Masjidlarning hurmati bobi hadislari
427-hadis. Muttafaqun alayh.
428-hadis. Hasan. Bayhaqiy, Qazoiy rivoyat qilgan.
429-hadis. Zaif. “Kashful xafo”ga qarang.
430-hadis. Hokim “Tarix”ida rivoyat qilgan.
431-hadis. 421-hadisning izohiga qarang.
432-hadis. Zaif. Sanadi mursal.
433-hadis. Mavzu’. “Zaiful jome’”ga qarang.
434-hadis. Sanadi topilmadi.
O‘TTIZ OLTINCHI BOB SADAQANING FAZILATI
Faqih Abu Lays Samarqandiy (Alloh u kishini rahmat qilsin) aytadilar: Abu Zarr Fiforiydan (r.a.): "Qaysi sadaqa afzal?" deb so‘rashdi. "Sadaqaning ko‘prog‘i va kattarog‘i", dedilar va keyin bu oyatni o‘qidilar:
"Suygan narsalaringizdan infoq-ehson qilmaguningizcha hargiz yaxshilikka
(jannatga) yetmaysiz" (Oli Imron, 92). "Agar kishida (yaxshi ko‘rgani) bo‘lmasa-chi?" deb so‘rashdi. "Molining ortiqchasidan sadaqa qiladi", dedilar. "Agar unda mol bo‘lmasa- chi?" deb so‘rashdi. "Taomining ozginasidan sadaqa qiladi", dedilar.
"U ham bo‘lmasa-chi?" "Quvvati bilan yordam beradi". "Quvvati bo‘lmasa-chi?"
"Agar yarimta xurmo berib bo‘lsa ham, do‘zaxdan saqlaninglar". "Buni ham qilolmasa-chi?"
"O‘zini tiysin, odamlarga zulm qilmasin".
435. Abu Dardo (r.a.) aytadilar: Payg‘ambar (s.a.v.): Quyosh chiqqanida ikki tomonga nido qilish uchun ikkita farishta yuboriladi. Ularning nidolarini insonlar va jinlardan boshqa hamma yer ahli eshitadilar: "Ey odamlar! Parvardigoringizga kelinglar, albatta, ozgina bo‘lib, kifoya qilgan mol ko‘p bo‘lib, mashg‘ul qilib qo‘ygan moldan yaxshidir". Ikki farishta yana nido qilib: "Ey Parvardigor, infoq qilgan kishining moli o‘rniga molni tezroq ber va mumsikning molini tezroq halok qil", deb aytadi", dedilar.
436. Ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bir kuni Ka’baning yopinchig‘iga osilib turgan bir kishining oldidan o‘tdilar. U odam: "Sendan bu uyning hurmati bilan so‘raymanki, gunohlarimni kechir", der edi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey Allohning bandasi! O‘zingning hurmating bilan so‘ra, chunki mo‘minning hurmati Alloh nazdida Baytullohning hurmatidan ulug‘dir". "Ey Allohning rasuli, – dedi u, – mening katta gunohim bor". Rasululloh: "Nima gunoh?" deb so‘radilar. "Mening molim ko‘p edi. Qo‘y-mollarim ham, otlarim ham ko‘p edi. Lekin bir kishi biron bir narsa so‘rasa, go‘yoki yuzimdan olov chiqib ketardi", dedi u. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey fosiq, ket oldimdan, o‘ting bilan meni ham yondirma. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar ming yil ro‘za tutsang va ming yil namoz o‘qisang ham, xasis bo‘lib o‘lsang, Alloh taolo seni do‘zaxga uloqtiradi. Xasislik kufrdan, kufr esa do‘zaxda ekanini, saxovat imondan va imon jannatda ekanini bilmaysanmi?!"
437. Oyisha onamiz (roziyallohu anho) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot aytdilar: "Saxiylik daraxtdir, uning ildizi jannatda va shoxlari dunyoga tushgan, kim uning shoxlaridan birini ushlasa, jannatga yetkazadi. Baxillik ham bir daraxtdir, ildizi do‘zaxda va shoxlari dunyoga tushgan, kim uning shoxini ushlasa, do‘zaxga eltadi".
438. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Xasis odam Allohdan uzoq, jannatdan ham uzoq, odamlardan ham uzoq va do‘zaxga yaqin. Saxiy esa, Allohga, jannatga va odamlarga yaqindir, do‘zaxdan uzoqdir".
439. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Mollaringizni zakot bilan qo‘rg‘onlanglar, kasallaringizni sadaqa bilan davolanglar va balolarni duo bilan qarshi olinglar".
440. Umarning (r.a.) ozod qilgan qullari Abdurahmon Salmoniydan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sadaqa so‘rovchi o‘zi so‘zidan to‘xtamagunicha bo‘lib qo‘ymanglar. Keyin unga viqor va yumshoqlik bilan javob qaytaringlar yo yengilgina narsa bilan yoki yaxshi so‘z bilan qaytaringlar".
441. Sa’d ibn Mas’ud Kindiy rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qaysi inson kecha va kunduzda sadaqa qilib tursa, ilon chaqib o‘lishdan, tom bosib o‘lishdan yoki to‘satdan o‘lib qolishdan muhofaza qilinadi".
442. Abu Hurayra Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: U zot aytdilarki: "Mol sadaqa qilish bilan kamaymaydi va kishi o‘ziga yetgan zulmni avf etsa, Alloh unga azizlikni ziyoda etadi. Qaysi kishi Alloh uchun tavozu’ qilsa, Alloh uning darajasini ko‘taradi".
Ikrima (r.a.) Ibn Abbosning bunday deganlarini rivoyat qiladi: "Ikki narsa shaytondan va ikki narsa Alloh taolodan", deb keyin bu oyatni o‘qidilar: "Shayton sizlarni (agar
infoq-ehson qilsangiz) kambag‘al bo‘lib qolishingizdan qo‘rqitadi va fahsh ishlarga buyuradi. Alloh sizlarga o‘z tarafidan mag‘firat va fazlu karam (boylik) va’da qiladi", ya’ni, sizlarni toatga va sadaqa qilishga buyurib, fazli va mag‘firatiga yetkazmoqni xohlaydi. "Alloh (fazlu karami) keng va bilguvchidir" (Baqara, 268). Ya’ni, fazlu karami keng va sadaqa qilgan kishining savobini bilguvchi
zot.
443. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Agar qaysi bir qavm ahdini buzsa, Alloh ularni o‘lim bilan imtihon qiladi, qaysi qavmda fohishabozlik yoyilsa, ularga to‘satdan o‘lim yuboradi, qaysi qavm zakotni man’ qilsa, Alloh taolo ularni yomg‘irdan qisib qo‘yadi".
Nazzol ibn Sabra aytdilar: Jannat eshigiga uch qator so‘z yozilgan:
1. "Laa ilaha illalloh, Muhammadur-rosululloh".
2. "Ummat gunohkor, Parvardigor kechiruvchi".
3. "Nima amal qilgan bo‘lsak, topdik, bergan bo‘lsak, foyda oldik, nimaiki olib qolgan bo‘lsak, zarar qildik".
Aytilishicha, kim besh narsani man’ qilsa, Alloh ham undan besh narsani man’ qiladi.
1. Zakotni bermasa, molining muhofazasini man’ qiladi.
2. Sadaqani man’ qilsa, undan tinchlik-xotirjamlikni man’ qiladi.
3. Ushrni man’ qilsa, yerining barakasini man’ qiladi.
4. Duoni man’ qilsa, undan ijobatni man’ qiladi.
5. Namozga dangasalik qilsa, Alloh undan o‘layotgan vaqtida "laa ilaha illalloh"ni man’
qiladi.
Ibn Ma’sud (r.a.) aytadilar: "Qaysilaringiz bir dirhamni sog‘ligida va baxilligida infoq qilsa, o‘lim vaqtida yuz dirhamni infoq etishni vasiyat qilishidan yaxshidir".
