www.ziyouz.com kutubxonasi
144
Bo‘lmagan gap, o‘yladi u. Nafsilamrini aytganda, men boshqa odamman. Virjiniya nohaq. Sovuq
odam o‘lmagan. Hammasini boshqa qaynoq odam qildi, ammo o‘sha qaynoq odam aslida men emas.
U labbo‘yoq dog‘i qanday paydo bo‘lib, qanday yo‘qolayotganini kuzatar ekan, qo‘lida qadahni asta
aylantirdi.
“Seni nima deb chaqiray? — so‘radi u. — Ishda-ku o‘zim bilaman. Ammo bu yerda nima dey?”
Bu yerda nima deydi? Ularning bu yerga yana kelishlari mumkinligini o‘ylashga nima izn berdi?
Sovuq odam nima qilishi mumkinligini juvon tasavvur ham qilolmaydi. Har narsa qila oladi. Ishdan
hayday oladi. Har narsa qila oladi. Undan qutulish, bo‘lgan gaplarni xotiradan o‘chirish unga qiyin
emas. Tasodifiy hodisadan, sof jismoniy aloqadan, shunchaki bilib-bilmay qilingan yaqinlikdan
tashqari, pirovardida, bu nima bo‘lishi mumkin?
Qadahni aylantirar ekan, Palmer yorqin izning qayta-qayta paydo bo‘layotganini kuzatdi. Qadahni
biroz ko‘tarib va sinchiklab o‘rganarkan, u g‘oyatda zaif xushbo‘y hidni, juvon atirining, uning
labbo‘yog‘ining qorishiq iforini tuydi. U qadahni burniga olib keldi-da, havoni asta va chuqur ichiga
tortdi. Birdan o‘zi kutmagan holda qadahning qirrasini tili bilan yalayotganini his etdi. U ko‘zlarini
yumdi-da, o‘zini o‘rindiq suyanchig‘iga tashladi.
U endigina yorqin eslagan iliqlik, ha, iliqlik uning vujudini yayratmoqda edi. Tilidagi juvon
labbo‘yog‘ining ta’mi tomog‘ini ehtirosli ishtiyoq ila kuydira boshlagandi. Uzoqdan avtomashina
tezligining almashgandagi ovozi qulog‘iga chalindi. U istamaygina ko‘zlarini ochdi-da, qadahni stolga
qo‘ydi. Uydan shoshib chiqar ekan, u tilining uchini tanglayiga qattiq surdi.
Palmer liftdan eng pastki qavatga tushdi va bir-biriga ulanib ketgan yo‘laklarni oralab o‘tib
xizmatchi eshikka yetib keldi.
Yana ko‘p martalab foydalanishni bilib, u qaysi yo‘laklardan o‘tib kelganini esida saqlab qolishga
harakat qildi.
Yigirma to‘qqizinchi bob
Palmer o‘z mehmonxonasi yonida taksidan tushdi va shveytsarga e’tibor bermasdan tezgina
mo‘‘jaz vestibyuldan lift tomonga o‘tdi. O’zlarining bu muvaqqat oshiyonlariga ko‘chib o‘tgan dastlabki
kundanoq u Palmerga yoqmagandi, Lift oldida eshik ustidagi so‘nggi qavatning yoyi bo‘ylab asta
harakat qilayotgan milni kuzatib turar ekan, u bu la’nati mehmonxonaga nisbatan yuragida nafrat
hissini tuydi. Bu o‘zining ko‘hnaligi, boshqalardan ajralib qolganligini, hayotdagidan ko‘ra bu yerda
ko‘proq bo‘lgan mungli jigarrang tusi bilan bosib turuvchi tangu tor xona edi.
Hozir ham bu yaramas liftning yuqoriga ahmoqona qatnovini nihoyasiga yetkazishini betoqat kutar
ekan, uni yashashga majbur etishgan bu didsiz, kulgili, beso‘naqay binoga nisbatan alohida adovat
hissini sezib turardi. U bu yerda istiqomat qiluvchi chollarni yomon ko‘rardi va xizmat qiluvchi
xodimlarning malaylarcha surbetliklariga nisbatan ko‘nglida chuqur nafrat tuyadi. U qariyb shu
narsaga amin ediki, yo‘lka chekkasiga kelib to‘xtagan taksini ko‘rib, shveytsar o‘sha zahoti keraksiz
topshiriq bilan liftchini yuqoriga jo‘natib yuborgan.
Qavatlarni ko‘rsatguvchi mil yuqorigi “12” raqamiga yetganini, chayqalganini va ehtimol, butunlay
to‘xtaganini Palmer kuzatib turardi va bu uning jonini chiqarmay qo‘ymasdi. To‘g‘ri, boshqa lift ham
bor edi, biroq, odatda, u vestibyul qavatda ochiq, bo‘m-bo‘sh va qop-qorong‘i bo‘lib turaverardi.
Palmer liftdan teskari o‘girildi-da, yuzaga kelgan vaziyatga mutlaqo beparvodek ko‘rinishga harakat
qildi, chunki xizmatchilarning barchasi bundan maza qilish niyatida ko‘zlarini uzmay qarab turishardi.
Soatiga qarab yubormaslik uchun u sigareta olishga qo‘lini cho‘ntagiga suqdi, biroq bitta ham
sigareta qolmabdi. Ko‘zining qiri bilan qarab, u mil yana qimirlaganini va yoy bo‘ylab yana iziga
qaytayotganini ko‘rdi.
Demak, qulay payt keldi, birdan fikri yorishdi Palmerning. Tutilib qolganidan minnatdor bo‘lish
o‘rniga u uning yaqinlashib kelishiga intiq edi. Endi esa, bu narsa sodir bo‘lay-bo‘lay deb turgandi,