www.ziyouz.com kutubxonasi
57
«Qimirlamay o‘tirganimga meni o‘lib qolgan degandir», — deb o‘yladi Jahongir. Keyin
qariyaga tikilib qaradi.
— Ha, inim, tikilib qoldingiz?
— Otaxon, sizni bir kishiga o‘xshatyapman. Shu madrasada mudarrisimiz bo‘lardilar,
mulla Nizomiddin degan?
— Mulla Nizomiddin? — qariya kuldi. Og‘zini yumganda tepadagi bittagina tishi pastki
labining ustiga chiqib qoldi.
— Nimaga kulasiz? — dedi Jahongir ajablanib.
— Mulla Nizomiddin yo‘q hozir, Nizom qorovul bor. O‘sha mudarrisingiz menman.
Ilgari shu imorat ichkarisida dars berardim, endi tashida qorovulman. Siz bunda tahsil
olgan bo‘lsangiz... tanimayroq turibman?
— Ismim Jahongir, qirqbellik Muhammadrizoning farzandlariman. Alg‘ov-dalg‘ov
boshlanib, xatmi kutub qilolmay qishlog‘imga qaytgan edim.
— Ha... mulla Jahongirmi? Buni qarang-a, tanimay qolibman, qaysi shamol uchirdi?
— Sovuq yurtlarning shamoli, qamoqdan qaytyapman.
— Yo, alhazar, bu nima deganingiz?! Sizni nimaga qamadilar ekan?
— Taqsirim, buning tarixi uzun. Aytib, sizga yuk qilmay. Tuhmatning to‘riga tushib
qolgan ekanman.
— Ollohning o‘zi asrasin tuhmatlardan. Aybga buyurmang, bo‘tam, bu
peshonangizdagi yozuv nimasi?
— Qamoqda iblisning yo‘liga yurib yozdiribman. Vatanning xumori tutganda esi og‘ib
qolar ekan kishining. O‘shanday lahzadan xotira endi bu. Tikilmang, o‘qiy olmaysiz,
arabcha harfni bilmaydigan o‘ris yozgan, chaplashib ketgan.
— Shayton vasvasasidan o‘zi asrasin. Qani, yuring, kulbamizga boraylik. Menga bir
kulba qurib berishgan, o‘zimning ko‘zimga saroydek ko‘rinadi. Jonni o‘sha yerda
saqlaymiz. Yuring, bo‘tam, yuring.
Jahongir e’tibor bermagan ekan: qulf darvozaning ro‘baro‘sida odam bo‘yidan sal
tikroq kulba turardi. Kulbaning tomiga qora qog‘oz qoqilgan, berk darvozaga qaratib
darcha qo‘yilgan, yon tomonda esa ensiz eshikcha bor edi. Engashib ichkariga kirishdi.
Darcha tomonda taxta so‘ri qilingan, so‘ri ustiga ko‘rpacha to‘shalgan. Aftidan mudarris
— Nizom qorovul yonboshlab yotib, shu darcha orqali imoratni qo‘riqlar edi. Darchaning
qatorida randalanmagan taxtadan tokcha qilingan. Unda besh-olti qalin kitob. Bu
mudarris — qorovulning birdan-bir ovunchog‘i shu — o‘tmish xotirasi bo‘lsa kerak.
— Bu madrasa menga umrim bo‘yi berilgan deb o‘ylab, uy-joy qilmagan ekanman.
Madrasani berkitishgach, ko‘chada qoldim. Bu yerni ombor qildilar. Qayoqqa borishni
bilmaganimda qorovullikni berdilar.
— Nimaga berkitdilar madrasani?
— E, bo‘tam, dunyoning ishlaridan bexabarmisiz?
— Oz-moz xabarim bor. Qamoqqa tushganlar aytib berishardi, ammo ko‘pam
ishonmasdim.
— Ishoning, bo‘tam, ishoning. Bir inqilobni boshlashdi, nomi madaniy ekan. Men bu
inqilobni ko‘rib, yoqa ushladim: hay-hay, madaniysi shu bo‘lsa, vahshiysi qanday bo‘lar
ekan — farqiga aqlim qosir. Dastlab masjidlarni buzmoqqa kirishdilar. Yo, Olloh,
imoratda nima gunoh bor ekan? Keyin Yaratgan ularning oko‘ngliga picha insof
yubordimi, buzmay, har turli idoralarga berdilar. Ombor etganlari bir navi, yahudiy
yamoqchilarga ustaxona qilib berdilar, shunisiga dog‘man. E, aytsam tilim, aytmasam
dilim kuyadi. Qani, marhamat qiling, bo‘tam, o‘tiring.
Jahongir kulbaning o‘ng tomoniga to‘shalgan yupqa ko‘rpachaga o‘tirdi. «Nahot,
fozillar xorliqda, ojohillar farog‘atda bo‘lsalar. Nahot, jamiyatga bunday fozil odamning