq kirish uchun qayerda turishingiz kerakligini ko‘rsatadi. Jamoatchilik transporti tig‘iz vaqtga qolmaslik uchun ishga ertaroq chiqadiganlar uchun pasaytirilgan tariflarni taklif qiladi.
10 singapurlikdan 6 nafari haftada to‘rt martadan ortiq ovqatni o‘zlari bilan olib yuradi, - aynan shuning uchun hukumat fuqarolar salomatligiga e'tibor qaratishni lozim topib, bu jarayonga eng avvalo ko‘chadagi sotuvchilarni jalb qildi. Ba'zi inshootlar boshqaruvchilari odatiy taomlarning nisbatan sog‘lom variantlariga narxlarni tushirib, shu tariqa tashabbusni qo‘llab-quvvatlashdi.
National Steps Challenge dasturi doirasida esa shahar aholisiga bepul qadam o‘lchagichlar tarqatildi, bosib o‘tilgan qadamlarni naqd pullar va mukofotlarga almashtirish imkoni taqdim etildi. Tashabbus shu qadar muvaffaqiyatli kechdiki, hatto mashhur brendga aylandi. O‘yin eng samarali motivatsiya usullaridan biri hisoblanadi.16
Shahar tug‘ilish ko‘rsatkichlarining pastligidan jabr ko‘rmoqda va endi hukumat 2030 yilgacha aholi sonini 30 foizga oshirshini maqsad qildi. Baby Bonus dasturi ko‘proq farzand ko‘rishga qaror qilgan ota-onalarga pul to‘lovlarini taklif qiladi, ta'kidlash joizki, 2001 yildan beri hatto bir farzandi bo‘lgan singapuliklar ham imtiyozli to‘lovlarga ega bo‘lishmoqda. Bundan tashqari, bola tug‘ilganida uning hisobiga bolalar bog‘chasi va tibbiy xizmatlar uchun to‘lov kiritishda foydalanish mumkin bo‘lgan mablag‘lar o‘tkaziladi. Farzandlaringiz qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha ko‘p pul olasiz: 2016 yilning martidan birinchi farzand uchun bir vaqtning o‘zidagi to‘lov 8000 singapur dollari (6000 AQSh dollari)ni tashkil qiladi, uchinchi va undan keyingi farzandlar uchun esa to‘lov summasi 10 000 singapur dollari (7,5 ming AQSh dollari)ga yetishi mumkin17.
Singapur aholisining hukumatga bo‘lgan ishonchi yuqori darajani namoyon etadi, bu ham turtish nazariyasi samaradorligidan darak berishi mumkin.
Shunday qilib, Singapur hukumatining navbatdagi qadami qanday bo‘ladi? Davlat tahlil xizmatiga muvofiq, bu raqamli hukumatga o‘tish jarayoni bo‘ladi: davlat xizmatlarining to‘liq kompyuterlashuvi ularni yanada arzon va samarali qilishi kutilmoqda.
“Bizning dunyo bilan munosabatlarimiz tobora tezlashib, yuqori texnologiyalarga boyib va ehtimol, borgan sari real hayotdan uzoqlashib bormoqda. Odamlar kundalik vazifalarni bajarishda chat-botlar va to‘ldirilgan reallik xizmatlaridan foydalanishga o‘rganib qolishmoqda - Singapur hukumati ham bu jarayondan ortda qolgisi yo‘q”.
Men bozorni tark etib, shisha va metalldan qurilgan 30 qavatli inshootlar yarqirab turgan megapolisga qaytaman. 50 yil avval bu yerlar qanday bo‘lganini aqlga sig‘dirish qiyin. Davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarda bunday uzviylikni hamma ham qabul qilishga qodir bo‘lmasa-da, Singapur o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishganini inkor qilib bo‘lmaydi.
Dostları ilə paylaş: |