www.ziyouz.com kutubxonasi
151
vaqt ketadi. Qarabsizki, men o‘z davrimizda paydo bo‘lib qolibman — qand po‘stlog‘li achchiq hapdori
va biz omonat banklariga shafqatsizlarcha hujum boshlab yuboramiz. Eshitib qulog‘ingizga
ishonmaysiz.
— Sening ma’ruzalar yozishingni bilmas edim, Vudi.
— Men hecham yozmayman. Ularni yozib berishadi... — To‘satdan Berkxardt uning qo‘lini juda
qattiq qisib yubordi. Palmerning yuzi bujmayib, qo‘lini bo‘shatish uchun bir chetga chekildi. —
Shaharda nutq so‘zlaydigan bo‘lsam senga xabar qilaman, Jimmi. Bu zo‘r bo‘ladi, sen nutqimni bir
eshitib qo‘yishing kerak.
— Tushunishimcha, — dedi Berkxardt salmoq bilan, — bank ishbilarmonlari oldida nutq
so‘zlashdan oldin sen o‘z tomoshangni obdon pishitib olar ekansan.
— Juda topib aytingiz.
— Lekin oldindan maqtanishga arzimaydi, — deb gapni tugalladi Berkxardt Archerga kulib
qo‘yarkan.
Palmer bossning mitti ko‘zlari yana xona burchagida turgan uchala kishiga qadalganini payqadi.
Uzr so‘rab o‘tirmay Palmer Berkxardtning oldidan ketdi va o‘sha guruhga yaqinlashganda Archibald
Nikosning so‘zlari qulog‘iga chalindi:
— ... bugungi iqtisodiyotning ayni mohiyati.
— Siz haqsiz, albatta, — dedi Kliff Mergendal, — biroq bozorning hozirgi holatida bunday past
foizli, bunday hajmdagi ta’minlanmagan zayom bir oqshomda hal qilish mumkin bo‘lgan masala
hisoblanmaydi.
— Bundan tashqari ham, — gap qo‘shdi Garri Elder, — zayomni to‘lashga berilgan mutlaqo uzoq
muddatni hisobga olganda, amalga oshishi qiyin reja kelib chiqadi.
Bahsga tortmoqchi bo‘lganday Nikos o‘sha iljaygancha Palmerga o‘girildi.
— Bo‘lmasa-chi, — dedi u, — bunday bitimning jamoatchilikka ta’siri qaysidir darajada o‘zidan-o‘zi
qo‘shimcha ta’minot bo‘lib hisoblanadi.
— Bu qanaqa bitim bo‘lishi kerak? — so‘radi Palmer.
— Bu... — Nikos tilini tishladi. Uning chaqchaygan ko‘zlarida besaranjomlik paydo bo‘ldi.
— Vudi zayom muammolari bilan shug‘ullanmaydi, — dedi Garri Elder o‘zining baland xirildoq
ovozida. — Bular bank ishlarini muhokama qilgan qisqa maslahatlashuvlarimizga vaqt topishi uchun u
omonat banklarining mana bu mashmashalari bilan qattiq band.
— Tushunaman, — javob berdi Nikos. U bir daqiqa jimib qoldi, keyin jilmaydi... — Judayam
maftunkor xotiningiz bor-da, mister Palmer.
Suhbatning bu yo‘sinda o‘zgarishi uning chakkasiga tarsaki tortganday bo‘ldi. Palmer javob
tariqasida lablarini tikkasiga cho‘zib jilmaydi.
— Rahmat. Hech shunga e’tibor qilmagan ekanman, — dedi u suhbatning avvalgi mavzusiga
qaytar ekan, — lekin men tafsilotlarni hozir eshitganlarim bilan taqqoslab ko‘rishga harakat qilaman.
Mening aqlim yetmay turgan yagona narsa — bu hajm haqidagi gap edi.
— Yarim milliard, — dedi Mergendal, go‘yo pulning haddan tashqari kattaligi uni tashvishga
solgandek, biroz asabiy holda.
— Qanaqa foiz me’yori bo‘yicha? — astoydil so‘radi Palmer. — Oltimi? Beshmi?
Garri Elder chiyillab kuldi va Nikosga ko‘z qisib qo‘ydi.
— U har birimizning joyimizni solib qo‘yadi, Archi.
— Besh yarim, — javob berdi Mergendal taklifning oshkora bema’niligidan shikoyat qilgan
ohangda. — Bu me’yor faxriylar uchun imtiyozli bay puli, jin ursin.
— Tag‘in yigirma yildan ko‘proq muddatga, — taxmin qilib dedi Palmer.
— Roppa-rosa yigirma yilga, — uning gapini to‘g‘riladi Mergendal. — Sizga hech qanday
yo‘riqnomaning hojati yo‘q.
Palmer yelka uchirdi va Nikosga murojaat qildi:
— Siz bir narsada haqsiz. Gazetalarning birinchi sahifalariga tushish uchun bu hiyla g‘ayriodatiy