O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O'RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
TERMIZ DAVLAT UNIVERSITETI
O'ZBEK TILSHUNOSLIGI KAFEDRASI
“LEKSIKOGRAFIYA ASOSLARI”
fani bo‘yicha
Sirtqi. 3-kurs talabalari uchun
MA’RUZA MASHG‘ULOTLARI
Fan o‘qituvchisi: Temirova Kamola Baxtiyor qizi
TERMIZ – 2022
1-Ma'ruza. “Leksikografiya asoslari” fanining vujudga kelishi, obyekti va predmeti. O‘zbek lug‘atchiligi tarixi
Reja:
“Leksikografiya asoslari” fanining vujudga kelishi, obyekti va predmeti.
XI-XII asr o‘zbek lug‘atchiligi
XIII-XIV asr o‘zbek lug‘atchiligi
Navoiy asarlariga tuzilgan lug’atlarning o’ziga xos xususiyatlari.
XIX asr ikkinchi yarmi - XX asr o ‘rtalarida o‘zbek Iug‘atchiligi.
Leksikologiya - tilshunoslikning bir bo‘limi bo‘lib, tilning lug‘at tarkibini, so‘z boyligi, so‘zlarning ma’nosini o‘rganadi. Leksikologiya o‘z ichida semantika, semasiologiya, etimologiya, leksikografiya bo‘limlariga bo‘linadi. Bulardan semantika, semasiologiya - so‘zning lug‘aviy ma’nosini, etimologiya - so‘zlarning kelib chiqishini, leksikografiya esa so‘zlarni kodlashtirish, ro‘yxatga olish, til bo‘yicha tuzilgan lug‘atlar va lug‘at tuzish prinsiplarini o‘rganuvchi fandir.
Har qanday tilning so‘z boyligi u tarixiy yoki zamonaviy tusda bo‘lmasin, insonlar tomonidan tuziladigan rang-barang lug‘atlarda ma’lum darajada aksini topadi. Lug‘at til so‘z boyligini o‘zida saqlovchi akkumulator vazifasini bajaradi. Bugun muayyan tilshunoslikning qay darajada rivojlangani, takomil topgani ayni tilda yaratilgan lug‘atlarning turi, miqdori va sifati bilan o‘lchanmoqda.
O‘zbek lug‘atchiligi tarixi uzoq davrlarga borib taqaladi. Hozirga qadar yetib kelgan lug‘atlar ichida 1074-1075 yili atoqli lug‘atnavis Mahmud Koshg‘ariy tomonidan tuzilgan “Turkiy so‘zlar devoni”, ya’ni “Devonu lug‘otit turk” ulkan ahamiyatga egaligi bilan xarakterlanadi. Zotan, arab millati vakillari uchun juda katta hududda istiqomat qiluvchi turkiy xalqlar til xususiyatlari, chunonchi, alifbosi, tovush qurilishi, lug‘at boyligi, so‘z turkumlari va gap qurilishi haqida ma’lumot berish uchun mo‘ljallangan mazkur asarning ilmiy ahamiyati shu kunga qadar dunyo olimlari qalamiga mansub 1800 atrofidagi ilmiy izlanishlarda e’tirof etilgan. Arab lug‘atchiligi an’analari va qoidalari asosida tuzilgan bu lug‘atdan taxminan sakkiz mingga yaqin so‘zlar, birikmalar, iboralar, maqol va matallar, xalq og‘zagi ijodi namunalari joy olgan. “Devonu lug‘otit turk”, garchi, lug‘at deb nomlansada, biroq unda Qoraxoniylar davri eski turkiy tilining o‘ziga xos xususiyatlari yaxshi tahlil qilingan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, “Devon”dan o‘rin olgan leksik birliklar qatori, Qoraxoniylar saltanatining ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, harbiy, maishiy turmush tarzida mavjud tushunchalarni ifodalovchi istilohlar son jihatdan salmoqli hisoblanadi. Bu kabi soha istilohlari bilan yonma-yon onomastika, jumladan, atoqli otlar, joy nomlari, geografik obyektlar nomi, gidronimlar, hayvonot (fauna) va o‘simlik dunyosi(flora)ga oid talaygina leksemalar qiyomiga yetgan holda izohlangan.
