Ma’lumki, 2010-yilning 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilingan kunning 18 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi 1-Prezidenti I.A.Karimov «Mamlakatimizni modernizatsiya qilish yo‘lini izchil davom ettirish - taraqqiyotimizning muhim omilidir» mavzuida ma’ruza qiladi. 2011-yil mamlakatimizda «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» deb e’lon qilinadi.
Ushbu soha nafaqat milliy iqtisodiyotning o‘sish sur’atlarini jadallashtirish, balki bugungi kun uchun dolzarb hisoblangan aholini ish bilan ta’minlash va turmush darajasini oshirish masalalarini hal etishda ham etakchi o‘rin tutmoqda.
Lekin shu bilan birga, bu borada ayrim muammolarga ham duch kelinmoqdaki, buning asosiy sababi kichik biznes va tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan shaxslarning ishni nimadan boshlamoq kerakligi, uni qanday tashkil etish zarurligi va boshqarish sirlari haqida to'la tasavvurga ega emasligidadir.
1. Kichik biznes va tadbirkorlik tushunchalari, ularning mohiyati va mazmuni Bozor munosabatlari sharoitida iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy omillaridan biri kichik biznes va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishdir.
Tadbirkorlik faoliyati tizimining alohida tahlili dastlab G‘arbda b oshlangan bo‘lsada, uning mohiyati va rivojlanishiga taalluqli ko‘p qirrali bilimlar Sharqda tarkib topib, so‘ngra G‘arbda ilgari surilganiga yuqorida zikr etilgan dalillar guvohlik beradi. Ayniqsa, ular bu yo‘nalishda shakllangan va hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ta’limotlarda o‘z ifodasini topgan . Xususan, 3 ming yillik tarixga ega Zardushtiylik ta’limotining asosi bo‘lmish «Avesto»da, musulmon olamining allomalari ta’limotlari, jumladan, «Naqshbandiya», «Yassaviya», «Kubroviya» ta’limotlarida mujassamlangan.
Ayniqsa, bu jihatdan «Naqshbandiya» ta ’limotining ildizlari chuqur mazmunga ega. «Naqshbandiya«ning «Dil ba yoru, dast ba kor», ya’ni «diling Allohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin», degan ta’limot asoschisi Xoja Baxouddin Naqshbandiy kimxobga naqsh bog‘lashda tadbirkorlik mahoratini namoyish etib, halol mehnat bilan yashash zarurligini ibrat qilib ko‘rsatgan. Ayrim manbalar uning mato to‘qiydigan do‘konlari borligiga ham ishora qiladi.
Ko'rinib turibdiki, Bahouddin Naqshband mashhur G'arb iqtisodchi olimi xususan, Vilyam Pettidan 400 yil muqaddam mehnat insonlarning yashash manbai ekanligini chuqur anglagan va amalda o‘z faoliyati doirasida isbot etgan. Ammo Vilyam Pettining «Boylikning otasi mehnat, onasi esa yerdir» degan ta’limoti jahon iqtisodiy nazariyasi fanida yangi bosqich sifatida e’tirof etilgani holda, Naqshbandiyaning undan avvalroq hamda chuqur iqtisodiy va ma’naviy mazmunga ega bo'lgan yuqorida qayd etilgan ta’limoti hozirgacha na G‘arb va na mahalliy iqtisodiy adabiyotlarida munosib o‘rin egallamagan.
Tadbirkorlik bo‘yicha bilim va amaliy faoliyatlar zaminimizda hukmdor bo‘lgan buyuk shaxslar Sohibqiron Amir Temurning «Tuzuklari«da, Mirzo Boburning «Boburnoma» asarida yorqin ifodasini topgan.
XIX -XX asrlar chegaralarida tadbirkorlik institutining ahamiyati va rolini ko‘pchilik anglay boshladi. Fransuz iqtisodchisi Andre Marshall (1907-1968 yy.) birinchi bolib ishlab chiqarishning uchta omiliga (yer, kapital, mehnat) to'rtinchi tashkillashtirish omilini qo‘shdi. Shu vaqtdan boshlab, tadbirkorlik tushunchasi va shu sohada olib boriladigan ishlar ko‘lami kengayib bormoqda.