Faqih aytadilar: Otamdan eshitdimki, Iso alayhissalom zamonlarida baxilligi bilan nom chiqargan Mal’un ismli kishi bor edi, bir odam g‘azotga chiqmoqni xohladi va kelib: "Yo Mal’un, menga biron qurolingdan ber, uni olib, g‘azotimda quvvatli bo‘layin, sen esa do‘zaxdan uning savobi bilan qutulib qol", dedi. Undan yuz o‘girib, hech narsa bermadi, haligi kishi ketgandan keyin, Mal’un qilgan ishiga pushaymon yedi, keyin uni chaqirib, qilichini berdi. Haligi kishi yo‘lda Iso alayhissalom bilan yetmish yildan beri ibodat qilib kelayotgan bir kishiga yo‘liqdi. Iso (a.s.) undan bu qilichni qaerdan olganini so‘radilar. Haligi kishi: "Mal’un berdi", dedi. Iso (a.s.) uning qilgan sadaqasiga xursand bo‘ldilar.
Keyin Mal’un eshigi oldida o‘tirgan edi, Iso (a.s.) obid bilan uning oldidan o‘tdilar. Ma’lun ham o‘zicha, Isoning va obidning yuziga qarasam, deb turgan edi. Shunda o‘rnidan turdi va ikkovlarining yuziga qaradi. Obid, olovi meni kuydirmasidan oldin Ma’lundan qochay, dedi. Alloh taolo Iso (a.s.)ga vahiy qildi: "Ey Iso, bu gunohkor bandamga ayt, sadaqa qilgan qilichi uchun uning gunohlarini kechirdim va bu obidga ham ayt, men uni u bilan jannatda yo‘ldosh qilib qo‘yaman". Obid aytdi: "Allohga qasamki, men u bilan jannatda turishni xohlamayman, yo‘ldosh bo‘lishni ham xohlamayman". Alloh Iso (a.s.)ga vahiy qildi: "Bu bandamga ayt, u Mening qazoi qadarimga rozi bo‘lmadi va bandamni kamsitdi, Men uni do‘zax ahlidan qilib, Mal’unning holatiga qo‘ydim va jannatdagi joyini uning do‘zaxdagi joyi bilan almashtirdim, uning jannatdagi joyini bu bandamga berdim va
uning do‘zaxdagi joyini unga berdim".
444. Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Osmon eshigidan bir farishta nido qilib aytadi: "Kim bugun qarz bersa, ertaga mukofotini oladi". Boshqa farishta nido qilib: "Ey odam bolalari, o‘lish uchun tug‘ilaveringlar, xarob bo‘lish uchun quraveringlar", deydi".
445. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: "Ey Allohning rasuli, siz dunyodan o‘tgandan keyin bizga yerning usti yaxshimi yoki ostimi?" deb so‘rashdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Agar boshliqlaringiz yaxshilaringiz, boylaringiz saxiylaringiz bo‘lsa, ishlaringiz maslahat bilan qilinsa, sizlarga yerning ostidan usti yaxshidir. Agar boshliqlaringiz yomonlaringiz, boylaringiz baxillaringiz bo‘lsa, ishlaringiz ayollaringizga qolsa, sizlarga yerning ustidan osti yaxshidir".
Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: "Agar boylik topsang, uni qurtlarga yem bo‘lmasin yoki qaroqchilar qo‘liga tushmasin desang, sadaqa qil".
446. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kim zakot bersa, mehmon kutsa, omonatni ado qilsa, nafsini baxillikdan saqlabdi".
Faqih aytadilar: Ozmi-ko‘pmi, doim sadaqa qilib turing, chunki sadaqada o‘nta xislat maqtalgan. Beshtasi dunyoda, beshtasi oxiratda. Dunyodagi beshtasi quyidagilar:
1. Sadaqa qilishda molni poklashlik bor.
447. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: "Ogoh bo‘linglar. Savdoda bema’ni so‘z, qasam va yolg‘on bo‘lib turadi. Shuning uchun unga sadaqani ham qo‘shinglar".