O‘zbek leksikografiyasining shakllanishida Mahmud Zamaxshariyning (18.03.1075 -1144) “Muqaddimat ul-adab”(Adab ilmiga muqaddima) asari alohida ilmiy ahamiyatga ega. Otsiz Xorazmshohga bag‘ishlab tuzilgan asardagi arabcha so‘zlar ostida forscha va turkiycha tarjimalarning berilishi o‘zbek tarixiy leksikologiyasi va leksikografiyasi uchun qimmatli hisoblanadi. Lug‘at besh qismdan iborat bo‘lib, ot, fe’l, bog‘lovchi hamda ot o‘zgarishlari va fe’l o‘zgarishlari haqida fikr yuritiladi. Lug‘at muallifi asarda o‘sha davr arab tilida qo‘llanishda bo‘lgan hamma so‘zlarni, iboralarni qamrab olgan holda izohlashga harakat qilgan, ularning etimologiyasini aniqlashga intilgan. Lug‘at arabchadan fors, eski o‘zbek tili (chig‘atoy tili), mo‘g‘ul hamda turk tillariga ilk bor 1706 yilda Xoja Is’hoq afandi tomonidan usmonli turk tiliga tarjima qilingan. Zamaxshariyning mazkur asarida she’rshunoslik, uslubshunoslik xususida ham bahs yuritilgan. Badiiy tasvir vositalariga aniq, lo‘nda izohlar keltirilgan. Chunonchi, badiiy san’atlar orasidagi farq ko‘rsatib berilgan.
O‘zbek terminologiyasi va leksikografiyasining qaror topishida XIV asrga oid arab tilida yozilgan Grammatik (filologik) risolalarning sezilarli o‘rni borligi turkologiyada allaqachon e’tirof etilgan. Turkiy tilning grammatikasi haqida bahs yuritishga yo‘naltirilgan Abu Hayyonning (vafoti 1344 yil) “Kitob ul-idrok li-lison ul-atrok”, M.T. Xoutsma fikricha, 1245 yilda Mamluklar davlati (1250-1517) da Halil bin Muhammad bin Yusuf al-Ko‘naviy tomonidan yaratilgan “Kitobi majmuai tarjumoni turki va ajami va mug‘ali”, muallifi noma’lum “Kitobi at-tuhfat uz-zakiya fi-l-lug‘atit turkiya”, Jamoluddin Turkiyning “Kitobul lug‘at al-mushtoq fi-l-lug‘atat- turk va-l-qifchaq”, XVI asr boshida Qohirada ta’rif etilgan “ Al- qavoninu-l kulliya li-zabtil-lug‘atit-turkiya” singari asarlarda turkiy tilning so‘z boyligi, alalxusus, terminlar tizimi ma’lum darajada ifodasini topgan. Mazkur davr asarlarida qayd etilgan turkiy til leksikasi, chunonchi, terminlar sistemasini “Tarjumoni turki va ajami va mug‘ali” da keltirilgan quyidagi mavzuiy guruhlarning ajratilganini qayd etish bilan cheklanamiz: kishi nomlari - Alaqush, Aqtay, Altuntash, Baybars, Sonqur va h.k.; Astronimlar : Ulkar; geografik nomlar: Sham, Misr; zoonimlar: at, okuz, qatir, bog‘a, ayg‘ir va h.k.; yirtqich hayvonlar: aslan, sirtlan, bori, tulku va h.k.; qush va hashoratlar: qartal “burgut”, sarcha “chumchuq”, qaz, qarlag‘ach, qarg‘a va h.k.; harbiy asbob-anjomlar: ya, kirish “yoy ipi(tetiva)”, sungu “nayza”, qalqan, choqmar va h.k.; tibbiy terminlar: yig/ik “kasallik, illat”, ag‘ri “og‘riq”, sokan “bemor, kasal”, isitma, oturmak “yo‘tal” va h.k.; musiqiy terminlar: duduk “musiqa asbobi”, tomru “do‘mbira”, yaqliq “rubob”, sibizg‘u “sivizg‘a” va h.k.
