www.ziyouz.com kutubxonasi
152
hol. Lekin men YuBTKning reklamani qo‘shimcha ta’minot sifatida baholashiga ishonmayman.
— Bu omadsiz mubolag‘adan boshqa narsa emas, — shoshib gap qotdi Nikos. — Aslida bunday
holda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy munosabat gazetalar uchun shov-shuvli gap emas. U
bor-yo‘g‘i o‘ziga xos ishonchsizlik ovozi, xolos. Aynan mana shu palla ayniqsa qulay...
— Menga qarang, — gumbirlab dedi Berkxardt xona o‘rtasidan. — Biz hammamiz allaqachon
Uoldorfda bo‘lishimiz kerak edi. Tomosha yana 15 daqiqadan keyin boshlanadi.
Palmerga barcha ovozlar haddan tashqari tarmoqlanib ketganday tuyuldi — bu uning ortidagi
mehmonlarning o‘rnidan ko‘zg‘algani edi. U o‘z stakaniga qarab qo‘ydi va yana og‘zini to‘ldirib
ho‘pladi.
— Men tushunmay turgan narsam shundaki, — murojaat qildi u Nikosga, yaxshiroq eshitishi
uchun ovozini ko‘tarib, — bunday iltifotni biz kimga ko‘rsatishimiz kerak?
— Boshni qotirmasang-chi, Vudi, — dedi Garri Elder. — Yaqinda meni imtihondan o‘tkazganingdan
keyin ham senga ishonishimni istaysanmi?
Gap qanday imtihon haqida ketayotganini darhol anglagan Palmer Elderga qaradi.
— Yo‘q, to‘g‘risini aytayapman, — dedi u, — gapim mutlaqo jiddiy.
— ... Mashinalar bo‘lishi uchun pastga qo‘ng‘iroq ham qilib qo‘ying, — dedi Berkxardt uning gapiga
ulab.
Nikos, aftidan, Berkxardtning e’lonini suhbat mavzuidan qochish uchun qulay bahona o‘rnida
qo‘llaganidan xursand edi. U jilmaydi va Palmerga bosh irg‘ab qo‘yib, yoni bilan undan nari keta
boshladi.
— Ayting-chi, — dedi u, — Fors tanobiysida bugun biz nimani ko‘ramiz? Belafontnimi?
Palmer yelka qisib qo‘ydi-da, Garri Elderga yuzlandi:
— Qanaqa firma bu, Garri?
— Seni bilarsan deb o‘ylagandim, Vudi.
— Yo‘q, bilmayman.
— “Jet-Tex interneshnl”.
Shu oqshom kechroq Palmer Garri tilga kirganida nima uchun xonada birdan jimjit bo‘lib qolganini
anglashga harakat qildi. Kiyinishga yordam berayotganlarida mehmonlar suhbatni to‘xtatib
turganlaridandir? Ehtimol, ulardan bir qanchasi allaqachon eshik tomon yura boshlagandir? Nima
bo‘lganda ham, Garrining so‘zlari deyarli to‘la jimjitlikda sado bergandi.
Palmer qo‘lidagi stakanning sovug‘ini his etdi. Sovuq yelka kuragigacha zirqiratib yubordi.
— Jet-Tex? — takror so‘radi u.
Ancha keyin, ular fors tanobiysida raqs maydonchasi yonginasidagi stolchada o‘tirganlarida Palmer
bu sahnani miyasida qayta va qayta ko‘rib chiqayotganini, uning botiniy ma’nosini anglashga
qaysarlik bilan harakat qilayotganini, bundan badani sovuq jimirlab ketayotganini sezdi. U so‘zlariga
quloq solmay qo‘shiqchini kuzatayotir, baribir anavi yoqda, Berkxardtning uyida nima uchun bosh
aylanishiga o‘xshash bir nimani his etganini anglashga urindi. Nimagadir oyoqlari ostidagi yer o‘yilib,
chohga tushib ketayotganday bo‘lganini elas-elas esladi.
O’ttiz birinchi bob
Kun ertasi ko‘ngilsiz boshlandi. Palmer uyqudan og‘ir uyg‘ondi. Qisman bu xumordan bo‘lsa,
qisman shuurida kecha oqshom tug‘ilgan noaniq shubhaning o‘zidan edi. Edisning Berkxardtnikidagi
ziyofatda sodir bo‘lgan ahmoqona qiliqlarini miridan-sirigacha nonushta chog‘ida muhokama qilamiz
deb oyoq tirab turib olishi ishning badtar pachavasini chiqarmoqda edi.
Endi o‘z xonasidagi stolda charog‘on qish oftobi tufayli bahaybat yuqorigi deraza qopqog‘ini yopib
o‘tirar ekan, Palmer Jo Lumis va “Jet-Tex interneshnl” haqida Virjiniya Kleri to‘plagan ma’lumotni
yana bir karra batafsil o‘rganib chiqdi. Kallayi sahardan bankka kelib, Palmer Virjiniya bilan