2. Sadaqada badanni gunohlardan poklashlik bor. Alloh taolo aytadi: "(Ey Muhammad), Siz ularning mollaridan bir qismini o‘zlarini poklab-tozalaydigan sadaqa sifatida oling" (Tavba,103).
3. Sadaqa qilish kasallik va balolarni daf qiladi.
448. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kasallaringizni sadaqa bilan davolanglar".
4. Sadaqa qilishda miskinlarga xursandchilik ulashish bor. Amallarning afzali mo‘minlarni xursand etishdir.
5. Sadaqada molning barakasi va rizqning keng bo‘lishi bor. Alloh taolo aytgandek:
"Ne bir narsani infoq-ehson qilsangizlar, Alloh uni to‘ldirur" (Saba’, 39).
Oxiratdagi beshta xislat:
1. Sadaqa qattiq issiqda egasiga soya bo‘ladi.
2. Sadaqa qilganning hisob yengil kechadi.
3. Sadaqa amallarni mezonda og‘ir qiladi.
4. Sirotdan o‘tishga ruxsatnoma.
5. Jannatdagi darajalarni ziyoda etadi.
Agar sadaqada miskinlarning duosidan boshqa fazilat bo‘lmaganda ham, oqil kishi unga rag‘bat qilmog‘i vojib bo‘lardi. Endi unda Allohning roziligiyu shaytonning g‘azabi bo‘lsa, qanday qilib rag‘bat etmasin.
449. "Kishi yetmishta shaytonning soqolini bo‘shatmaguncha sadaqa qilishga qodir bo‘lolmaydi".
Bu ishda solihlarga ergashish bor. Chunki solihlar sadaqa qilishga qattiq e’tibor berar edilar.
Faqih aytadilar: Ummu Zarr (r.a.) Oyisha onamizning (r.a.) oldilariga kirib turardilar. U zot aytadilar: "Bir kuni Abdulloh ibn Zubayr (r.a.) Oyishaga ikki qopchada bir yuz sakson ming dirham yubordilar. Shu kuni Oyisha ro‘zador edilar. Keyin odamlarga tarqata boshladilar. Kechqurungacha oldilarida dirhamdan hech narsa qolmadi. Kech kirgach:
"Ey joriya, iftorligimni keltir", dedilar. Joriya non bilan yog‘ keltirdi. Oyisha (r.a.): "Dirhamlarni bo‘layotib o‘zimizga ham olib qolganingda bir dirhamga go‘sht olardik", dedilar. Joriya aytdi: "Meni koyimang, agar eslatganingizda edi, shunday qilardim".
Urva ibn Zubayr aytadilar: "Men Oyisha onamizning (r.a.) yetmish ming dirham sadaqa qilganlarini ko‘rdim. Ko‘ylaklarining yoni esa yamoqli edi".
Zikr qilinishicha, Abdul ibn Hasanga ellik ming dirham meros qoldi. Shunda birodarlariga bir hamyonni yuborib aytdiki: "Birodarlarimga jannat so‘rar edim, endi qanday qilib ulardan dunyoni qizg‘anayin".
Xabarda zikr qilinadi: Bir xotin Hasson ibn Abu Sinonning oldiga kelib, biron narsa berishini so‘radi. U kishi xotinga qaradi, u g‘oyat chiroyli edi. "Ey g‘ulom, unga to‘rt yuz dirham bergin", dedi. Unga: "Ey Allohning bandasi, bu xotin sendan bir dirham so‘radi, sen esa to‘rt yuz dirham berding", deyishdi. Hasson aytdi: "Uning chiroyini ko‘rib, u qiynalib qolganda, gunohga kirib ketishidan qo‘rqdim va uning behojat bo‘lmog‘ini xohladim. Shoyad shunda biror kishi unga rag‘bat qilib nikohiga olsa".
