www.ziyouz.com kutubxonasi
129
moddiy manfaatdorlik ahamiyatini rad etish g‘oyalari asosida tashkil etilgan. Bu hol, masalan,
Rossiyada kuzatiladi, bu yerda...
— ... bu yerda Penemyundening qolgan nemis olimlari turibdi, — uning gapini bo‘ldi Berns. — Bu
yerda qanday aloqa borligini endi ko‘rib turgandirsan, Jim? Bankir bu mintaqada Palmer o‘ynagan
rolni o‘z zimmasiga olgani hech ham ajablanarli hol emas. Biri ikkinchisi bilan uzviy bog‘liq, unisi ham,
bunisi ham mutlaqo amerika g‘oyalari muhofazasini ta’minlash maqsadlariga xizmat qiladi.
Qog‘ozda tez-tez sirpanayotgan Stekkertning qalami o‘z tezligini pasaytirdi. Stekkert Palmerga
qaradi-da, birdan so‘radi:
— Demak, siz o‘z faoliyatingizni aynan shu jihatda ko‘rasiz, shundaymi?
— Yo‘q, albatta, yo‘q!
Reportyorning qo‘lidagi qalam qotib qolgandi, u hayron bo‘lib, ko‘zlarini katta-katta ochdi:
— Bu qanaqasi?
— Mister Berns va miss Kleri aytgan gaplar men Penemyundeda bajargan buyruqlar bilan hech
qanaqa umumiylikka ega emas. Urush bo‘lib turganda, haqiqiy holat bilan yashaysan. Nima qilish
kerak bo‘lsa, shuni qilasan. Bu nimaga kerak, degan o‘yni xayolingga keltirmaysan. Shunchaki kerak,
vassalom...
— U aytmoqchiki, — shoshib gapga aralashdi Berns, — atrofda snaryadlar portlab turganda,
o‘ylashga vaqt qolmaydi...
— Bekor gap, — uning so‘zini bo‘ldi Palmer, — urush vaqtida necha martalab kutishga ham to‘g‘ri
kelgan. Sizning yoshingizga qarab hukm chiqaradigan bo‘lsak, mister Stekkert, siz buni eslashingiz
kerak. Shunaqasi ham bo‘lardiki, uzoq-uzoq kutardig-u, ammo juda oz o‘ylar edik, jin ursin!
— Ha, esimda, — javob berdi reportyor, — to‘g‘ri, biz Remagendan nariga o‘tmaganmiz, lekin men
hammasini eslayman. — Stekkertning lablari bilinar-bilanmas egildi, ko‘zlarida g‘alati uchqun
chaqnadi. U ko‘zining qiri bilan Bernsga qarab qo‘ydi, keyin esa Palmerga tikka boqib jilmaydi. Birinchi
marta uning jilmayishi samimiy chiqdi.
Palmer ko‘zlarini pastga oldi. Ha, voqea qaltis tus olmoqda edi. Reklama bo‘limidagi uning odamlari
reportyorning bejamoqchi bo‘lgan jirkanch qalloblik uni barbod etishi hech gap emasdi. “Star”
gazetasi muharriri tugul har qanday muharrir bunaqa dag‘al uydirmani rad etgan bo‘lardi. Endi esa,
uning raddiyasi xatga olinganda, Stekkert loaqal uning raddiyasini tushuntirib berish uchungina bu
jirkanch uydirmalarning bir qismini biron-bir joyga tiqishtirsa bo‘ladi.
(... “Mister Palmer urush davridagi uning faoliyati va hozirgi vaqtdagi tijorat banki vitse-direktori
sifatidagi ishi o‘rtasida mavjud har qanaqangi munosabatni sipolik bilan inkor etdi. Bu vazifalarning
ba’zi umumiyliklarini e’tirof etish mumkin deb bilasizmi, degan savolga u rad etib turib aytdiki...”).
— Iltimos, sal bundayroq qarab, — Palmerning qulog‘iga fotosuratchining tovushi chalindi.
— Faqat haykalga yaqin bo‘lib qolmasin, — ogohlantirdi Palmer.
— Bu yoqqa keling, — dedi Berns yana deraza oldiga kelib turib. — Bu yerdan shahar va ayniqsa
park juda go‘zal ko‘rinib turibdi.
Shiftdan xonaga tushib turgan yorqin nurdan foydalanib, Kessler o‘n-o‘n beshtacha suvrat oldi. To
Stekkert qoniqish hosil qilib bosh irg‘amaguncha Palmer uning savollariga javob berib turdi. Xona
eshigi tagiga yetganida Kessler yana bir qur haykallarga razm soldi.
— Yana bir marta kelib, bu narsalarni ko‘rishimga monelik qilmaysizmi? — so‘radi u Palmerdan.
— Marhamat, istagan vaqtda kelavering, — taklif qildi Palmer.
— Bilasizmi, bu haykalda nimadir bor-u, sira tushunolmayman. U mening ham g‘ashimni keltiradi,
ham undan ko‘zimni uzolmayman.
— Ommadagi uning muvaffaqiyati siri ham shunda bo‘lsa-chi, nima deysiz?
— Sizga nima deyishimni ham bilmayman, — tan olib dedi Kessler va Palmerning qo‘lini qattiq
qisdi. — Faqat bir narsaga aminmanki, unga har kuni sakkiz soat davomida tikilib turgan odam
mardonalikka ega bo‘ladi. — Virjiniya Kleri tomon burilib, u dedi: — Xo‘p, hozircha xayr, Jinni. —
So‘ng Stekkert bilan izma-iz xonadan chiqib ketdi.