www.ziyouz.com kutubxonasi
69
xira oyna bilan ajratib qo‘yilgan kichkina hujraga olib kirdi. Bugun chindan ham omadim
kelishmayotgan edi. Chunki u yerda ham umid bag‘ishlaydigan manzaraga duch kelma-
dim. Soqolining bir yog‘i qora, ikkinchi yog‘i oppoq bir afandi jig‘ibiyroni chiqib, og‘zidan
o‘t purkar, ro‘parasida mening bir ozgina avvalgi holimga tushib dir-dir tirab turgan bir
keksa xodimni urib yuboradiganday harakat qilardi.
Oldida turgan bir chashka qahvani yuvindi suvni to‘kayotganday derazadan ko‘chaga
sochib yubordi, keyin xodimini eshikdan itni tepib chiqarganday chiqarib yubordi.
Yangi tanishimni sekingina etagidan tortdim.
— Voy o‘lay, tezroq qochaylik bu yerdan, — dedim.
Lekin qochishga ulgurmadik. Mudir bizni ko‘rib qoldi.
— Keling, Naima xo‘jonim*, — dedi.
Jahldor odamning shuncha tez jahlidan tushishini umrim bino bo‘lib endi ko‘rishim edi.
Qanday g‘alati fe’llari bor bu amaldorlarning, yo tavba!
Ko‘k ko‘z muallima bir necha og‘iz so‘z bilan ahvolimni anglatdi. Mudir shirin bir ta-
bassum bilan menga:
— Juda soz, qizim, juda soz. Kel, bu yoqqa o‘tir, ko‘ramiz, — dedi.
Bu qo‘yday beozor odamning shu topdagina ko‘chaga qahvasini sochgan, qari xodimni
tut daraxtini silkitayotganday silkib-silkib tashqariga itarib chiqargan odam ekaniga
ishontirish uchun mingta guvoh kerak edi.
— Yuzingni och, ko‘rayin-chi, qizim. O‘-o‘-o‘!.. Hali yosh bola ekansan-u. Nechaga kir-
ding?
— Yaqinda yigirmaga to‘laman, afandim.
— Ajoyib. Harholda shunday. Lekin sen shahardan tashqariga ketolmaysan. Sen
uchun ancha xavf bor.
— Nima uchun, afandim?
— Nima uchuni bormi, qizim? Sababi oshkor.
Mudir hadeb kular, qo‘li bilan yuzimni ko‘rsatib Naima xo‘jonimga ishoratlar qilar, am-
mo ochiq-oshkor ko‘rinib turgan sababini negadir so‘z bilan aytmas edi.
Nihoyat, ko‘k ko‘z xonimga ko‘zini qisib:
— Men boshqa hech narsa deyolmayman. O‘zing xotinlar tili bilan yaxshiroq tushunti-
rarsan, Naima xonim,— dedi.
Keyin soqolini ikki yoniga ayirib turib, o‘z-o‘ziga gapirayotganday ilova qildi:
— Ah, bilsayding, viloyatlarda qancha yaramas, ibni yaramaslar bor!
Men ham chin ko‘nglimdan ajablanib:
— Afandim, ibni yaramaslar deganingiz kimlar? Men bilmayman. Lekin siz ham menga
ular yo‘q joydan dars berarsiz, — dedim.
Mudir bu safar qo‘llarini tizzalarining ko‘ziga urib, yana ham qattiqroq kuldi.
— E!.. Juda sodda ekansan-ku!
Men odamlarni bir ko‘rganimda yo yaxshi ko‘rib qolaman, yo yomon. Keyin bu ilk his-
simning o‘zgarganini bilmayman.
Nima uchundir, bu kishi birdan ko‘nglimga xush kelib qoldi. Bir tomoni oq, ikkinchi to-
moni qoraligicha turgan soqoli shu qadar qiziq ediki, yuzini o‘ng tomonga o‘girganda bir-
dan yosh kishiga o‘xshar, chap tomonga o‘girsa u odam g‘oyib bo‘lardi-yu, o‘rnida oq
soqolli qari kishi kulimsiray boshlardi.
— Dorulmuallimotdan* shu yil chiqdingizmi, xonim qizim? — deb so‘radi u.
— Yo‘q, afandim, men dorulmuallimotdan chiqqan emasman. “"Dames de Sion”**
maktabini bitirganman.
— Qanday maktab edi u?
Mudirga uzundan-uzun izohot berganimdan keyin diplomimni uzatdim. U frantsuzcha