O‘zbek leksikografiyasining shakllanishida Alisher Navoiy va o‘zbek mumtoz adabiyoti namoyandalari asarlariga tuzilgan lug‘atlarning roli sezilarlidir. Jumladan, Husayn Boyqaro mirzo ko‘rsatmasiga binoan 1405 yilda Toli Imoni Hiraviy tomonidan tuzilgan “Badoe ul-lug‘at”, Turkiya (Rum)da yaratilgan muallifi noma’lum chig‘atoycha (eski o‘zbekcha) usmonli turkcha “Abushqa” (XVI asr), Muhammad Mahdiyxonning eski o‘zbekcha-forscha “Sanglox” (1748), Fathali Kojar Qazviniyning 1862 yilda tuzilgan “Lug‘ati atrokiya”, Ya’qub Chingiyning “Kelurnoma”, Shayx Sulaymon Buxoriyning “Lug‘ati chig‘atoyi va turki usmoniy” kabi asrlar o‘zbek lug‘atnavisligining durdonalari safidan o‘rin olgan.
XIX asrning 70-yillaridan e’tiboran o‘zbek terminologiyasi va leksikografiyasi rus tili orqali G‘arbiy Yevropa tillaridan kirib kelayotgan o‘zlashmalar ta’sirida rivojlanish pallasiga qadam qo‘ydi. Sobiq sho‘rolar hukmronligi vaqtida o‘zbek tili terminologiyasi yangi tushunchalar va ularni ifodalovchi haddan tashqari ko‘p miqdordagi o‘zlashmalar terminlar hisobiga kengaydi. Soha terminologiyasi tizimining vujudga kelishida sof o‘zbekcha leksik birliklar qatori Ruscha- baynalminal terminlarning roli yuqori bo‘ldi. Bu jihat ayniqsa, tabiiy fanlarga xos terminologik tizimda yaqqol ifodasini topdi. Mustaqillik davri o‘zbek terminologiyasi Globallashuv va Internetga qadam qo‘yilgan XXI asrda har tomonlama takomillashuv jarayonini boshidan kechirmoqda.
Xullas, o‘zbek terminologiyasi va lug‘atshunosligi bir necha asrlik shakllanish va taraqqiy etish bosqichlarini bosib o‘tdi. Bu bosqichlarda o‘zbek terminologiyasi va leksikografiyasi na faqat o‘z resurslari, shuningdek qarindosh bo‘lmagan tillar boyliklaridan o‘rni bilan foydalangan holda o‘z rivojlanish yo‘lida davom etdi.
XI-XII asr o‘zbek lug‘atchiligi.
Reja:
Lug‘atchilik tarixida Mahmud Koshg‘ariyning tutgan o‘rni.
Arab tilshunosligi metod va usullari asosida turkiy tillarni o‘rganish an’anasining yuzaga kelishi va bunda Mahmud Koshg‘ariyning xizmatlari.
“Devonu lug‘atit turk” asari va uning tuzilishi.
“Devonu lug‘atit turk”da so‘zlarni izohlash prinsiplari.
Mahmud Koshg‘ariy (Mahmud ibn al-Husayin ibn Mahammad al-Koshg‘ariy) ning “Devonu lug‘atit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) asari arab tilida arab lingvistik maktabi qoidalari asosida turkiy tilni o‘rganish bo‘yicha yaratilgan eng eski lug‘at va grammatika kitobidir. Asar hijriy 469 yili (milodiy 1076/1077 yilda) yozib tugallangan. Olimlarning “Devonu lug‘atit turk” Bag‘dodda yozilgan degan taxmini bor. Ehtimol u Turkistonning yirik madaniy-ilmiy markazlaridan birida yaratilgandir. Nima bo‘lganda ham, asar arablarni, arab tilini biladigan sharq xalqlarini va undan o‘tib yevropa ilmiy jamoatchiligini turkiy til bilan tanitish maqsadida yaratilgan.
