www.ziyouz.com kutubxonasi
47
hadya qilish kerakligiga ishontirish uchun ko‘p urindi. Bultur Nyu-Yorkdagi galereyalardan biri shu
haykal uchun Palmerga o‘n ming dollar taklif qildi. Bu haykalni yasatish uchun ketgan puldan ikki
barobar oshiq edi. Biroq Xanna Kerdning ogohlantirishicha, Palmer tushundiki, hozir bu buyumning
narxi ancha baland turadi. Haykal Yevropadagi tasviriy san’at ko‘rgazmasida ham namoyish etildi.
Italyan va frantsuz tanqidchilari bu asar ustidan goh kulishar, goh ko‘klarga ko‘tarib maqtashardi.
Ushbu haykal tevaragida matbuotda ko‘tarilgan shov-shuv uning narxini o‘n besh ming dollargacha
ko‘tarib yubordi.
Palmer bolalarining haykal portretini o‘zining xizmat xonasiga qo‘ymoqchi ekanini Edisga aytgan
paytida ular o‘rtasida janjal chiqdi. Ularning birgalikdagi hayotlarida, ayniqsa so‘nggi yillarda bunday
janjallar tez-tez bo‘lib turardi. Ular garchi ataylab chiqarilmasa ham, baribir, mantiqiy asossiz kelib
chiqaverardi. Edis, «bahslashuvlar» deb atagan bunday mojarolar bir necha hafta davom etdi.
Nihoyat Palmer Edisdan yashirin suratda haykalni San-Frantsiskodan ( u yoqqa ko‘rgazma uchun
vaqtincha olib ketilgandi ) olib kelib Nyu-Yorkdagi o‘z xonasiga o‘rnatdi.
Buni hamma — Berkxardt, Xanna Kerdt, Zamonaviy sa’nat muzeyi, ayniqsa Mak Berns ma’qulladi.
Bu borada Mak Berns ocherk yozib «Tayms»da e’lon qildi. Haykalning rasmini «Luk» jurnalida
bostirdi. Bundan Edisdan bo‘lak hamma mamnun edi. Palmer o‘zi bilan Edis orasiga sovuqlik
tushishiga shu narsa sabab bo‘ldi deb ayta olmaydi. Oxir-oqibat so‘nggi paytlarda ular yashayotgan
vaziyatni yanada chigallashtirish mumkin emasdi.
Shu haqda o‘ylar ekan, Palmer ertalabki pochta jildini olib, undagi xatlarni ko‘zdan kechira
boshladi. Lekin mashinada ertalabki sayri paytidagi ko‘ngilsizliklarni eslab, kayfiyati buzildi.
Haykalga qarab, u haqda o‘ylash unga hamisha qandaydir quvonch baxsh etardi. Eng avvalo u
Palmerga bolalarni eslatardi. Bundan tashqari, haykalga qarab ruhiy madad olardi. Palmer
bolalarining haykal tasviriga qaragan chog‘ida undagi barcha ko‘ngilsizliklar tarqab ketardi. Hozir u
aynan shuni his qilayotgandi.
U stolidagi xatlar uyumi ustidan bittasini olib, o‘qib ko‘rdi. Xatda Long-Aylenddagi
ishbilarmonlardan bir guruhi undan o‘zlari huzuriga borib, jamg‘arma va tijorat banklari o‘rtasida avj
olib ketgan kurash haqida gapirib berishni so‘rashgan ekan. Keyingi xatda Palmer Kolumbiya
universiteti binolari birining poydevorini qo‘yish marosimida qatnashishga taklif qilishgandi. Uchinchi
xatga gazetalar reportyorlari uchun har yili uyushtiriladigan ziyofatga ikkita chipta tirkab qo‘yilgan
ekan. Chiptalarda «joy prezidiumda» degan yozuv bor edi, demak unga so‘z berilishi mumkin.
Stoldagi xatlar uyumiga qarab, bu Palmer shaxsi tevaragida Nyu-York ommasi uchun tegishli
reklama shov-shuvi vujudga keltirish niyatida Mak Berns sa’y-harakatining mevasi ekanini tushunish
qiyin emasdi.
Interkomning qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Palmer tugmachalarga qarab, Berkxardt chaqirayotganini
tushundi-da, go‘shakni ko‘tardi.
— Xayrli tong, Leyn.
— Biror yaxshi gap bormi, Vudi? — qariyaning ovozi ancha tetik eshitildi. Bundan kechani ancha
tinch o‘tkazganini bilsa bo‘lardi.
— Kayfiyatingiz yaxshiga o‘xshaydi, — dedi Palmer. — Men esa bu yerda o‘tirib xatlar uyumini titib,
turli-tuman yig‘ilishlarga takliflarni ko‘zdan kechirayapman. Qarang, Mak Berns mening haqimda
qanday qayg‘urayapti.
— Biror foyda chiqarmikan?
— Long-Aylendda ma’ruza aytishga taklif etishyapti. Lekin u yerdagi omma bizga befoyda.
— U tomonlarda ommaning har qanaqasi yaxshi, — e’tiroz bildirdi qariya. — Bu judayam zarur,
Vudi. Jamg‘arma banklari zo‘r berib o‘sha yerga intilmoqdalar.
— Unda men boshqa odamlar oldida gapirganim maqbul emasmi?, — dedi Palmer. — Mak Berns u
yerda ishbilarmonlarni to‘playapti. Ular shundoq ham bizlar tomonda-ku.
Berkxardt mag‘rurona to‘ng‘illadi:
— Ha, jin ursin, bizdan yuz o‘girib ko‘rishsin-chi...