8. Metallarni elektroshlak usulda payvandlash
Bu usul yirik metall buyumlarni uchma-uch payvandlashda qo‘llanilib, bunda payvandlash joylari va payvandlash sim uchi o‘ta qizigan suyuq shlak ta’sirida erib, vanna hosil bo‘lib, u sovugach puxta chok olinadi. 87-rasmda payvandlash sxemasi keltirilgan.
87-rasm. Metall buyumlarni elektroshlak usulida payvandlash sxemasi:
1 – payvandlovchi metallar; 2 – mis polzunlar; 3 – metall vanna; 4 – shlak vanna; 5 – elektrod sim; 6 – mundshtuk; 7 – chok.
Sxemadan ko‘rinadiki, payvandlanuvchi zagotovkalar (1) ning payvandlash joylari vertikal vaziyatda metall taglikka birbiridan 20–40 mm oraliqda uchma-uch o‘rnatilib, payvandlashda suyultirilayotgan metall shlakning tashqariga oqmasligi va kristallanishga ko‘maklashuvchi to‘g‘ri to‘rt burchakli mis polzunlar (2) yon tomonlariga o‘rnatiladi (payvandlashda ularni erimasligi uchun hovol teshigidan sovuq suv o‘tkaziladi). Payvandlashni boshlashdan avval elektrod sim kristallizator tagigacha tushirilib ustiga 20–75 mm qalinlikda, masalan, AM338A markali flyus to‘kiladi va tok zanjiri ulanib yoy oldiriladi. Yoy issiqligida flyus erib shlak ajrala boshlaydi va yoy uchadi, endi tok yuqori qarshilikli shlak qatlami orqali o‘ta boshlaydi va ajralayotgan issiqlik ta’sirida shlak o‘ta qizib, u buyumlarni payvandlash joylarining butun perimetri bo‘yicha va elektrod sim uchini eritib metall vanna hosil qiladi. Metall vanna shlak ostida bo‘lishi sababli u orqali qiziydi va pastdan yuqori tomon kristallana boshlab gazlardan va nometall materiallardan tozalana borib, pirovardida zich, sifatli chok hosil bo‘ladi (payvandlashda zarur bo‘lsa flyus maxsus trubka orqali kiritiladi).
Payvandlash vaqtida elektrod sim sarflanishida avtomatik ravishda uzatilib boriladi. Bu usulda zagotovkalarni payvandlash joylarini kertmay, bitta elektrod sim bilan 100–120 mm gacha qalinlikdagi metallar, undan ortiq qalinlikdagilar bir necha elektrod sim bilan payvandlanadi. Bu usuldan kichik quyma va pokovkalardan katta prokat stan detallari tayyorlashda keng qo‘llaniladi.
Bu usul metallarni flyus qatlami ostida avtomatik payvandlash usuliga qaraganda 5–10 marta unumli bo‘lib, elektr energiya 1,5–2 marta kam sarflanadi.
Dostları ilə paylaş: |