Arab tilida lug’a (ko‘pligi: lug’at) bir necha ma’noda ishlatiladi: “til, sheva”; “so‘z”; “so‘z shakli”. Shundan kelib chiqqan holda, asar taijimalarida uning oti “Turkiy tillar devoni”, “Turkiy tillar lug‘ati”, “Turkiy so‘zlar devoni” deb berilgan. Bu o‘rinda divan - “to‘plam” ma’nosida. Sharq adabiyotida biror ijodkorning muayyan tartibda tizib chiqilgan she’rlari divan atalgan. Sarlavhadagi lug’atni “so‘z, kalom”ning ko‘pligi, lug’at at-turk birikmasini esa “turkiy so‘zlar” deb anglangani ma’qul. Asarning divan deyiluviga sabab, unda so‘zlarning arab leksikografiyasi qoidalari tegrasida, muayyan ketma-ketlikda tizib chiqilganligi ko‘zda tutilgan. Ana shularga tayangan holda “Devonu lug‘atit turk” ni “Turkiy so‘zlar [yoki turk so‘zlari] devoni” deya talqin etilsa, to‘g‘ri bo‘ladi.
Kunimizgacha “Devonu lug‘atit turk”ning bitta qo‘lyozmasi saqlangan. U hijriy 664 (milodiy 1266 yilda) kotib Muhammad ibn Abubakr ibn Abdulfath as-Saviy ad-Damashqiy ko‘chirgan. Uning yozishicha, mazkur qo‘lyozma Mahmud Koshg‘ariyning o‘z qo‘li bilan bitilgan nusxasidan ko‘chirilgan. Qo‘lyozma kitob 319 varaq. U hozir Istanbuldagi Millat kutubxonasining Ali Amiriy fondida 4189 raqami ostida saqlanmoqda.
Turkshunoslikda “Devonu lug‘atit turk” keng o‘rganilgan (Xudoyberdiev 2011). Asar bir qancha tilga tarjima qilingan. Hozirgi chog‘da uning turkcha, o‘zbekcha, uyg‘urcha, inglizcha, ruschaga o‘girilgan nashrlari bor. Tarjimalari va hozirgi zamon nashrlari orasida ilmiyligi bo‘yicha to‘rttasi alohida ajralib turadi:
Bulardan birinchisi - 1960-1963 yillarda uch jildda chop ettirilgan Toshkent nashri. Uni o‘zbek olimi S. Mutallibov nashrga tayyorlagan (qarang: MK.I-III).
Ikkinchisi - 1981-1984 yillarda uyg‘ur olimlari uch jildda chiqargan Urumchi nashridir (qarang: MKUrumchi.I-III).
Uchinchisi - 1982-1985 yillarda Xarvard universiteti tomonidan R. Dankov va J. Kelli birgalikda uch jildda chop ettirgan inglizcha nashri (qarang: MKH.I-III).
To‘rtinchisi - asarning Moskvada chop ettirilgan ruscha nashridir. Uni o‘zbek olimi A. Rustamov arab tilidan tarjima qilgan, kitob I.V. Kormushin tahriri ostida chiqqan (qarang: MKMoskva).
Turkiyada asarning faksimil nashri ham chiqqan (qarang: MK.facsimile). Asar nashrlari ichida ilmiy jihatdan eng ahamiyatlisi asl nusxaning ana shu foto-faksimilidir.
Asar arab tilida yozilgan. Turkiy so‘zlarning ma’nosi, ushbu so‘zlarning ma’nosini ochiqlash uchun keltirilgan misollar arab tilida izohlanadi.
