www.ziyouz.com kutubxonasi
100
Bobolar kechmishin hargiz faromush aylamang, do‘stlar,
Haqiqat tongi otganda ani tush aylamang, do‘stlar,
Agar kim e’tiqodsizdur, ani xush aylamang, do‘stlar,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.
Diyorim O’zbekistondur, ki andin iftixorim bor,
Demakkim, hur adolatlig‘, davlati barqarorim bor,
Onamdek mehribon, munis Vatan bor, g‘amguzorim bor,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.
Vatan, sen hur, yo‘ling shonli, qadamni tashlagin shaxdam,
Faxr-la boqg‘ay Abdullo, ko‘zida shodligidan nam
Panohingni tilab Haqdin dilida iltijo har dam,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.
1994
BUYUKLIK Osmonu falakda mo’jaz yulduz - tosh
Mindi o‘z tabiiy tayyorasiga.
Rosa bo‘shliqlarda daydigach bebosh,
Urildi Mushtariy sayyorasiga.
Mushtariy degani oftob misoli
Fazo karvonida muhtasham nordir.
Ne kechdi u sho‘rlik yulduzning holi,
Vazni tog‘ qoshida zig‘ircha bordir.
Buyuklik qudratin sezmay yo sezib,
O’zi izlab topmish so‘nggi marrani.
Mushtariy samoda milyard yil kezib,
Axir axtarmagan o‘sha zarrani.
Taajjub qilaman, buyuklik asli,
Tanlagan yo‘lidan burilmas ekan.
Zarra buyuklikka urilgay, ammo,
Buyuklik zarraga urilmas ekan.
1994
DIL OG‘RIG‘I Qo‘l og‘rig‘i bosilsa
Dil og‘rig‘i boshlanar.
Olis xotiralardan
Ko‘ngil tag‘in g‘ashlanar.
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
101
Sokin o‘tgan bir damni,
Eslolmayman, yo Rabbim.
Taqdir qo‘lida yoydek
Egilib borar qaddim.
Yaxshi bilan yomonni
Yetolmayin farqiga,
Faqat yo‘l izlab o‘tdim,
Muhabbatning arkiga.
Bir qarasam, paykondek
Umr uchib ketmishdir.
Bilmadim, u chaqin - o‘q
Qay manzilga yetmishdir.
Qaydadir intilganim .
Muhabbatim qayonda,
Balki men bu yonda-yu,
Qalbim esa u yonda.
Inson umri shul ekan .
Yo‘li to‘la nadomat.
Gar vaslingga yetkazsa
Kela qolgil, qiyomat.
Hayotimning ma’nosin
Bir nafasga qaytib ber.
Mayli, so‘ngra barchasin
Doston qilib aytib ber.
Mushkul ekan bu qadar
Ezgulikka yetishmoq.
Hayot-ku, bir chistondir,
Muhabbat ham topishmoq.
Qo‘l og‘rig‘i bosilsa
Dil og‘rig‘i boshlanar.
Olis xotiralardan
Ko‘ngil tag‘in g‘ashlanar.
1994
VIJDON Jahon shoirlari vijdon haqida
Azaldan ming-minglab baytlar yozmishlar.
Vijdon-ku, aslida sobit aqida,
Kimlardir bu yo‘ldan goho ozmishlar.