www.ziyouz.com kutubxonasi
54
Bir, ikki, uch, to‘rt yilni barmoqlarim bilan shu qadar oson sanardimki...
* * * Bir oydan so‘ng Komronni G‘alata limanida kemaga o‘tqazdik. Uni Yevropa sayohatiga
tashviq etganim uchun qarindoshlarimning hammasi meni tabrik qildi. Faqat Mujgongina
xursand bo‘lmadi. Taqirdog‘idan menga yozgan xatida: “Yaxshi ish qilmabsan, Farida.
Rozi bo‘lmasliging kerak edi. Eng yaxshi vaqtlaringizni ayriliqda o‘tkazishdan nima ma’no
bor? To‘rt yil darrov o‘tib ketadigan vaqtmi?” debdi.
Lekin bu to‘rt yil Mujgon qo‘rqqanidan ancha tez o‘tdi.
Komron pensiyaga chiqqan amakisi bilan Istambulga butunlay qaytib kelganda, mak-
tabni bitirib chiqqanimga bir oy bo‘lgan edi.
Maktabdan chiqish! Men u yerda yashab turgan paytlarimda bu olaqorong‘i binoga
kaptarxona, deb ot qo‘ygan edim. Qo‘limda yaxshimi-yomonmi bir diplom bilan o‘zimni
tashqariga otadigan kunimning men uchun qutulish bayrami bo‘lishini aytib yurardim.
Lekin kunlarning birida kaptarxona eshigi ochilganda, o‘zimni, bo‘yimni birmuncha uzay-
tirgan qora chorshaf, baland poshna tuflilar bilan ko‘chaga chiqqanimda butunlay gangib
qoldim. Buning ustiga xolam ham chorbog‘da to‘y taraddudini boshlab yubordi. Bu narsa
meni tamoman shoshirib qo‘ydi.
Chorbog‘ bo‘yoqchilar, duradgorlar, bichiqchilar va uzoq yerlardan yotadigan bo‘lib
kelgan qarindoshlar bilan goh to‘lib, goh bo‘shardi. Har kim o‘ziga yarasha biron ish bi-
lan band edi. Ular hozirdan taklifnoma yozish, kamu ko‘stlarni sotib olish uchun bozorga
qatnash, kiyim tikish bilan mashg‘ul. Men shoshib qolganimdan ishbuzarmonlik qilardim.
Biron ishga qo‘l urish u yoqda tursin, boshqalarning ishiga xalal beradigan har xil bema-
zagarchiliklar qilardim. Menda so‘nggi telbalik xuruji boshlangan edi. Burungiday
mehmonlarning bolalarini tevaragimga to‘plab, chorbog‘ni boshimga ko‘tarardim.
Hamma yerdagi singari oshxonada ham remont, bo‘yoq ishlari borardi. Shuning uchun
yangi oshpaz qozon-tovoqlarini hovlining to‘riga qurilgan chaylaga ko‘chirib, ovqatni
ochiqda pishira boshlagan edi.
Bir kuni kechga yaqin oshpazning chayla oldida varaqi pishirayotganini ko‘rdim. Shu
on miyamga bitta shaytonlik keldi.
— Bolalar, — dedim, — sizlar shu bostirmalarning orqasiga o‘tib, bekinib turinglar. To-
vushlaringni chiqarmanglar. Men sizlarga varaqi o‘g‘irlab keltiraman.
Besh minut ham o‘tar-o‘tmas qo‘limda bir tovoq varaqi bilan kichkina o‘rtoqlarim
yoniga qaytib keldim.
Bolalarga tegishlarini berib, hammasini hovlining burchak-burchagiga tarqatib yubor-
ganim va tovoqni bostirmaga berkitib qo‘yganim, xayriyatamki, yaxshi bo‘lgan ekan. Le-
kin bu narsaning oqibatini, oshpaz varaqilarni yo‘qolganini bilgandan so‘ng g‘azabi qay-
nab, zir yugurishini xayolimga keltirmagan edim.
Bir ozdan so‘ng oshxona chaylasi oldida qiyomat qo‘pti. Oshpaz: “Kim o‘g‘irlagan
bo‘lsa ham jonini bo‘g‘izidan sug‘urib olaman!” — deb qichqira boshladi. Bolalarning
yuragi chiqib ketdi. Ular mening so‘zimga ham quloq solishmay qochib berishdi. Qochib,
shubhasiz, yaxshi qilishdi. Chunki birpasdan keyin oshpaz bizni bilib qoldi-yu, qo‘lidagi
chovlisini tayoqday silkitib ustimizga bostirib kelaverdi.
Rasvo odam bolalar orasida kattasi men ekanimni ko‘rdi deguncha ularni qo‘yib, meni
quvib ketdi. Yugurib kelayotib yo‘lda gursillab yiqilgandan so‘ng battar jahli chiqib ketdi.
Oshpaz yangi, meni tanimaydi, shuning uchun ahvolim mushkul edi. Qo‘lga tushgu-
day bo‘lsam, o‘zimning kimligimni tushuntirguncha, hech bo‘lmasa ikki marta chovli zar-
bini yeyishim, sharmanda bo‘lishim turgan gap.
Chorbog‘ tomonga chap berishning iloji bo‘lmagandan keyin chor-nochor ko‘chaga