Mahmud Koshg‘ariyning turkiy til grammatikasiga bag‘ishlangan boshqa bir asari ham bo‘lgan. Chunonchi, olim “Devonu lug‘atit turk”ning kirish bo‘limida kitobda zikr etilmagan grammatik qoidalar to‘g‘risida so‘z yuritib: “Birlik, ko‘plik, oshirish, chog‘ishtirish, kichraytish, kelishiklar masalasi va boshqalar ham zikr qilinmadi. Chunki biz bularni “Kitob javohir an-nahv fi-lug‘at at-turk” (“Turkiy tillarning nahviga oid gavharlar kitobi”) ismli asarimizda berdik. Nahvga oid qoidalar u asardan qaralishi kerak”, - deb yozadi (MK.I.62). Biroq uning bu kitobi saqlangan emas.
Tilshunoslik tarixida turkiy tillarni o‘rganish va o‘qitish metodologiyasining shakllanishida sharq, xususan, arab tilshunosligining ta’siri katta bo‘lgan. Turkiy tillar salkam to‘qqiz asr arab tilshunosligi metodologiyasi asosida tadqiq etilgan va ta’lim sohasiga tadbiq etilgan. Ushbu metodologiyani turkshunoslikda birinchilardan bo‘lib ulug‘ olim, buyuk tilshunos Mahmud Koshg‘ariy ishlab chiqdi. U turkiy tillarni o‘rganishga arab tilshunosligining tadqiq usullarini qo‘lladi, shu asosda turkshunoslikda yangi bir metodologiyani yaratdi, islom davri turk tilshunosligiga asos soldi. Muhimi, olim arab tilshunosligining metod va usullarini o‘z tiliga qo‘llabgina qolmay, turkiy tilning qonuniyatlariga suyangan holda, uni yangi usullar bilan boyitdi, shu ishi bilan tilshunoslik tarixida ulkan kashfiyotlar qildi.
Mahmud Koshg‘ariy turkiy tilni ikkiga - barcha turkiy qavmlar uchun tushunarli, yozuv an’anasiga ega bo‘lgan yozma adabiy til, ikkinchisi - turkiy shevalar tiliga ajratadi. Yozma adabiy tilni “xoqoniya tili; xoqoniy turkchasi” yoki “turk tili” deb, shevalar tilini esa ularning o‘z oti bilan ataydi. U yozadi: “qay, yabaqu, tatar, basm'il qabilalarining har birining tili o‘ziga xosdir. Shu bilan birga, ular turkchani ham yaxshi biladilar. So‘ngra qirqiz, qipcaq, oguz, tuxsi, yagma, cigil, igraq, caruq tillari faqat turkchadir. Yamak va basgirt tillari bularga yaqindir. Rumgacha cho‘zilgan bulgar, suwar, pacanak lar tili bir xil so‘zlarning oxiri qisqartirilgan bir turkchadir” (MK.I.66). Yuqorida muallif qay, yabaqu, tatar, basmillarning tili to‘g‘risida so‘z yuritib, “ular turkchani ham yaxshi biladilar” deganida, ular uchun yagona adabiy til amal qilganini anglash mumkin.
Adabiy tilni “tillarning eng to‘g‘risi, yaxshisi”, “eng ochiq va ravon til” deya ta’riflaydi. U shunday yozadi: “Tillarning yengili o‘g‘uzcha, eng to‘g‘risi, yaxshisiyagma, tuxsi kabilarning tili va, shuningdek, Ila, Ertis, Yamar, Etilvodiylaridan uyg‘ur shaharlarigacha bo‘lgan joylarda yashovchilar tilidir. Bularning ichida eng ochiq va ravon til - xoqoniya (xoqonliklar) o‘lkasida yashovchilarning tilidir. ... (Qashqarda) shahar o‘rtasida turuvchilar xoqoniy turkchasida so‘zlaydilar” (MK.I.66).
