www.ziyouz.com kutubxonasi
13
— So‘nggi yillarda matbuotdagi tasodifiy maqolalar biror aniq asosga ega bo‘ldimi? — savolga
savol bilan javob berdi Berkxardt. — Boshqacha qilib aytganda, o‘z kuchini ishga solish uchun
faoliyatning kengroq maydonini izlamayapsanmi?
— Foliyatning keng maydoni deganda nimani nazarda tutayotganingizni tushuntirib berolmaysizmi?
— Nima balo, buni senga telefonda bayon qilaman deb o‘ylayapsanmi? — dedi Berkxardt.
Palmer bir daqiqa jim qoldi, telefondagi suhbat savollar tarzida o‘tdi deb o‘yladi Palmer, lekin
ularning hech qaysi biri bu savollarga javob ololmadi. Suhbat juda cho‘zilib ketdi shekilli, degan o‘yda
Palmer kulib yubordi:
— Mendek qishloqi oddiy odamga, siz nyu-yorklik bankchilar o‘ta ustamonsizlar.
— Bo‘lmasa, tezda samolyotga chiq, — dedi o‘shanda Berkxardt. — 17.40 da uchasan, men
tayinlab qo‘yaman, seni Aydluayld aeroportida kutib olishadi...
Hecham-da, shoshilishning keragi yo‘q, o‘zini tergadi Palmer va javob berdi:
— Hozir-a? Yo‘q, Leyn, bu yerda mening biroz ishlarim bor, hatto, shu past toifadagi komandada
ham.
— Qanaqa ishlar tag‘in? — so‘radi Berkxardt. — Shunday birlashishdan so‘ng yana qanday
ishlaring bo‘lishi mumkin? «Kirim» va «Chiqim» jildlarimi? Men chindan ham jiddiy, rostakamiga
diqqatga sazovor ishni nazarda tutyapman, jin ursin!
Palmer bir oz jim turdi-da, ehtiyotkorona javob berdi:
— Rostini aytsam, bilmayman. Ehtimol, ushbu arzimas sayohatimiz Edisga quvonch baxsh etar.
— Men uni bag‘rimga bosishga hamisha tayyorman, lekin bu safar emas. Xo‘sh, ertaga vaqting
qanaqa?
— Borolmasam kerag-ov...
— Mayli, — uning so‘zini bo‘ldi Berkxardt. — Eng kechi bilan jumaga. Mening shahar tashqarisidagi
uyimda hordiq chiqarasan. Xo‘pmi?
— Xo‘p, — rozi bo‘ldi Palmer, — Meni qiziqtirib qo‘ydingiz.
— O’ylaymanki, senda qiziqishdan ko‘ra katta narsa ham uyg‘ota olaman, — javob berdi Berkxardt.
— Demak, juma kuni Aydluayld aeroporti, soat 17.40...
U o‘zini ko‘zguda ko‘rdi va esladi, Berkxardt bilan suhbatdan so‘ng naqadar quvonchli hayajon
qamrab olgandi. Palmer qariya unga ancha yuqori, mas’ul lavozim taklif etishini o‘shandayoq bilardi.
U o‘zida qoniqish hosil qildi.
Uning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi yaqin edi. U Chikagodagi idorasida o‘tirar va o‘zini zo‘riqqanday
his qilardi. Og‘ir, rutubatli havo kislorodsizga o‘xshab ko‘rinardi. U zo‘rg‘a nafas olar, havo
yetishmayotganga o‘xshardi.
Ha, bu zafar, chinakam, to‘la g‘alaba edi. U bankdan, keksa otasining hukmronligidan ozod bo‘ldi
va endi shiddatli tezlik bilan Chikagodan xalos bo‘layotgandi. Safarini jumagacha qoldirish unga
nechun kerak bo‘lib qoldi? Haftaning oxirigacha kutish naqadar og‘ir? Axir, shu bir necha kundan
so‘ng uni uzoq kutilgan to‘la ozodlik qarshi oladi.
«Yunion lig»dagi o‘z xonasida ko‘zguga qaray turib, Palmer burun kataklarining ana shu
ozodlikning yangi havosini mumkin qadar ko‘proq hidlashga intilib, kengaya boshlaganini sezdi.
Xenli uchun belgilangan ro‘l — otasining o‘ng qo‘li ro‘lini o‘ynashga necha yillarini sarfladi, yelga
sovurdi. Ich-ichidan yemirgan kasallikdan asta-sekin o‘layotgan otasining o‘ng qo‘li vazifasini bajarib
yurdi.
— Agar bu seni tashvishga solayotgan bo‘lsa, — dedi Edis urushdan keyingi dastlabki yillarda, —
Xenlining o‘rnini bosolmasligingni otangga ayt. Aytib, bu ishdan bo‘sha-da, tashvishdan qutul.
— Bunday qilolmayman. Otam kasal, buning ustiga yolg‘izlanib qolgan. Bunaqa qilish qo‘limdan
kelmaydi.
Palmer ko‘zgudan nari ketdi va eshikka yo‘naldi. U hozir o‘zini huv o‘sha, urushdagi og‘ir
damlardagidek his qilardi. Harakat qilish kerak. Shunisi hayratlanarliki, u hali ham harakat qilish
qobiliyatini yo‘qotgani yo‘q. Urushdan keyingi behuda sarflangan yillariga qaramay, u hali dadil