www.ziyouz.com kutubxonasi
65
— Xizmatingni qara sening. Tuppa-tuzuk odamni qamaysan, otasan, go‘rga tiqasan...
Shuni xizmat deb yuribsanmi?
— Soqi bobo, bu odam unaqa emas, o‘g‘ri, kallakesarlarni ushlaydi.
— Bizning qishloqda o‘g‘ri yo‘q, bolam, bekor ovora bo‘psan. Yusufxonadan avliyolar
o‘tgan. Anavini ko‘ryapsanmi, hazratim Ali bir ketmon urib olganlar. Keyin buloq bo‘yida
hordiq chiqarganlar.
Sanjar Solihov chol imo qilib ko‘rsatgan tomonga qaradi. Chindan ham tog‘ning yarmi
ketmonda olinganday tikkasiga kesilgan edi.
— Bobo, Safarqul degan cho‘poninglar bor ekan. Shu odam yigirmanchi yillarda
Qashqarga o‘tib ketgan ekan?
— Safarqulmi? Yigirma to‘rtinchi yilda ketgan. Xomroq chiqdi shu bola. Otasi rahmatli
ham bo‘sh-bayov edi. Yigirmadan oshgan yigit «Qo‘ylarimni haydab oborib bersang, yuz
tilla beraman», desa ishonib ketaveradimi? Hemirini ham bermabdi. Musofirlikda xor
bo‘lib, ana, qaytdi yana.
— Kimning qo‘yini haydab ketgan?
— O‘rozboyvachchanikini. Safarqulga pul zarur edi. Uylanay desa, bir dona butun noni
yo‘q. Xo‘p degan-da boyaqish.
— Safarqul akaning og‘a-inilari bormidi?
— Bor edi-yu, turmagan. Og‘a-inilari o‘lib-o‘lib bir o‘zi qolgan edi.
— U yoqdan durustroq bo‘lib qaytishgandir. Axir qo‘sha-qo‘sha gilamlar bilan
kelishyapti.
— Be, — chol kuldi, — shu Safarqulning peshonasiga buyum bitarkanmi? Podshoga
xazinachi bo‘lsayam yirtiq chorig‘ini sudrab yuraveradi bu.
— Qashqarda orttirgan tanishlari hech yo‘qlab kelishganmi?
— Men ko‘rmadim, sen-chi, rais bolam? Ko‘rmadingmi? Rais ko‘rmagan bo‘lsa, men
ko‘rmagan bo‘lsam, kelmagan hisoblanadi-da, bizga ishonaver. Menga qara, buncha
surishtirib qolding, Safarqulimiz shpionmasmi mabodo?
Bu gapdan rais kulib yubordi.
— Nega kulasan, nodon! Gaplarini eshityapsanmi buning?
— Shpionmas ekan, bobo, xotirjam bo‘ling.
— Xotirjam bo‘lmay nima, — chol qo‘l siltab qo‘ydi. — Bu dunyoning tayini qolmadi.
Odam bolasi rizqi bilan birga tug‘iladi. Kindik qoni qaerga tomsa — rizqi o‘sha yerda. Ota
yurtida to‘ymagan odam musofirlikda to‘yarkanmi! Qorni to‘ygani bilan ko‘zi ochiq
ketadi. Birov seni xafa qilgan bo‘lsa yeringni tashlab jo‘naysanmi, nodon! Yerda nima
gunoh? Yer seni to‘ydirsa, ustingni but qilsa. Ha, yer ko‘r qilgurlar-e, qochib ketishdi?
Qochib nima baraka topdi? Ana, o‘sha chorig‘ini sudrab qaytdi. — Chol Solihovning
ko‘nglidagi gaplarni aytayotgan edi, shu sababli indamay quloq soldi. — Bir o‘zlari
ketishdi, bir qolganlarni quvg‘in qilishdi. Yerning tilini biladigan odam borki, har tomonga
sargardon bo‘ldi. Sen bilib qo‘y, rais bolam, kim yerga mehrini berib ishlasa — boy
bo‘ladi. Qornini silab yotgan odam boy bo‘lib qolmaydi. Endi ko‘zlaringni och, biz ham
ana-mana deb turibmiz, bizdan keyin kim eplaydi bu yerni?
— Xo‘p, bobo, bizga ruxsat bering, boraylik.
— Atay shuni so‘ragani keldinglarmi? — chol Solihovga ajablanib qaradi. — Quruq
ketmanglar, mehmon qilay.
Ular qariyaga minnatdorchilik bildirib, izlariga qaytishdi. Raisning xonasida choy
ichishgach, bir yigitcha ikkita eshakni yetaklab keldi. Yaydoq eshakka o‘zi, to‘qim
urilganiga Solihov minib, yo‘lga tushishdi. Solihov bir-ikki eshak mingan, lekin o‘rnashib
o‘tirishga hali odatlanmagan edi. Eshak yo‘rg‘alaganda xuddi otilib ketadiganday jilovga
yopishardi. Ayniqsa, eshak loyda sirg‘anganida uchib ketay derdi.