Lug‘atda muallif yozma adabiy tilda (ya’ni “turk tili”da yoki “xoqoniy turkchasi”da) qo‘llanadigan so‘zlarni asosga olgan. Uning shevalardagi talaffuzi yoki boshqa biror so‘z bilan berilishini ana shu bosh so‘zga qiyoslab boradi. Shu jihatdan asar faqat adabiy tilni emas, qadimgi turk shevalarini o‘rganishda ham muhim ahamiyatga ega.
Mahmud Koshg‘ariy turkshunoslikda birinchi bor qadimgi turk lahjalarini klassifikatsiya qilib, turk tilshunosligining muhim nazariy masalalarini yoritib berdi.
Yana bir muhim belgisi: odatda, hozirgi lug‘atlarda fe’llarni keltirganda, ular infinitiv ko‘rinishida beriladi: bormoq, tanimoq, bilmoq, ishlamoq singari. Yozma yodgorliklar tili bo‘yicha tuzilgan “Drevnetyurkskiy slovar” yoki boshqa ilmiy lug‘atlarda fe’llar bosh shaklida beriladi va fe’lligini anglatish uchun ketiga chiziqcha qo‘yiladi: kel-, basla-, isla- singari. Lekin Mahmud Koshg‘ariy, qolaversa, boshqa lug‘atchilar ham, fe’llarni o‘tgan zamon shaklida keltirgan: acdi, aqdi, ucdi, utti, ezdi, esdi,ekdi, indi singari. Biroq, ularni keltirganda fe’l o‘zagining necha harfli ekani ko‘zda tutiladi. Masalan, aqdi, esdi fe’llari ikki harflilar sirasida keltiriladi, sababi bu so‘zlarning o‘zagi ikki harflidir (aq-, es-).
“Devonu lug‘atit turk” ikki - muqaddima va lug‘at bo‘limlaridan tuzilgan. Muqaddimada kitobning yozilish sababi, uning tuzilishi; turklar qo‘llaydigan yozuv; otlarning yasalishi; fe’llarning tuslanishi; so‘z tarkibi (morfem tuzilishi); kitobda e’tibor qaratilgan grammatik qoidalar; turk tabaqalarining ta’rifi va ularning yerlashuv o‘rni; turk lahjalaridagi farqlar xususida so‘z yuritiladi. Turkiy qavmlarning yerlashuvi to‘g‘risida ma’lumot berilgan o‘rinda unga qo‘shimcha holda Yer yuzi xaritasi ham keltirilgan (u ham arab tilida). Xaritaning devon ichida keltirilgan ma’lumotlar bilan uyg‘unligi uni ham kitob muallifining o‘zi tuzgan degan fikrga olib keladi.
Lug‘at sakkiz bo‘limdan iborat:
Hamzali so‘zlar, ya’ni “alif” bilan boshlanadigan so‘zlar bo‘limi.
Solim, ya’ni “alif”, “vav”, “ya” harflari bo‘lmagan so‘zlar bo‘limi.
Muzoaf, ya’ni undoshlari ikkilanadigan so‘zlar bo‘limi.
Misol, ya’ni tarkibida “alif”, “vav”, “ya” bo‘lgan so‘zlar bo‘limi.
Zavatu-s-salasa (uch harfli so‘zlar), ya’ni “alif”, “vav”, “ya” harflari qisqa unli sifatida o‘qiladigan so‘zlar bo‘limi.
Zavatu-l-arba’a (to‘rt harfli so‘zlar), ya’ni “alif”, “vav”, “ya” qisqa talaffuz qilinadigan so‘zlar bo‘limi.
G‘unnalilar, ya’ni tarkibida burun (dumog‘) tovushlari kelgan so‘zlar bo‘limi.
Al-jam’ baynas-sakinayi, ya’ni harakatsiz ikki undoshli so‘zlar bo‘limi.
Har bir bob ism va fe’llardan iborat ikki qismga ajratilgan. Otlar oldin, fe’llar esa keyin o‘z sirasiga qarab boblarga ajratilib, oldinma-ketin beriladi.
