EISA shinasi (Extended ISA) – 32 razryadli ma’lumotlar shinasi va 32 razryadli manzillar shinasi bo‘lib, 1989-yil ISAning konstruktiv va funksional kengaytmasi sifatida yaratilgan. Shinaning manzillar maydoni 4 Gbayt va 8–10 MHz chastotada ishlaydi.
Shinaning o‘tkazish xususiyati nazariy jihatdan 33 Mbayt/s bo‘lib, protsessor – kesh – tezkor xotira kanali bo‘yicha almashuv tezligi xotira mikrosxemasining ko‘rsatkichlari bilan aniqlanadi. Kengaytirish razyomlarining soni oshirilgan bo‘lib, nazariy jihatdan 15 tagacha, amaliy 10 tagacha qurilma ulanishi mumkin. Uzilishlar tizimi yaxshilangan, Bus Mastering – shinadagi har qanday qurilma tarafidan shinani boshqarish ish tartibi quvvatlanadi, qurilmalarning shinadan foydalanishini boshqarish uchun arbitraj tizimi mavjud.
EISA shinasi – ISA ning 32 bitgacha qat’iy standartlashtirilgan kengaytmasidir. Konstruktiv bajarilishi u bilan oddiy ISA adapterlarining mos kelishini ta’minlaydi. EISA kartalarini ISA slotlariga o‘rnatilishi mumkin emas, chunki uning o‘ziga xos zanjirlari ISA zanjirlarining kontaktiga duch keladi, buning natijasida tizimli plata ishga yaroqsiz holga keladi.
EISA shinasi qimmat, ammo ko‘p masalali tizimlarda, faylserverlarda va kiritish/chiqarish shinalarining yuqori samaradorli kengaytmasi talab qilingan joyda o‘zini oqlovchi arxitekturadir.