Xabarda keladi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan biriga qo‘yning boshini hadya qildilar. U sahobiy falonchi birodarim mendan ko‘ra muhtojroq, deb haligi narsani unga yubordi. Keyin unisi ham xuddi shunday o‘ylab, boshqa kishiga yubordi. Shunday qilib, bu narsa yetti uyni aylanib, birinchi kishinikiga qaytdi. So‘ngra ushbu oyat tushgan ekan:
"Garchi o‘zlarida ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘zlarini qo‘yib, (o‘zgalarni) iysor-ixtiyor
qilurlar" (Hashr, 9).
Yana aytilishicha, bu oyatning tushishi ansorlardan birining ishi bilan bog‘liq. Hasan rivoyat qiladi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam davrlarida bir kishi ro‘za tutdi, kechqurun bo‘lganda iftorga hech narsa topmadi. Keyin suv bilan og‘zini ochdi, so‘ng kelasi kun yana ro‘za tutdi, uch kun ro‘za tutib, ko‘p holdan toydi. Bu holni ansorlardan biri ko‘rib, kechqurun uni uyiga olib keldi. Xotiniga: "Bugun biznikiga mehmon tushdi, ovqatdan bormi?" dedi. Xotini: "Bir kishi to‘yadigan ovqat bor", dedi. Ikkalasi ham ro‘zador edilar, shuningdek, ularni bitta go‘daklari ham bor edi. Haligi ansoriy xotiniga: "Biz mehmonimizni ovqatlantiraylik, o‘zimiz bu kecha sabr qilamiz, o‘g‘limizni esa, xuftondan oldin uxlatamiz. Ovqatni keltirayotganingda, chiroqni o‘chirib qo‘y, mehmon meni ovqatlanayapti deb o‘ylaydi va qornini to‘yg‘izib oladi", deb tayinladi. Xotini tovoqda ov-qatni keltirib, uning oldiga qo‘ydi, keyin chiroqni go‘yo yaxshilayman deb o‘chirib qo‘ydi. Mezbon qo‘lini tovoqning chetiga qo‘yib, hech narsa yemadi. Mehmon ovqatning hammasini yedi. Keyin ertalab mezbon ansoriy Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salom berganidan keyin u zot sollallohu alayhi vasallam unga: "Alloh er- xotin ikkovlaringizning qilganingizdan ko‘p ajablandi", dedilar. (Ya’ni, bu ishlaringizdan rozi bo‘ldi).
Keyin bu oyatni o‘qidilar:
"Garchi o‘zlarida ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘zlarini qo‘yib (o‘zgalarni) iysor-ixtiyor qilurlar" (Hashr, 9). Ya’ni, o‘zlaridagi narsalarni o‘zlariga kerak bo‘lsa ham, och bo‘lsalar ham, boshqalar uchun beradilar.
"Kimki o‘z nafsining baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar najot topguvchi zotlardir" (Hashr, 9). Ya’ni, kim baxillikni o‘zidan ketqazsa, ular Allohning azobidan qutiluvchilardir.
Xolid Lifof (r.a.) aytadilar: "Men sizlarni to‘rt ishlaringdan, agar o‘tgan olimlar xilof qilsa ham, rozi bo‘lardim.
1. O‘tganlar fazilatni ko‘paytirishga ahamiyat berganlari kabi sizlar farzlarni qisqartirishga e’tibor berishingiz.
2. Oldingilar toatning qabul bo‘lmasligidan qo‘rqqanlari kabi gunohlaringizni Alloh kechirmasligidan qo‘rqishingiz.
3. O‘tganlar ba’zi haloldan qo‘rqib saqlanganlaridek, sizlarning haromdan saqlanishingiz.
4. Sizlardan oldin o‘tganlar dushmanlariga shafqat va yaxshilik qilganlaridek, sizlarning birodarlaringizga va aka-ukalaringizga shafqat va yaxshilik qilishingiz".
