www.ziyouz.com kutubxonasi
214
— Qandaydir mister Geynts Gauss. U bilan uchrashuv tayinlanmagan.
— Xudoyim-ey, tez huzurimga olib keling. — Palmer eshikka qarab yurdi. — Kim o‘ylabdi buni!
— Olim Geynts Gaussmi? — so‘radi Virjiniya.
— Xuddi o‘zi, uni Penemyunda asir tushirgan edim.
Palmer eshikni ochdi, ayni zamonda Gauss qabulxonaga kirib keldi. — Gauss! — dedi u qo‘lini
cho‘zib.
Geynts Gauss Palmerdan bir bosh kichkina edi, ozg‘in mitti odam, yoshi 60 dan sal oshgan, qora
sochlari to‘kila boshlagan, chakkalari oqargan...
— Ko‘p ham o‘zgarmabsiz, — dedi Palmer.
— E, yo‘q, o‘zgarib ketganman.
Palmer uning qo‘lini bo‘shatdi, Gauss bir nuqtada turib qoldi. Katta xonani ko‘zdan kechirib chiqdi.
Nazari Virjiniyada to‘xtadi.
— Bu reklama bo‘limidagi xodimingiz miss Klerimi?
Gauss qaddini tik ko‘tardi, ammo poshnalarini taraqlatmadi. U bir oz egildi.
— Juda mamnunman, miss Kleri.
Virjiniya eshikka qarab yurdi.
— To‘g‘rilangan nusxasini keyin olasiz.
— Hozir uyga ketasizmi?
— Yo‘q, matn ustida biroz ishlamoqchiman.
— Keyinroq huzuringizga kiraman.
— Mamnunman.
Palmer eshikni yopib, Gaussni yozuv stoli yonida turgan oromkursi oldiga olib bordi. Kichkina odam
iloji boricha kam joy olishga intilgandek, ehtiyotkorlik bilan o‘rindiqqa o‘tirdi. Palmer o‘z joyiga o‘tdi.
— Sigareta chekasizmi?
Gauss chimirilib sigareta olib, tutatdi.
— Bilsangiz kerak, — dedi u. — Jet-Texga aloqador tarix. Men ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik
qilaman.
Palmerning yuragiga birov sovuq latta bilan urgandek bo‘ldi. O’n besh yil ichida Gaussdan hech
qanday darak yo‘q edi. Ayni shu kunlarda kirib kelishi ko‘p narsani anglatadi.
— Shaharda Barni Kinch bilan birga bo‘lsangiz kerak?
— Majlisdan to‘g‘ri kelyapman. Natijalar, chamasi, sizga ma’lumdir?
— Ha, — Palmer stolga yaqinroq surildi. — Agar sizga foydasi tegadigan bo‘lsa, qabul qilingan
qarorga qarshi chiqaman.
Nemisning ko‘zlari charaqladi.
— Shundaymi? Nima uchun?
— Biz qandaydir bitimga kelishamiz deb o‘ylayman. Balki bu siz xohlagandek bo‘lmasligi mumkin,
ammo siz ozmi-ko‘pmi pul orttirib olasiz.
— Pul deysizmi? — Gaussning og‘iz chekkalari yozildi.
— Eski do‘stligimiz hurmati uchun ba’zi narsalarni sizga aytsam maylimi?
— O’zingiz zarur deb hisoblasangiz. — Kelgusi yildagi tajriba ishlarim uchun ajratilgan byudjet
mablag‘larining yarmisi la’nati eltuvchi raketa “Uotan”ga sarflanib bo‘ldi.
— Haligi portlab ketayotganmi? U sizga qarashlimi?
— Mening aybim. — Kichkina odam go‘yo muvaffaqiyatsizlik imtiyoz beradigandek stulga o‘rnashib
o‘tirdi. — Ochig‘ini aytganda, bu ish ahmoqona qalloblik. Suyuq yoqilg‘ili dvigatellar chizma
taxtalardan tushmay turib eskirib qoladi. Boshqa olimlar bolalar o‘yinchog‘iga o‘xshagan shu ishga
qo‘l uradi, deb o‘ylaysizmi?
Palmer yelkasini qisdi.
— Men, to‘g‘risini aytsam, bu sohadagi ishlarni kuzatib ulgurolmayapman, — tan oldi u...
Palmer shundan keyin muqarrar ravishda bo‘ladigan iltimosni kutib, taraddudlandi.