www.ziyouz.com kutubxonasi
99
— Siz... shoirmisiz, inim? — dedi Jahongir biroz ajablanib. Islomxon uning savolidagi
bu taajjubni sezdi.
— Hayron bo‘lyapsizmi? — dedi savolga savol bilan.
— Shoirlarni ham qamarlar, deb o‘ylamagan edim. Qadimda xonlar durust madh
etmagan shoirlarni jazolar ekanlar. Men shoirlar hayotidan yiroqman, Vatandan ham
yiroqda edim, balki adashgandirman. Mening chamamda shoirlar madh etishni o‘rniga
qo‘yishayotgan edi.
— Madh etardik... ammo dardimiz ichimizda edi. Cho‘lpondan ayirdilar, Qodiriydan
judo qildilar. Usmonni haydab ketdilar... Xalqqa kim qoldi? Shayboniyxon zamonida
Muhammad Solih degan nuktadon shoir «Bo‘ldi tanbalga vatan Farg‘ona, qildi Farg‘onani
tanbalxona», degan ekan. Yurt endi tanbalxonaga aylandimi? Ig‘voxona, tuhmatxonaga
aylandimi?
— Nimaga qaqqayib turibsanlar?! Ishlalaring!
Labi tirtiq oqsoqolning baqirig‘i Islomxonni xayol dunyosidan qaytardi.
— Ishlaymiz, xo‘jayin, ishlash uchun kelganimiz bu yerlarga, — dedi Islomxon
ma’yuslik bilan, keyin mahzun jilmaydi, — daraxt kesish nima ekan, olamni ostin-ustun
qil, desangiz ham qaytmaymiz.
— Olam sensiz ham ostin-ustun bo‘ladi. Sen buyurilgan ishni bajar.
Jahongir oqsoqolni bilagidan ushlab, chetga tortdi.
— Menga qara, oqsoqol, — dedi u tahdidli ohangda, — men siyosatchilardan
emasman. Pachakilashib o‘tirmayman. Sibirning muzliklaridan tirik qaytgan odamman.
Sendan beshbattarlarni ko‘rganman. Bu yigit bilan anavisi, — u yiqilgan daraxtni
butayotgan Tolibjonni ko‘rsatdi, — menga tegishli odamlar, ularga osilma. Har qancha
gaping bo‘lsa, menga aytaver.
Oqsoqol bu gapga javob beraman, deb og‘iz juftladi-yu, «Buning peshonasiga bekor
yozilmagandir, kel, shu bilan teskari bo‘lmay», deb fikridan qaytdi.
— Men daraxt kesa olmayman, — dedi Islomxon Jahongirga. — Otib tashlashsa ham
kesmayman.
— Unda yiqilganlarni butang. Men Tolibjon bilan arra tortaman, — dedi Jahongir.
Tolibjonning arra tortishga uquvi yo‘q ekan. Jahongirni obdon holdan toydirdi.
Peshinda tuzlangan karam solib pishirilgan iliq sho‘rva ham totli tuyuldi. Ko‘zini bir
nuqtaga tikib olgan Islomxon esa tunuka tovoqni yarimlatmadi ham.
— Islomxon, ko‘p o‘ylamang, qarib qolasiz, — dedi Tolibjon hazil ohangida. — Hali biz
bu yerdan chiqib uylanishimiz kerak. O‘zimizni o‘zimiz qaritsak, qaysi qiz qaraydi bizga.
Islomxon do‘stiga qarab jilmaydi. Yigirma beshdan oshgan qoraqosh yigit
jilmayganida olam chax-chax urib kulishi kerak. Lekin mahkum yigitning hozirgi mahzun
jilmayishidan osmon yanada tundlashgandek bo‘ldi.
— Uylanish dedingizmi? Ha, uylanish kerak... Biz qutulib chiqamiz. Lekin bizni kimlar
kutib oladi? Men shuni o‘ylayapman.
— Kimlar bo‘lardi, g‘azzola qizlar-da, a, Jahongir aka? — dedi Tolibjon ayyorona ko‘z
qisib.
Uning sa’y-harakati zoe ketdi. Shoirning zada qalbiga bu kabi arzon hazil malham
bo‘la olmas edi.
— Qizlar-ku, kutar, — dedi Islomxon o‘ychan, — lekin biz borgunga qadar bog‘lar
qurib, bulbullar qirilib, quzg‘unlar bulbul libosini kiyib olsa-chi?
Tolibjon Jahongir bilan ko‘z urishtirib oldi. Jahongir «uni o‘z holiga qo‘ying», degan
ma’noda yengil bosh irg‘adi. Islomxon buni anglamay gapini davom ettirdi.
— Mashoyixlar «Kuching yetar ekan, olovni shu on o‘chir, agar alanga olsa, jahonni
kuydiradi. Dushmanani o‘q bilan urishga qodir ekansan, uning kamon kerishiga yo‘l