Sadaqaning fazilati bobi hadislari
435-hadis. Sahih. Ahmad, Tayolisiy, Ibn Mojja rivoyat qilgan.
436-hadis. Juda zaif.
437-hadis. Zaif. “Zaiful jome’”ga qarang.
438-hadis. Juda zaif. Termiziy, Ibn Mojja, Uqayliy rivoyat qilgan. “Az-zaifa”ga qarang.
439-hadis. Zaif. Abu Dovud, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
440-hadis. Botil. Daylamiy “Al-firdavs”da rivoyat qilgan.
441-hadis. Sanadida uzilish bor. “Tarixul kabir”ga qarang.
442-hadis. Sahih. Muslim rivoyat qilgan.
443-hadis. Hasan. Hokim, Bayhaqiy rivoyat qilgan. Hokim sahih sanagan.
444-hadis. Ibn Hibbon rivoyat qilgan. 435-hadisning izohiga qarang.
445-hadis. Zaif. Termiziy rivoyat qilgan.
446-hadis. Zaif. “Az-zaifa”ga qarang.
447-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan. Termiziy hasan sahih degan.
448-hadis. Hasan. “Sahihul jome’”ga qarang.
449-hadis. Sahih. Ahmad rivoyat qilgan. Hokim sahih sanagan.
O‘TTIZ YETTINCHI BOB
SADAQA BALOLARNI DAF QILISHI HAQIDA
Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadilar: Abul Farj Azdiy rivoyat qiladi: "Iso ibn Maryam alayhumassalom bir qishloqdan o‘tdilar. Bu qishloqda kir yuvuvchi kishi bor edi. Qishloq ahli: "Ey Iso, kir yuvuvchi kiyimlarimizni yirtadi va ko‘p vaqt ushlab qoladi. Uni duoibad qiling, Alloh uni kiyim yuvishdan salomat qaytarmasin", dedi. Iso alayhissalom: "Ey Parvardigor, uni kiyim to‘plab yuvadigan joyidan salomat qaytarmagin", deb duo qildilar. So‘ngra kir yuvuvchi kiyimlarni yuvib, ularni bo‘yash uchun ketdi. U o‘zi bilan uch dona non olgan edi. Tog‘da ibodat qiluvchi bir obid kishi kir yuvuvchiga salom berib: "Meni ovqatlantiradigan noning bormi, falon-falon kundan beri ovqat yemayapman, hech bo‘lmasa, bir ko‘ray yoki hidini hidlay", dedi. Kir yuvuvchi unga bitta nonini berdi. Obid: "Ey kiyim yuvuvchi, Alloh sening gunohingni kechirsin, qalbingni poklasin", dedi. Bu so‘zidan keyin ikkinchi nonini berdi. Obid: "Ey kiyim yuvuvchi, Alloh sening oldingi va keyingi gunohlaringni kechirsin", dedi. So‘ngra uchinchi nonini ham berdi. Obid: "Ey kiyim yuvuvchi, senga Alloh jannatdan bir uy bino qilsin", dedi. Kir yuvuvchi kechqurun uyiga salomat qaytdi. Qishloq ahli aytdilarki: "Ey Iso, kiyim yuvuvchi qaytib keldi-ku?" Iso aytdilar: "Menga uni chaqirib kelinglar". U huzurlariga kelganidan keyin: "Ey kir yuvuvchi, bugun nima ish qilganingni ayt", dedilar. U aytdiki: "Anovi tog‘da yo‘lovchilardan biri kelib, mendan taom so‘radi. Uch dona nonim bor edi. Har birini berganimda shu-shu so‘zlar bilan duo qildi". Iso (a.s.): "Ey kiyim yuvuvchi, xaltangni keltirgin, men bir uning ichiga qaray-chi", dedilar. U kishi xaltani ochib ko‘rsalar, og‘ziga temir urilgan qop-qora ilon yotardi. Iso alayhissalom aytdilar: "Ey qora ilon, sen bu kishiga yuborilmagandingmi?" Ilon: "Ha, – dedi, – lekin bir yo‘lovchi tog‘dan tushib, undan ovqat so‘radi. Har bir non berganda uni duo qildi. Uning oldida bir farishta, omin, deb turdi. So‘ng Alloh bir farishtani yubordi, u meni temir bilan yuganlab tashladi". Iso alayhissalom aytdilar: "Ey kir yuvuvchi, amalingni qaytadan boshla, Alloh taolo sadaqangni barakotidan gunohlaringni kechirdi".
