www.ziyouz.com kutubxonasi
285
111-bob. Xufiya sadaqa
Abu Hurayra raziyallohu anhu Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan eshitganlarini rivoyat
qiladirlar: «Shundoq odamlar bordirkim, sadaqa qilganlarini birovga bildirmag‘aydirlar,
hatto o‘ng qo‘llari qilgan ishni chap qo‘llari bilmay qolur. Olloh taolo: «Agar oshkora
sadaqa aylasangiz, sizga shul sadaqangizchalik savob tekkaydir, agar faqirlarga xufiya
sadaqa aylasangiz, ko‘proq savob olg‘aydirsiz»,- deydir».
112-bob. Badavlat odamga bilmay sadaqa bersa...
Abu Hurayra raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb
aytgandilar»,- deydilar: «Bir kishi sadaqa berg‘ayman, deb ahd qilib chiqib, sadaqasini
(bilmay) bir o‘g‘rining qo‘liga tutqazib yubordi. Shunda odamlar o‘g‘riga sadaqa berdi,
deb malomat qildilar. Boyagi kishi: «Ey parvardigor-o, sadaqa bermog‘im uchun o‘g‘rini
bo‘lsa ham menga ro‘para qilganingga shukr!» - dedi. Keyin, yana sadaqa olib chiqib, bir
buzuq ayolning qo‘liga berdi. Odamlar yana malomat qilib: «Bu kecha buzuq ayolga
sadaqa berdi»,- deyishdi. Boyagi kishi: «Ey parvardigor-o, sadaqa bermog‘im uchun
menga buzuq ayolni bo‘lsa ham ro‘para qilganingga shukr!» - dedi. So‘ng, yana sadaqa
olib chiqdi-da, bir boyning qo‘liga berib yubordi. Odamlar: «Boyga sadaqa qildi»,- deb
uni yana gap qildilar. Shunda u: «Ey parvardigor-o, o‘g‘rigami, buzuq ayolgami,
boygami, sadaqa qilmog‘imni menga nasib etganing uchun senga shukr!» - deb aytdi.
Keyin, tushida unga: «O’g‘ri, bergan sadaqang tufayli, shoyad, o‘g‘rilikdan qaytsa,
buzuq ayol shoyad to‘g‘ri yo‘lga kirsa, boy ersa, shoyad Olloh taolo bergan boyligidan
sadaqa qilmoqni o‘rgansa!» - deb aytildi».
113-bob. Bolasiga bilmay sadaqa bersa...
Ma’n ibn Yazid raziyallohu anhu quyidagi hadisni aytib berdilar: «Men, otam va bobom
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bay’at qildik. Ul zot shaxsan o‘zlari sovchilik
qilib, meni uylantirib quydilar. Bir kuni otam bir necha dinorni (birov kelib olar, deb)
masjidda o‘tirgan bir kishining oldiga qo‘ygan erdilar. Men borib o‘sha pullarni olib,
otamning oldilariga keldim. Shunda otam: «Buni senga sadaqa qilmoqchi emasdim»,-
dedilar. Men voqeani Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga aytib berdim, Ul zoti oliy:
«Ey Yazid, ne niyatda sadaqa qilmoqchi bo‘lgan ersang, o‘shal niyating o‘zingga (yor
bo‘lsin), ey Ma’n, sen ne olgan ersang, o‘shal senikidir!» - dedilar».
Dostları ilə paylaş: |