Mashhur amerikalik iqtisodchi Y.Shumpeter (1883-1950) o‘zining «Iqtisodiy rivojlanish nazariyasi» kitobida, tadbirkorni novator (yangilik bunyod qiluvchi odam ) deb ta’riflagan. Olim tadbirkorlik faoliyatini kapitalistik iqtisodiyotning rivojlanishida, iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda katta rol o ‘ynaydigan yangiliklarni joriy etishdan iborat, deb biladi: “Vazifasi yangi kombinasiyalarni joriy etishdan iborat bolgan xo‘jalik sub’yektlarini biz tadbirkor deb ataymiz”. Ushbu muammoga iqtisodiyot sohasida Nobel mukofotiga sazovor bo’lgan (1974) ingliz iqtisodchisi Fridrix Fon Xayn (1899-1984) boshqacha yondashgan . Uning fikricha, tadbirkorlik faoliyat bo‘lmasdan, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlarni izlab topish, xatti-harakatlarni ta’minlashdir. Olim tadbirkorlikni faoliyat emas, deb talqin etadi.
Ingliz professori A. Xoskin esa «ishni o‘z hisobidan olib boruvchi, biznesni boshqarish bilan shaxsan shug‘ullanuvchi va kerakli vositalar bilan ta’minlanish uchun shaxsiy javobgarlikka ega, qarorni mustaqil qabul qiluvchi shaxs yakka tartibdagi tadbirkor bo'ladi», — deb izohlaydi.
Taniqli olimlarning olib borgan tadqiqotlari shuni ko'rsatadiki, tadbirkorning o‘z faoliyati sohasida olib boradigan ishlari ko‘p qirralidir. Bu bozor siyosatining o'zgarishi bilan yoki korxonaning ichki va tashqi omillari ta’sirida aniqlanadi. Lekin tadbirkorning asosiy maqsadi foyda ko‘rish bilan bir qatorda, bozorda samarali faoliyat yuritishni ta’minlaydigan ishlarni amalga oshirishdir. Buning uchun tadbirkorlikni boshqarish va unga ko‘mak beruvchi zamonaviy menejment usullariga asoslangan mexanizmni yaratish va undan unumli foydalanishni ta’minlash zarurdir. Bozor sharoitida tadbirkorlikni boshqarishda uning quyidagi xususiyatlarini e’tiborga olish kerak:
— tadbirkor har doim bozordagi talab va taklifni e’tiborga olib ish ko‘radi;
— tadbirkor samaradorlikni ta’minlovchi sa’y -harakatlar qilib, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish yo‘llarini qidiradi;
— biznesning pirovard natijalariga javob beradigan shaxslar, o‘z bizneslarini erkin shart-sharoitlarda olib borishiga yetarli imkoniyatlar yaratadilar;
— kichik korxonaning pirovard natijalari, ya’ni uning oladigan foyda yoki zarari faqat bozordagi oldi-sotdi jarayonida ma’lum bo'ladi;
— kichik biznes bilan shug'ullanuvchi tadbirkor o‘z mablag’larini harakatga solib, bozorda qanday xavf-xatarga duch kelishi yoki yakuniy natija qanday bo‘lishini aniq bilmaydi.
Shunday qilib, tadbirkorning asosiy maqsadi o‘z iste’molchilariga ega bo’lish yo‘lida tovarga ehtiyojni aniqlashdan iboratdir. Tadbirkor o'z iste’molchilarini shakllantirishda quyidagi asosiy omillarni hisobga olishi kerak:
— tovarning yangiligi va uning xaridor manfaatiga mos kelishi;
— tovar yoki xizmatlarning sifati;
— tovar yoki xizmatlarning narxi;
— tovarning universallik darajasi;
— tovarning tashqi ko'rinishi, uning xaridor talabiga mosligi;
— sotuvdan keyingi servis xizmatlaridan foydalanish imkoniyati;
— tovarning qabul qilingan umumiy yoki davlat standartlariga mosligi;
— tovarlar va xizmtlar reklamasining jozibaliligi, xaridor diqqatini o‘ziga jalb etishi va hokazo.