Solim ibn Abu Ja’d aytadilar: "Bir xotin bolasi bilan ketayotgan edi, bo‘ri bolasini olib qochdi. Xotin bo‘rining orqasidan ketayotib, bitta nonini taom so‘ragan gadoga berdi. Shunda bo‘ri qaytib kelib, bolasini unga topshirdi. Foyibdan ovoz keldi: "Bir luqmaga bir luqma".
Mug‘ays ibn Sumo aytadilar: "Bani isroillik bir rohib oltmish yil tog‘dagi chaylada ibodat qilgan ekan. Bir kuni osmon gumbaziga qarabdi, shunda uni yer qiziqtirib qolibdi. "Yerga tushsam, undagi narsalarga qarasam", debdi va o‘zi bilan non olib tushibdi, yo‘lda unga bir xotin yo‘liqibdi, unga fitnalanib, nafsini ushlay olmay, unga qo‘shilib qo‘yibdi. Shu holda ajali yetibdi. Bir tilanchi kelib non so‘rabdi, unga nonini beribdi, so‘ngra o‘libdi. Uni oltmish yillik ibodati torozining bir pallasiga va xatolari torozini ikkinchi pallasiga qo‘yilibdi. Xatolari oltmish yillik ibodatidan og‘ir kelibdi, keyin sadaqa qilgan nonni keltirishibdi. Amallari bilan birga toroziga qo‘yilganda, xatolaridan og‘ir chiqibdi. Shunda, sadaqa yomonlikning yetmish eshigini yopadi, degan ekanlar.
450. Qatoda aytadilar: "Bizga, sadaqa suv o‘tni o‘chirgandek, xatolarni o‘chiradi", deb aytildi".
Oyisha onamizdan (r.a.) rivoyat qilinadi: U kishi (r.a.) o‘tirganlarida bir xotin keldi. U qo‘llarini yengiga yashirib olgan edi. Oyisha onamiz: "Senga nima bo‘ldiki qo‘lingni yengingdan chiqarmaysan?" dedilar. Xotin: "So‘ramang", dedi. Oyisha onamiz aytdilar: "Menga aytishing kerak". "Ey mo‘minlarning onasi, – dedi xotin, – mening ota-onam bor edi. Otam sadaqa qilishni yaxshi ko‘rardilar. Ammo onam aksincha. Bir bo‘lak yog‘ bilan yirtiq kiyimni sadaqa qilganlaridan boshqa sadaqa qilganlarini ko‘rmaganman. Ular vafot etishdi. Bir kuni tushimda guyoki qiyomat bo‘lgandek edi. Onamni odamlar orasida ko‘rdim, o‘sha yirtiq kiyimi avrati ustiga tashlangan, yog‘ esa ikki qo‘llarida edi. Onam hansirar va: "Chanqadim", der edi. Otamni havzi kavsar yonida ko‘rdim. U suv tarqatardi. O‘zlari suv berib sadaqa qilishni juda yaxshi ko‘rardilar. Bir piyolada suv olib
onamga ichirdim. Shunda tepadan nido keldi: "Ogoh bo‘linglar, kim bu ayolga suv bersa, qo‘li shol bo‘ladi". Nogoh uyg‘onib ketdim, qarasam qo‘lim shol bo‘lib qolibdi".