So‘zlarning berilish ketma-ketligi ham arab lug‘atchiligi ishlab chiqqan prinsiplarga tayanadi: oldin ikki harflilar, so‘ng uch, to‘rt, besh, so‘ng olti harfli so‘zlar keladi.
O‘rtasi sukunli va o‘rtasi harakatli so‘zlar ham ajratib beriladi.
Oldiga hamza va shunga o‘xshash harflar orttirilgan so‘zlar; keyin birinchi va ikkinchi harflari orasiga harf orttirilgan so‘zlar; so‘ng uchinchi harfidan keyin harf orttirilgan so‘zlar beriladi.
Bundan tashqari, bu so‘zlarning bosh va oxirgi tovushlari ko‘zda tutiladi. Qoidaga ko‘ra, lug‘at keyingi harfi ^ li so‘zlardan boshlanadi (ap (ta’kid va kuchaytiruv yuklamasi), ab (yo‘q, emas) singari), so‘ng boshqa harfli so‘zlarga ko‘chiladi (at, et, ot (o‘t, o‘lan), uc, er singari).
Yana har bir bo‘limdan so‘ng o‘sha bo‘limning grammatik qoidasi keltiriladi.
Muallif tushunilishi oson bo‘lishi uchun muallif arabcha istiloh(termin)larni qo‘llagan.
Lug‘atga o‘sha zamondagi turkiy tilning deyarli barcha sohalariga tegishli sof turkiy so‘zlar jamlangan (aytgancha, kitobning kirish qismida unga asl turkiy so‘zlar jamlanganini muallifning o‘zi ham ta’kidlaydi). Kitobda iste’moldan chiqqan so‘zlar berilmagan, faqat iste’moldagi so‘zlargina berilgan. Lug‘atda so‘zlarning berilishi o‘ziga xos: avval turkiy so‘z, so‘ng uning arabcha tarjimasi keltiriladi. Izohlanganda esa uning fonetik variantlari, sheva so‘zi bo‘lsa, qanday shevada uchrashi qayd etiladi.
Agar lug‘atda keltirilgan turkiy so‘zga arab tilida teng keladigani bo‘lmasa, ya’ni u turklarning tiriklik tarzi, dunyoqarashi, madaniyati, etnografiyasigagina tegishli tushunchani anglatsa, unday holda ushbu so‘z kengroq shaklda bayon etiladi. Yanada muhimi, turkcha so‘zning ma’nosini ochish uchun o‘sha so‘z qatnashgan turkiy jumlalar, maqollar, xalq qo‘shiqlari, dostonlardan olingan to‘rtliklar, ushbu tushuncha bilan bog‘liq etnografik marosimlar, qarashlar bilan izohlanadi. Shunga ko‘ra, “Devonu lug‘atit turk” tilshunoslik asarigina emas, qadimgi turk folklori, etnografiya, tarix, madaniyatshunoslik va shuning singari o‘nlab qadimiy fanlar uchun ham boy material beradi.
Masalan, im (belgi, yashirin so‘z) so‘ziga izoh berar ekan, shunday yozadi:
"пи - shoh askarlariga qo‘yilgan (tayinlangan) yashirin belgi, parol; bu belgi qush yoki qurol nomi yoki biror so‘zdan iborat bo‘lishi mumkin; to‘qnashganda uni aytib o‘zlarini tanitadilar; maqolda shunday kelgan: im bilsa er olmas - Im bilsa, er o‘lmas (Kishi yashirin belgini bilsa, nohaq o‘lmaydi)” (MK.I.74).
Yoki alp (alp, pahlavon) so‘zining ma’nosi lug‘atda shunday izohlangan:
““alp - botir, qahramon: alpyagida, alcaq cagida - “Botir yov bilan to‘qnashganda, yuvosh kishi - tirishishda sinaladi” maqolidagi kabi. Bu so‘z quyidagi parchada ham kelgan:
Dostları ilə paylaş: |