www.ziyouz.com kutubxonasi
123
— Siz buni hecham bu ma’noda tushunganingiz yo‘q, — nihoyat sukunatni buzdi Lumis. U
Palmerga qarab qo‘ydi. — Meni ogohlantirishlaricha, siz g‘oyat qobiliyatli emishsiz, — xotirjam qo‘shib
qo‘ydi u va yana jo‘jani titkilay ketdi.
— Men faqat bir narsani aytmoqchi edim, — davom etdi Palmer, — toki omonat banklari filiallar
to‘g‘risidagi o‘z qonun loyihalarida qattiq turar ekanlar, bu ishni yo‘lga qo‘yish qiyin bo‘ladi.
— Biz bunga erisholmasak-chi? — Lumisning ko‘zlari likobchadan uzilib, Palmerga qadaldi.
— Unda biz hech narsa uchun jang qilmaymiz.
— Bu sizning fikringizmi yo Leynnikimi?
Palmer yelka uchirib qo‘ydi-da, o‘z qovurdog‘idan bir bo‘lak go‘sht uzdi.
— Menimcha, bunday nuqtai nazar har birimizga ham ma’qul kelsa kerak.
U qovurdoqdan tatib ko‘rdi va qayla u klubga dastavval kelganidagidan zarracha kam emasligiga
iqror bo‘ldi.
— Filliallar haqidagi qonun loyihasi bo‘lmasa, ular uchun jang ham bo‘lmaydi.
Lumis bosh irg‘adi:
— Murosasizlik borasida sizning tasavvuringiz g‘oyatda ajib ekanmi? Bor-yo‘g‘i so‘zsiz taslim-ku! —
U og‘ziga jo‘ja go‘shtidan bir bo‘lak soldi-da, uni uzoq chaynadi. — To‘g‘risini aytganda, Leyn sizni
ishga taklif qilmaganida yaxshi bo‘lardi deb o‘ylayman, yigitcha. Siz ham unga o‘xshab kamgap
ekansiz.
— Juda unchalik emas.
— O’zingiz aytgandek, bu masalada siz hali yangi ekanligingizni hatto undan ko‘ra ko‘proq
e’tiborga olishingiz mumkindir. Yangi odam avval u yoq-bu yog‘iga qarab olishi va kutib turishi kerak
bo‘ladi.
— Aynan kutib turish — mening fikrim shunday, — dedi Palmer.
— Sizga Leyn Berkxardt haqida ba’zi narsalarni ma’lum qilishimga ijozat bersangiz, — gap
boshladi Lumis. — U o‘ziga xuddi rahnamoday qaraydi, u aslida ham rahnamodir. Unda yuksak
parvozdagi rahbar uchun hamma narsa bor: u o‘zining qadrini yaxshi saqlaydi, hamma narsani did
bilan qiladi, uning qad-qomati shamshodday, o‘z uslubi, jilvasi bor, ya’ni barcha zaruriy tashqi
fazilatlar muhayyo. Go‘yo u safarga buyruq berib turish uchungina dunyoga kelganday. YuBTK
boshlig‘i sifatida u o‘zining tug‘ma fazilatlariga yana qandaydir jiddiy narsalarni qo‘shdi — bu ulkan
moliyaviy qudrat. Mana shu barchasidan kelib chiqib, uni hamma tijorat banklarining rahnamosi deb
o‘ylashi mumkinmi yoki yo‘qmi, xo‘sh? Ammo bu unday emas. Zero, hech kim rahnamo bo‘la olmaydi.
Har bir bankning taqdiri o‘zgacha; bular barchasi o‘taversin-u, xuddi omonat banklari singari ular bir-
birlari bilan raqobatlashadilar. “Yunayted benk” uchun yaxshi bo‘lgan narsa unga qarindosh bo‘lgan
tijorat banklari uchun har doim ma’qul kelavermaydi. Bordi-yu, YuBTK uchun biron narsa noma’qul
bo‘lsa, Leynning rahnamo sifatidagi barcha yetuk fazilatlari unga u bilan raqobatlashayotgan
banklarni ular ham shunday aziyat chekayotganlariga ishontira olmaydi. Albatta, bunaqasi ham
uchrab turadi, har holda. Bordi-yu, Leynni rahnamo deb tan olishsa, ular yana-da ko‘proq aziyat
chekadilar, chunki bunday holda ularning qisman o‘z mustaqilligi bilan ish tutishlariga to‘g‘ri keladi.
Sinchiklab qarab chiqqanda shunday xulosaga kelasizki, barcha tijorat banklari nomidan ish yurituvchi
boshliq har doim uncha katta bo‘lmagan, iloji boricha allaqayoqdagi chekka joylardan chiqqan odam
bo‘lishi kerak, u haqiqatan ham ulkanlar ichida mittivoy bo‘lib ko‘ringani tufayli ularning umumiy
manfaatlarini namoyon etish uchun saylanadi. Ulkanlar uni qo‘llab-quvvatlaydilar, chunki bu ular
uchun hech narsaga arzimaydi. Biroq sahnaga Leyn chiqib kelganida, ular uning ortidan ergashadilar
va chekinadilar. Leyn ham saflardan shu qadar oldinga uzoqlab ketadiki, endi musiqa uning qulog‘iga
chalinmay ham qoladi.
Fikrning o‘zidan emas, Lumisning o‘z fikrlarini hech bir qiynalmaydigan siyqalikdan xoli qilib bayon
eta olishidan Palmer jilmayib qo‘ydi.
— O’ylashimcha, temir kaltak bilan oldinda mag‘rur ketib borayotgan va butunlay o‘zi bilan o‘zi
andarmon bo‘lgan odam, — dedi Palmer, — bu Berkxardt emas. Bu mening o‘zimman.