Molik ibn Dinor (r.a.) bir kuni o‘tirganlarida tilanchi tilanib keldi. Uylarida bir savat xurmo bor edi. Xotiniga: "Xurmoni keltir", dedilar. Xotini xurmoni olib keldi. Molik uning yarmini olib, tilanchiga berib, yarmini xotiniga qaytardilar. Xotini: "Sizga o‘xshaganlarni yana zohid deyishadi. Biron kishining podshohga yarimta narsa yuborganini ko‘rganmisiz", dedi. Molik tilanchini chaqirib, qolganini ham berdilar. Keyin xotiniga yuzlanib dedilar: "Ey xotin, harakat qil, harakat qil! Alloh taolo aytadi:
"Bas, Alloh jahannam ko‘riqchilariga der: "Uni ushlab, kishanlanglar! So‘ngra do‘zaxga tashlanglar, so‘ngra uzunligi yetmish gaz bo‘lgan zanjirga solib bog‘langlar". Bu qattiq azob kimlarga, desa, aytiladi: "Chunki u ulug‘ Allohga imon keltirmas va beva-bechoraga taom berishga (o‘zini va boshqalarni) targ‘ib qilmas edi" (Al-haaqqa, 30-34). Bilginki, ey xotin, bo‘ynimizdagi kishanning yarmini imon bilan yechdik. Qolgan yermini sadaqa berib tushirmog‘imiz lozim".
Basralik bir kishi aytadi: "Qo‘yi, moli ko‘p a’robiy bor edi. Ozgina sadaqa qilardi, sadaqa qilsa ham, oriq echkini sadaqa qilardi. Bir kuni tushida qo‘ylari uni suzmoqchi bo‘libdi. Haligi sadaqa qilgan echki uni himoya eta boshlabdi. Uyg‘onib ketib: "Allohga qasamki, agar qodir bo‘lsam, endi ko‘p sadaqa qilaman", dedi. Aytishlaricha, shundan keyin haqiqatan ham ko‘p-ko‘p sadaqa qiladigan bo‘libdi".
451. Adiy ibn Hotim (r.a.) aytadilar: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlarning har biringiz bilan Alloh, albatta, gaplashadi. O‘ng tomonga qarab, faqat sadaqalarini ko‘radi, so‘ng chapga qaraydi. U tomonda ham faqat sadaqalarini ko‘radi, so‘ng oldiga qaraydi, do‘zaxni ko‘radi. Do‘zaxdan yarimta xurmo berib bo‘lsa ham saqlaninglar".
Faqih aytadilar: O‘nta xislat bandani yaxshilar martabasiga va oliy darajalarga yetkazadi.
1. Ko‘p sadaqa qilish.
2. Ko‘p Qur’on o‘qish.
3. Dunyoni tark etishga da’vat qilib, oxiratni eslatib turadiganlar bilan o‘tirish.
4. Qarindoshchilikni bog‘lash.
5. Kasalni borib ko‘rish.
6. Boyliklari oxiratni eslashga xalaqit beradigan boylar bilan kam aralashish.
7. Ertaga o‘ziga keladigan kun haqida ko‘p fikrlash.
8. Orzu-havasni kamaytirish va o‘limni ko‘p zikr qilish.
9. Jim o‘tirish va kamgap bo‘lish.
10. Tavozu’, oddiy kiyinish, kambag‘allarni yaxshi ko‘rish va ular bilan aralashib yurish, yetimlarga, miskinlarga yaqin bo‘lib, ularning boshini silash.
Yetti xislat borki, ular sadaqani to‘g‘rilaydi, yuksaltiradi:
1. Uni haloldan berish, chunki Alloh taolo aytgan: "Ey mo‘minlar, kasb qilib topgan narsalaringizning halol-pokizalaridan infoq-ehson qilinglar" (Baqara, 267).
2. Uni ozgina moldan ham berish.
3. Vaqt o‘tib ketishidan qo‘rqib, shoshilib berish.
4. Baxillikdan qo‘rqib, uni poklamoq, ya’ni, mollarining yaxshirog‘idan berish, yomonidan emas. Chunki Alloh taolo aytadi:
Dostları ilə paylaş: |